Haykal iztirobi

Oskar UAYLD

 

Shahar markazida Baxtiyor Shahzoda haykali turardi. Haykalning butun tanasi qimmatbaho toshlardan ishlangan. Noyob durdan yasalgan koʻzi xuddi tirik odamnikidek chaqnar, yal-yal yonayotgan qilichi esa sof oltindan edi.

U odamlarning ishonch va umid timsoliga aylangan edi. Yashashdan umidini butkul uzgan, tushkunlikka tushgan har qanday odam unga nigohi tushgani hamon koʻngli bir qadar taskin topib, hayotga ishonchi ortardi.

Shirinlik tegmagani tufayli oymomoga tikilgancha xarxasha qilib oʻtirgan bolakayga onasi: “Sen Baxtiyor Shahzodaning qoʻliga suv ham quyolmaysan. U hech qachon, hech narsa uchun koʻzyoshini oqizmagan”, derdi.

Darsdan qaytayotgan maktab oʻquvchilari uning yonidan oʻtayotib:

– Farishtaga oʻxsharkan-a! – deya haykalga hayrat bilan boqdilar.

Ularning bu gapidan ajablangan matematika oʻqituvchisi:

– Qayerdan bilasiz? Tirikligida unga hech qachon duch kelmagansiz-ku! – dedi.

– Tushimizda koʻrganmiz uni, – deya javob qildi bolalar.

Hayrati oshgan oʻqituvchi chuqur oʻyga toldi.

Unga kattayu kichik hamma havas bilan tikilardi. Oʻzini goʻyo ashaddiy sanʼat shaydosiday koʻrsatishga urinayotgan shahar hokimi:

– U nafaqat gʻururimiz, balki chinakam sanʼat durdonasidir, – dedi. Atrofdagilar uning sanʼatni yaxshi tushunmasligini fahmlasalar-da, ogʻzidan chiqqanini maʼqullashardi.

Tunda shahar uzra mitti qaldirgʻoch uchib oʻtdi. Safdoshlari olti hafta burun Misrga uchib ketgan, biroq u dengiz oʻsimliklaridan koʻngil uzolmay ortda qolgandi. Dengiz uzra pastlab ucharkan, sap-sariq kapalakka koʻzi tushdi va beixtiyor unga maftun boʻldi. Biroz oʻynoqlab uchgach, kapalak bilan suhbatlashgani toʻxtadi. Banogoh sohilda barq urib turgan yaproqqa koʻzi tushdi-yu, kapalakni tamoman unutib, yaproqqa parvona boʻldi. Yaproq ham unga goʻyo hurmat bajo keltirib taʼzim qilayotgandek edi. Qaldirgʻoch uni aylanib uchaverdi, uchaverdi. Mitti qanotchalarini qoqib, pitirlab suvni toʻlqinlantirar, ogʻziga suv olib, yaproq poyiga quyardi. Yaproq qushning juftiga aylangandi goʻyo. Qaldirgʻoch oʻsha yerda yoz oxirigacha qolib ketdi, ammo vaqt oʻtgani sayin tobora yolgʻizlik girdobiga gʻarq boʻlib borardi. Yaproq hamon sassiz, qaldirgʻoch rashk oʻtida azoblanardi. Uning hislariga yaproqning beparvoligi ayon boʻlib qoldi. Sokin esayotgan mayin shabada yaproqni erkalatar, u esa baxtdan masrur raqs tushardi. Bundan qaldirgʻoch dargʻazab boʻldi va yaproqdan ixlosi qaytdi. Qaldirgʻoch oʻziga-oʻzi: “U sayohat qilolmaydi, parvozga ham yaramaydi. Mening esa sayohat jonu dilim, ustiga-ustak, jahongashtaman. Boʻlgʻusi juftim oʻzimga oʻxshasa nur ustiga nur edi-ya”, deya xayolidan oʻtkazdi va yaproqdan soʻnggi bor:

– Men bilan birga ketasanmi? – deb soʻradi.

Yaproq esa bosh egganicha jim turaverdi. Negaki, uning tanasi oʻz joyiga mustahkam oʻrnashgan, Xudo uni shunday yaratgandi. Chindanam, ular hech qanday jihatdan bir-biriga oʻxshamasdi. Shu bois bu muhabbatda mantiq yoʻq edi. Chunki ular butkul boshqa-boshqa jins boʻlib yaralgandi. Nihoyat yurak-bagʻri tilka-pora qaldirgʻoch: “Alvido!” deganicha yaproqni umrbod tark etib uchib ketdi.

