Homila to‘rt haftalik bo‘lgach, ayollarda bel og‘rig‘i kuzatilishi mumkin. Xo‘sh, bel og‘rig‘i qanday sabablar tufayli paydo bo‘ladi? Bu davrda qanday mashg‘ulotlarni bajarish va qaysi maslahatlarga amal qilish kerak? Savollarimizga oliy toifali shifokor, akusher-ginekolog Hulkar RAVSHANOVA javob beradi.
Kuchli toksikoz sabab…
Nega? Homiladorlikning ilk davrlarida ayrim ayollarimiz kuchli toksikoz holatini boshdan kechirishadi. Bilamizki, homila 12 haftadan so‘ng bachadonga to‘liq joylashib oladi. Ungacha homila qovuq sohasida bo‘ladi. Ko‘ngil aynishi, qusish, aksirish kabi jarayonlar yuz berganda hali mustahkam joylashib ulgurmagan homilani qo‘zg‘alishi hisobiga belda og‘riq kuzatiladi.
Nima qilay? Toksikozning oldini olish uchun ovqatlanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Kun davomida xohishga qarab tez-tez kam-kamdan ovqatlanish tavsiya etiladi. Jasmin, asal va yangi limon bo‘lagidan tayyorlangan ko‘k choy ko‘ngil aynishini bartaraf etadi. Shuningdek, ertalab turishdan oldin bitta qurtni yeb, ustidan suv ichib, yarim soatdan keyin nonushta qilinsa, toksikozning oldi olinadi.
Toliqish
Nega? Uzoq vaqt jismoniy harakat bilan band bo‘lish ham bel og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Birdan o‘rindan turish, shoshilib nimanidir ko‘tarish, og‘ir ishni bajarish natijasada hali dunyoga kelmagan go‘dak seskanib ketadi. Natijada homila harakatga keladi va belda og‘riq paydo bo‘ladi.
Nima qilay? Yuqorida sanalgan harakatlardan saqlaning. Uy yumushlarini sekin-asta qiling. Charchaganingizni his qilishingiz bilan dam oling.
Baland poshnali tuflilar
Nega? Homilador bo‘lmagan paytingizda ham baland poshnali tuflilar qaddingizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Homilador ayollar uchun esa bu halokat bilan teng.
Nima qilay? Sizga balandligiligi2 sm. Bo‘lgan keng poshnali poyabzal to‘g‘ri keladi. Bunday tuflida qaddingizni tutib yurish shippaklarga qaraganda yengilroq bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Bu bilan venalar kengayishi (varikoz) bartaraf etiladi.
Surunkali buyrak xastaliklari
Nega? Surunkali buyrak xastaliklari (piyelonefrit) bilan og‘rigan homilador ayollarda bel og‘rig‘i kuzatilishi tabiiy. Bu davrda buyrak ikki organizm uchun ishlaydi, faoliyati tezlashadi. Natijada buyrakka og‘irlik tushishi, homila kattalashgan sari esa buyrakning siqilib borishi bel og‘riqlarni paydo qiladi.
Nima qilay? Surunkali buyrak xastaliklari bilan og‘rigan ayollar homilaning oxirgi oyligida tizza-tirsak mashqini bajarib turishsa, bel og‘rig‘idan xalos bo‘lishlari mumkin. Bu mashqni imkoniyatga qarab, har 3 soatda 15 minutdan bajarish kerak. Bunda homilador ayol tizzasi va tirsagini yerga qo‘yib yurishi, biror bir yumushni bajarishi, uy ishlarini qilishi mumkin.
Kalsiy yetishmasa…
Nega? Homiladorlik davrida ona iste’mol qilayotgan foydali moddalarning ko‘p qismini bolaga beradi. Shuning uchun homilador ayol organizmida tayanch-harakat apparati faoliyati uchun zarur bo‘lgan ba’zi moddalar yetishmasligi mumkin. Masalan, kal’siy. Buning oqibatida ayol belida, umurtqa sohasida, bo‘g‘imlarida og‘riqlar sezadi. Bundan tashqari, onada tish emalining yeyilishi, soch to‘kilishi ham kuzatilishi mumkin.
Nima qilay? Homilador ayol shifokor tavsiyasi asosida doimiy kalsiy tabletkalaridan ichib turishi, shuningdek, ovqatlanish ratsionida kalsiyga boy mahsulotlar bo‘lishini nazorat qilishi kerak. Zardob kalsiyga boy eng foydali mahsulot bo‘lib, har kuni ertalab bir stakan och qoringa ichilsa, kunlik kalsiyga bo‘lgan ehtiyojni qondiradi.
Qabziyat oqibatida
Nega? Homiladorlikning istalgan davrida ich qotishi kuzatilishi mumkin. Bunday paytda kuchanish natijasida belda og‘riq kuzatiladi.
Nima qilay? Qabziyatning oldini olish uchun shivit suvini ichish tavsiya etiladi.
Tug‘ruqqa tayyorgarlik bosqichida
Nega? Homiladorlikning so‘ngi muddatlarida, ya’ni tug‘ishga tayyorgarlik bosqichida tos suyaklarining kengayishi, romb suyaklarining ochilishi natijasida bel bog‘rig‘i kuzatiladi.
Nima qilay? Bu tabbiy hol bo‘lib, tug‘ruqdan so‘ng o‘tib ketadi. Agar og‘riq juda qattiq bo‘lsa, shifokorga murojaat qiling.
Asablarni asrang!
Nega? Homiladorlikning istalgan davrida kuchli his-hayajonga berilish, qattiq qo‘rquv, jahl qilish, tushkunlikka tushish, kayfiyat yomonlashuvi, asablarning buzilishi natijasida gormonlar aktiv ishlay boshlaydi. Gormonlarning faollashuvi esa bel, bo‘g‘imlar sohasida og‘riqlarni paydo qiladi.
Nima qilay? Bunday vaziyatda tinchlantiruvchi o‘tli yig‘malar iste’mol qilish ham yaxshi samara beradi. Asablarni tinchlantirish uchun ko‘proq tabiat manzaralarini kuzating. Tinch, sokin joylarda sayr qiling. Yaxshi narsalar haqida o‘ylang. Turli mashg‘ulotlar bilan band bo‘ling. Tikish, to‘qish, rasm chizish bilan shug‘ullaning. Bo‘lajak farzandingiz uchun o‘zingiz o‘yinchoqlar yasang.