Homiladorlikda molochnitsa (kandidoz)

Homiladorlikda molochnitsa – bu har uchtadan 1 ta ayolga tanish boʻlgan kasallik. Ushbu kasallik kelib chiqishigakandida guruhiga mansub zamburugʻlar sabab boʻlganligi uchun kasallik tibbiyot sohasida kandidoz deb nomlanadi. 

Molochnitsa – homiladorlik vaqtida ham yuzaga chiqishi mumkin, bunday vaqtda bu patologiyaga jiddiy eʼtibor qaratish lozim, ayniqsa uning davosida tanlanadigan dori preparatlarining har taraflama taʼsiri hisobga olinishi lozim.

Homiladorlik vaqtida molochnitsa sabablari

Homiladorlikda molochnitsa rivojlanishining asosiy ikkita sababi bor: 

Immun tizimining sustlashuvi. Immun tizimi organizm uchun yot boʻlgan har qanday yot moddani “yoʻq qilib yuborish”ga moʻljallangan boʻladi, tabiiyki homila ham ona organizmi uchun yot modda shu.

Ammo, organizm homiladorlik vaqtida homilani saqlab qolish uchun immun tizimini fiziologik ravishda susaytiradi. Immun tizimi funksiyasining pasayishi esa turli xil infeksion kasalliklar, shu jumladan kandidoz rivojlanishi ham osonlashadi.

Gormonal nisbatning oʻzgarishi. Homiladorlik vaqtida butun organizmda oʻzgarish kechadi, gormonal nisbat ham buziladi – gestagen moddalar koʻproq ajrala boshlaydi. Ayana shu gormonlar kandida guruhi zamburugʻlari rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratib beradi.

Shifokorlar kandidoz rivojlanishiga olib keluvchi bir necha omillar bor ekanligini tasdiqlaydilar, ular quyidagilar:

  • Homiladorlik sodir boʻlgunga qadar uzoq muddat antibiotik preparatlar qabul qilish – masalan homiladorlikdan oldin ayol kishi infeksion kasalliklarni davolash maqsadida antibakterial davolanish oʻtkazgan boʻlsa;
  • Tez-tez xuruj qilib turuvchi surunkali kasalliklar – qandli diabet, temir tanqisligi anemiyasi, oshqozon-ichak tizimidagi kasalliklar va endokrin tizimidagi patologiyalar;
  • Qindagi yalligʻlanishli jarayonlar – kolpit deb nomlanuvchi kasallikning homilador boʻlishdan oldin rivojlanganligi;
  • Ovqat ratsionida vitamin va minerallarning yetarlicha boʻlmasligi – ayniqsa ogʻir kechuvchi toksikoz holatlarida turli mahsulotlar isteʼmol qilishdan cheklanib qolish.
Homiladorlikda molochnitsa
Foto: ThinkstockPhotos

Homiladorlik vaqtida kandidoz belgilari

Zamburugʻ kasalliklari oʻziga xos boʻlgan belgilarga ega, shu sababli bunday kasalliklarni aniqlash aytarli qiyinchiliklar tugʻdirmaydi:

  • Tashqi jinsiy aʼzolarda qichishish: bu belgi ayolni juda koʻp qiynaganligi sababli homilador ayol bezovta boʻladi, asabiy va doimo qoʻzgʻaluvchan boʻladi, uyqusizlik rivojlanadi.
  • Qindan oq rangli ajralmalar kelishi. Bunday ajralmalar strukturasi oʻzgargan boʻladi – ularning koʻrinishi xuddi tvorog yoki quyuq sut kabi koʻrinishda, baʼzida sargʻish tus olishi ham mumkin. Molochnitsa vaqtida ajralgan oqish suyuqliklar tarkibida qon umuman boʻlmaydi.
  • Peshob ajralish vaqtida achishish hissi. Bu belgi kandidoz uchun spetsifik boʻlmasada koʻpchilik belgilar peshob ajralayotgan vaqtdagi diskomfort holatlariga shikoyat qiladilar.
  • Qindan kelayotgan ajralmalarning yoqimsiz hidga egaligi. Ajralmalarning hidi oʻtkir kislotali hidga ega boʻladi, bu holat uzoq davom etgan kandidozdan darak beradi.

Homiladorlikda molochnitsa diagnostikasi

Kasallikni aniq oʻziga xos belgilarga ega ekanligi tashxislashda qiyinchilik tugʻdirmasada, zamburugʻlarni tasdiqlash uchun ayrim tekshiruv usullari kerak boʻladi. Malakali ginekolog kandidoz kechayotgan ayolda kasallikni koʻruv orqali ham aniqlab oladi:

  • Oraliq sohasi qizargan, giperemiyalashgan holatda koʻrinadi va toshmalar boʻlishi ham mumkin – tirnoq bilan qishlash izlari aniqlanadi.
  • Qin devorida zamburugʻlar koloniyasi vizual koʻrinadi – oqish tvorogsimon qoplama.
  • Vulva (qinga kirish qism) shishgan.

