Homiladorlik (lot. graviditas.) — ayol organizmining maxsus holati bo’lib, uning reproduktiv a’zolarida rivojlanayotgan embrion yoki homila mavjudligidir. Homiladorlik bachadon nayida ayol va erkak jinsiy hujayralarining birlashishi natijasida sodir bo’ladi, natijada 46 xromosomani o’z ichiga olgan zigota shakllanadi. Ushbu maqolada homiladorlik haqida to’liq ma’lumot yoritiladi.
Bo’lajak bolaning jinsi jinsiy xromosomalar to’plamiga bog’liq (XX yoki XY), ta’kidlash kerakki, tuxum hujayralar doimo X-xromosoma tashuvchisi bo’ladi, spermatozoidlar esa X- yoki Y-xromosoma (1: 1 nisbatda). Shunday qilib, homilaning jinsi aynan tashuvchisi spermatozoid hisoblangan jinsiy xromosomalar bilan belgilanadi (X-xromosoma bo’lganda — qiz, Y-xromosomalar bo’lganda — o’g’il). Hujayralarning bo’linishi natijasida blastosista shakllanadi, u yettinchi sutkaga borib bachadon devoriga birikadi.
Homiladorlikda bola jinsini aniqlash→
Homiladorlik birinchi uch oyida (birinchi trimestr) homilaning a’zolari shakllanadi, 12-haftaning oxiriga borib yo’ldosh to’liq shakllanib bo’ladi. Yo’ldosh orqali homila ozuqa moddalarini oladi va metabolizmning yakuniy mahsulotlari chiqarib yuboriladi. Inson homiladorligi muddati 9 oy yoki 40 akusherlik haftani (oxirgi hayzdan sanab) tashkil qiladi. Akusherlikda fiziologik va patologik homiladorlik ajratiladi. Odatda, har qanday homiladorlik tug’ruq akti bilan tugaydi — bola dunyoga keladi, ko’p homilali homiladorlik taqdirida esa — egizaklar (gomozigotali — bir xil yoki geterozigotali — turli).
Homiladorlikni rejalashtirish
Oilani rejalashtirish — Yer aholisini barqarorlashtirish global demografik muammosini hal qilishning asosiy usullaridan biridir. Eng keng tarqalgan usullari juftliklarga muntazam ravishda jinsiy aloqa qilib mamnun bo’lish va istalmagan homiladorlik boshlanishi ehtimolini ishonchli tarzda kamaytirish imkonini beradi, albatta juftliklar buni xohlagunlariga qadar. Shu munosabat bilan, oilani rejalashtirish urug’lantirishni oldini olish yoki urug’lantirilgandan keyin amal qiladigan embrionning implantatsiyalanishiga to’sqinlik qilish usullarini o’z ichiga oladi.
Hozirgi vaqtda homiladorlikni rejalashtirishning samarali imkoniyati mavjud. Oilani rejalashtirishning eng samarali tabiiy usullaridan biri simptotermal usul hisoblanadi, biroq u samara bobida gormonal kontratseptsiyaga yetisha olmaydi va prezervativ kabi, jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalardan himoya qilmaydi.
Homiladorlik rejalashtirishda ovulyatsiya kunini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Hamma gap shundaki, tuxum hujayra (urug’lantirilmagan) ovulyatsiyadan bir kun o’tib nobud bo’ladi, shuning uchun hayz siklida fertil davr ovulyatsiyadan 2-3 kun oldin (spermatozoidlar 3 kungacha faol) boshlanadi va ovulatsiya sodir bo’lganidan bir yoki ikki kun o’tib tugaydi. Urug’lantirishni o’tkazish uchun eng maqbul kunlar ovulyatsiyadan bir kun oldin va bevosita ovulyatsiya kuni hisoblanadi.
Ovulyatsiya haqida batafsil ma’lumot va uning kunini aniqlash→
Shunday qilib, lyuteinlovchi gormon darajasining keskin ko’tarilishi homilador bo’lish uchun eng muvaffaqiyatli davrining boshlanishini anglatadi.
