Homiladorlikda bosh ogʻrishi – sabablari va davolash yoʻllari

Homiladorlikda bosh ogʻrishi (sefalgiya) bilan 40 % ga yaqin boʻlajak onalar duch kelishadi. Sefalgiya belgilari homiladorlikning birinchi uch oyligida boshlanishi tabiiy holat, lekin homiladorlikning keyingi bosqichlarida bosh ogʻrigʻi tez-tez takrorlanib turishi jiddiy patologiyalardan darak beradi.

Homiladorlarda sefalgiya sabablari

Bosh ogʻrigʻining kasalliklar natijasida emas, oʻz-oʻzidan kelib chiqishi – birlamchi sefalgiya deyiladi. Birlamchi sefalgiya– homiladorlikning erta va kechki toksikozlari natijasida kelib chiqadi. Ikkilamchi sefalgiya esa biror bir surunkali kasallik yoki homiladorlik asoratlari sifatida namoyon boʻladi.

homiladorlikda bosh ogʻrishi

Birlamchi sefalgiyaning sabablari

Tuxum hujayraning urugʻlanishidan soʻng, ayol organizmida gormonal qayta qurilish kuzatiladi. Bundan maqsad homilani saqlab qolish va uning rivojlanishini taʼminlashdir. Ayol organizmi zoʻriqishi ikki barobar ortadi, bu esa bosh ogʻrigʻiga sabab boʻladi.

Gormonlar miqdorining oʻzgarishi

Homiladorlik vaqtida progesteron sintezlanishi koʻpayadi, buning natijasida silliq mushaklar tonusi pasayadi, bundan maqsad bachadon mushaklari qisqarishi kamayadi va homila tushish xavfi yoʻqolishidir. Qon tomirlar tonusiga ham taʼsir qiladi va gipotoniyaga olib keladi, bu esa holsizlik, tez charchash va bosh ogʻrishi bilan namoyon boʻladi.

Eʼtibor bering: gormonal qayta qurilish hisobiga kelib chiqqan bosh ogʻrigʻi, faqatgina homiladorlikning birinchi oylarida kuzatiladi va bu toksikoz holati bilan tushuntiriladi.

Aylanayotgan qon hajmining koʻpayishi

Homiladorlik vaqtida eng muhim boʻlgan organizmning adaptatsion mexanizmlardan biri, umumiy aylanayotgan qon hajmining oshishidir. Bundan maqsad ayol tugʻruq vaqtida yoʻqotadigan qon oʻrnini toʻldirishdir. Umumiy qon hajmi homiladorlikning erta davrlaridan koʻpaya boshlaydi. Buning natijasida progesteron gormoni taʼsirida qon tomirlar kengayadi va qon bosimi pasayadi. Past qon bosimi esa bosh ogʻrishiga sabab boʻladi.

Tashqi qoʻzgʻatuvchilarga sezuvchanlikning oshib ketishi

Bu holat ham gormonlar oʻzgarishi bilan tushuntiriladi. Baland tovushlarga, turli xil hidlarga, kuchli yorugʻlikka taʼsirida bosh ogʻrishi kelib chiqishi mumkin.

Progesteron gormoni homilador ayol kayfiyatiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Ular juda emotsional labil boʻlib qolishadi. Kichik stresslar ham ayol kishining yigʻisi va qoʻzgʻaluvchanligini oshirib yuborishi, buning natijasida esa bosh ogʻrigʻi ham namoyon boʻlishi mumkin.

Ob-havoga boʻlgan sezuvchanlik

Homilador ayollarda progesteron miqdori ortganligi sababli, ayollar ob-havoga boʻlgan sezuvchanlikning oshib ketishiga ham olib keladi. Kichik darajadagi bosim, havo harorati oʻzgarishi ham homiladorlikda bosh ogʻrishiga olib kelishi mumkin.

Mikroiqlim

Odatda insonlar mikroiqlimga juda sezuvchan boʻlishadi. Masalan, bugʻli xonalarda, tutunli xonalarda va kislorod yetishmaydigan tiqilinch xonalarda boʻlganlarida bosh ogʻrishi kuzatiladi. Ayniqsa, homiladorlarda bu holat juda ham kuchayib ketadi.

Umurtqa pogʻonasining oʻzgarishi

Homiladorlikning ikkinchi va uchinchi uch oyliklaridan boshlab boʻlajak ona umurtqa pogʻonalariga ogʻirlik tushishi orta boshlaydi. Buning natijasida umurtqalardagi qon aylanishi buziladi va bosh miyaga kislorod yetib borishi kamayadi va sefalgiya kelib chiqadi.

