Ikki sulton sadoqati

Tarixiy asarlarda, adabiyot darsliklarida ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro doʻstligi haqida koʻp va xoʻb yozilgan. Navoiyning buyuk shoir boʻlishida Husayn Boyqaroning oʻrni, Boyqaroning maʼrifatli, adolatli podsho boʻlishida doʻstining koʻrsatgan xizmatlari haqida dalillar, aniq maʼlumotlar keltiriladi.

Alisher Navoiy haqida, ul muhtaram zotning sulton Husayn Boyqaro bilan munosabati borasida tarixchi Xondamir “Makorimul-axloq” (“Yaxshi xulqlar”) tarixiy asarida “oliy martabali, sof niyatli, saltanat suyanchigʻi, mamlakat ustuni, xoqoniya davlatining yordamchisi, sulton hazratlarining yaqini”, deb maʼlumot bersa, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida “Alisherbek begi emas, musohibi edi”, deya taʼkidlaydi.

Xondamir oʻz asarida shunday yozadi: “Fazl va kamol doirasining markazi boʻlgan ul zot (Navoiy) yoshi toʻrtdan oʻtganda uning tarbiyasini osmon maktabiga muallim boʻlarlik Atorud kabi koʻngli ravshan bir adibga topshirdi. Ulugʻ martabali sohibqiron (Husayn Boyqaro) bilan birgalikda maktabga borib dars oʻqishga kirishdi”. Shu maktab sabogʻi jarayonida, sof bolalik davrida boshlangan doʻstlik shoir hayotining soʻngigacha davom etib, muhim ijtimoiy holatni kasb etdi. Bu doʻstlik zamirida aslida manfaat ham, agar hayot, vaziyat taqozasi hisobga olinmasa, gʻaraz ham yoʻq. Bu doʻstlik oʻz davrida muhim ijtimoiy-siyosiy, tarixiy, madaniy va maʼrifiy ahamiyatga ega boʻlib, minglab shaxslar taqdiri, saltanat taqdiriga ham taʼsir etmay qolmadi. (Axir Alisher Navoiyning zakovati, toʻgʻri maslahatlari Husayn Boyqaroni adolatga undagani va u muhtaram zotga Husayn Boyqaroning quloq tutgani sabab saltanatdagi ne-ne chigallar oqilona hal qilingan, isyonlar toʻxtatilgan, mamlakatda adolat ustuvor boʻlgan. Ota-bola nizolari shu buyuk shoir tadbiri tufayligina koʻpincha bartaraf etilgan).

Shuningdek, Alisher Navoiy asarlaridagi eʼtiroflaridan anglashiladiki, shoir oʻz doʻsti Husayn Boyqaroga juda qattiq mehr qoʻyadi. Doʻstning mehri samimiy, hech qanday tamaga oʻrin yoʻq. Shoir “Vaqfiya” asarida: “… ul hazratning qullugʻin irtikob qilurda (bajarishda) hech navʼ oʻz gʻaraz va maslahatim (oʻzimga yaxshilik qilish) mutasavvar eras erdi, balki xos tengrilik uchun, dagʻi oʻzining (Sulton Husayn mirzoning) xotiri uchun, dagʻi musulmonlar maslahati uchun erdi…”

Adolatli va maʼrifatli shoh obrazi Alisher Navoiyning ulkan va ezgu orzusi ediki, bolalik chogʻidanoq shu istagi ijobatini Husayn Boyqaro timsolida koʻradi. Shoir toju taxt talashlari davrida oilasi bilan sarson kezganda ham, gʻarib talabalik kezlarida ham vatan, xalq osoyishtaligi, farovonligi rahnomasi sifatida umid koʻzini shu doʻstiga tikkan boʻlsa kerakki, doʻsti Hirotda Xuroson taxtini egallagandanoq “Qasidai Hiloliya” muboraknomasini yozib, Samarqanddan Hirotga, doʻsti huzuriga oshiqadi. Orzulari ijobatini kutadi. Bu orzular bejiz, behuda emas edi, albatta. Sulton Husayn Boyqaro shaxsida shoir va shoh mujassam edi. Alisher Navoiy Husayn Boyqaroning nazmiy qobiliyatiga yuksak baho bergan.

