Ikki maqolaga bir javob

Bundan roppa-rosa uch yil avval “Jahon” Axborot Agentligi Alisher Navoiyning oʻttiz gʻazali Fransiyaning Brest shahridagi “Géorama” nashriyoti tomonidan “Alisher Navoiy. Gazels” nomi bilan fransuz tilida nashr etilganligi haqida xabar tarqatdi. Bu xabar butun oʻzbek matbuotida aks-sado berdi. Koʻp oʻtmasdan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” haftaligining 2008 yil 16 may kungi 20-sonida “Asliyatning nozik qirralari” nomli maqola bosildi. Filologiya fanlari doktori, professor B. Mamedov va aspirant G. Rahimovalar imzolagan mazkur maqolada bu kitob “Fransuz sheʼriyati muxlislari uchun oʻziga xos sovgʻa boʻldi”, deb eʼtirof etildi. Ayrim ijobiy fikrlardan soʻng, tanqidchilarimiz biz “yoʻl qoʻygan kamchilik va yangilishishlar”ni sanashga (tahlil qilishga emas!) oʻtib ketadilar. Yanglishish va kamchiliklar sifatida qofiya va vaznni saqlamaganligimizni taʼkidlaydilar: “…Alisher Navoiy gʻazallarini bevosita asliyatdan tarjima qilish jarayonida sheʼrlarning shakliga kamroq eʼtibor qaratganlari bois, qofiya va vaznni saqlashga erisholmaganlar”. Gap albatta tarjimonlar haqida borayapti. Fikrimizcha, bunday xulosa chiqarishdan avval tanqidchilarimiz oʻzlariga “Aruz vaznini fransuz tilida qayta tiklash mumkinmi?” degan savolni berib koʻrishlari joiz edi va javob ijobiy boʻladigan holda chiqargan hukmlarini misollar bilan isbotlab bersalar nur ustiga nur boʻlurdi. Afsuski, maqola mualliflari bu yoʻldan bormaydilar. Chunki bu savolning javobini masalaga chuqur ilmiy yondashmay hamda yetarlicha vaqt sarflab qilingan tahlillarsiz berib boʻlmaydi.”Sheʼriy asar tarjimoni uchun hamma vaqt jiddiy qiyinchilik tugʻdiruvchi narsa vazn muammosidir” deb yozgan edilar “Tarjimon mahorati” kitobining mualliflari. (Qarang: “Tarjimon mahorati”, Gʻ. Salomov va boshqalar, Toshkent, “Fan” nashriyoti, 1979 yil, 38-bet). Endi qofiya masalasiga keladigan boʻlsak, shuni alohida taʼkidlashni istar edikki, oʻzbek tilidagi qofiyadosh soʻzlarni fransuz tiliga oʻgirganda yana qofiyadosh soʻzlar yuzaga kelishi mumkinligini oʻylashning oʻziyoq fikrning jiddiy emasligini isbotlab turadi. Tasavvur qilaylikki, bunga erishildi ham. Ammo qofiyani saqlash uchungina topilgan soʻz maʼnoga yorugʻlik berish oʻrniga uni xiralatib qoʻysa, bu “qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarish”ga oʻxshab qolmasmikin? Shu oʻrinda yana bir munozarali masala, bu maqola mualliflarining”… qofiya va vaznni saqlashga erisholmaganlar” deb qatʼiy hukm chiqarishlaridir. Biz bu fikrga mutlaqo qoʻshilmaymiz. Chunki biz oʻz oldimizga bunday qatʼiy vazifani qoʻyganimiz yoʻq. Bizning bosh maqsadimiz Navoiyning soʻziga xiyonat qilib qoʻymaslik va gʻazallarning ruhi va mazmunini fransuz kitobxoniga toʻla yetkazib berish edi. Shuning uchun ham baʼzi oʻrinlarda misralarni ikkiga boʻlib, “vaznni” yengillashtirishga, tarjimalarimizni bugungi fransuz kitobxonlari oʻrganib qolgan shakl va ohangga solishga harakat qildik. Fransuz oʻquvchilari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatidan kelib chiqib, ularning fikrlarini oʻrgandik va tutgan yoʻlimiz toʻgʻriligiga amin boʻldik. Qolaversa badiiy tarjima ham ijodning bir turi, tarjimon esa ijodkor ekanligini unutib qoʻymaslik ham kerak. Keyingi “kamchilik”ni ham mushohada qilib koʻraylik. Maqola mualliflari bu oʻrinda bizning tarjimalarimizga qanchalik masʼuliyatsizlik bilan qaraganliklarini oʻzlari fosh qilib qoʻyganlar. Ular shunday yozadilar: “Fransuz tilidagi mazkur toʻplamning ahamiyatini taʼkidlagan holda, tarjimonlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklarni ham kuzatish mumkin. Xususan, allegorik “may” obrazi “aroq” (l’eau de vie) deb, Navoiy asarlari tili “Chigʻatoy tili” deb berilgan”. Endi esa “aroq” shaklida notoʻgʻri, yaʼni l’eau de vie koʻrinishida tarjima qilingan deb daʼvo qilinayotgan “allegorik “may” obrazi”ni axtarib koʻraylik. Bu fikrning naqadar oʻrinsizligini isbotlash uchun quyidagi uch baytga murojaat qilamiz:

