“Sovet Oʻzbekistoni sanʼati” jurnali anketasiga javob
- Hayotda oʻzingiz yoʻl qoʻygan biror xato Sizga saboq boʻlganmi? Shu haqda soʻzlab bera olasizmi?
“Ish bor joyda xato bor”, “Hech nima qilmagan odam hech qanday xato qilmaydi”, degan gaplar bejiz aytilmagan. Hayotda xato qilmaydigan odamning oʻzi yoʻq. Biroq baʼzan shunday xatolar boʻladiki, bir umrli saboq boʻlib qoladi. Menda ham shunday holatlar boʻlgan. Ikkita misol aytishim mumkin. Kunlardan birida onam bunday deb qoldi: “Oʻgʻlim, bitta suratga tushib kelsak”. U hech qachon bunaqa demagan edi. Negadir kulgim keldi. Oyimning gapi yosh bolanikidek koʻrindi. “Qoʻysangiz-chi”, dedimu chiqib ketdim. Oradan ikki hafta oʻtgach… onam toʻsatdan vafot etdi. Qarasam, birga tushgan bittayam suratimiz yoʻq ekan. Keyin… Rassom doʻstimga onam bilan oʻzimning alohida-alohida tushgan ikkita suratimizni eltib berdim. Ikkalamizni yonma-yon oʻtqizib portret ishlab berishini yalinib iltimos qildim.
Universitetda oʻqib yurganimda birinchi povestim eʼlon qilindi. Asar haqida yaxshi mulohazalar bildirildi. Studentlar oʻrtasida obroʻyimiz oshib ketganini koʻrsangiz! Hatto gazeta-jurnallardan “Yangi asaringizni bizga bersangiz”, degan iltimoslar ham boʻldi. Bunaqa paytda bizga oʻxshagan dovdirlar nima qiladi? Bosar-tusarini bilmay qoladi-da! Biz ham shu neʼmatdan benasib qolmadik. Jurnallardan biriga boʻshgina hikoyamizni “tantana” bilan topshirdik. Koʻp oʻtmay hikoya eʼlon qilindi. Shunda Abdulla Qahhor gʻalati gap aytdi. “Mulla Oʻtkir, bir narsaga hayronman: baʼzi odamlar “hali oʻlganim yoʻq, yashab yuribman”, deb oʻzini koʻrsatib qoʻyish uchun asar eʼlon qilishadi”. Oʻsha kundan boshlab yoziladigan asar qalbimning amriga aylanmaguncha qoʻlimga qalam olmaydigan boʻldim.
- Oʻzingizni kechirolmagan daqiqalar boʻlganmi?
Qaysi kuni kundaligimni varaqlab oʻtirsam, bir vaqtlar yozib qoʻygan mana bu soʻzlarimga koʻzim tushdi: “Tanho qolganida oʻzi qilgan yomonliklar uchun, ablahliklar uchun oʻzini laʼnatlaydigan odam kim boʻlishidan qatʼi nazar vijdonli odamdir. Albatta, buning uchun vijdondan tashqari ozmi-koʻpmi farosat ham kerak”. Modomiki shunday soʻzlar yozilgan ekan, demak, oʻzimni kechirolmagan daqiqalar boʻlgan.
- Birovlar sizni aldaganda xayolingizdan nimalar kechadi?
Yolgʻon gapirmaydigan odamning oʻzi yoʻq. “Umrimda biron marta yolgʻon gapirgan emasman”, degan odam yana bir marta yolgʻon gapirgan boʻladi. Qadimgi mutafakkirlar “Odamlar oʻrtasida nifoq tugʻdiradigan rostgoʻylikdan odamlar orasida inoqlik tugʻdiradigan yolgʻon afzal”, deb bejiz aytishmagan. Tasavvur qiling: siz oʻlim toʻshagida yotgan bemor huzuriga kirdingiz. Uning umr shami erta-indin oʻchishini bilib turibsiz. Biroq shu vaziyatda “Ha, endi ertaga oʻlasiz-da”, deb rost gapni aytasizmi yoki “Rangi-roʻyingiz yaxshi, nasib etsa erta-indin tuzalib ketasiz”, deysizmi?
Tabiiyki, vaziyat odamni xohlasa-xohlamasa baʼzan yolgʻon gapirishga majbur qiladi. Biroq yolgʻonning yolgʻondan farqi bor. Menimcha, yosh bolaga koʻra-bila turib, tagʻin bolaning emas, oʻzining manfaatini koʻzlab yolgʻon gapirish – borib turgan qabihlik. Shu boisdan boʻlsa kerak, bolaligimda aldanganlarim menga, ayniqsa, yomon taʼsir qilgan.