U kun boʻyi uchdi va tun qorongʻisida ulkan shaharga yetib keldi. Uzoq va mashaqqatli parvozdan soʻng holdan toygan qaldirgʻoch: “Qayerga qoʻnsam ekan, shahar ahli menga u-bu narsa hozirlab qoʻygandir”, deya koʻnglidan oʻtkazdi. Kutilmaganda, baland tepalikdagi ulkan haykalga koʻzi tushdi. Oʻziga-oʻzi: “Shu yerga qoʻnaman, bu yerda toza havo koʻp boʻladi, – dedi. Shunday qilib, u baxtiyor shahzoda haykalini tanladi va biroz tin olish uchun atrofga alangladi, – Uxlagani eng maqbul joy, – deya oʻziga-oʻzi pichirladi u va mizgʻib olgani jajji boshini qanotlari ostiga qoʻygan ham ediki, qayerdandir bir tomchi suv tomdi. – Qiziq, osmonda bulut koʻrinmaydi. Yulduzlar ravshan porlab turishiga qaramay yomgʻir yogʻsa-ya, – hayron boʻldi u. – Dengiz yaprogʻi yomgʻirni sevardi, biroq bu ham uning xudbinligidan edi. – Keyin yana bir tomchi tushdi. – Bu qanday haykal boʻldi-ya, yomgʻirdan panalashgayam yaramasa, hoynahoy, yaxshigina bir moʻri topmasam boʻlmaydi chogʻi, – deb endi uchishga chogʻlanib turgan edi, uchinchi tomchi kelib tushdi. – Nimalar boʻlyapti oʻzi?” – u koʻrayotganiga ishonolmasdi.

Baxtiyor Shahzodaning mungli koʻzi qaygʻuga toʻlgan. Alamli yoshlari yanoqlaridan oqib turardi. Oy shuʼlasida uning nurli yuzi shu qadar goʻzal ediki…

– Kimsan? – soʻradi qaldirgʻoch.

– Men Baxtiyor Shahzodaman, – javob berdi u.

– U holda nega yigʻlayapsan? Hamma yoqni obi diydang bilan shalobbo qilib yubording-ku!

– Tirikligimda, yurak koʻksimda urib turganda, koʻz yoshi nimaligini bilmasdim, – davom etdi haykal, – Sans-Sausi qasrida gʻam-anduhsiz yashardim. Kunni doʻstlarim bilan bogʻda, tunni esa hashamatli qasrimda jononlar bilan raqs tushib oʻtkazardim. Bogʻ atrofidagi ulkan devor ortida nimalar boʻlayotganiga qiziqmasdim ham. Hayotim betashvish va betakror oʻtardi. Aʼyonlarim meni Baxtiyor Shahzoda deb atardi. Rohat-farogʻat baxt sanalsa, chindanam saodatmand edim. Shu asnoda yashadim-u, shu zaylda vafot etdim. Qisqagina umrim faqat oʻyin-kulgidan iborat boʻldi. Vafotimdan soʻng sharafimga mana shu ulugʻvor haykalni qoʻyishdi. Bugun baland devor ortida nimalar boʻlayotganini ravshan koʻryapman, ammo nachora, qoʻlimdan hech narsa kelmaydi, men endi bor-yoʻgʻi tosh qotgan bir haykalman, xolos. Jafokashu mehnatkash xalqim boshidan oʻtkazayotgan qiyinchiligu zahmatini koʻrib, oʻzimdan nafratlanyapman. Tosh qalbim erib larzaga kelmoqda, tirikligimda yosh koʻrmagan koʻzlarim, endi zor-zor yigʻlamoqda.

Qaldirgʻoch oʻyga choʻmib qoldi: “Nahotki sof oltindan yasalgan jonsiz haykal odamlarga achinsa-ya! Nahot uning qalbi hamon tirik”. Toʻsatdan uning xayolini haykalning mahzun nolasi buzdi.