 

Dardi holimga ul ikki laʼli xandondur davo,

Kim oʻlar, Iso damiyu obi hayvondur davo.

 

Ne davo Iso damin fahm ayla, ne hayvon suyin,

Hajr jonin olgʻan elga vasli jonondur davo.

 

Tarjimada:

 

Ce sourire est remède à ma triste langueur:

À celui qui se meurt, le souffle de Jésus

Ainsi que l’eau-de-vie viennent à son secours.

Ressents comme jouvance

Le souffle de Jésus ainsi que l’eau-de-vie

À ceux que la rupture a privé de leur âme,

L’union à son amour devient nécessité.

 

Yana bir bayt:

 

Shimib yutsam gahi hayvon suyidek zavqdin koʻrgach,

Tarashshux bodadin gul yafrogʻi gul yangligʻ dudogʻinda.

 

Tarjimada:

 

Et si je consommais comme de l’eau-de-vie,

Le vin qui forme perles aux pétales des lèvres.

 

(Barcha taʼkidlar bizniki-M. E.)

 

Maʼlumki, biz taʼkidlayotgan ushbu iboralar Alisher Navoiy gʻazallarida koʻp uchraydi va “hayot suvi, tiriklik suvi” maʼnosini beradi. (Qarang: Navoiy asarlari lugʻati, Toshkent, 1972 yil, 475-bet). Ushbu maʼnoni biz soʻzma-soʻz quyidagicha tarjima qilganmiz:

L’eau – suv, de – ning (qaratqichlik belgisi), vie – hayot.

Tarjimada bu iborani aynan “l’eau de vie” shaklida bergan boʻlsak-da, nashriyot uni “l’eau-de-vie” koʻrinishida chiziqchalar bilan yanglish chop etgan va fransuz tilidagi iboraga oʻxshab qolgan. Asli bu ibora fransuz tiliga XIV asrda lotin tilidan kirib kelgan (aqua vitæ-tirik suv, tiriklik suvi maʼnosida) va aynan biz istagan maʼnoni anglatgan. (Qarang: Le nouveau Petit Robert, Paris, 2009, elektron nashr). Bizga maʼlum boʻlishicha, katolik cherkovlaridagi muqaddas suv ham l’eau de vie deb yuritilgan. Bu iboraning mast qiluvchi ichimlik maʼnosi esa koʻchma maʼnoda qoʻllanilib, lugʻatlarda shu koʻrinishda turgʻun birikma sifatida qolib ketgan. Lekin masalaning achinarli tomoni shundaki, biz birinchi misolni keltirgan gʻazal asli yetti baytdan iborat boʻlib, unda biron marta ham “may” soʻzi uchramasligi tanqidchilarimizning xayoliga ham kelmaydi! (Qarang: Alisher Navoiy. Topmadim. Gʻazallar, Toshkent, 1988 yil, 10-bet). Ikkinchi misolimiz esa toʻqqiz baytli gʻazaldan olingan boʻlib, (Qarang: Alisher Navoiy. Qaro koʻzim. Gʻazallar, Toshkent, 1988 yil, 27-bet) unda bir martagina “boda” (may) soʻzi qoʻllangan va u tarjimada oʻz maʼnosida, yaʼni le vin shaklida, “hayvon suyi” esa l’eau de vie shaklida oʻgirilgan. Tanqidchilarning yuqoridagi xulosalarini qanday izohlash mumkin?! Demak, ular “aroq” soʻzini qayerda, qaysi gʻazalda ishlatilganligini izlab ham koʻrmay, kimningdir fikrini chetdan olib, maqolalariga kiritibdilar-da? Afsuski, biz tanqidchilarning fransuz tilini qachon, qayerda oʻrganganliklaridan bexabarmiz. Agar oʻrgangan boʻlsalar, qay darajada oʻrganganliklari bayon etilgan fikrlaridan koʻrinib turibdiki, mazkur holda “Izohning hojati yoʻq”, deb qoʻyaqolamiz. Achinarlisi, munaqqidlar hatto oʻz fikrlarining asoslimi-yoʻqmi ekanligini oʻylab ham koʻrmaganlar. Ularning yuqorida keltirilgan xulosalari oʻzbek va fransuz tilidagi matnlarni qiyosiy oʻrganmasdan, tahlil qilmasdan chiqarilganligi kundek ravshan boʻlib turibdi. Eng yomoni esa, bizning tarjimamizdan bexabar oʻquvchilarga matbuotda notoʻgʻri, assossiz, ilm ahliga xos boʻlmagan yolgʻon maʼlumotlarni beradilar. Ilm kishilarining oʻz soʻzlariga bu qadar masʼuliyatsizlarcha yondashishlari achinarli holdir. Undan ham yomoni, bizning tarjimamiz haqida adabiyot muxlislarida notoʻgʻri fikr uygʻotishdir. Oʻzingiz oʻylab koʻring, “aroq” bilan “may”ning farqiga bormaydigan tarjimon Navoiy gʻazallarining tarjimasiga qoʻl urishi maʼnaviy jinoyat emasmi, axir?!

