Jek LONDON
Keksa Koskushning butun vujudi quloqqa aylandi. Uning koʻzdan qolganiga ancha boʻlgan, lekin quloqlari avvalgidek sezgir, tiq etgan tovushni payqaydi. Yillar toʻzonidan xira tortgan onggi esa roʻy berajak voqealarga nisbatan mutlaqo befarq. Sit-kum-To-Xaning chinqiroq tovushi eshitildi. U itlarni chanaga bogʻlar ekan, qichqirgan koʻyi ularni savalamoqda. Sit-Kum-To-Xa unga nabira boʻladi, ammo qartaygan, hammaning yodidan chiqqan, qor ustida oʻtirgan aftodahol bobosi uchun shu tobda uning bekorchi vaqti yoʻq. Negaki qabila qoʻnimgohni tark etishga hozirlik koʻrmoqda. Oldinda olis yoʻl turibdi, kun esa sira uzayishni istamaydi. Oldinda ularni hayot va tiriklik qonuniyatlari kutmoqda, zinhor-bazinhor ajal emas. Chol esa endi ajalga shu qadar yaqinki…
Koskush bir daqiqa bu fikrdan dahshatga tushdi. U qoʻllarini choʻzib, titroq barmoqlari bilan yonginasidagi oʻtin uyumini paypaslab qoʻydi. Oʻtin borligiga amin boʻlgach, qoʻllarini moʻyna ostiga berkitdi va yana atrofni tinglashga tutindi.
Muzlagan bugʻu terisining shitirlashi eshitildi. Demak, sardorning oʻtovini allaqachon yigʻishtirib boʻlishdi. Endi uni ixcham shaklda taxlab chanalarga yuklashadi. Qabila sardori baland boʻyli, navqiron yigit boʻlib, bu mahoratli ovchi uning oʻgʻli edi. Mana, u imillab harakat qilayotgan ayollarni yalqovligi uchun koyimoqda.
Chol bu ovozni soʻnggi bor eshitayotgani aniq. Jixou va Tuskenlarning oʻtovlari ham yigʻishtirildi. Chol qabilaga tegishli oʻtovlar sonini juda yaxshi biladi. Faqat shomon yashaydigan oʻtov qoldi xolos. Mana nihoyat soʻnggi oʻtovni ham yigʻa boshlashdi. Koskush yuklarini chanaga joylayotgan shomonning gʻoʻldiragan ovozini eshitdi. Soʻng qulogʻiga goʻdak yigʻisi chalindi. Bir ayol nomaʼlum qoʻshiqni past ovozda xirgoyi qilganicha, uni ovuta boshladi. Bu kichkina Ku-Ti boʻlsa kerak, oʻyladi chol. Ha, bu oʻsha – injiq va kasalmand goʻdak. Balki tez orada uning ham ajali yetar, oʻshanda tundraning muzloq zaminida unga goʻr qazishadi va rosomaxlardan asrash uchun ustidan tosh bostirib qoʻyishadi.
Umuman olganda, baribir emasmi? Baxtli tasodif roʻy berib, yana bir necha yil yashadi ham deylik, ammo toʻq kunidan och kuni koʻp boʻlishi turgan gap. Bir kun emas bir kun oʻlim otliq mangu toʻymas yuho baribir uni quvib yetadi… U yoqda nimalar boʻlyapti ekan? Ha-ya, erkaklar chanalarni qoʻshib, qayishlarni mahkam tangʻib qoʻyishyapti. Chol ularning ovozini eshitdi, ammo tez orada atrofni sukunat qoplaydi. Itlar ustiga yogʻilgan qamchilar zarbidan atrofga “shuv-shuv” etgan ovozlar taraldi. Bu odamlar Koskushni birga ketish uchun chaqirishmaydi. Ular safar mashaqqatini qanchalar yomon koʻrishadi-ya… Mana, ular yoʻlga otlanishdi! Chanalar birin-ketin sukunat bagʻriga singib keta boshladi. Ular ketishdi. Koskushning hayotidan manguga gʻoyib boʻlishdi, u endi umrining soʻnggi, mashaqqatli soatlarini yolgʻiz qarshilaydi. Shu payt mokasina kiygan oyoqlar ostida qor gʻarchilladi. Kimdir qarshisiga kelib qoʻllarini sekingina cholning boshiga qoʻydi. Oʻgʻli unga qanchalar mehribon! Chol boshqa tengqurlari haqida oʻyladi, ularning oʻgʻillari qabila bilan birga joʻnab ketishdi. Uning oʻgʻli esa bunaqalardan emas. Xayol uni oʻtmishga boshlardi, ammo navqiron ovoz uni ayni vaziyatga qaytardi.