Ovqatlanish tartibining oʻzgarishi

Homiladorlikning erta bosqichlarida ayollar oʻz ratsionidan choy va kofe ichishni cheklaganliklari uchun gipotonik holatlar ham kuzatiladi. Keyinchalik homilador ayollarda bosh ogʻrigʻi kofein, tiramin, natriy xlorid, fenilamin koʻp saqlovchi mahsulotlar isteʼmol qilish natijasida kelib chiqadi. Shu sababli homilador ayollar shokolad, choy, kofe, kakao, sitrus mevalari, tuzlangan mahsulotlar, yongʻoq, oʻtkir pishloq kabi mahsulotlarni isteʼmol qilishni kamaytirishlari zarur. Bundan tashqari, homilador ayollar dudlangan, konservalangan, yarimfabrikat mahsulotlarni butunlay cheklashlari kerak. Bunday mahsulotlar tarkibida koʻplab boʻyoqlar, konservantlar, taʼm kuchaytirgichlar koʻp boʻlib, bular nafaqat oshqozon ichak tizimiga, balki bosh miyaga ham salbiy taʼsir etib sefalgiyaga sabab boʻladi.

Suvsizlanish va och qolish

Gipoglikemiya (och qolish) bosh miyada gipoksiyaga sabab boʻladi va homiladorlikda bosh ogʻrishi yuzaga keladi. Suvsizlanish esa qon tomirlar spazmiga sabab boʻlib, gipoksiya kelib chiqadi va ayol kishi bosh ogʻrish hissini sezadi.

Kam uxlash yoki keragidan ortiqcha uxlash homilador ayol organizmiga taʼsir etadi, uning natijasida holsizlik, lanjlik va charchash kabi holatlar kelib chiqib, ayol bosh ogʻrigʻi bilan qiynaladi.

Boshqa sabablar

Aqliy mehnatning koʻpligi, jismoniy mehnatning ortiqchaligi, kompyuter qarshisida uzoq muddat oʻtirish, sovuq ovqatlar isteʼmol qilish ham bosh ogʻrigʻiga sabab boʻladi.

Ikkilamchi sefalgiya sabablari

Homiladorlik davrida ayol kishi turli xildagi surunkali kasalliklarning xuruj qilishi mumkin. Bu holat bosh ogʻrigʻiga sabab boʻladi, masalan:

Migren

Migrenning asosiy belgisi boshning yarmidagi sohalarda (koʻz, peshona, chakka) doimiy ogʻriqdir. Ogʻriq davomli, loʻqqilovchi, boshni harakatlantirganda kuchayadigan, ishtahaning pasayishi, uyquning buzilishi, qoʻzgʻaluvchanlik ortishi, koʻngil aynishi/qusish bilan namoyon boʻladi. Migren kelib chiqish sababi toʻliq oʻrganilmagan, ammo nasliy omil ham katta rol oʻynaydi. Belgilar yuzaga chiqishi yuqoridagi sanab oʻtilgan holatlarda kuchayadi (och qolish, suvsizlanish, aqliy yoki jismoniy zoʻriqish, stress, ob havo oʻzgarishi va shu kabilar).

Agar migren kasalligi homiladorlikdan avval ayol kishini bezovta qilmagan boʻlsa, migrenga xos belgilar homiladorlik boshlangandan keyin namoyon boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashish shart. Chunki bu kabi ogʻriqlar jiddiy kasalliklardan darak berishi mumkin, masalan bosh miyaga qon quyilishi yoki serebral qon tomirlar trombozi.

Kechki toksikoz (gestoz)

Homiladorlikning eng ogʻir asoratlaridan biri, homiladorlikning ikkinchi yarmidan boshlanadi va uchlik simptomi bilan namoyon boʻladi: proteinuriya, arterial gipertenziya va shishlar paydo boʻlishi. Arterial qon bosimi oshishi natijasida qon tomirlar torayadi, bosh miyaga oziqaviy moddalar va kislorod kam yetib boradi, natijada bosh ogʻrigʻi kelib chiqadi. Gestozning ogʻir koʻrinishi – preklampsiyada sefalgiyadan tashqari, homilador ayollar koʻruvning yomonlashganligi, koʻz oldida “uchqunlar”, burun bitishi va uyquchanlikka shikoyat qiladilar. Preklampsiyani davolamanmasa, qisqa muddat ichida eklampsiyaga oʻtadi (sudorgi, talvasa, hushdan ketish) va bu homila hamda ayol kishi hayoti uchun xavfli holat hisoblanadi.