Endi, chigʻatoy tiliga kelsak, bu yerda ushbu atamadan qoʻrqishning hojati yoʻq, deb oʻylaymiz. Tarixdan yurtimizning Chigʻatoy ulusi tarkibida boʻlganligi va shu hududda isteʼmolda boʻlgan tilning oʻlka nomi bilan atalishi tabiiy hol edi. Chigʻatoyning oʻzi moʻgʻul boʻlgani bilan hech kim chigʻatoy tili atamasi ostida moʻgʻul tilini tushunmaydi. Qolaversa, oʻsha davrdagi “oʻzbek” atamasi bugungi kunga nisbatan ancha tor maʼnoda qoʻllanganligi koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Shu nuqtai nazardan yondashganda mazkur atamani bemalol turkiy tilning maʼnodosh soʻzi sifatida ishlatish mumkin. Fikrimizni dalillash uchun eng obroʻli nashrimiz “Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi”ning 10-tom, 266-sahifasiga murojaat qilamiz: “…Ayrim ilmiy manbalarda “chigʻatoy tili” deb ham ataladi, ammo Eski oʻzbek tilining Chigʻatoyga, moʻgʻullarga hech qanday aloqasi yoʻq, buning ustiga oʻsha davr yozuvchi va shoirlari oʻz tillarini turkiy (til) deb nomlaganlar”.

Yana bir munozarali oʻrin Imodiddin Nasimiy xususida. Tanqidchilarimiz maqolalarining soʻngida shunday fikr yuritadilar: “Tarjimonlar Navoiydan oldingi oʻzbek adabiyotinig eng yirik namoyandasi sifatida Imodiddin Nasimiyning nomini tilga olganlarki, bu haqiqatga zid”. Afsuski, bu oʻrinda ham munaqqidlarga fransuz tilidagi matnning magʻzini chaqa olmaganliklari pand bergan. Avvalo, kirish soʻzida Imodiddin Nasimiy “oʻzbek adabiyotining eng yirik namoyandasi” ekanligi haqida bir ogʻiz boʻlsin, soʻz yoʻq. U yerda Navoiyning xizmati tufayli oʻzbek sheʼriyati oʻlka madaniyatida muhim oʻrin egallagani taʼkidlanib, Navoiy qilgan ish, yaʼni turkiy tilini sheʼriyat tili darajasiga koʻtarish Navoiydan avvalgi ayrim shoirlar, xususan, Imodiddin Nasimiy tomonidan ham amalga oshirilgani aytilmoqda.(Qarang: OʻzME, 6-tom, 273-bet). Oʻlka haqida gap ketganda esa bu atamani keng maʼnoda tushunish, yaʼni turkiyzabon oʻlkalarni qamrab olgan hudud nazarda tutilayotganligini hisobga olish kerak edi.