– Ahvoling yaxshimi? – soʻradi oʻgʻli.
Chol javob berdi:
– Ha, men yaxshiman.
– Oʻtin uyumi shundoq yonginangda turibdi. Olov gurillab yonyapti. Osmon xira tortib, sovuq tushib qoldi. Qor yogʻadiganga oʻxshaydi. Mana, qor uchqunlay boshladi.
– Toʻgʻri aytasan, qor boshlandi.
– Odamlarimiz shoshilyapti. Ularning yuklari ogʻir, ochlikdan qorinlari qapishgan. Yoʻl esa olis, shuning uchun ular ildam ketishyapti. Men ham ketishim kerak. Xoʻsh, ahvoling yaxshimi?
– Men yaxshiman. Xuddi shoxda bazoʻr ilinib turgan yaproqqa oʻxshayman, toʻkilishim uchun shamolning sekingina esishi kifoya. Ovozim kampirshoning ovoziga oʻxshab qoldi, koʻzlarim esa burungidek oyoqlarimga yoʻl koʻrsatmay qoʻygan. Qadamlarim ogʻir, holdan toyganman. Lekin hammasi joyida…
Oʻgʻlidan koʻngli toʻlgan Koskush boshini quyi soldi, to qorning ayanchli gʻichirlashi uzoqdan eshitilgunga qadar shu alfozda oʻtirdi. Oʻgʻli endi uning chorloviga javob qaytarmasligini u yaxshi bilardi. Shu payt uning qoʻllari shoshilinch ravishda oʻtin uyumi tomon choʻzildi. Qarshisida namoyon boʻlgan abadiyat dunyosidan uni shu ojiz rishtagina ajratib turar edi. Ayni kezda uning hayoti shu bir quchoq quruq shox-shabbaga bogʻliq edi. Shoxlar birin-ketin yonib, gulxanni oʻchirmay turadi, bu orada esa oʻlim qadam – baqadam unga yaqinlasha boshlaydi. Soʻnggi butoq kulga aylangach, ayoz oʻz hukmini oʻtkazishga kirishadi. Avval oyoqlari, keyin qoʻllari taslim boʻladi, nihoyat butun tanasi muzlab qoladi. Boshi tizzalari uzra egiladi va u tinchiydi.
Koskush sira nolimas edi. Chunki hayot oʻzi shunaqa, u juda adolatli. U zaminga yaqin boʻlgan yerda tugʻildi, shu yerda yashadi, tabiat qonunlari esa uning uchun yangilik emas. Illo, tirik jonzotlarning barchasi bu qonunlarga boʻysunadi. Tabiat yakkalanib qolganlarga sira shafqat qilmaydi, uning butun eʼtibori qabila va toʻdalarga qaratilgan. Keksa Koskushning ibtidoiy bilimlari bundan ortigʻiga yetmas, ammo u bir haqiqatga qattiq ishonar edi. Buning isbotini u butun hayoti mobaynida kuzatib keldi. Daraxt shiraga toʻladi, yashil barglar chiqaradi, keyin xazonrezgi boshlanadi – bu aylanma harakat shu holatidagina mukammaldir. Tabiat esa har bir tirik jonzot zimmasiga alohida bir vazifani yuklab qoʻygan. Bu vazifani bajarmaganni u halok etadi. Biroq bajarganlar-da oʻlimga mahkumdir. Tabiat juda loqayd, illo unga boʻysunuvchilar bisyor, abadiyat esa boʻysunuvchilarning emas, hukmdorning qismatiga bitilgan. Koskushning qabilasi eng qadimiy qabilalardan. U goʻdaklik chogʻida koʻrgan qariyalar oʻzlarigacha boʻlgan ajdodlarini zoʻrgʻa eslashardi. Maʼlumki, qabila mavjud ekan, mozorlari allaqachon unut boʻlgan ota-bobolarning itoatkorligini ham oʻzida mujassam etadi. Albatta, oʻlganlar bu hisobga kirmaydi. Ular xuddi yoz osmonidagi bulut singari koʻzdan gʻoyib boʻlishadi. Koskushni ham shunday qismat kutayotgani aniq. Bu oʻrinda tabiat mutlaqo betaraf. U hayot zimmasiga yagona maqsadni yuklagan, unga yagona qonunni topshirgan. Maqsad – naslning davom etishi, qonun esa oʻlimdir. Aytaylik, qiz bola – tomosha qilish maroqli boʻlgan goʻzal xilqat. Uning borligʻidan kuch yogʻiladi, siynalari tarang, qadamlari ravon, koʻzlari chaqnab turadi. Lekin uning hayotiy vazifasi hali oldinda. Uning koʻzlaridagi uchqun sekin – asta alanlaganib boradi, qadamlari tobora ildamlashadi. U oʻspirinlarga goh dadil, gohida ehtiyotkorona yondoshadi, hurkakligi bilan ularni mahliyo qiladi. Qiz kundan-kun chiroy ochib boradi, nihoyat biror ovchi mehnat qilishi, ovqat pishirishi va farzandlar tugʻishi uchun uni oʻz boshpanasiga olib ketadi. Lekin toʻngʻichi dunyoga kelishi bilanoq, ayolni goʻzallik tark eta boshlaydi. Uning qadamlari ogʻir va sokin boʻlib qoladi, koʻzlaridan rang ketib, xira tortadi. Alaloqibat, gulxan yonida oʻtirgan kampirning serajin yuziga faqat goʻdaklargina quvonch bilan suykalishi mumkin. Kampir esa oʻz vazifasini allaqachon bajarib boʻlgan. Ochlikning ilk hamlasi yoki olis safar oldidan uni tashlab ketishadi – xuddi unga oʻxshab qor ustida, moʻjazgina oʻtin uyumi yonida qoldirishadi. Hayot qonuni shunday…
Quruq novdani avaylabgina olovga tashlar ekan, Koskush yana xayolga choʻmdi. Hayot qonuni tirik jonzotlarning hammasiga birdek tegishli. Sovuq tushishi bilanoq chivinlar gʻoyib boʻladi. Mitti olmaxon jon berish uchun changalzorga kirib ketadi. Qari quyon holdan toyadi, endi u avvalgidek dushmanlaridan qocha olmaydi. Keksa ayiqning koʻzlari xiralashib, harakatlari besoʻnaqay tortadi va bir kuni akillagan itlar toʻdasi uni quvib yetadi. Koskush oʻz otasini Klondaykning yuqori oqimida qanday qoldirib ketganini esladi. Bu oʻsha qishda, notanish missioner ularga duo yozilgan kitobchalar va dori toʻla qutini keltirgan yili sodir boʻlgandi. Hozir Koskush oʻsha qutidagi dorilarni eslarkan, tamshanib ham qoʻymadi, uning lablari quruqshab qolgan edi. U ayniqsa “ogʻriq qoldiruvchi” dorini yaxshi eslaydi. Biroq missioner bir muddat qabila uchun dahmaza boʻlgan edi. U ovqat keltirmas, biroq koʻp yerdi, buni koʻrgan sayin ovchilarning gʻashi kelardi. Oxir oqibat Meyo yaqinidagi daryo boʻyida shamollab qoldi, keyin esa itlar toshlarni har tomonga sochib tashlab, uning suyaklarini uzoq talashishdi.
Koskush gulxanga shabba tashladi, soʻng yanada chuqurroq oʻyga toldi. Buyuk Ochlik davrida chollar gulxan yoniga suqilib, oʻtmishning elas-elas xotiralarini yodga olishar, Yukonning paydar-pay uch qish mavsumida muzlamagan, soʻng uch yoz davomida muzlar erimay turgan ogʻir davrlari haqida hikoya qilishardi. Oʻsha ochlikda Koskush onasidan ayrildi. Lososlar yoz chogʻida ham bu yerlarga kelishmadi, qish mavsumi esa bugʻularsiz kirib keldi. Hatto keksalar ham qachonlardir shunday ocharchilik sodir boʻlganini eslay olishmas edi. Bugʻular bu yerlarga kelmay qoʻyganidan keyin yana yetti yil oʻtdi. Quyonlar bolalamas, itlarning terisi suyagiga yopishgan edi. Goʻdaklar ojiz ingrashar, tunning tubsiz va zimiston qoʻynida jon taslim etishar, ochlik ayollar va keksalarga ham ayovsiz chang solardi. Natija shunday boʻldi-ki, quyosh bu joylarga qaytib kelganida, har oʻn odamdan bittasigina tirik qolgan edi. Ha, bu dahshatli ochlik davri edi!
Lekin u goʻsht koʻpligidan aynib qolgan dorilomon yillarni ham koʻrdi. Oʻsha kezlari itlar semirib, yalqov boʻlib qolishdi. Bu shunday davr ediki, erkaklar yugurib borayotgan oʻljani koʻrib turishsa-da, unga oʻq uzmas, ayollar esa ketma-ket farzand koʻrishardi. Oʻtovlarda oʻgʻil va qiz bolalar emaklab yurishar, ularning shovqin-suronlari avjida edi. Oʻsha yillar erkaklarni shunday takabbur qilib qoʻydiki, eski adovatlarni yodga olishlariga sal qoldi. Ular Pelli qabilasini yakson qilish uchun togʻ orqali janubga yoʻl solishdi, ayni paytda bir guruhi Tanan qabilalarining allaqachon soʻngan gulxanlarini ermaklash uchun gʻarb tomon ketib borishardi.
Qariya bolalik chogʻini, moʻl-koʻlchilik yillarida bugʻuni gʻajigan boʻrilar galasini dahshat bilan kuzatganlarini esladi. Oʻshanda Zing-Xa ikkovi qor ustida qimir etmay yotishardi. Zing-Xa keyinchalik hech narsadan tap tortmaydigan, mohir ovchi boʻlib yetishdi. Biroq koʻp oʻtmay Yukon yaqinidagi muz oʻyigʻiga tushib ketdi. Bahorda uni beligacha muzga botgan holda topishdi.
Darvoqe, oʻsha bugʻu haqida… Oʻsha kuni Zing-Xa ikkovi otalariga taqlid qilib ovchilar oʻyinini oʻynamoqchi boʻldilar. Muz qoplagan daryo yuzasida ular bugʻu va uni taʼqib qilayotgan boʻrilar toʻdasining izlariga duch kelishdi. Izlar hali yap-yangi edi.
– Bugʻu juda qari boʻlsa kerak, – dedi Zing-Xa. U izlarni yaxshi farqlardi. – Qari ekanligi aniq. U toʻdasidan ayrilib qolgan. Boʻrilar uni sheriklaridan ajratib qoʻyishibdi, endi omon qolmasligi aniq.
Bu haqiqat edi. Chunki boʻrilarning odati shunday. Ular kunni kun, tunni tun demay irillagan koʻyi oʻlja izidan taʼqib qilishadi, goho ularning soʻyloq tishlari oʻljaning shundoq qarshisida paydo boʻlib qoladi, ular oxirgi daqiqagacha uning ortidan qolishmaydi. Har ikki bolaning qonida ovchilarga xos ishtiyoq joʻsh urdi. Ovning qanday tugashini koʻrish ular uchun gʻoyat qiziqarli tuyulardi.
Qizishib ketgan bolalar sabrsizlik bilan olgʻa yurishar, hatto koʻzlari uncha oʻtkir boʻlmagan, izlarni yaxshi farqlay olmaydigan Koskush ham, koʻzlarini yumgan holda, kerakli joyni topa olar – qor ustidagi izlar shu qadar aniq edi. Bu izlar yaqin orada paydo boʻlgan, bolalar har qadamda yaqindagina sodir boʻlgan fojianing qonli tafsilotlarini oʻqishardi. Bir joyda bugʻu toʻxtab qolganini payqashdi. Uch odam boʻyiga teng keladigan masofada qor toptab tashlangan, oʻrtada bugʻuning ayri tuyoqlaridan qolgan chuqur izlar koʻzga tashlanar, atrofida boʻrilarning nisbatan sayozroq izlari koʻrinib turardi. Sheriklari oʻljaga tashlangan paytda, baʼzi boʻrilar qor ustiga yonboshlab dam olgan koʻrinadi. Ularning tanasidan qolgan izlar shu qadar aniq ediki, bularning hammasi voqea bor-yoʻgʻi bir daqiqa avval sodir boʻlgandek taassurot uygʻotardi. Boʻrilardan biri talvasaga tushgan oʻljaning oyogʻi ostida qolib, til tortmay oʻlgan chogʻi, obdon tozalab gʻajilgan bir uyum suyak shunday xulosaga olib kelar edi.
Changʻi kiygan oyoqlar yurishni sekinlashtirdi. Yana bir yerda ayanchli jang manzarasi qaytarilgan edi. Qordagi izlarga qaraganda, boʻrilar bugʻuni ikki marta qulatishga muvaffaq boʻlishgan, lekin oʻlja dushmanlariga jon-jahdi bilan hamla qilganicha oyoqqa qalqqan. Albatta, keksa bugʻu zimmasiga hayot tomonidan yuklangan vazifani bajarib boʻlgan, lekin jon shirin-da. Zing-Xaning aytishicha, yerga qulagan bugʻuning oʻzini oʻnglab, oyoqqa turishini avval sira eshitmagan ekan. Lekin manavi bugʻu buning uddasidan chiqqan edi.
Keyinchalik bu voqeani shomonga soʻzlab berishganda, u mazkur voqea chinakam moʻjiza boʻlib, nimalargadir ishora ekani haqida gʻalati soʻzlarni gapirdi.
Nihoyat bolalar bugʻuning soʻnggi manziliga, jonivor qirgʻoqqa chiqib olib, oʻrmon bagʻriga singib ketishni moʻljallagan yerga yetib kelishdi. Biroq dushmanlari bugʻuning ortidan qolishmagan, u orqa oyoqlarida turib, boʻrilarning ikkitasiga bir paytning oʻzida hamla qilgan, ular shundoqqina qor ustida choʻzilib yotardi. Negadir sheriklari ularga tegishmabdi, chamasi, ular taʼqib yakuniga yetay deb qolganini bilishadi. Navbatdagi izlar qondan qizargan, ulkan hayvonning izlari uning qoqilib-suqilib, arang qadam tashlaganidan dalolat berar edi. Nihoyat jang sahnasining ilk suronlari quloqqa chalindi, yoʻq, bu odatiy ovlardagi bir-biriga joʻr boʻlib uvlashlarga oʻxshamasdi. Boʻrilarning qisqa-qisqa, uzuq-yuluq akillashlari ularning soʻyloq tishlari bilan bugʻuning biqini oʻrtasida juda oz masofa qolganini anglatardi. Shamolga qarama-qarshi turib olgan Zing-Xa qorga bagʻrini berib yotar, yillar oʻtib, oʻz qabilasining sardoriga aylangan Koskush esa uning yonginasiga choʻzilgan edi. Ular yosh qaragʻayning shoxlarini bir tomonga surib, novdalar orasidan voqeani kuzatishdi, shu tariqa jangning soʻnggi sahnasiga guvoh boʻlishdi.
Koskush yoshlikning barcha xotiralari kabi bu manzarani ham aniq-tiniq eslar, taʼqibning soʻnggi lahzalari uning soʻnik nigohlarida olis oʻtmishdagidek yaqqol aks etib turardi. Vaqt oʻtib, qabila sardoriga aylanganida, u oʻsha voqeani koʻp marta esladi. Qabila erkaklarining yoʻlboshchisi va kengash oqsoqoli sifatida koʻplab buyuk ishlarni amalga oshirdi. Albatta, mushtlashuv chogʻida oq tanli odamni pichoq bilan oʻldirib qoʻyib, Pelli qabilasining tavqi laʼnatiga duchor boʻlgani bu qatorga kirmaydi.
