Atoqli tarixchi, geograf, etnograf, turkolog olim Lev Gumilyov 1912 yilda Nikolay Gumilyov va Anna Axmatova oilasida tugʻilgan. Lev Nikolayevich otasi shoʻrolar dushmani sifatida otib tashlangan vaqtda 2 yoshda boʻlgan. Leva ancha urinishlardan soʻng, 22 yoshida Leningrad universiteti tarix fakultetiga oʻqishga kiradi. Uni “shubhali” shaxs, sinfiy dushmanning oʻgʻli sifatida hibsga oladilar. Bir necha yil qamoqda oʻtirgach, ozodlikka chiqqanida, universitetda tahsilni davom ettirolmay Shimoliy muz okeani kemalarida yollanma ishchi boʻlib ishlay boshlaydi. Ikkinchi jahon urushida qatnashib, Berlingacha boradi. Urushdan soʻng universitetda qisqa vaqtda oʻqishni tugatib, aspiranturaga kiradi. Tarix fanidan nomzodlik dissertatsiyasi yoqlaganidan soʻng yana qamoqqa olinadi. Lev Gumilyov 1956 yilda, koʻpchilik millatparvar, taraqqiyparvarlar qatorida oqlanib, ozodlikka chiqarildi.
Lev Gumilyov 1961 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Bu tadqiqoti haqida ustozi, atoqli olim M. Artamonov oʻz fikrini bildirib: “Gumilyovga (turli geografik, biologik, zoologik, tarixiy-etnografik bilimlarni) sintez qilish qobiliyatini Xudo bergan”, deb yozgan edi.
Fan doktori boʻlganidan soʻng Lev Gumilyov yer yuzida turli etnoslarning paydo boʻlish va shakllanishida landshaftlar – tabiiy muhit hamda geotsenoz va ziotsenoz “Ota makon”, oʻrganilgan iqlim sharoitlarining ahamiyati haqida yanada yangi va ilmiy-nazariy tadqiqotlarni kuchaytirdi. Soʻng bu ishlarini toʻplab, ikkinchi marta doktorlik himoyasi uchun kafedra ilmiy kengashiga topshirdi. Lev Gumilyov “Inson va tabiat” jurnali muxbirining “Ikkinchi marta doktorlikni yoqlash Sizga nima uchun zarur boʻlib qoldi?” – degan savoliga bunday javob beradi: “Yangi tadqiqotlarda aytilgan ilmiy-nazariy yangiliklar yana siyosiy nazorat idoralarining eʼtiborini torta boshladi. Bu idoralar faqat kafedra va universitet ilmiy kengashlarida muhokama qilingan va tasdiqlangan fikrlargagina aybnoma qoʻyolmas edilar. Shu sababli, yangi kitobimni yana doktorlik dissertatsiyasi sifatida topshirdim. Bu vaqtga kelib, sobiq Ittifoq hayotida, xususan, uning ilmiy-madaniy hayotida soʻz, ijod erkinligi yana cheklana boshlayotgan edi. Attestatsiya komissiyasi Lev Gumilyovning ikkinchi doktorlik ishini qaytaradi va shunday gʻaroyib xulosa beradi: “Mazkur ilmiy tadqiqot doktorlik dissertatsiyasiga nisbatan ancha balandligi sababli bu ishga doktorlik darajasini berish lozim topilmadi”.
Muxbirning “Sizga bu masalalar bilan shugʻullanishda qaysi olimlar ustozlik qilgan?” degan savoliga Lev Gumilyovning javobi bir qarashda nokamtarlikday koʻrinadi. “Bu masalalar bilan hech kim shugʻullanmagani sababli bu sohada ustozlarim yoʻq edi”. Bu fikrda jon bor, albatta. U javobini davom ettirib, “Mening olim boʻlib yetishuvimga ibn Xaldun (XIV asr), Jon Battista Viko, Otto Shpengler, qisman A. Toynba, V. Vernadskiy asarlarining taʼsiri katta boʻlgani shubhasiz”, – deydi.
Mahkam MAHMUDOV
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/ibn-xaldun-izdoshi/