Ichishni tashlash mumkinmi?

Koʻcha-koʻyda tentirab, oʻz yoʻlini topolmay yurgan odamni koʻrib bir rahmingiz keladi, bir achchigʻingiz. Bechora – aftodahol, qoʻlida boʻshab qolgan shisha, ogʻzidan almoyi-aljoyi gaplar chiqadi… Xazon boʻlgan umri, oilasi, bola-chaqasini oʻylab ichingiz achiydi. Uning yirtiq-yamoq kiyingan yoki dadasi sababli odamlardan uyalib yuradigan bolalarini koʻz oldingizga keltirib tutoqib ketasiz. Gulday oʻgʻil-qizlaring, oilang bor. Hech boʻlmasa oʻshalarni oʻylasang-chi! Yoʻq, kuyinish befoyda. Agarda u oʻylay olganda bu holga tushmasdi.

Lekin juda har kuni emas, haftada bir-ikki marta “sogʻlik uchun” ichib turadiganlar ham bor. Ularning ayrimlari anchayin oʻqimishli, doʻxtirlarning oʻzi kam-kam ichib turishni tavsiya etganini aytib aql oʻrgatadi. Lekin qachon, qaysi vaziyatda, qaysi doʻxtir aytganini bilmaydi. Hatto zaharning ham foydasi bor, gap qanday, qay paytda ishlatishda.

Dunyoning juda koʻp mamlakatlarida ichish ommaviy kasallikka, jiddiy muammoga aylanib ulgurgan. Bu holat, ayniqsa, rivojlangan, boy davlatlarda koʻp kuzatiladi.

Ichkilikka moyillik turli fojialar, ruhiy zarbalar, moddiy qiyinchiliklar, hayotdagi maqsad va orzu-havasning yoʻqolishi, organizmning jismoniy va ruhiy ojizligi, kasalliklar, oʻziga ishonmaslik, qoʻrquv natijasida yuza keladi. Ichuvchi odamning niyatlari oʻzi oʻylaganiday roʻyobga chiqmaydi, orqaga ketadi. Boshqalar uning vaqtini, kuch-quvvatini, sogʻligini, hayotini tortib olayotganday koʻrinadi.

Xullas, ichkilikka oddiy kaltabinlik va boshqa odamlarga, film yoki reklamalarga taqlid qilish olib kelishi mumkin.

Ichish asta-sekin odatga aylanadi, spirtli ichimliklarga kuchli mayl paydo boʻladi, ularni muntazam isteʼmol qilish natijasida esa alkogolizm kasalligi kelib chiqadi. Alkogol hech qachon muammolarni hal qilib bermaydi. Aksincha, ularni chuqurlashtiradi, umuman chigal vaziyatga olib keladi. Ichish sababli organizmning barcha sistemasi, ayniqsa, jigar, oshqozon va ichaklar koʻproq shikast topadi. Buning oqibatida aqliy zaiflik, quvvatsizlik, infarkt, insult, jinsiy mayiblik yuzaga keladi.

Koʻpchilik yaxshi biladi, balki oʻz boshidan ham oʻtkazgandir: shifokorlar ukol qilishdan oldin shpritsni spirtga botiradi, tanani spirtlab artadi. Chunki spirt turli mikroblarni oʻldiradi. Biror joyini tilib olgan odam ham darrov spirt surtadi. Shunda kesilgan joy olov boʻlib yonadi. Spirt ochilgan tanani kuydirib yuboradi, baʼzida uning oʻrni dogʻ boʻlib qoladi. Endi bir taqqoslab koʻring. Tashqi tanamiz saratonning issigʻida, qahratonning izgʻirinida toblangan. Spirt shunchalik mustahkam terini kuydirib yuboryapti, agar u doimiy himoyada yuradigan ichki organizmlariizga tushsa qanday taʼsir koʻrsatarkan? “Sogʻliq uchun” ichayotganda shuni bir oʻylab koʻrish kerak.

Alkogol, ayniqsa, och qoringa juda tez shimiladi, teri orqali ichki aʼzolarga singiydi, organizmdagi yogʻlarga oson yoyiladi, natijada markaziy nerv sistemasi falaj holga tushib qoladi. Miya va sezgi organlari ishlamasligi sabab odam maʼlum muddatga his qilish, oʻylash, anglash qobiliyatini yoʻqotadi. Shu payt oʻzini dard-alamlardan forigʻ boʻlganday sezadi.

Shu oʻrinda bir lirik chekinish qilib olsak. Odamlar orasida: “Shoirlar ilhom kelishi uchun ichadi” degan gap yuradi. Mastlik paytida aql va sezgi normal ishlamasa qanday qilib yaxshi asar yozish mumkin. Axir, yaxshi asar tiniq idrok, mushohada va tuygʻu bilan yaratiladi-ku. Demak, buyam bitta safsata.

