Istiqlolning ilk yillaridan boshlab, ulugʻ bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishga kirishildi. Jumladan, benazir alloma Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy asarlari har tomonlama tadqiq etilib, keng jamoatchilikka taqdim qilinayotir. Inchunun, hazratning shoh asarlari “Al-Jomeʼ as-sahiyh” (4 jildlik) va “Al-adab al-mafrad” toʻligʻicha kitobxonlarga tortiq etildi. Toshkent islom institutiga Imom Buxoriy nomi berilgan. Qolaversa, bir necha jomeʼ masjidlari buyuk muhaddis nomi bilan ataladi.
1997 yil 29 aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muhammad ibn Ismoil Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligini nishonlash va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingandi. Unga asosan Samarqand viloyatining Hartang qishlogʻida, alloma dafn etilgan goʻshada muhtasham majmua barpo etildi, bu avlodlarning u zotga cheksiz ehtiromi ramzi edi. Mazkur yodgorlik majmui Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qoʻqon va Shahrisabz ustalari tomonidan qisqa muddat, yaʼni sakkiz oy mobaynida bino qilindi. Majmua tarkibida hazratning maqbarasi, katta jomeʼ masjidi, muzey va boshqa inshootlar bor. Shuningdek, bu hududda beshta chinor va ular boʻyidagi hovuz ham tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu daraxtlar XVI asrda Buxoro xoni Ablullaxon davrida ekilgan. Mutaxassislarning aniqlashicha, chinorlarning yoshi 570 dan oshgan.
Imom Buxoriy nomi dunyo miqyosida chuqur hurmat bilan tilga olinar, xorijda, ayniqsa, musulmon olamida yuksak ehtiromga sazovor boʻlsa-da, sobiq tuzum davrida oʻz yurtida eʼtibordan chetda edi. Hayoti va bebaho merosi deyarli oʻrganilmas, u zot abadiy qoʻnim topgan maskan tashlandiq holda boʻlganini yoshi ulugʻ yurtdoshlarimiz yaxshi eslaydilar.
– Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan ushbu maskanni obod qilishga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Negaki, oʻzligimizni, qanday ulugʻ insonlarning avlodi ekanimizni anglash, milliy qadriyatlarimizni tiklash yoʻliga kirishar ekanmiz, bu ishlarning debochasida Imom Buxoriy hazratlarining maʼnaviy merosini tiklash vazifasi turishi tabiiy holdir, – deydi Hartang qishlogʻidagi Imom Buxoriy jomeʼ masjidi imom xatibi Zayniddin Eshonqulov. – Chunki bu dinimizga qilgan xizmati barcha zamon ulamolari tomonidan yuksak eʼtirof etilgan. Misol tariqasida qatarlik olim Doktor Muhammad Ali Donaviyning “Al-Umma” jurnalidagi (1982 yil, avgust) “… Darhaqiqat, Islom ummati koʻpgina fazilatlar, ilm va hidoyat evaziga Buxoriydan qarzdordir. Bu ummat zimmasiga yuklatilgan vazifa shuki, ular farzandlariga maktablarda, oliy taʼlim dargohlarida va majlislarda Buxoriy hazratlari oʻzi kim ekanliklarini oʻrgatmoqlari lozim”, degan soʻzlarini keltirib oʻtish kifoya.
Bu ulugʻ zotning benihoya nodir quvvai hofizasi va ilmi xususida rivoyatlar yuradi. Alloma umri davomida koʻp safarlarda boʻlgani maʼlum. Xususan, Basra shahriga kelganida jarchi: “Ey ahli ilm! Muhammad ibn Ismoil Buxoriy keldi!” deya hamyurtlariga xabar qiladi. Uni izlab borganlar Basra jomeʼ masjidida, ustun ortida namoz oʻqiyotgan yosh yigitni koʻradilar. U namozini oʻqib boʻlishi bilan atrofini oʻrab olib, ular uchun imlo majlisi qurishini iltimos qilishadi. U kishi rozi boʻladi. Shunda jarchi ikkinchi marta “Batahqiq, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy keldi! Biz undan imlo majlisi qurishni soʻradik! U ertaga falon joyda majlis qurishga rozi boʻldi!” deb jar soladi. Ertasiga faqihlar, muhaddislar, hofizlar va nozirlardan minglab odam jamlanadi.
