Havas qilgulik hazil yoxud sheʼriyat sultoni bilan bogʻliq hangoma

Sulton Abu Said davrida Navoiylar oilasi Hirotdan tashqariga chiqib ketishga majbur boʻlgan edi.

Ana shunday davrda 15-16 yoshlar atrofidagi Alisher Mashhadda gʻaribona yashar, uni mafosil (boʻgʻin sirqirashi) kasali qiynar edi. Bir kuni tongda turib, quyidagi sheʼrni bitdi:

 

Har qayon boqsam, yuzumga ul quyoshdin

nur erur,

Har sori qilsam nazar, ul oy manga

manzur erur.

 

Shoir gʻazalning oxirgi baytini taxallus tushirib yakunladi:

 

Gar Navoiy siymbarlar vaslin

istab koʻrsa ranj,

Yoʻq ajab, nechunki xom etgan kishi

ranjur erur.

 

Fazalni bir necha bor takror oʻqib, oqqa koʻchirib, choʻntagiga solib qoʻydi. Biroz unutilganday boʻlgan dard qayta xuruj qila boshladi. Alisher boʻshashib, toʻshakka yonboshladi.

Bir mahal hujra eshigini birov ehtiyotkorlik bilan taqillatdi. Bu kishi Xurosonda nomi mashhur boʻlgan kushtigir (polvon), musiqashunos xonanda va sheʼrlar ham ijod qilib turadigan Pahlavon Muhammad edi. Alisher u bilan ikki-uch yil ilgari Hirotda tanishgandi. Oʻshandan buyon ular qadrdon doʻst boʻlib qolishgan edi.

Pahlavon doʻsti Alisherning ogʻrib turgan oyoqlariga orom berib, uni yaxshilab uqalab qoʻydi. Suhbat mavzusi sheʼrga koʻchdi. Pahlavon Alisherdan soʻradi:

 – Bu kun derlarkim, siz turkcha sheʼrni yaxshi aytibsiz va turkcha nazm aytur eldan ham eshitamizki, bu soʻzlar haqdir. Turkigoʻy shuarodan qaysi biri yaxshiroq aytadi?

 – Mavlono Lutfiy barchadan ustundirlar. Bu qavmning ustodi va soʻz podshohidir.

 – Nega Said Nasimiyni aytmadingiz?

 – Xotirga kelmadi. Nasimiyning nazmi oʻzga rangga egadir.

Pahlavon kinoya bilan dedi:

– Said Nasimiy borida siz Lutfiyni ustun qoʻyasiz. Vaholanki, Said Nasimiyning nazmi zohir yuzidan maʼjoz tariqiga aloqadordir.

Shundan soʻng Pahlavon sheʼr oʻqiy boshladi. Bu sheʼr Navoiy ertalab yozgan sheʼrning aynan oʻzginasi boʻlib, faqat “Navoiy” oʻrniga “Nasimiy” deb taxallus qoʻyilgan edi.

Alisher hayron edi. U doʻstiga bildirmay, sekingina choʻntagiga qoʻl uzatib, sheʼr bitilgan qogʻozni izlab koʻrdi. Qogʻoz choʻntagida turibdi. Uning hayrati yana oshdi.

 – Bu sheʼrni qachon yod qilgan edingiz? – deb soʻradi Navoiy.

– Oʻn ikki yil boʻldi, – deb javob berdi Pahlavon. – Abulqosim Bobur Mirzoning suhbatida oʻqilganda menga bagʻoyat xush keldi. Bitib olib, yod tutdim.

Ertasi kuni ertalab Pahlavon Muhammad toʻrt nafar shogirdi bilan yana Alisher huzuriga keldi. Yigitlardan biri oʻchoqqa oʻt yoqib, qumgʻon osdi. Alisher bilan Pahlavon xontaxta yoniga oʻtirib, suhbatga tushib ketdilar.

Alisher beixtiyor kechagi suhbat mavzusiga qaytdi. Pahlavon Muhammad kulimsirab dedi:

 – Ul sheʼrni men yod tutgan paytimda mana bu yigitlar ham bor edilar, ular ham oʻrgandilar.

Yigitlar biri olib, biri qoʻyib, Alisherning oʻsha gʻazalini Nasimiy taxallusi bilan oʻqiy boshladilar. Shoirning taajjubi yanada ortdi.

… Pahlavon Navoiy bilan yolgʻiz qolgachgina Alisherga bu voqeaning “sir”ini aytib berdi. Yaʼni, u Alisherning oyogʻini uqalayotganda choʻntagidan chiqib turgan qogʻozga koʻzi tushadi. Uni sekin olib qarasa, yangi bitilgan gʻazal ekan. Pahlavon uni qayta-qayta oʻqib, yodlab oladi va “Navoiy” oʻrniga “Nasimiy” taxallusini qoʻyib, uni kechqurun uyida shogirdlariga ham oʻrgatadi.

Shunday qilib, Pahlavon Nasimiy nomi ostida Navoiyni koʻzda tutib, uning turkigoʻy shoirlar ichida eng mukammal va ustun ekanligini uning oʻz gʻazali orqali isbot qildi.

 

Nuriddin BOBOQANDOV

 

Manba: zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/havas-qilgulik-hazil-yoxud-sheriyat-sultoni-bilan-bogliq-hangoma/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x