Homiladorlik alomatlari
Homiladorlikni erta tashxislash va uning muddatini aniqlash nafaqat akusherlik nuqtai nazaridan muhim, balki urug’lantirishdan keyin sodir bo’ladigan anatomik, fiziologik va gormonal o’zgarishlar bo’lajak ona anamnezida mavjud tashqi jinsiy a’zolar kasalliklariga sezilarli ta’sir ko’rsatishi ham mumkin. Homiladorlikni aniqlashga imkon beradigan barcha belgilar gumon qilinadigan (shubhali), ehtimolli va ishonchli belgilarga bo’linadi. Ular sub’yektiv yoki ob’yektiv ma’lumotlarga asoslangan bo’lishi mumkin. Biroq, hozirgi davrda akusherlik amaliyotida ultratovush diagnostikasining (UTT) keng joriy etilishi munosabati bilan ginekologiya va akusherlik darsliklarida qayd qilib o’tilgan homiladorlik alomatlari o’z ahamiyatini yo’qotib bormoqda.
Homiladorlik boshlanganligini bildiruvchi belgilarini aniqlash→
Shubhali belgilar (sub’yektiv ma’lumotlar asosida):
Qusish yoki ko’ngil aynishi (ayniqsa, ertalablari), hid, ishtaha yoki oziq-ovqat iste’moliga bog’liq o’zgarishlar;
Ba’zi hidlarga paydo bo’lgan intolerantlik;
Asab tizimining buzilishlari (uyquchanlik, tormozlanish, tez-tez kayfiyat o’zgarishi, bosh aylanishi, holsizlik, bezovtalik);
Tez-tez siydik chiqarish;
Sut bezlari dag’allashib, sezuvchanligining ortishi;
Qorin chizig’i bo’ylab, siynalar sohasi, yuzdagi terining pigmentatsiyasi (dog’lar) o’zgarishi (kuchayishi);
Sut bezlari, son, qorin terisida homiladorlik chandiqlari (chiziqlari) paydo bo’lishi (striya);
Qorin hajmining kattalashishi.
Ehtimolli belgilari (tekshirishda aniqlangan ob’yektiv belgilar):
Homilaning harakatlanishi hissi (birinchi marta tug’ayotgan ayollarda 18-20 haftada, qayta tug’ayotgan ayollarda — 16-18 haftada);
Amenoreya (hayzning yo’qligi);
Sut bezlarining kattalashishi, og’iz sutining (lot. colostrum gravidarum) kelishi;
Qin va bachadon bo’yni shilliq qavatining ko’kimtirligi (sianoz);
Bachadon shakli, hajmi va konsistentsiyasining o’zgarishi (ichki akusherlik tekshiruvlari bilan);
Gestatsiyaning 5-6 haftasidan boshlab bachadonning o’sishi, avval orqa-oldi tomoni, so’ng ko’ndalangiga;
Gorvitz-Gegar alomatlari: bachadonning yumshashi, ayniqsa, toraygan qismida (lot. isthmus uteri). Ikki qo’lli tekshiruvda bachadonning toraygan qismida barmoqlar qarshiliksiz bir-biriga tegadi. Oxirgi hayzdan boshlab 6-8 hafta davomida xarakterli;
Snegiryov belgisi: bachadon konsistentsiyasining o’zgaruvchanligi: mexanik qo’zg’atuvchi yoki ikki qo’lli tekshiruvda bachadon zichlashadi va qisqaradi, keyin yana yumshoq holatiga qaytadi;
Piskachek belgisi: erta davrlarda bachadon assimetriyasi kuzatiladi, implantatsiya sodir bo’lgan burchakning bo’rtib qolishi aniqlanadi. Vaqt o’tishi bilan u yo’qoladi;
Gubarev va Gauss belgisi: dastlabki muddatlarda bachadon bo’ynining yengil harakatchanligi qayd qilinadi, bu toraygan qismining sezilarli yumshashi bilan bog’liq;
Genter belgisi: datlabki muddatlarda toraygan qismning yumshashi tufayli bachadon old tomonidan bukilishi va old yuzasida o’rta chiziq bo’ylab taroqsimon qalinlashishi (har doim ham aniqlanmaydi);
Homiladorlik ekspress-testi.