Studentlik paytimda ham eng yaqin odamlarimdan, eng yaxshi doʻstlarimdan pand yegan paytlarim boʻlgan. Qiziq, oldiniga birov meni aldasa alam qilardi. Keyinchalik aldovni koʻrsam, gʻazablanadigan boʻldim. Bora-bora boshqacha holat roʻy beradigan boʻldi. Hozir birov menga yolgʻon gapirsa, aldanayotganimni yuz foiz boʻlmasa-da, umuman sezib turaman. Shunda alam bilan, gʻazab bilan birga koʻnglimda yana bir tuygʻu uygʻonadi. Meni aldayotgan yoki aldashga urinayotgan odamga nisbatan achinishga oʻxshagan bir his paydo boʻladi. Bir chekkasi shu bechoraga ham rahmim keladi.
Biroq hayotda shunday yolgʻonlar ham boʻladiki, boshdan-oyoq qabohat, razolatga xizmat qiladi. Aytaylik, qaysidir kolxoz raisi paxta punktidan paxta sotib olib, planni 130 foiz bajardi. Natijada rais orden yoki medal bilan mukofotlandi. Kolxozchi esa tuzukroq maosh ham ololmadi. Negaki, unga toʻlanadigan maosh boshqa yoqqa ketgan. Xoʻsh, u qanday xayolga boradi? Koʻzi koʻr emaski, raisning “qahramonligi” gʻirt yolgʻonligini koʻrmasa! Xoʻjalik paxta planini oshirib bajarsa-yu, kolxozchi maosh ololmasa, alam qiladimi? Eng yomoni oddiy kolxozchida hamma narsaga shubha bilan qarash, ishonchsizlik paydo boʻladi…
Tagʻin bir toifa odamlar – demagoglarning yolgʻonidan qoʻrqaman. Negaki, demagog har qanday yolgʻonni rostga oʻxshatib aytadi. Kerak boʻlsa oqni qora, qorani oq deb “isbotlab” ham beradi. Bunisi endi dahshatli yolgʻon. Koʻp yaxshi odamlar demagoglar yolgʻoniyu tuhmati tufayli aziyat chekishgan.
- Haqiqat haqida tasavvuringiz.
Inson bolasi ming yillardan buyon haqiqatni izlab, haqiqat uchun kurashib, qoʻlga kiritishga intilib keladi. Ehtimol, bir zamonlar odamlar oʻzi izlagan haqiqatni yerdan topolmagani uchun “haq” deb osmonga iltijo qilgandir. Aslini olganda haqiqat degan tushunchaning oʻzi maʼlum maʼnoda nisbiy narsa. Bir odam uchun qabihlik boʻlib tuyulgan narsa boshqa odamga haqiqatdek koʻrinishi mumkin. Hamma gap odamning dunyoqarashiga bogʻliq. Masalan, bizga aslo yoqmaydigan baʼzi qusurli odamlarning oʻz haqiqati yoʻq deb oʻylaysizmi? Aytaylik, amalparast odam bir pogʻona balandroq koʻtarilishi uchun boshqalarga xiyonat qilishni ayb deb bilmaydi. Poraxoʻr birovdan pora olayotganida yoki birovga pora uzatayotganida toʻgʻri ish qilyapman, deb oʻylaydi. Uning tasavvurida goʻyo hamma shunday qiladi. Goʻyo shuning oʻzi haqiqat. Ichiqora odam sofdil odamning ishi yurishganini koʻrsa, bu dunyoda haqiqat qolmapti, deb noliydi. Juda boʻlmasa, tirnoq orasidan kir izlab ming joyga shikoyat yozadi-da, to haqiqat roʻyobga chiqqunicha asabiylashganingizni koʻrib, huzur qiladi. Uning nazarida boshqalarning dili vayron boʻlishiyu oʻzining koʻngli xushnud boʻlib yurishi ayni haqiqat. Bunga oʻxshash misollarni koʻplab keltirish mumkin. Lekin baribir umumbashariy maʼnodagi chinakam haqiqat bor. Bu – faqat oʻz manfaati uchun emas, insoniyat manfaati uchun, yer yuzidagi hayot manfaati uchun kurash haqiqatidir. Insoniyat aqlini taniganidan buyon uning eng sofdil, eng zukko farzandlari mana shunday haqiqat uchun kurashib kelishgan. Ular uchun bitta haqiqat bor. U ham boʻlsa, insonni baxtli qiyofada koʻrish. Albatta, haqiqat degani osmondan hadya sifatida odamning boshiga tashlanadigan sadaqa emas. Buning uchun kurashmoq kerak.