– Jin koʻchada gʻoyat kambagʻal bir xonadon bor, – davom etdi u: – Lang ochiq derazadan mung chekib oʻtirgan bir ayolni koʻryapman. Yuzi horgʻin va maʼyus. Tikuvchi-da shoʻrlik, qavargan qoʻllariga igna kiraverib, ilma-teshik boʻlib ketgan. Hozir u qirollik saroyi xonimlariga tungi bazm uchun koʻylak tikyapti. Xonaning bir burchida esa oʻspirin oʻgʻli toʻshakka mixlanib yotibdi. Isitmalayotgan bolakay onasidan apelsin sharbati soʻrab ingrayapti. Onaizorda esa daryo suvidan boʻlak hech vaqo yoʻq. Bechora bolakay esa tinmay yigʻlaydi. Qaldirgʻoch, qaldirgʻochginam, qilichimdagi toshlarni yulib unga hadya qilmaysanmi? Mening oyoqlarim ustunlarga mahkam bogʻlangan. Yurolmayman baribir, joyimdan jilolmayman.

Haykalning yurakni junbishga soluvchi gaplaridan esankiragan qaldirgʻoch:

– Misrga ketishim kerak, birodarlarim allaqachon Nil daryosidan uchib oʻtdi. Hademay ular buyuk firʼavn qabri ustiga qoʻnadi, – dedi.

Haykal nola qila boshladi:

– Qaldirgʻoch, qaldirgʻochginam, bir kecha ming kecha emas, xabarchim boʻlolmaysanmi? Norasida bola juda chanqagan, onaizor esa kuchdan qolib, gʻamga botgan.

– Toʻgʻrisi, bolalarni jinim suymaydi, – davom etdi qaldirgʻoch: – Oʻtgan yili yozda, daryo boʻylab uchib yurganimda, tarbiyasiz bolalar menga tinmay tosh otdi. Shunga qaramay, ular meni toshboʻron qilolmagan. Chunki biz qaldirgʻochlar bu borada ustasi farangmiz. Otilgan toshlariga chap berganman. Shunday boʻlsa-da, bu shumtakalardan nafratlanishimga yetarlicha asos, deb oʻylayman.

Qaldirgʻochning javobidan Baxtiyor Shahzoda gʻamga botdi. Buni koʻrgan qaldirgʻoch:

– Bu yerlar menga sovuqlik qiladi, lekin iltimosingni yerda qoldirmayman, – dedi.

Shunday qilib, qaldirgʻoch Shahzodaning qilichidagi toshlarni tumshugʻi bilan choʻqilab olib, shahar uzra uchib ketdi. U ibodatxonalar ustidan oʻtib, serhasham qasr ustiga yetganda raqqoslarning dillarga surur beruvchi quvnoq kulgisini eshitdi. Bir goʻzal qiz deraza oldida yigit bilan suhbatlashardi.

– Umid qilamanki, kechki bazmga qadar oqshom koʻylagim tayyor boʻladi, biroq anovi tikuvchi ayol rosa dangasa-da, – derdi u oʻz juftiga.

Qushcha parvoz qilishda davom etdi. U bepoyon dengiz uzra ucharkan, bir toʻda qayiqchilarga koʻzi tushdi. Ular oʻz qayigʻiga tunda suzish oson boʻlishi uchun maxsus yoritgichlar oʻrnatardi. Soʻng qaldirgʻoch yahudiylar yashaydigan ovuldan oʻtdi. Ular nimanidir bir-biri bilan tortishib savdolashardi. Nihoyat Baxtiyor Shahzoda aytgan oʻsha nochor ayol uyiga ham yetib bordi. Avvaliga ona-bolani zimdan kuzatdi. Bolakay hanuz behush, isitmalab yotar, onaizor esa holdan toyib uxlab qolgandi. Qushcha darchadan ichkariga ohista uchib kirdi va stol ustida turgan angishvona yoniga tumshugʻidagi qimmatbaho toshni qoʻydi. Soʻng bolakayning peshonasi uzra jajji qanotlarini sekin silkitdi. Bemor mayin shabadadan orom olib, shirin uyquga ketdi. Qaldirgʻoch Baxtiyor Shahzoda huzuriga qaytib, koʻrgan-kechirganini birma-bir aytib berdi. Qaldirgʻoch haykalga:

– Qahraton eshik qoqqaniga qaramay sovqotmayapman, – dedi.

– Chunki sen ezgu ish qilding, – deb javob qildi Baxtiyor Shahzoda.

Charchab qolgan qaldirgʻoch beixtiyor uyquga ketdi. Tong otgach, u tunda Misrga uchgani taraddudlana boshladi. Shahzoda esa yana faryod chekdi:

– Qaldirgʻoch, qaldirgʻochginam, men bilan yana bir kecha qololmaysanmi?

– Misrga uchmasam boʻlmaydi. Ertaga birodarlarim ikkinchi daryodan ham uchib oʻtadi, – javob qildi qaldirgʻoch.

– Qaldirgʻoch, qaldirgʻochginam, – davom etdi Shahzoda, – Shahar chekkasidagi koʻrimsiz kulbada, bir kishini koʻryapman. Ish stolida qogʻozlarga koʻmilib oʻtiribdi. Sochi toʻzigan, horgʻin va oʻychan koʻzlari atrofga umid bilan boqadi. U nimanidir yozib tugatishga harakat qilyapti, ammo qahratondan qaltirab qalam tebratgani madori qolmagan. Ochligu sovuq tinkasini quritgan.

– Mayli, sen bilan yana bir kecha qolishga roziman. Qimmatbaho toshingdan unga ham olib borib beraymi? – soʻradi qaldirgʻoch.

– Afsus, menda boshqa unday tosh yoʻq, boru yoʻgʻim koʻzimda. Ular juda qimmat javohir. Ming yil burun Hindistondan keltirilgan. Birini choʻqib ol-u, oʻsha ijodkorga hadya qil. U uni zargarga sotib, oʻtinu yegulik xarid qiladi va oʻz ishini oxiriga yetkazadi.

Yurak-bagʻri ezilib yigʻlay boshlagan qaldirgʻoch:

– Qadrli Shahzodam, men bunday qilolmayman… Koʻzlaringni oʻyib ololmayman.

– Qaldirgʻoch, qaldirgʻochginam, iltimos, soʻzimni yerda qoldirma, – yolvordi Shahzoda.

Noiloj qolgan qaldirgʻoch Shahzodaning bir koʻzini oʻyib, yozuvchi kulbasi tomon uchdi. Ichkariga kirish qiyin boʻlmadi. Chunki aftodahol kulba derazasining oynalari ham yoʻq edi.

Sovuqdan azob chekayotgan yozuvchi qavat-qavat kiyimlariga oʻranib, boshiga qalin qalpogʻini qoʻndirib olganidan qushchani payqamadi ham. Birozdan soʻng ish stoliga erinibgina qaragan adib hayratdan qotib qoldi. Qalashib yotgan qogʻozlar ustida noyob dur turardi. Terisiga sigʻmay ketgan ijodkor:

– Bu qanday moʻjiza! Menga ham Xudoning atagani bor ekan! Nihoyat asarimni yakunlaydigan boʻldim, – deya qichqirib yubordi.

Atrofga qorongʻilik tushib, oy samoda suzayotgan bir mahal qaldirgʻoch yana Shahzoda huzuriga yoʻl oldi.

– Endi vidolashishga toʻgʻri keladi, – dedi qaldirgʻoch.

– Qaldirgʻoch, qaldirgʻochginam, menga bir kecha hamrohlik qil, – yolvordi Baxtiyor Shahzoda.

– Qahraton ham keldi, – davom etdi qaldirgʻoch, – Hademay qor yogʻadi. Misrda esa quyosh charaqlamoqda. Hamrohlarim in qurish bilan band. Oppoq kabutarlar ularni qiziqish bilan kuzatib, musiqiy ohangda kuylayapti. Qadrli Shahzodam, seni tark etish vaqti-soati yetdi. Biroq seni hech qachon unutmayman, unutolmayman. Keyingi yil bahorda biz albatta koʻrishamiz. Oʻshanda senga dunyodagi eng goʻzal toshlarni sovgʻa qilaman.

– Shaharning janubiy qismida maʼsuma bir qizaloq bor, – davom etdi Shahzoda. – Johil oʻgay otasi qizaloqqa doim yomonlikni ravo koʻradi. Undan har kuni pul topib kelishni talab qiladi. Qizcha esa hali juda kichkina, oyogʻida etigi, boshida qalpogʻi ham yoʻq. Agar u oʻgay otasiga pul olib borib bermasa, muttaham qizaloqni kaltaklab jazolaydi. Iltimos, ikkinchi koʻzimni ham yulib ol va uni qizaloqqa oborib ber. Toki unga oʻgay otasi zulm qilmasin.