Ishonchli (aniq) belgilari (homiladorlikning ikkinchi yarmida aniqlanadi):
Homila yurak urishi aniqlanadi (akusherlik stetoskopi yordamida homilaning yurak qisqarishlarini eshitish mumkin);
Tashqi akusherlik tekshiruv davomida palpatsiya yordamida homilaning katta (bosh, tos) va kichik (qo’l, oyoq) qismlarini aniqlash, harakatlarini sezish;
Rentgenogramma va exogrammada homilaning skeleti aniqlanadi;
Ultratovush tekshiruvi yordamida homila va yo’ldoshni aniqlash.
Fiziologik homiladorlik
Har qanday homiladorlikdagi kabi, uning boshlanishi urug’lantirish jarayoni bilan bogliq, ya’ni spermatozoid deb ataladigan yetilgan erkak jinsiy hujayrasining ayol jinsiy hujayralari — tuxum hujayra bilan qo’shilishi. Shunday qilib, urug’lantirish jarayonining yakunlanishi yoki ikki gametaning uyg’unlashuvi oxirida shakllangan umumiy hujayra (zigota) yangi organizmning boshlanishi hisoblanadi.
Homiladorlikning davomiyligi
Urug’lantirishdan tortib to tug’ilishgacha bo’lgan o’rtacha homiladorlik muddati 38 hafta hisoblanadi (embrional muddat). Oxirgi hayz boshlanishidan tug’ruqqacha bo’lgan homiladorlikning o’rtacha davomiyligi esa 40 hafta (akusherlik muddati). Akusherlik muddatidan foydalanish tibbyotda kengroq tarqalgan, chunki urug’lantirish kunini aniqlash odatda qiyin.
Insonning ona qorni ichida rivojlanishi odatda davrlarga bo’linadi. Tuxum hujayra urug’lantirilishidan torib implantatsiya boshlanguniga qadar davr (rivojlanishning birinchi haftasi) preimplantatsion davr deb tavsiflanadi, keyingi rviojlanish esa postimplantatsiondavrga mansub. Preimplantatsion davrda embrion bachadon devoriga birkmagan bo’ladi, dastlabki 4 kun davomida embrion bachadon naylari bo’ylab urug’lantirilgan joydan (bachadon nayining ampulyar qismi) bachadon tomon harakatlanadi, rivojlanishning 4-5 kuni embrion ayol bachadonida o’zini implantatsiyaga tayyorlashni boshlaydi. Shuningdek, rivojlanishning embrional (urug’lantirishdan boshlab dastlabki 8 hafta) va fetal (9 haftadan boshlab tug’ruqqacha) davrlari farqlanadi. Embrional davrda birlamchi tuzilmalarning fazoviy tashkillashuvi (morfogenez), hujayralarning boshlang’ich differentsiatsiyasi va a’zolar tizimi shakllanishi (organogenez) sodir bo’ladi. Fetal davrda esa a’zolar shakllangan tizim doirasida rivojlanadi, homilaning o’lchamlari ahamiyatli darajada kattalashadi.