Alkogol butkul mahv etgach odam shishaning itoatkor quliga aylantiradi. Bu hech kimga sir emas. Oʻzi sezmagan holda irodasidan, zehnidan, hayotdagi maqsadidan mosuvo boʻlgan mayparast oilasidan, bolalaridan, kelajagidan, sogʻligidan va koʻp holatlarda hayotidan ayriladi. Unga aroqdan boshqa hech narsaning keragi boʻlmay qoladi. Xuddi shu sababli qadimda biror bir mamlakatni bosib olgan istilochilar mahalliy xalqni ichkilikka oʻrgatgan. Kishansiz qulga aylangan aholi aroq uchun butun boyligini, mehnatini baxshida etgan.

Bu dahshatli kasallik ustidan gʻalaba qozonish, davolanish uchun nimalar qilish darkor? Avvalo ichishga olib keladigan sabablarni yoʻq qilish, ruhiy va jismoniy sogʻlikni tiklash zarur. Buning uchun esa odamning hayotdan maqsadi boʻlishi kerak. Kichkina, oddiygina maqsad boʻlsa ham, mayli. Shunda odamda fikrlash paydo boʻladi. Chunki u maqsadga qanday erish mumkinligini tahlil qila boshlaydi. Hayotdan zavq olishni oʻrganadi. Chunki hayot haqiqatan ham zavqqa toʻla, u biz soʻramagan shodlikni ham bera oladi. Faqat oʻylaganlarimizni amalga oshirish uchun kuchli istak va intilish boʻlsa bas. Lekin istakning oʻzigina kifoya qilmaydi, harakat ham kerak. Masalan, biror joyga borishni oʻn soat oʻylaganingiz bilan foydasi yoʻq. Oʻrningizdan turib yoʻlga tushsangizgina manzilga yetishingiz mumkin.

Biz erkin yaratilganmiz, hayot yoʻlimizni ham oʻzimiz xohlagancha belgilaymiz. Shu bois odamning istak-xohishiga qarshi unga yordam berish qiyin. Har bir kishi oʻzining taqdiriga oʻzi javobgar. Baxtlimizmi yoki baxtsiz, yaxshi yashayapmizmi yoki yomon – oʻzimiz hal qilamiz. Biz baxt deb hisoblamagan narsani boshqa birov baxt deb bilishi mumkin…

Ichkilikka qarshi kurashda kuch-quvatni, sogʻliqni tiklashga yordam beradigan har qanday vositadan foydalanish zarur. Ishdagi va turmushdagi turli tashvishlar haqida koʻp oʻylamaslik kerak. Yaxshi dam olish, 8 soatdan kam uxlamaslik, vitaminlarga, uglevod va oqsillarga boy, lekin yogʻi kam ovqatlarni yeyish talab etiladi. Toza suv ichish, jismoniy ogʻir ishlarni qilmaslik lozim. Ochiq havo va quyosh yaxshi foyda beradi.

Bunda dorivor giyohlar ham muhim ahamiyatga ega. Olloh taolo tomonidan berilgan shifobahsh neʼmatlar bizning sogʻligimizni, kuch-quvvatimizni tiklaydi.

Ichkilik organizmning kuchsizlanishi, vitaminlarning yoʻqolishi, immunitetning pasayishi, infeksiyalarning paydo boʻlishi, teri toʻqimalarida turli xil zaharli moddalarning qoldiqlari toʻplanishiga olib keladi.

Shu sababli dastavval surunkali ichishni tashlash shart. Xotirjamlik, siqilmaslik, normal uyqu, yaxshi ovqatlanish sogʻliqni tiklashda muhim oʻrin tutadi. Keyin turli infeksiya va parazitlardan tozalanish lozim. Alkogolga boʻlgan talabni pasaytirish uchun dorivor giyoh va mevalarni isteʼmol qilish yaxshi natija beradi. Bunday oʻsimliklar oʻzingiz yashab turgan joyda koʻp boʻlsa ishingiz oson kechadi. Achchiq narsalarni kam isteʼmol qilgan maʼqul.

Juda koʻp poliz ekinlari, sabzavot va mevalar vitaminga boy. Masalan, anor, limon, pomidor, oʻrik, apelsin, sabzi, qovun, olma, yongʻoq, mandarin, piyoz, lavlagi, xurmo, sarimsoq, koʻkatlar va hokazo.

Yangi uzilgan malina, nahorda och qoringa sut ichish, toza asal, limonli achchiq choy yoki kofe, yalpiz damlamasi, tuzlangan karamning suvi, mineral suv; jigar, yuz va koʻkrakni besh minut davomida massaj qilish, quloqlarni kaft bilan qattiq ishqalash ichkilikbozlik asoratlarini ketkazishga, tetiklashtirishga yordam beradi.

Ariga chaqtirish, bekitilgan olma, zirk, qizargan bulgʻor qalampir isteʼmol qilish spirtga boʻlgan maylni soʻndirishda, alkogolni tashlashda foydali.

Lekin eng keraklisi – ichishni tashlashga boʻlgan qatʼiy niyat. Yoʻqsa dorivor giyohlar ham, vitaminli ovqatlar ham hech narsa qilolmaydi. Baribir hammasi insoning irodasiga borib taqalyapti…

 

Orifjon Madvaliyev

 

2010

https://saviya.uz/turfa-olam/ichishni-tashlash-mumkinmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x