Maʼlumki, Husayn Boyqaro hukmronligi davrida Hirotda, umuman Xurosonda katta adabiy muhit boʻlib, boshida Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiydan soʻng podshohning oʻzi turgan. Alisher Navoiy Husayn Boyqaroni zamonasining eng yaxshi shoirlaridan hisoblagan.

Zahiriddin Muhammad Bobur ham “Boburnoma” asarida: “Husayn Mirzo karimut-tarafayn (ota-onasi tomonidan podshohlikka haqli) asil podshoh edi… Taʼbi nazmi bor edi. Devon ham tartib qilib edi. Turkiy aytur edi. Taxallusi “Husayniy”. Baʼzi baytlari yomon emastur”, deb taʼrif beradi.

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Husayn Boyqaroga alohida “majlis” (bob) ajratadi. Turkiygoʻyligi, boshqalarni ham shunga daʼvat etishi, maʼrifatparvarligi, uning hukmronligi davrida Xurosonda ilm-fanning, ayniqsa, adabiyotning gullab-yashnaganini taʼkidlaydi. Navoiy tasvirida Husayn Boyqaro podsholik osmonida jahonni bezatuvchi quyoshgina emas, balki “fasohat” (goʻzal uslubda maʼnoli va chiroyli fikr aytish) olamida nozik mushohadalar bilan moʻjizakorlik koʻrsatuvchi hamdir. Muallif bunga misollar keltiradi. Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy va boshqa shoirlar Amir Xisrav Dehlaviyning bir baytini juda qoyil qolib maqtashadi. Baytda mahbuba yomgʻir yoqqanda loyga toyib yiqiladi va gʻoyat nozikligidan yomgʻir tomchilari rishtasi (ipi)ga osilib oʻrnidan turadi. Bu oʻxshatish barcha shoirlarda hayrat uygʻotadi, faqat Husayn Boyqarogina bu baytning ojiz tomonini topadi. Yaʼni yomgʻir tomchilari pastga qarab harakatlangani uchun unga osilib turib boʻlmasligini aytadi.

“Majolis un-nafois”da Alisher Navoiy shunday yozadi: “… ul hazrat bu eʼtirozni naql qilgʻoch, faqir bildimki, men va har kishiki bu maʼnini eshitib, tahsin qilibdur, biz-barcha gʻalat qilgʻon ermishbiz. Quloq tutib, oʻz nuqsi taʼbimga muʼtaraf boʻldim (oʻz didimda nuqson borligini boʻynimga oldim). Andan soʻng ul hazrat dedilarkim, bu bayt andoq voqe boʻlibturki, eʼtiroz mahalli yoʻqtur (oʻsha bayt bunday boʻlsa eʼtirozga oʻrin qolmaydur)kim:

Zaʼfdin kulbamda qupmoq istasam aylar madad

Ankabute rishta osqon boʻlsa har devorga.

(Kasalligimda uyimda turmoq istasam har devorga oʻrgimchak osgan “tola” madad beradi, yaʼni shunchalik ozib, nozuklashib ketganmanki, oʻrgimchakning arqoni meni koʻtara oladi)”.

Alisher Navoiy sulton Husayn Boyqaroga shu qadar ixlos qoʻyadiki, nafaqat doʻst, balki mehribon otaday, gʻamxoʻr akaday noxushliklardan ehtiyotlagan. Kamchiligu xatolardan pok, musaffo holda koʻrishni istagan. Hatto raqiblar tufayli oraga nizo tushib, Astrobodga surgun qilinganda ham shohni, doʻstini avaylaydi. Maktublar yozib, podshohlik ishlarida maslahatlar beradi. Navoiyning “Munshaot” asari shundan shohidlik beradi: “Qulluq arzadosht ulkim, bir necha soʻz xotirgʻa kelib erdi, arz qilmogʻi vojib koʻrindi. Avval ulki, iltizom qililsakim, erta uygʻonib namoz oʻqilsa… Yana ulkim, alassaboh (ertalab) haramdan chiqqach, devonda oʻltirib dodxoh surulsa (kishilar arzlari eshitilib, adolat oʻrnatilsa)… Yana ulkim, mulk va mol ishidan, bas, dodxoh ishidan farogʻat hosil boʻlsa (tinchlangandan soʻng) kitobxonaga kirilsa, kutubxon ahli bilan mashgʻulliq qililsa… Yana ulkim, Iroq mamlakatiga fahmliq, hushliq kishilar yuborib, doim xabar tutila turilsa… Yana ulkim, majlis qurub chogʻir icharga (mayxoʻrlikka koʻp hirs koʻrsatilmasa)…”.

