O‘tmishda bir kishi davlatini yolg‘iz o‘g‘lining ilm olishi uchun sarflar ekan.
Yigit necha yillar mobaynida nomdor ilm dargohlarida eng mashhur ustozlardan ta’lim olibdi. Nihoyat, uyga qaytganida keksayib qolgan otasi unga peshvoz chiqibdi, o‘g‘lini u yoq-bu yoqdan imtihon qilib ko‘rib, ko‘ngli to‘lmabdi va:
– O‘g‘lim, nimalarni o‘rganding? – deb so‘rabdi.
– Otajon, o‘rgatilishi mumkin bo‘lgan barcha narsani o‘rgandim, – deb javob beribdi o‘g‘il.
– O‘g‘lim, sen o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani ham o‘rgandingmi? Bor, o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani o‘rganib kel, – deb ota uni ortiga qaytaribdi.
Yigit ustozining yoniga qaytib, otasining talabini aytibdi. Shunda ustozi javob o‘rnida:
– Mana bu to‘rt yuz qo‘yni olgin-da, mingtaga ko‘paymaguncha tog‘larda yasha, – debdi.
Yigit qo‘ylarni olib tog‘lar bag‘rida cho‘ponlik qila boshlabdi. U hayotida birinchi marta sokinlikka duch kelibdi. Hech suhbatdosh topolmay siqilgan vaqtlarida qo‘ylarga gapirar, ular borligidan ham taskin oladigan bo‘libdi. Yigit sekin-asta o‘zidagi “men”ni, manmanlikni, g‘ururni unuta boshlabdi… Bora-bora sokin va xokisor insonga aylanibdi. Unda sabrlilik va donishmandlik belgilari paydo bo‘libdi.
Oradan ikki yil o‘tib qo‘ylarning soni mingtaga yetgach, u ustozining yoniga qaytib borib hurmat bilan ta’zim qilibdi. Shunda ustozi:
– Mana endi o‘rgatib bo‘lmaydigan narsani ham o‘rganding, – debdi.
Dunyoda faqat hayotning o‘zigina o‘rgata oladigan ilmlar bor. Muhimi – o‘rgana olish!
Maqola yoqdimi! Uni tezroq do’stlaringizga ma’lum qiling: