Hayot ishonch toʻla yurakdir

Yurak inshosi

 

Ona tili oʻqituvchisiday

Yurak aytib turdi, men yozdim diktant.

Goho qalam bilan, goh monitorda

Jumlalar jamlanar ichgan kabi ont.

 

Buncha qiyin qoʻyish tinish belgilarini,

Undov oz, uch nuqta koʻpayib ketar.

Soʻroq belgilari undan ham oshib,

Barcha xatolarni ichiga yutar.

 

Diktant bahosini bilaolmadim,

Undagi har bir soʻz hayot tomchisi.

Daftarni hech kimga koʻrsatolmadim,

Yurak boʻlgandan soʻng oʻqituvchisi.

 

 

Eʼtirof

 

Dekabr,

Kechir meni.

Seni qiynab qoʻydim,

Oʻylayverib,

Roʻyobga chiqmagan orzularimni.

Shoshaverib yetolmagan armonlarimga.

Oʻylayman.

Odamlar oldida faxrlangudek,

Nima ham berdi menga tabiat?

Roziman umrimga, uzoq yillarga,

Bergani aziz doʻst, ishq va sadoqat.

Menga ikki eshik ochildi:

Biri –

Shaffof nurlariga beladi.

Ikkinchisi –

Borsa kelmas kengliklaridan

Meni olib oʻtib,

Safarlarga yoʻlladi.

Bugun derazamdan

Menga termilasan,

Qaytarolmaysan oʻtgan kunlarni.

Dekabr,

Kechir meni.

Yashamagan,

Yasholmagan

Kunlarim uchun.

Ham senga baxtimu baxtsizligimni

Qismatdan besoʻroq

Berib yuborayotganim uchun

Kechir!..

 

 

Ustyurtim

 

Saxovatli, qudratli yurt, ona zamin ustidagi,

Baland yurtim, Ustyurtim, deb, ulugʻlagan bobolarim.

Million yillik xazinalar yer osti, yer ustidami,

Seni omon saqlab kelgan otalarning duolari.

 

Tarix tilga kirsa aytar – har toshdagi hikmatingni,

Belda poʻlat, kamaringda metindayin qudratingni,

Dunyo havas qilar bugun xazinangda himmatingni,

Boyligingdir har bir giyoh, dardga darmon havolaring.

Sen – qadrli, sen – gʻururli tuprogʻimning bir tanisan,

Bir hovuch tuproq ichinda qimmatbaho maʼdanimsan,

Tosh devorlar chizigʻida sirli soʻzim – matalimsan,

Ajdodlardan avlodlarga yetkazgan el donolari.

 

Mustabidlik zaharlarin oʻz bagʻringga yashirganing,

Bu zahardan daming qaytib, sabr kosang toshirganing,

Vaqti keldi hammasini xalq hukmiga topshirganing,

Mustaqillik – Ozodlikdan yeru koʻkda sadolaring.

 

Seni ishgʻol qilolmagan na bir yogʻiy, na-da bir yov,

Koʻksing ochsang arslonday koʻkka sapchir zangor olov,

Bugun senga taʼzim ila hilpiraydi oʻnlab yalov,

Bu bayroqlar Yurtboshining senga ishonch-nomalari.

 

Surgul koni dunyo-dunga xazinangni koʻz-koʻz qilar,

Sonlar yetmas boyliklaring kelajakka zar iz boʻlar,

Tuproqlaring qat-qatidan oltin sandiqlaring toʻlar,

Jayronu ohular bilan sozga oʻtar sabolaring.

 

Keng koʻchalar, soʻlim bogʻlar, koʻrkam uylar bezar seni,

Favvoralar shiddatidan koʻkda bulut sezar seni,

Yangi avlod – farzandlaring bogʻlaringda kezar seni,

Yangi shahar, yangi hayot boshing uzra humolaring.

 

Ey, Ustyurtim, zoʻr boʻlasan, istiqboling yuksakdadir,

Yurtboshimiz nazaridan iqboling kelajaqdadir,

Xalq ishonchi, muhabbati, koʻksingdadir, yurakdadir,

Shuhratingdan senga quyosh mukofoti – ziyolari.

 

 

Tomchilar

 

Bir, ikki uch…

Yomgʻir tomchilarin sanayman,

Koʻkda bulutlarga qarayman.

Bulutlarning ortida samo,

Samoga tutashar koinot.

Yulduzlarni sanash mumkinmi?

Choʻllarda qumlarning donachalarin

Sanab boʻlarmi?

Roʻyobga chiqmagan

Orzulardan qolgan alam, dogʻlarni,

Qurigan bogʻlarda toʻkilgan yaproqlarni

Yoki singan koʻngil parchalarini

Umr boʻyi yuzga tomgan yosh donachalarin

Kim sanab chiqqan?

Bir, ikki, uch…

Yomgʻir tomchilarin sanayman.

 

 

Mening ota uyim

 

Bolaligim oʻtgan mening ota uyim –

Kechiksam, jon qadar meni kutgan olam –

Tunlari qaygʻurib,

Kunduzlar tinmay

Uyim, deb, bolam, deb, oʻzini unutgan onam.

 

Sochi qirq oʻrilgan qoʻgʻirchoqlarning,

Koʻp oʻyinchoqlarning sevinchin uygan

Uy – bu orzularning tugʻilgan makoni,

Asal, tuz, qalampir taʼmini, tuygan.

 

Uy – bu derazadan mayin hid taralib:

Sabzi, piyoz qovurilayotgan palov qozoni.

Muzlatkich goh toʻlib, gohida boʻshab,

Tugʻilgan kunlarning sovgʻa-salomi.

 

Ota uyini hech sevmasdan boʻlmas,

Unda yostiqlarda qolgan tushlaring.

Unda hech ketmasdan yashaging kelar,

Unda onang aytgan alla-qoʻshiqlari.

 

Ota uyin eshigi hamisha ochiq,

Baʼzan kuzatganing, baʼzan kutganing.

Mehmonlar kelganda ochilib diling

Boru yoʻgʻingni birday oʻrtaga toʻkkaning.

 

Bu uy burchagida bolta va arra,

Chekkada yuvilgan kirlar uchun dor.

Jajji chaqaloqning kiyimchalarin

Dorga ilayotgan munis onaizor.

 

Uy – bu baʼzan darddan ezilsang

Boʻgʻzingga tiqilgan allanimalar.

Uy – bu qulflangan tutqin muhabbat,

Oʻspirin orziqib intilgan diydor.

 

Ota uying – bu sen yotgan beshik,

Derazang ostida oʻsgan atirgul.

Sen ilk bora kashf qilgan eshik,

Dunyolarga ochilgan keng yoʻl.

 

 

* * *

 

Taqdirdan noligan emasman,

Taqdirning hukmida yashadim.

Men aniq bilaman. Men sevdim.

Men aniq bilaman. Yashnadim.

 

Oʻziga qul qilmadi hayot,

Menga uchqur qanot berdi u.

Koʻnglim mening erkin va ozod,

Qanotlarim qudrati orzu.

 

Xotiralar qiynamas meni,

Baxtli onlarimdan darakdir.

Neki boʻlsa, bari meniki,

Hayot ishonch toʻla yurakdir.

 

Guliston MATYOQUBOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/hayot-ishonch-tola-yurakdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x