Ammo, hech bir shifokor qindan olingan surtma laborator tekshiruvisiz aniq diagnoz qoʻya olmaydi va qoʻymaydi ham. Laborator tekshiruvda kandida zamburugʻlari sporalari aniqlanadi.

Homiladorlikda molochnitsani davolash

Odatiy holatda molochnitsa kasalligi eng kuchli boʻlgan oxirgi avlod zamburugʻlarga qarshi preparatlar yordamida davolanadi. Ammo, homiladorlik vaqtida dori preparatlari individual tarzda ayolning holatidan kelib chiqib tanlanadi.

Homiladorlikning erta muddatlarida molochnitsa davosi

Homiladorlikning birinchi uchoyligida molochnitsa davosi juda katta qiyinchilik tugʻdiradi, chunki bu davrda homilaning eng zaruriy aʼzolari shakllanadi. Baxtimizga, homiladorlikning birinchi uchoyligida kandidozlar kam uchraydi – bu vaqtda gormonlar oʻz faoliyatini saqlab qolgan, immun tizimi esa hali kurashuvchan boʻladi. Ammo, kandidoz belgilari aniqlanadigan boʻlsa va tashxislansa shifokorlar quyidagi preparatlarni buyurishlari mumkin:

  • Pimafutsin – 1 dona qin shamchalari 6 kun davomida har sutkada 1 marotaba;
  • Betadin – 1 dona qin shamchalari 6 kun davomida sutkada 1 marotaba.

Kasallikni davolashda har ikkala preparatdan bir vaqtning oʻzida foydalanish kerak emas, shifokor nojoʻya taʼsirlari kam boʻlgan preparatni tanlaydi.

Ikkinchi va uchinchi uchoyligida molochnitsani davolash

Homiladorlikning keyingi davrlarida antimikotik preparatlar keng spektrda qoʻllash mumkin, ular quyidagilar:

  • Pimafutsin – 6 dona qin shamchalari;
  • Betadin – 6 dona qin shamchalari;
  • Klotrimazol – 7 dona qin shamchalari;
  • Gino-pevaril – 6 dona qin shamchalari;
  • Qin applikatori ginofort – bir marotaba.

Eʼtibor bering: homiladorlik vaqtida kandidoz kasalligi toʻliq davolanishi shart. Gap shundaki, koʻpchilik ayollar davo muolajalarini kasallikning ayrim belgilari yoʻqolishi bilan toʻxtatib qoʻyadilar, yaʼni davo choralari 2-3 kun davom etadi xolos.

Ayrim belgilarning yoʻqolishi kasallikning toʻliq davolanishi degani emas, maʼlum bir vaqt oʻtgach kandidoz belgilar qayta namoyon boʻladi va bunda avvalgiga qaraganda kuchliroq kechadi.

Xalq tabobati bilan davolash

Xalq tabobati yordamida molochnitsaning ayrim belgilaridan xalos boʻlish mumkin, ammo kasallikdan toʻliq qutulishning iloji yoʻq. Shu sababli shifokorlar kandidozni davolashda xalq tabobati va medikomentoz davoni bir vaqtda olib borishni tavsiya etadilar. Eng samarali usullar quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • 1 osh qoshiq quritilgan chebrets yoki shalfey oʻsimligini 300 ml suvda eriting va 15 daqiqa davomida qaynating va sutka davomida ikki marotaba qinni yuving;
  • Dubning quritilgan poʻstlogʻidani choy kabi damlang – sutka davomida bir marotaba qinni shu damlama bilan yuving.

Eʼtibor bering: homiladorlik vaqtida bu kabi davo muolajalarini mustaqil ravishda ginekolog maslahatisiz qoʻllash mumkin emas!

Homiladorlik asoratlarsiz kechayotgan boʻlsa ham tashqi jinsiy yoʻllarga qoʻllaniladigan moddalar qoʻzgʻatuvchan boʻlmasligi zarur.

Xalq tabobati sifatida bolalar kremidan foydalansa ham boʻladi. Unga choy daraxti moyidan 1-2 tomchi qoʻshish mumkin. Krem bilan tashqi jinsiy aʼzolar, tashqi jinsiy lablar va oraliq terisi qayta ishlanadi.

Krem shishni kamaytiradi, qichishish va toshmalarni yoʻqotadi. Ammo, kremdan foydalanayotganda ehtiyot boʻlish kerak, krem qin shilliq qavatlariga tushmasligini taʼminlang, aks holda qin qoʻzgʻaluvchanligi ortib ketadi, qichishi va achishish hissi kuchayadi.

