Homiladorlik shishlari xavfli(mi)?!

Homiladorlik davrida ayol organizmida turli o‘zgarishlar yuz beradi. Ularning ayrimlari bo‘lajak onalarni biroz tashvishlantiradi. Masalan, shishlar. Homilador bo‘lmagan ayollarda bu biron kasallik belgisi hisoblanadi. Homiladorlarda-chi? O‘zi shunday bo‘lishi kerakmi yoki bu kasallikmi? Har qanday ayolda ham homiladorlik davrida shishlar kuzatiladimi?

homiladorlikda shishlar

Shishlarning ikki turi farqlanadi: fiziologik va patologik.

Fiziologik shishlar jismoniy zo‘riqish, noto‘g‘ri ovqatlanish, issiq havo va stress kabi omillar natijasi bo‘lishi mumkin. Masalan, bo‘lajak ona sho‘r yeguliklarni ko‘p iste’mol qilsa, oyoqlari shishishi mumkin. Ammo bunday shishlarning sog‘lik uchun ortiqcha xavfi yo‘q. Chunki ularni yuzaga keltirgan omil bartaraf etilishi bilan shishlar ham qaytadi. Patologik shishlar esa organizmdagi biron xastalikdan darak beradi.

Vazn ko‘rsatkichlari

Sizda shishlar bor-yo‘qligini bilmoqchi bo‘lsangiz, e’tibor bering:

  • avval kiyib yurgan poyabzalingiz birdaniga oyog‘ingizni siqa boshladimi?
  • Uzuklaringizni taqib-yechish qiyin bo‘layaptimi?
  • Haftasiga vazningizga qancha vazn qo‘shilayapti?

Aslida homilador ayolning kuniga 50, haftasiga 350 gramm vazn orttirishi me’yor hisoblanadi. Butun homiladorlik davomida ayol vazniga 8-12 kg. qo‘shilishi mumkin. Bundan ortig‘i me’yor sanalmaydi. Agar vazningiz bundan ortiq bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qiling.

Shishlar ko‘zga yaqqol tashlanib turgan bo‘lsa, osonroq. Ammo ularning yashirin kechishi xavotirli. Bu organizmda suyuqlik to‘planib qolayotganidan dalolat. Odatda yurak-qon tomir va buyrak xastaliklari bo‘lmagan ayollarda shishlar homiladorlikning ikkinchi yarmida kuzatiladi. Avvaliga oyoqlar, so‘ng esa qo‘llar, yuz, qorin shishadi. Oyoqlar ko‘p shishadi, chunki suyuqlik kun bo‘yi boldir, tovon va oyoq kaftlarida to‘planib qoladi. Teri esa oqarib, silliq va zo‘riqqan holga keladi, uni bosganda chuqurchalar paydo bo‘ladi. Agar oyoqlar homiladorlikning birinchi yarmidayoq shisha boshlasa, bu biron kasallik belgisidir.

Homiladorlikning ikkinchi yarmida oyoqlar shishishi esa gestozdan dalolat. Bu bizning davrimizda juda keng tarqalgan. U ayol organizmining homiladorlikka ko‘nikish jarayoni izdan chiqqanini bildiradi.

Nima qilmoq kerak?

  • Bo‘lajak onalar to‘g‘ri ovqatlanish tarzini yo‘lga qo‘yishlari lozim. Kuniga 5-6 marta oz-ozdan ovqatlaning. Iloji boricha qaynatilgan va bug‘da pishirilgan taomlarni iste’mol qilish kerak. Dudlangan, achchiq, sho‘r va marinadlangan mahsulotlarni umuman og‘zingizga olmang. Unutmang, tuz organizmdan suyuqlikning chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, uni tanada saqlab qoladi.
  • Kun davomida vaqti-vaqti bilan oyoq kaftlari, boldirlarni uqalab turing. Tor poyafzal kiymang. Bir xil holatda uzoq o‘tirmang. Shifokor bilan maslahatlashgan holda jismoniy mashqlar tizimini ishlab chiqib, ularni muntazam bajarib boring. Uyqudan oldin toza havoda nafas olib, keyin oyoqni biroz ko‘targan holatda (masalan, ostiga qavatlangan ko‘rpacha qo‘yib) uxlang. Suzish ham yaxshi foyda beradi.

Shishlardan qanday xalos bo‘lish mumkin?

Oyoqlaringizga shifobaxsh giyohlar yoki dengiz tuzlari bilan to‘yintirilgan vannalar qiling. Shunchaki sovuq suv oqimi tagida tutib tursangiz ham bo‘ladi. So‘ng oyoq kaftlaridan boshlab yuqoriga qarata uqalang. Oyoqlaringiz orom olsin: yotib, ularni tanadan 10-15 sm yuqori holatda qoldiring.

Shishlarga beparvo bo‘lmang. Agar ular patologik xarakterga ega bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Peshobingizni har ikki xaftada topshirib, tahlil natijasini kuzating, chunki, organizmingizdagi ortiqcha shishning sababini shu tahlil orqali bilsa bo‘ladi.

Mutaxassis fikri

Har bir ayol homiladorlikka tayyorlanar ekan, avvalo o‘z vazn ko‘rsatkichlarini bilishi kerak. Homiladorlik davrida esa uni nazorat qilib borishi lozim. Umuman, shishlar ko‘p homiladorlarda kuzatiladi. Uning shunchaki fiziologik holatmi yoki biron kasallik darakchisi ekanini ko‘rsatuvchi ma’lum tekshiruvlar bor. Masalan, peshob tahlili va qon bosimi tekshiruvi. Agar ayol vazni haddan ortib ketsa, peshobida oqsil ko‘payib, qon bosimi ko‘tarilsa, bu patologiyadan dalolat. Shuning uchun ayollarimiz homiladorlik davrida shifokor-ginekolog ko‘rigini kanda qilmasdan, o‘z salomatliklariga e’tiborli bo‘lishlari lozim.“Nargiza

“Sug‘diyona” gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x