Koskush, yoshlik chogʻlari haqida yana uzoq oʻyladi. Nihoyat gulxanning olovli tillari qisqara boshladi, ayoz esa zabtiga oldi. Qariya bu safar gulxanga birdan ikkita shoxni tashladi, qolgan oʻtin uyumini paypaslab, oʻlim ustidan yana qancha vaqt hukmronlik qilishi mumkinligini chamalab koʻrdi. Sit-Kum-To-Xa bobosini oʻylab, koʻproq oʻtin gʻamlaganida, uning hayot soatlari sal uzaygan boʻlardi. Axir, bu unchalik qiyin emas-ku. Lekin Sit-Kum-To-Xa juda begʻam qiz. Zing-Xaning nabirasi boʻlgan Bobrning oʻtkir nigohlariga duch kelganidan keyin esa u ajdodlarini umuman izzat qilmay qoʻydi. Umuman olganda, yoshligida hamma ham shunaqa boʻladi. Uning oʻzi ham yoshlikning oʻyinqaroq damlarida shunday yoʻl tutmaganmidi?
Koskush bir daqiqa sukunatga quloq soldi. Balki oʻgʻlining koʻngli yumshab, itlar bilan orqaga qaytar, qabila bilan birga keksa otasini ham biqinlari moyga toʻlgan bugʻular oʻlkasiga olib ketar?!
U tevarakni butun vujudi bilan tinglay boshladi, shuuri esa qizgʻin yumushidan bir zumga chalgʻidi. Tiq etgan tovush eshitilmas, atrofda jimjitlikning soʻzsiz dunyosi hukmron edi. Bu sukunat ichra oʻzining nafas olishigina eshitilib turardi. Vahimali yolgʻizlik… Shu payt qandaydir jonivorning sharpasi sezildi. Cholning aʼzoyi badaniga titroq yugurdi. Yordam soʻragan kabi yalinchoq bir ovoz sukunatni kesib oʻtdi, taajjubki, bu tovushni u avval ham eshitgandi. Ovoz shu atrofdan, yaqinginasidan eshitilardi. Moʻjiza roʻy berganga oʻxshardi, chunki Koskushning soʻqir koʻzlari keksaygan erkak bugʻuni aniq koʻrdi, uning biqini tilka – pora boʻlib, qoni oqib turar, yoli hurpayib ketgan, tarvaqaylagan shoxlarini oldinga egib, jon-jahdi bilan oʻzini himoya qilishga urinar edi. Koskush u yoqdan bu yoqqa lip-lip oʻtayotgan kulrang gavdalarni, oʻt sochib turgan koʻzlar, soʻyloq tishlar, soʻlagi oqib turgan tillarni ham koʻrdi. Sullohlar aylana shaklida joylashib olishgan, davra koʻz ilgʻamas tarzda torayib borar, vahshiy toʻda aʼzolari esa qori toptalgan yerda emaklashar, qulay fursat kelishini poylashardi.
Yuziga muzday tumshuqning suykalishi cholni hushiga keltirdi. U qoʻlini gulxan tomon choʻzib, chala yongan oʻtinni sugʻurib oldi.
Ajdodlaridan meros qolgan insondan qoʻrqish tuygʻusi boʻrini yalingansimon uvillab, sheriklaridan yordam soʻrashga undadi. Toʻdaning boshqa aʼzolari unga javob qaytarishdi, boʻrilar irjaygan ogʻizlaridan soʻlak sachratib, gulxan atrofini oʻrab olishdi. Qariya yana yon-atrofni tinglashga urindi, tutab turgan oʻtinni silkitgan chogʻi irillagan tovushlar eshitildi, chamasi, boʻrilar taslim boʻlishni xayollariga keltirishmasdi. Nihoyat bittasi toʻsh urib oldinga chiqdi, orqa oyoqlariga tayanib oʻtirib oldi. Yoniga yana ikkita sherigi kelib qoʻshildi, lekin hech biri orqaga chekinmadi. Shu damda Koskush, hayotga bu qadar tirmashish kerak yoki kerak emasligi haqida oʻziga xayolan savol berardi. Nihoyat u aniq bir qarorga kelib, tutab turgan oʻtinni qorga suqdi – olov oʻchdi. Boʻrilar vahimali tovushda uvlashdi, lekin joylaridan jilishmadi. Bir ozdan soʻng Koskush yana bir bor keksa bugʻuning soʻnggi jangini kuzatdi. Cholning boshi ogʻirlashib tizzalari ustiga osilib qoldi. Alqissa, hammasi baribir emasmi? Axir, hayot qonuni shuni taqozo etadi.
Rus tilidan Gulnoz MOʻMINOVA tarjimasi
“Yoshlik”, 2013 yil, 1-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/hayot-qonuni/