Tarjimalarimizga fikr bildirilgan “Navoiy gʻazallari fransuz tilida” nomli ikkinchi maqola esa birinchisidan qariyb ikki yil keyin “Jahon adabiyoti” jurnalining 2010 yilgi 2-sonida A. Koʻchiboyev imzosi bilan eʼlon qilindi. Ammo, fransuz tilini biladigan kishining tabiatini xira qiladigan hodisa, bu maqolaning fransuz tilida misollar yozilgan butun boshli gaplar imlo xatolari bilan toʻla ekanligi hech kimni xijolatga solmaydi! Bu balki tahririyatning muallifga boʻlgan ishonchining oqibati boʻlsa, ajab emas. Tan olib aytish kerakki, maqolaning kirish va xulosa qismlarida muallif bizning tarjimalarimiz haqida juda ijobiy fikrlarni taʼkidlab aytadi. Bularga “Navoiy gʻazallarini bevosita farang tiliga oʻgirish anʼanasini” boshlab berganimiz va ular “tarjima amaliyotiga, yaʼni sheʼriy tarjima nazariyasini boyitishga munosib hissa boʻlib qoʻshilgani”, “gʻazallardagi fikr, gʻoya asliyat darajasiga mos keladigan fransuz tilining ifodali vositalari bilan oʻgirilgan”i haqidagi fikrlarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Keyingi fikrlar esa “aruzdagi oʻziga xosliklar, shuningdek radifga eʼtibor berilmaganligi”, “shakl va mazmun birligi” xususida umumiy soʻzlar boʻlib, muallif bu oʻrinlarda oʻzi tomonidan bironta yechimni muqobil misol sifatida keltirmaydi. Faqat bir oʻrinda shunga urinish boʻlib, shunda ham A. Koʻchiboyev fransuz tilida mavjud boʻlmagan tomber de surprise, tomber fol de surprise singari fransuz tilida yoʻq iboralarni tuzadiki, bu fransuz tili mutaxassisi uchun, yumshoq qilib aytganda, obroʻ keltirmaydigan holdir. Tanqidchi taklif qilayotgan ushbu iboralar Hazrat Navoiyning quyidagi baytlariga daxldordir:

 

Ul pari paykarkim, hayron boʻlmish insu jon anga

Kimki hayroni emas, men telbayu hayron anga.

 

(Qarang: Alisher Navoiy. Topmadim. Gʻazallar, Toshkent, 1988 yil, 34-bet).

Bizning tarjimamizda bu bayt quyidagicha berilgan:

 

Sa beaute feerique

A surpris bien des hommes aussi bien que des djinns

Et qui n’est pas surpris me surprend follement.

 

Tanqidchimiz tutgan yoʻldan borib, qayta oʻzbekchalashtirib koʻrsak, quyidagicha maʼno chiqadi:

 

Uning parilarcha goʻzalligi

Odamlarni ham, jinlarni ham birdek hayron qoldiradi

Hayron qolmagan kishi meni telbalarcha hayron qoldiradi.

 

Koʻrinib turibdiki, bu baytda “hayratdan yiqilmoq” iborasi bilan fransuz tiliga oʻgirishning hech hojati yoʻq. Shuningdek, A. Koʻchiboyev birinchi maqola mualliflaridan farqli oʻlaroq, qofiya yoʻqliginii isbotlash uchun har holda birgina boʻlsada misol keltiradi: “asliyatda “jon anga-hayron anga” radifli qofiyalar orqali berilgan ohangdorlik tarjimada oʻz aksini topmay qolgan” deb yozadi-yu, “insu jon” inson va jin maʼnosida birikib kelayotganiga eʼtibor qilmaydi va “jon” soʻzini alohida olib, “hayron” soʻziga qofiyalanadi deb hisoblaydi! Alohida olingan “jon” soʻzi fransuz tiliga “ame” deb oʻgirilsa, “hayron” soʻzi “surpris” deb tarjima qilinadi. Endi shu ikki soʻzni qofiyaga solib koʻring-chi! Agar, maqola muallifi biz “insu jon”ni “des hommes et des djinns”, deb gʻazaldagi oʻz maʼnosida berganimizni anglaganida edi, bizdan qofiyani talab qilmagan boʻlardi. Shaklni saqlash haqidagi “tavsiyalarga” kelsak, shuni alohida taʼkidlash lozimki, oʻzbek va fransuz tillari turli oilaga mansubligi tufayli, gap tuzilishi bu ikki tilda keskin farq qilishini eʼtiborga olish lozim. Oddiy misol keltiraylik: fransuz tilida soʻz tartibi qatʼiy boʻlib, gapda avval ega, keyin kesim va ulardan keyin gapning ikkinchi darajali boʻlaklari keladi. Oʻzbek tilida gapning tuzilishi hammaga maʼlum, ega gapning boshida kelsa, kesim gapning oxirida keladi. Ikkinchi darajali boʻlaklar shu ikkala bosh boʻlakning oʻrtasida joylashadi. Shu va shu kabi farqlar ham tarjima jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Mana shu sababdan oʻzbek tilida qofiyalangan soʻzlar fransuz tilidagi tarjimada, ular qaysi soʻz turkumiga tegishliligiga qarab, bir-birlaridan “uzoqlashib” ketishlari mumkin. Ularni esa “zoʻrlab” bir-birlariga” yaqinlashtirish” oʻrniga matndagi boshqa soʻzlardan qofiya izlash oʻrinliroq boʻlar, balki.