Embrional davr
Embrional davr urug’lantirishdan boshlab embrional muddatning 8-haftasi oxirigacha davom etadi (akusherlik muddati uchun 10-hafta oxiri). Embrional davr davomida insonning embriogenezi sodir bo’ladi, xususan, urug’lantirish, bo’linish (ko’p hujayralilik shakllanishi), implantatsiya (bachadonga birikib kirishi) gastrulyatsiya (embrional yaproqchalarning shakllanishi), gistogenez (to’qimalarning shakllanishi) organogenez (a’zolarning shakllanishi), platsentatsiya va boshqa shu kabi jarayonlar. Embrional davr davomida embrion o’lchami 0,1 mm dan (urug’lantirilgan tuxum hujayra) 3 sm ga kattalashadi (homila qobiqlarini hisobga olmagan holda). Dastlab, embrion chaqaloq kabi ko’rinishga ega bo’lmaydi, faqat asta-sekin shunday ko’rinish va tuzilish kasb etadi. Embrional muddatning oxirgi haftasida ba’zi embrional tuzilmalarni yo’qoladi (jabrali yoylar va jabrali yoriqlar, dum, allantois kamayadi).
Fetal davr
Fetal davr akusherlik muddatining 11 haftaligidan to tug’ilishgacha davom etadi. Fetal davr boshiga kelib homilada barcha a’zolar tizimi shakllanib bo’lgan bo’ladi (endigi rivojlanish shakllangan tizim doirasida sodir bo’ladi), tashqi ko’rinishidan homila chaqaloqni eslatadi, tana proportsiyalarining o’zgarishi va homilaning jadal o’sishi boshlanadi.
Embrion va homilaning salbiy ta’sirlarga nisbatan sezuvchanligi homiladorlik mudati qanchalik qisqa bo’lsa, shunchalik yuqori bo’ladi. Embrional davr davomida spontan abort xavfi fetal davrga qaraganda taxminan 10 marta yuqoriroqdir.
Ayollarning homiladorligini «trimestr»larga ajratish qabul qilingan (uch oylik davrlar). Shunga ko’ra, homiladorlikning birinchi, ikkinchi va uchinchi trimestrlari haqida gapiriladi. Trimestrlarning har biri ma’lum akusherlik xususiyatlari va xavfi bilan tavsiflanadi.
Ona-homila tizimidagi fiziologik o’zgarishlar
Homiladorlik yuzaga kelgan paytdan boshlab ikkita o’zaro bog’liq bo’lgan tizimlar hosil bo’ladi:
Homilaning to’g’ri rivojlanishi uchun zarur barcha shart-sharoitlarni yaratishni ta’minlaydigan ona organizmining funktsional tizimi;
Asosan, normal gomeostazasini saqlab turish uchun mas’ul bo’lgan homilaning funktsional tizimi.
Homiladorlikni ma’lum bir bosqichida ushbu ikki funktsional tizimlar o’rtasidagi asosiy bog’liqlikni yo’ldosh (lot. placenta) ta’minlaydi, natijada yot (ona immun tizimi nuqtai nazaridan) homilani himoya qilish uchun feto-platsentar to’siq shakllanadi. Homila va yo’ldosh o’rtasidagi yaqin morfofunktsional bog’liqlik mavjud bo’lganligi sababli, bu ikkala shakllanma yagona fetoplatsentar tizim sifatida ta’riflanadi.
Perinatal tashxislash
Perinatal tashxislash yoki perinatal diagnostika — rivojlanish patologiyalarining tug’ruqqa qadar tashxislanishi — bir necha bosqichda amalga oshiriladi. 10 va 13-hafta oralig’idagi davrda UTT va biokimyoviy markerlar yordamida Daun sindromi va Edvards sindromi xavfini aniqlash uchun perinatal skrining o’tkaziladi. 16 va 18-hafta oralig’i Daun sindormi, Edvrads sindromi va asab nayi defektlarining uchlangan deb atalmish biokimyoviy skriningini o’tkazish uchun optimal muddat hisoblanadi. Uchlangan skrining 14-dan 20-haftagacha o’tkazilishi mumkin.
Homila harakatlanishining dastlabki hissiyotlari odatda qayta tug’aytotgan ayollarda 18 haftada va birinchi marta tug’ayotgan ayollarda 20-haftada uchraydi. Biroq, bu bir necha haftaga o’zgarishi ham mumkin. Ozg’in ayollar to’lacharoq ayollarga qaraganda homila harakatlanishini oldinroq seza boshlaydilar.