Bagʻdodda ham ulugʻ allomaning koʻplab shogirdlari boʻlgan. Abu Ali Solih ibn Muhammad Bagʻdodiy shunday deydi: “Muhammad ibn Ismoil Bagʻdodda majlis qurar edi. Men uning imlosini odamlarga yetkazib turar edim. Uning majlisiga yigirma mingdan ziyod odam jamlanar edi”. Xulosa shuki, hadis ilmining sultoni oʻz davrida ham, keyin ham ustozlarning eng ulugʻi boʻlgan. Boshqacha aytganda, oʻz bilimini xalqqa yetkazishda benihoya bagʻrikeng va karamli inson sifatida hurmat qozongan.
Muhammad ibn Yusuf Firabriy aytadi: “Bir kecha Muhammad ibn Ismoilning uyida qoldim. Uning oʻsha kecha oʻn sakkiz marta turib yodiga tushgan narsalarni yozib qoʻyganini hisobladim”. Bundan koʻrinadiki, hazrat ilm yoʻlida nafaqat dunyoviy manfaatlaridan voz kechgan, balki bunday zahmatdan lazzat topgan komil inson boʻlgan.
Maʼlumki, islom dunyosida Qurʼoni Karimdan keyingi oʻrinda imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahiyh” kitobi eʼzozlanadi. Hadislarning diqqat bilan jamlangani, mukammal tartibga keltirilgani yuksak eʼtirofga loyiq. Hofiz Shamsiddin Zahabiy “Tarixul Islom” kitobida quyidagilarni yozadi: “Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahiyh”i Alloh taoloning kitobidan keyingi Islomning eng ulugʻ va afzal kitobidir.
Darhaqiqat, buyuk allomaning boy merosini oʻrganish, ayniqsa, uning vatandoshlari uchun oliy burch. Shu maʼnoda 2008 yilda Prezident farmoni bilan Imom Buxoriy xalqaro Markazi tashkil etildi. Markaz ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish oʻquvlari yoʻnalishida faoliyat yuritadi.
Ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishi ikkita boʻlimdan tashkil topgan. Hadisshunoslik boʻlimi Islom dinining, Qurʼoni Karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslarini, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk muhaddis-allomalarning ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur tadqiq etadi va keng jamoatchilikka taqdim qiladi. Manbashunoslik boʻlimi esa yuksak insoniy gʻoyalar va muqaddas qadriyatlarimizni oʻzida ifoda etgan manbalarni tadqiq etib, ulardan taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish uchun zarur darslik va oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlaydi, qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar olib boradi. Markazda yiliga toʻrt marta “Imom al-Buxoriy saboqlari” ilmiy-maʼrifiy jurnali nashr etiladi.
Shuningdek, markazda ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirishning samaradorligini oshirishga qaratilgan bir nechta boʻlim faoliyat yuritadi. Xalqaro aloqalar boʻlimi dunyo miqyosida ilmiy konferentsiyalar, simpoziumlar va seminarlar oʻtkazishni, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etishni taʼminlaydi hamda Imom Buxoriy merosi va hadis ilmini oʻrganish borasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi. Axborot-resurs markazi yuqorida koʻrsatilgan boʻlimlar faoliyatining mukammal bajarilishini taʼminlash maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish imkoniyatini yaratadi hamda tegishli ilmiy va uslubiy tavsiyalarni tayyorlaydi. Manbalar xazinasi nomli boʻlimda esa nodir qoʻlyozma va toshbosma asarlarni asl holida saqlash, aholi qoʻlida mavjud noyob tarixiy asarlarni yigʻib olib, taʼmirga muhtojlarini tiklash va bu asarlar ustida ilmiy tadqiqot ishlarining olib borilishini, keyingi avlodlarga asl holida yetkazilishini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifa bor.
Muxtasar aytganda, ushbu Markazda Imom Buxoriydek benazir insonning ilmiy merosini puxta oʻrganish, targʻib etish vazifasini bekamu koʻst bajarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yoʻlda fidokorona mehnat qilayotganlar esa qalban insoniylikning oliy maqomiga musharraf boʻlishi shubhasiz.
Yaqinda muborak haj amalini ado etib qaytgan inson bilan suhbatlashib qoldim. Uning aytishicha, biz u muqaddas joyni tavof qilishni qancha istasak, Saudiya Arabistonida yashovchi dindoshlarimiz Imom Buxoriy dafn etilgan tuproqni bir koʻrishga orzumand ekan.
Bugun bu yerga dunyoning turli burchaklaridan ziyoratchilar tashrif buyurmoqda. Yuksak did va mahorat bilan bezatilgan koshinli ayvonlar, mahobatli maqbara, serfayz hovliyu salobatli masjid Oʻzbekistondagi tinchlik-osoyishtalik, doʻstlik-totuvlik, diniy bagʻrikenglik muhitining namunasidir.
Sitora TOJIDDINOVA
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/ilm-izlaganga-ilmdir-dunyo/