Homiladorlikda molochnitsa muolajasining oʻziga xosligi

Homiladorlik – ayol organizmining oʻziga xos boʻlgan jarayonidir. Shu sababli zamburugʻli kasalliklarni davolashda ayrim jihatlarga eʼtibor qaratish lozim:

  • Eng samarali va xavfsiz usul mahalliy muolajalardir – shamchalar, vaginal tabletkalar, kremalar, applikator va gellar;
  • Barcha vaginal shamchalar orasida eng xavfsizi pimafutsin hisoblanadi – ushbu shamchadan ortiqcha dozda foydalanish ham homilada hech qanday oʻzgarishlarga sabab boʻlmaydi;
  • Zamburugʻlarga qarshi qoʻllaniladigan tabletkalar faqatgina ginekolog tomonidan buyurilgan holda va homiladorlikning II va III uchoyligida qoʻllaniladi;
  • Ayrim homilador ayollar qin shamchalaridan ilk bor foydalanganda vulva (qinga kirish joyi) sohasida achishish hissini sezishlari mumkin – bu fiziologik holat, davo muolajalarini toʻxtatish kerak emas.

Molochnitsa qarshi davo muolajalarini olish va shunchaki kasallikdan osongina qutulishning imkoni yoʻq:

  • Birinchidan, qayta tekshiruv zarur;
  • Ikkinchidan, homiladorlik vaqtida molochnitsa kasalligi qaytalanuvchi xususiyatga ega boʻladi, retsidivlar boʻlsa yana davo muolajalarini boshlash zarur;
  • Uchinchidan butun homiladorlik vaqtida bir marotaba boʻlsa ham kandidoz holatlari aniqlangan boʻlsa, homilador ayol tugʻruqqacha boʻlgan davrda albatta davo muolajalarini olishi shart, hatto kasallikka xos boʻlgan belgilar boʻlmaganda ham.

Eʼtibor bering: ayol kishida kandidoz kasalligi tashxislansa – ayolning jufti (erkak kishi) ham tekshiruvlardan oʻtishi zarur, chunki zamburugʻlar jinsiy aʼzolar orqali ham yuqishi mumkin.

Homiladorlikda molochnitsaning xavfliligi

Kandidoz kasalligi homilador ayol va tugʻilajak bolakay uchun ham xavf tugʻdiradi:

Qin va bachadon boʻyni shilliq qavatining doimiy qoʻzgʻalishi natijasida eroziyalar rivojlanishi mumkin. Bu esa bachadon boʻyni toʻqimalari elastikligini kamaytirib yuboradi va tugʻruq jarayonida qiyinchiliklar tugʻdiradi: bachadon sekin va notoʻliq ochiladi, bachadon boʻynida yorilish ham roʻy berishi mumkin.

Agar kandidoz kasalligi tugʻruq jarayoniga qadar davolanmasa homila ham tugʻruq yoʻllari orqali zararlanishi mumkin. Bu esa bolakay ogʻiz boʻshligʻida zamburugʻli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi va bolakay koʻkrak soʻrgʻichini soʻra olmaydi, chunki kuchli ogʻriq paydo boʻladi.

Zamburugʻlar butun organizmga tarqalib ketishi ham mumkin. Tibbiyot sohasida zamburugʻlarning kindik tizimchasini zararlashi va buning natijasida homilaning nobud boʻlishi ham koʻp uchrab turadi.

Homiladorlikda molochnitsa kasalligi xavfli hisoblanadi va bu kasallikni davolashda barcha zaruriy chora tadbirlar qoʻllanilishini talab etadi.

Homilador ayoldan nimalar talab etiladi:

  • Homiladorlikni rejalashtirish vaqtida umumiy tekshiruvlardan oʻtish va kasallik aniqlansa toʻliq davolanish, bu kandidoz kasalligining surunkali shakllarini bartaraf etish maqsadida olib boriladi;
  • Homiladorlik vaqtida oʻz sogʻligʻingizga eʼtibor qaratish va kandidozning har qanday belgilari paydo boʻlsa darhol shifokorga murojaat etish va davo choralarini qoʻllash;
  • Shifokor buyurgan barcha muolajalarni toʻliq olib borish va dori preparatlarni mustaqil ravishda shifokor koʻrsatmasiga zid ravishda toʻxtatmaslik;
  • Homiladorlik har oyida shifokor koʻrigidan oʻtib turish.

Homiladorlik vaqtida yuzaga kelgan kandidoz kasalligi oʻz vaqtida aniqlanishi va davo muolajalari oʻtkazilishi oqibati ijobiydir.

Kasallik homilador ayolda va tugʻilajak farzandda hech qanday asoratlar qoldirmaydi. Tugʻruqdan keyin kasallik ayol kishini kamida 5 oygacha bezovta qilmasligi mumkin.


Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu — Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.

Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.

Hoziroq bepul yuklab oling

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x