Yana bir gap: A. Koʻchiboyev oʻz maqolasida, biron-bir fransuz kitobxonining fikriga ega boʻlmagan holda, bildirgan fikrlarini “buni fransuzlar tushunmaydilar” deb takrorlaydi. Bu esa bizni hayratga soladi. Nahotki tanqidchimiz bizning adabiy sherigimiz ona tili fransuz tili boʻlgan kishi ekanligini hisobga olmagan boʻlsalar?! Oʻrni kelganda shuni aytishimiz kerakki, biz Jan-Jak Gate janoblarini hamkorlikka chorlashdan avval uni yetarlicha sinovdan oʻtkazganmiz. Va oʻrtamizda jonli fikr almashish, hatto yetarlicha bahslashuvlar ham boʻlib oʻtgani ayni haqiqatdir. Xullas, biz oʻn yildan ziyod bir-birimizni bilishimiz tufayli Jan-Jak Gatening sharq sheʼriyatini teran his qilishiga toʻla ishonch hosil qilganmiz. U bizning ishonchimizni toʻla oqlay oldi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, biz Navoiyning har bir soʻziga chuqur masʼuliyat bilan yondashdik va Soʻzga xiyonat qilmaslikka harakat qildik. Ishonchimiz komilkim, bir kun kelib tarjimalarimiz har ikki tilni yaxshi biladigan, Hazratning ijodini mehr qoʻyib oʻrgangan nuktadon olimlarimiz tomonidan xolisona baholanadi.

Biz amalga oshirgan tarjimalar ilk tajriba boʻlgani, gʻazallarni fransuz tiliga oʻgirishda bizga qoʻllanma boʻlishi mumkin boʻladigan ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmaganligi, suyanib ish koʻrishimiz mumkin boʻlgan manbalarning yoʻqligi sababli, biz oʻz yoʻlimizni oʻzimiz ochib olishimizga toʻgʻri keldi. Umidimiz borkim, endi bu yoʻldan oʻtadiganlarga asqotishi mumkin boʻlgan, kichik boʻlsada, tajriba toʻplandi. Va, bir kun kelib, ilmli, oʻz kuchiga ishongan yoshlarimizdan kimdir chiqib, bizning tarjimalarimizni oʻqib, “Men bundanda goʻzal tarjima qila olaman!” deb hayqirsa, bizning yutugʻimiz shu boʻladi.

Darvoqe, yana bir istiholamiz bor, u ham boʻlsa, kimgadir bizning soʻzlarimiz oʻz tarjimalari haqida yuqori fikrga ega bir manman kishining fikri boʻlib tuyulmasa deymiz. Kasbimiz taqozosi bilan har yili oʻrtacha uch yuz, baʼzan besh yuz fransuz bilan muloqotda boʻlamiz. Ularga albatta tarjimalarimizni oʻqib beramiz, Navoiy bilan tanishtiramiz, ularning fikri bilan qiziqamiz. Endi yuqoridagi kishilarning oʻrtacha sonini bizning ish stajimizga, yaʼni oʻn toʻrt yilga koʻpaytirsangiz, bizda tarjimalarimiz haqida yetarlicha fikrlar borligiga ishonch hosil qilasiz, degan umidda qolamiz. Soʻnggi fikr: Yaqinda elektron manzilimizga biz tufayli Hazrat Navoiyni kashf etgan bir fransuz oilasi yoʻllagan qisqagina xatga eʼtibor bering: “Kitobingni sotib olib, oʻqib chiqdim. Qanday isteʼdod!!!” Ha, biz niyatimizga yetdik: Navoiy ijodi fransuzlarni hayratga solayapti. Bu hayratning umri uzoq boʻlishga ishonamiz!

 

Murodxon ERGASHYeV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 2-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ikki-maqolaga-bir-javob/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x