5.2000 yilda dunyoni qanday tasavvur etasiz?
2000 yilda nima boʻlishini oldindan aytolmayman. Biroq bir narsani aniq bilaman: XXI asrda ham inson insonligicha qoladi. Bundan ming yillar ilgari odamlar oʻrtasida qanday munosabatlar hukm surgan boʻlsa, keyingi asrda ham shunday munosabatlar u yoki bu shaklda davom etadi.
Yozuvchilardan biri qiziq voqeani hikoya qiladi. U Turkiyaga borganida arxeologiya muzeyiga kiradi. Qarasa, oynavand javonda sopol boʻlagi yotgan emish. Sopolga allanimalar yozilganmish. Adib muzey xodimidan “Bu nima?” deb soʻraganida gʻalati javob eshitadi. Bu bir kelinning qaynonasidan shikoyat qilib eriga yozgan xati ekan. Ajabki, ushbu xat bundan uch ming yil ilgari yozilgan ekan. Demak, uch ming yil muqaddam ham odamlar oʻrtasida hozirgidaqa munosabatlar boʻlgan ekan-da. Binobarin, kelgusi asrda ham odamlar tugʻiladi, ezgulik uchun oʻzicha kurashadi, sevadi, bola-chaqali boʻladi, xato qiladi, goh yengib, goh yengiladi, xullas, yashaydi.
Biroq XX asrning oʻtgan asrdan jiddiy farqlari boʻlgani kabi XXI asrning ham yigirmanchi asrdan farqi boʻladi. Bu narsa, avvalo, inson tafakkurining yanada murakkablashishida aks etsa ajab emas. Qolaversa, asrimizning oxiriga borib aniq fanlar keskin taraqqiy etadi. Kosmosni tadqiq etish, yer yuzidagi, okean tubidagi boyliklardan keng foydalanish rivojlanadi. Xullas, ilmiy-texnika fanlari ravnaqi yanada tezlashadi. Shunga qaramay ayrim taqchilliklar boʻlishi ham mumkin. Yer yuzidagi energetika resurslarining kamayish xavfi toʻgʻrisida olimlar bekorga tashvishlanib gapirayotgani yoʻq. Ekologiya masalasida ham odamni tashvishga soladigan holatlar koʻp. Nevara-chevaralarimiz biz hidlagan gullar atridan, biz tomosha qilgan chechaklar rangidan zavqlana olarmikin? Hamma narsaning qadri oʻzi yoʻqolganidan keyin bilinadi. Eng murakkab qonuniyatlarni kashf etishga qodir inson eng oddiy haqiqatlarni anglashga ojizlik qilib qoladi.
Maʼnaviyat masalalariga kelsak… Toʻgʻrisi, bir narsadan xiyol choʻchiyman. Tuygʻular xiyla oʻtmaslashib qolmasmikin? Aytaylik, bundan yigirma yil ilgari bogʻning burchagida oʻpishib oʻtirgan yigit bilan qizni koʻrishsa, “beting qursin”, degandek ijirgʻanib oʻtishardi. Hozir metro vagonida oʻpishib oʻtirgan yigit bilan qizni koʻrgan yoʻlovchilar hech nima boʻlmagandek suhbatlashib ketishaveradi. Tagʻin yigirma yildan keyin boshqacharoq nagʻmalarni koʻrganda ham unchalik eʼtibor bermaydigan boʻlib qolamizmi, deb oʻylayman. Ehtimol, xato qilarman. Negaki, ibo, hayo degan tuygʻular ham inson qonida qadimdan bor-ku. Biroq boshqa narsa ham meni tashvishga soladi. Bora-bora insoniy munosabatlarda hamma narsani hisob-kitob bilan taroziga solib oʻlchash odatiy hol boʻlib qolmasmikin? Yaʼni, taxminan mana bunday: “Men falonchining qiziga uylansam, falon ishim yurishadi, men pistonchining oʻgʻliga turmushga chiqsam, dadamning mana bu ishiga foydasi tegadi, muhabbat esa oʻtkinchi narsa”, degan tushuncha kengayib ketmasmikin? Axir bunday tushunchalar hozirdanoq oʻzining “gʻaroyib” mevalarini beryapti-ku! Mayli, bu oʻrinda ham tushkun boʻlmaylik. Ehtimol, bunday boʻlmas.
Menga qolsa, 2000 yilga eng katta tilagim shuki, urush boʻlmasin! Yer kurrasi deb atalmish mana shu mittigina sayyoramiz XXI asrga omon-eson yetib borsin.
Oʻtkir Hoshimov
1987
https://saviya.uz/hayot/suhbat/haqiqat-uchun-kurashmoq-kerak/