Shuningdek, sulton Husayn Boyqaroning Alisher Navoiyga eʼtiqodu hurmati, muhabbati boshqa ichkilariga, amirlariga nisbatan oʻzgacha boʻlgan. Faqat Alisher Navoiygagina podshohning oʻrinsiz buyrugʻiga qarshi soʻz aytish imkoni berilgan ekan. Agar Husayn Boyqaro oʻz fikrida qatʼiy tursa-yu bu buyruq yoki farmon xalqqa foydasiz, nizo chiqarishga bois boʻlishi mumkin boʻlsa, Alisher Navoiy 9 martagacha shohning fikridan qaytarish uchun arz qilishi mumkin ekan. “… Ilgimdan kelgancha zulm tiygʻin ushotib, mazlum jarohatigʻa intiqom marhamin qoʻydim. Va ilgimdan kelmaganini ul hazrat arziga yetkurdim…”.

Sulton Husayn Boyqaro “Risola” asarida oʻzining podshohlik davrida Xurosonda madaniy hayot yuksalganidan, ijod va sanʼat ahli koʻpligidan gʻururlanadi. Doʻsti Alisher isteʼdodiga va asarlariga yuksak baho beradi: “… Va lekin maʼniy kelinchaklariga bu kungacha hech kim turkona kiyim kiygizmagan va u nozaninlarni bu goʻzal sarpo bilan bezatib, yuzaga chiqarmagan edi… To bu baxtiyor zamonda va qutlugʻ davronda haq soʻz aytishning qahramoni, yaʼni Navoiy taxallusi bilan mashhur Mir Alisher turk tilining oʻlgan jasadiga Masih nafasi bilan ruh-jon kirgizguncha… Va bu kun nazm dunyosining rubʼi maskunida qahramon udir va uni bu mamlakatni qoʻlga kirgizgan sohibqiron desa boʻladi”.

Alisher Navoiy Husayn Boyqaroga bagʻishlangan “Xamsa” asarini tugallab, doʻstiga taqdim etganda, sulton oʻzining oq otiga shoirni mindirib, oʻzi jilovidan tutib yetaklaydiki, bu Alisher Navoiyning jahon adabiyotining eng buyuk asarlaridan birini yaratganiga tahsin va eʼtirof, ulkan bir mamlakat hukmdorining ulugʻ shoirga eʼzozining, hurmatining, ijodkorning oʻzidan ustun ijodkorga sidqidildan ehtiromining, doʻstning doʻst yutugʻidan cheksiz va chinakam quvonchining zohiri edi.

Shoh Husayn Boyqaro va shoir Alisher Navoiy – biri mamlakat sultoni, biri gʻazal mulkining sultoni boʻlmish ikki qutblar oʻrtasidagi ajib va najib doʻstlik haqida qancha tarixiy asarlar yaratilgan, rivoyatlar toʻqilgan. Bu tarixiy haqiqat besh yarim asrki, ajdodu avlodlar tilida goʻzal afsonadir.

Zahiriddin Boburning “Boburnoma”sida taʼkidlanishicha, Navoiy mansabli ish faoliyati davomida maosh olmagan. Aksincha, daromadining bir qismini saltanat xarjiga ehson qilib turgan: “Alisherbek Mirzo (Husayn Boyqaro)din nima olmas, balki yilda kulliy (katta) mablagʻlar peshkash qilur edi”.

Ikki sulton (biri Xuroson salatanati, ikkinchisi – Gʻazal mulkining sultoni), ikki buyuk shaxs hayotidagi xayriya ishlari, saxovatpeshalik, insonparvarlik va bagʻrikenglik kabi olijanob fazilatlari bugungi avlod vakillari uchun ham yuksak ibrat namunasidir.

 

Momoxol ELMURODOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ikki-sulton-sadoqati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x