Gipertonik kasallik

Homiladorlikdan oldin gipertonik kasallik tashxisi qoʻyilgan hollarda, gormonlar oʻzgarishi hisobiga bu kasallikning kechishi yanada kuchayadi. Gipertonik krizlar takrorlanish chastotasi ortadi, ogʻriq loʻqqilovchi xarakterida boʻlib, ensa sohasida paydo boʻladi. Kuchli bosh ogʻrigʻi bilan birgalikda burundan qon ketish, koʻngil aynishi yoki qayt qilish, diplopiya kabi holatlar kelib chiqadi.

Ortiqcha tana vazni

Semirish hamda gestoz hisobiga kelib chiqadigan yashirin shishlar natijasida tana vazni ortishi, qon tomirlar spazmiga sabab boʻladi va buning natijasida qon bosimi oshadi. Bu esa sefalgiyaga olib keladi.

Boʻyin osteoxondrozi

Boʻyin umurtqalarining zararlanishi hisobiga bosh miyaga oʻtadigan arteriyalar siqilib qoladi, natijada miyada gipoksiya kelib chiqib bosh ogʻrigʻiga sabab boʻladi.

Bundan tashqari, koʻpgina kasalliklar natijasida ham kuchli bosh ogʻrigʻi kuzatiladi:

  • Qon tomirlar distoniyasi;
  • Meningit;
  • Bosh miyaga qon quyilishi; (insult yoki travma natijasida);
  • Homiladorlikdagi anemiya;
  • Glaukoma;
  • Bosh miya oʻsma kasalliklari;
  • Sinusit;
  • Buyrak kasalliklari;
  • Tishlar bilan bogʻliq muammolar.

Homiladorlikda bosh ogʻrishi qanchalik xavfli?

Homilador ayollar quyidagi belgilar namoyon boʻlishi bilan darhol shifokorga murojaat etish kerak:

  • Ogʻriq xarakteri oʻzgarsa (simillovchi, kuchsiz ogʻriq kuchli, loʻqillovchi ogʻriq xarakterini olsa);
  • Uyqudan uygʻonganda paydo boʻladigan sefalgiya;
  • Ogʻriq boshning aynan bir sohasida kuzatilsa;
  • Boshqa nevrologik simptomlar yuzaga chiqsa (koʻruv oʻtkirligi pasayishi, eshitishdagi muammolar, hid bilish buzilishi, teri sezuvchanligi ortishi, qoʻl va oyoqlarning uvishishi;
  • Ogʻriq hamda qon bosimi ortishi yoki pasayishi, tanadagi shishlar;
  • Ogʻriqning doimiy kuchayib borishi.

Homiladorlikda bosh ogʻrigʻini davolash

Homiladorlarning deyarli yarmidan koʻpida bosh ogʻrigʻi uchrashini hisobga olib, homilador ayollar bir qator usullardan foydalanishlari mumkin:

Ovqatlanish tartibini qayta tuzish

Homilador ayollar shirin gazli ichimliklar, yarimfabrikatlar, dudlangan mahsulotlar va fast-foodni cheklashlari kerak. Bundan tashqari, yogʻli ovqatlar, ziravorlar, achchiq mahsulotlar, achchiq choy va kofeni ham vaqtinchalik isteʼmol qilishni kamaytirishlari lozim. Ovqat harorati ham optimal boʻlishi (15-60 gradus oraligʻida) boʻlishi, muzdek va juda issiq holda ham ovqat isteʼmol qilmasliklari zarur. Kun davomida tez-tez kam kamdan ovqatlanish (5-6 marta), ochlik hissi paydo boʻlishi bilan yengil tanovvul qilib olish maqsadga muvofiq (pecheniye, mevalar, yogurt).

Sogʻlom hayot tarziga rioya etish

Homiladorlik vaqtida chekish va spirtli ichimliklar ichish mutlaqo mumkin emas. Tamaki mahsulotlari gipoksiyaga sabab boʻlib, homila rivojlanishini ortda qolishiga olib keladi, hamda ayolda bosh ogʻriqlarini chaqiradi. Toza havoda sayr qilish, homiladorlar uchun davolovchi gimnastika mashqlarini bajarish tavsiya etiladi.

Mikroiqlimni nazorat qilish

Homilador ayol koʻproq boʻladigan xonalarni tez-tez shamollatib turishlari kerak. Dim, issiq, bugʻli xonalarda uzoq vaqt boʻlmaslikka harakat qilish kerak. Bundan tashqari, baland tovush va kuchli yorugʻlikdan ham himoyalanish lozim.

Kunduzgi uyqu

Agar kun tartibi, ish tartibi toʻgʻri kelsa, homilador ayollar kun davomida 1-1,5 soat uxlab olishlari lozim. Bu miyaning dam olishiga va sefalgiyaning oldini olishda yordam beradi.