20-24-haftalarda homila a’zolarining holatini aniqlash uchun takroran ultratovush tekshiruvi o’tkaziladi.
24-haftada ko’rsatmalarga ko’ra platsentar yetishmovchilik rivojlanishi xavfini istisno qilish uchun yo’ldosh qon aylanishining dopplerometrik tadqiqi, 26-haftada gestatsion diabet xavfini istisno qilish uchun esa glyukozotolerantlik testi o’tkaziladi.
Ko’p homilali homiladorlikda 28-haftada va bir homilali homiladorlikda 30-haftada tug’ruq oldi ta’tili tayinlanadi va almashinuv kartasi beriladi, shu kundan boshlab uni o’zi bilan birga olib yurish kerak.
30-34-haftalarda homila va yo’ldoshning holatini aniqlash uchun uchinchi ultratovush tekshiruvi o’tkaziladi.
37 haftadan so’ng homiladorlik ko’tarib bo’lingan hisoblanadi. Normada tug’ruq 40-haftaga borib sodir bo’ladi, lekin aslida aniq hisoblangan muddatda 5%dan kamroq ayollarning ko’zi yoriydi va tug’ruq vaqtining har ikki tomonga 2 haftaga siljishi normal hisoblanadi. 42 haftadan ko’p davom etgan homiladorlik kechikkan hisoblanadi.
Patologik homiladorlik
Perinatal davrning kechish tabiati bo’lajak farzandning bolalik va yetuklik davridagi rivojlanishining xususiyatlari va salomatligi holatini ahamiyatli darajada aniqlab beradi. Ontogenezning perinatal davri kechishiga embrion va homilaning 28-haftalikga yetguniga qadar rivojlanishini belgilaydigan xususiyatlari sezilari ta’sir ko’rsatadi, shuningdek yangi hayot boshlanishiga turtki bergan ota-onaning jinsiy hujayralari (gametalar) holati ham. Zamonaviy ilm-fanga homila rivojlanishining anomaliyalari va kasalliklar asosan quyidagilarga bog’liqligi ma’lum:
Xromosoma va genetik buzilishlar (mutatsiyalar);
Noqulay ekologik omillar ta’siri;
Faqat atrof muhitning salbiy omillari ta’sirida namoyon bo’ladigan genetik buzilishlar.
Perinatal patologiya xavfiga ta’sir etuvchi patologik omillar turlicha effektga ega bo’lishi mumkin, shu sababli quyidagilar ajratiladi:
Gametopatiya;
Embriopatiya;
Fetopatiya.
Ekstragenital patologiya fonida homiladorlik
Ekstragenital patologiyalar tuzilmasida (ekstragenital kasalliklar) homilador ayollarda yurak-tomir tizimi kasalliklari birinchi o’rinni egallaydi (80%), shu jumladan tug’ma va orttirilgan yurak nuqsonlari (ular orasida revmatik yurak kasalligi ham mavjud) yurakda jarrohlik aralashuvi o’tkazilgandan keyingi holat, arterial gipertoniya, gipertonik kasallik.
Homiladorlikning asoratlari
Har doim ham homiladorlik muammosiz kechmaydi. Murakkabliklarga:
Ko’ngil aynishi va o’ta ko’p qayt qilish;
Muzlagan homiladorlik;
Abort xavfi;
Oyoqlarning varikozi;
Qin venalarining varikoz kengayishi;
Kech toksikozlar: homilador ayollar nefropatiyasi, preeklampsiya va eklampsiya;
Homilaning gipoksiyasi;
Dumg’azadagi og’riqlar;
Onaning kamqonligi (anemiya);
Immunologik konfliktlar va ona va homilaning Rezus-konfliktlari;
Fetoplatsentar yetishmovchilik;
Feto-fetal transfuzion sindrom;
Gestozlar.