– Yana bir kecha qolishga roziman, ammo ikkinchi koʻzingni oʻyib ololmayman. Mabodo shunday qilsam, butkul soʻqir boʻlib qolasan, – dedi qaldirgʻoch.

– Qaldirgʻoch, qaldirgʻochginam, iltimosimni yerda qoldirma, – dedi Shahzoda.

Shunday qilib, qaldirgʻoch Shahzodaning ikkinchi koʻzini ham oʻyib, yoʻlga otlandi. U noyob durni koʻzlari moʻltirab turgan qizaloqning jajji kaftiga qoʻydi. Bundan hayratga tushgan qizcha:

– Qanday moʻjiza! – degancha oʻzida yoʻq xursand boʻlib, uyi tomon chopqillab ketdi.

Qaldirgʻoch Shahzoda huzuriga qaytdi.

– Endi sen basirsan. Sen bilan umrbod birga qolishga qaror qildim, – dedi.

– Yoʻq, jajji oshnam, Misrga parvoz qilish vaqt-soati yetdi, – dedi.

– Yoʻq, Baxtiyor Shahzodam, yoningda umrbod birga qolaman, – deya Shahzodaning oyoqlari orasida uxlab qoldi qaldirgʻoch.

Shu tariqa bu qahratonda haykalu qaldirgʻoch oʻrtasida samimiy doʻstlik kurtak yozdi. Bunda na manfaat va na gʻaraz bor edi. Ularning pok vijdoni va bir-biriga sadoqati iliq muhabbatni paydo qilgandi. Ikkisi borgan sari bir-biriga bogʻlanib, yanada yaqin boʻlib borar, kechinmalarini hikoya qilib dardlashardi. Ayniqsa, qaldirgʻoch hamsuhbatiga bir-biridan qizigʻu quvnoq hikoyalar aytib berishdan erinmasdi.

Kunlardan bir kun:

– Azizim qaldirgʻoch, menga ajoyib koʻngilochar hikoyalaringni aytib koʻnglimni xushnud etding! Lekin meni bundan-da baxtli qiladigani – odamlarning quvonchini koʻrish, ularning dardiga sherik boʻlishdir. Qaldirgʻochginam, shahrim uzra parvoz qil va koʻrgan-kechirganlaringni menga aytib ber, – dedi.

Qaldirgʻoch ulkan shahar uzra parvoz qilarkan, boylar oltinu zarlarga koʻmilib, aysh-ishrat bilan bandligini, nochoru kambagʻallar esa bir burda nonga zorligini payqadi. U parvoz qilishda davom etdi va ochlikdan rang-roʻyi sargʻaygan yetim bolalaru sovuqdan junjikib, bir-birining pinjiga tiqilgan qizaloqlarni koʻrib yuragi larzaga keldi. U butun boshli shaharni parvoz qilib chiqdi va Shahzodaga hammasini afsusu nadomat bilan soʻzlab berdi.

– Tanamga sof oltin suvi yugurtirilgan. Oltinlarni sidirib, bechoralarga ulash, – dedi Shahzoda.

Qaldirgʻoch har kuni Shahzoda tanasidan oltinlarni tumshugʻi bilan sidirib, beva-bechoralarga oborib berardi. Bu hol Baxtiyor Shahzodaning tanasi butkul kulrang tusga kirgunicha davom etdi. Qanchadan-qancha beva-bechoralar, kambagʻal-qashshoqlar, yetim-yesirlarning qozoni qaynadi, usti but boʻldi. Nihoyat qor yogʻdi. Koʻchalar muzlab, kumushdek tovlandi. Bolalar koʻchalarda changʻi uchib, qorboʻron oʻynab hayqirib kulardi.