Jismoniy va aqliy zoʻriqishdan saqlanish

Iloji boricha stress, mojarolardan qochish kerak. Tungi uyqu kamida 8 soat boʻlishi, ish joyida doimo bir xil holatda boʻlmasdan, har 30 daqiqada yengil jismoniy mashqlar qilish kerak.

Homiladorlikda bosh ogʻriganda birinchi yordam

Dori preparatlarisiz homiladorlik vaqtida bosh ogʻrigʻi vaqtida, ogʻriqni bartaraf etish uchun quyidagi chora tadbirlar oʻtkazilsa boʻladi:

  • Qisqa muddatli dam olish. Homilador ayollar biroz dam olishlari, iloji boʻlsa 20-30 daqiqaga mizgʻib olishlari lozim. dam olish xonasi tinch, shamollatilgan va nimqorongʻu boʻlishi kerak.
  • Boshni massaj qilish. Boshning chakka sohasini, tepa sohani va boʻyinni yengil massaj qilish bosh ogʻrigʻidan bartaraf etishning samarali usuli hisoblanadi.
  • Aromaterapiya. Aromalampani aromatik oʻsimliklarning moylari bilan toʻldirish va uni yoqib qoʻyish kerak. Arterial qon bosim pasayganda apelsinli, greypfruktlar, arterial bosim oshganda limonli, yalpizli moylardan foydalanish tavsiya etiladi. Bu kabi moylarni salqinroq suv shimdirilgan sochiqqa tomizish va boshning ogʻrib turgan sohasiga joylashtirish yaxshi samara beradi.
  • Dorivor oʻsimliklardan fitochoylar ichish. Arterial qon bosim pasayganda yoki och qolganda fitochoydan ichish kerak, masalan na’matak, yalpiz kabi oʻsimliklardan tayyorlangan damlamalar ogʻriqni bartaraf etishda yordam beradi. Boshning ogʻriqli sohalariga karam suvidan dokaga shimdirilgan holda kompresslar qoʻyish ham ogʻriqni oladi.
  • Suv bilan muolajalar. Efir moylari va foydali tuzlar qoʻshilgan suvda vannalar qabul qilish ham ogʻriq hissini kamaytiradi, ayolni tinchlanishiga yordam beradi.

Diqqat! Suvdagi muolajalar faqatgina ginekolog mutaxassis tavsiyasiga binoan olib boriladi!

Dori preparatlari

Nomedikomentoz muolajalar natija bermaganda, dori preparatlaridan foydalanish ogʻriq hissini bartaraf etishda katta yordam beradi.

Diqqat! Har qanday dori preparatlarini qabul qilishda homiladorlik vaqtida qarshi koʻrsatmalar va nojoʻya taʼsirlari bor. Shu sababli dori preparatlarini tanlashda va ularning dozalari haqida faqatgina shifokor-ginekolog maʼlumot beradi, uni qanday muddatda qabul qilish kerakligini aytadi va doimo nazorat ostida boʻladi.

Sefalgiyada homiladorlar uchun dori preparatlar:

Parasetamolistimani tushuruvchi taʼsir koʻrsatadi, shu bilan birga bosh ogʻrigʻini ham bartaraf etadi. Parasetamol ayol uchun ham homila uchun ham xavfsiz hisoblanadi. Homiladorlik vaqtida bolalar panadoli (tarkibi parasetamol) qabul qilish tavsiya etiladi.

Noshpa. Spazmolitik preparat, qon tomirlarni kengaytiradi va qon bosimi pasayadi, natijada bosh ogʻrishi kamayadi.

Homiladorlik vaqtida quyidagi dori prepratlarini qabul qilish umuman mumkin emas:

  • Atsetil salitsil kislota;
  • Sitramon (kofein va asetil salitsil kislota saqlaydi);
  • Analgin;
  • Baralgin;
  • Spazgan;
  • Pentalgin;
  • Askofen;
  • Ergotamin.

Bu preparatlarning nojoʻya taʼsirlari juda salbiy boʻlib, homilada tugʻma anomaliyalar, platsentadan qon ketib qolishi, tugʻruq jarayonida koʻp qon yoʻqotish xavfini oshirib yuboradi.

Eng muhimi shuni unitmangki, organizmningizda har qanday oʻzgarish, shu jumladan bosh ogʻrishiga ham befarq boʻlmay shifokor koʻrigidan oʻtishingiz lozim! Zero, sogʻlom onadan sogʻlom bola dunyoga keladi. Salomat boʻling!


Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu — Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.

Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.

Hoziroq bepul yuklab oling

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x