Bechora qaldirgʻoch sovuqdan aʼzoi badani qaltirab azoblansa ham, Shahzodani tark etolmasdi. Negaki, mehribon va olijanob Shahzodaga butun vujudi bilan bogʻlangandi. Afsus, bunday qahratonda qaldirgʻochning omon qolishi imkonsiz edi. U Shahzoda bilan vidolashuv onlari yaqinlashayotganini bilar, ichidan nimadir uzilganday boʻlar va unsiz yigʻlardi. Parvoz qilgani madori qolmagandi. Shunga qaramay bor kuchini toʻplab, majolsiz qanotlarini zoʻrgʻa qoqdi-da, Shahzodaning yelkasiga qoʻndi va:

– Alvido, Shahzodam, alvido! – dedi.

– Nihoyat Misrga ketishga qaror qilganingdan xursandman, – dedi Shahzoda. – Men bilan uzoq qolding, koʻnglimni quvonchga toʻldirding! Parvozing bexatar boʻlsin, boraqol, azizim!

– Misrga uchmayapman, – dedi qaldirgʻoch, – oʻlim vodiysiga ketyapman! Oʻlim ham uyqudek gap! Uyquning akasi, shunday emasmi?

Qaldirgʻoch Shahzodaning lablaridan boʻsa olib, uning poyiga yiqildi va ohista jon berdi.

Tong saharlab sayr qilib yurgan shahar hokimi va mirshab haykal yonidan oʻtayotib, biroz muddat toʻxtab qoldi. Avvallari ular bu haykaldan faxrlanardi. Endi esa undan jirkanib nafratlanishdi. Chunki u tarovatini yoʻqotib, xunuk toshga aylangandi.

– Qadrdonim, bu Shahzoda haykali buncha xunuk boʻlmasa, – deya soʻz boshladi shahar hokimi.

Uning gapini maʼqullab turgan mirshab:

– Toʻgʻri aytasiz, rostdan ham juda xunuk boʻlib qolibdi. Qilichidagi koʻzni qamashtiradigan qimmatbaho toshlar, koʻzidagi ajoyib durlar qani? Tanasidagi oltin suvi ham oʻchib ketibdi. Bundan gadoy ham yaxshiroq, – dedi mirshab. – Bunga nima deysiz, janob, uning oyoqlari ostida oʻlik qush yotibdi. Oʻlik qushlarning jasadi shahar oʻrtasiga tashlanmasligi toʻgʻrisida qonun ishlab chiqarishimiz kerak! Umuman olganda, koʻrimsiz haykalning endi keragi yoʻq, deb oʻylayman.

Xullas, ular Baxtiyor Shahzoda haykalini qulatdi va uni maydalab eritdi. Mirshab eritilgan metalni nima qilish kerakligi toʻgʻrisida bosh qotirib kengash chaqirdi.

– Biz boshqa bir haykal barpo qilishimiz kerak, – deya soʻz boshladi mirshab. – Oʻylaymanki, bunga eng munosib nomzod menman!

Bu gaplardan shahar hokimi gʻijinib qoʻydi:

– Bekorlarning beshtasini aytibsan! Menga haykal quriladi! – dedi u.

– Ikkingiz ham tushingizni suvga ayting! Menga atab haykal qurilishi kerak! – deya daʼvo qildi boshqa mansabdor.

Janjal avjiga mindi. Eshitishimga qaraganda, ular hanuz janjallashayotgan ekan.

Haykalni eritgan xizmatchi ajib bir holga duch keldi. Uning barcha qismlari osonlik bilan erib ketganiga qaramay koʻkrak qismi erimasdi.

– Voajab, bu qanday moʻjiza! – ajablandi xizmatchi va uni qaldirgʻoch oʻligi yotgan joyga uloqtirib yubordi.

Tangri farishtalaridan biriga: “Menga yerdan eng azizu qimmatbaho buyum keltiring”, deb amr qildi.

Shunda farishta uning huzuriga Baxtiyor Shahzoda haykalining parchalangan yuragiyu qaldirgʻochning oʻlik jasadini olib bordi.

– Tanlashda adashmabsan, – dedi Yaratgan. – Bu jajji qushcha jannatim bogʻida abadiy sayrab, neʼmatlarimdan bahramand boʻlsin! Bu qalbi pok haykal esa oltindan barpo qilingan shahrimda abadiy Baxtiyor Shahzodaga aylanib qolsin!

 

Ingliz tilidan Shermuhammad Tuliyev tarjimasi

 

Yoshlik”, 2017–6

https://saviya.uz/ijod/nasr/haykal-iztirobi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x