Anvar Obidjon sheʼriyatiga folklorning taʼsiri masalasi

Oʻzbek bolalar adabiyotining yirik vakili Anvar Obidjon shoir, nosir va dramaturg sifatida asarlar yaratib, yosh avlodning maʼnaviy kamoloti yoʻlida munosib xizmat qilib kelmoqda. Adib oʻz ijodi mobaynida koʻplab yutuqlarga erishdi.

Ayrimlarini zikr etsak:

  1. XX asrning 80-yillarida vatanparvar ijodkor sifatida xalqimizni, jumladan, yoshlarni istiqlolga chorladi.
  2. Oʻzbek bolalar adabiyotini yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtara oldi:

a) badiiy adabiyotning barcha turlarida barakali ijod qilish orqali bolalar adabiyotida mavjud boʻlgan baʼzi kemtikliklarni toʻldirdi.

b) oʻzbek bolalar sheʼriyati badiiyatini yuksaltirdi. Oqibatda bolalarga atalgan sheʼrlar sodda boʻlishi kerak deyilganda “sodda” soʻzi “joʻn” soʻzi bilan maʼnodosh boʻlib qolayotganiga barham berdi.

v) oʻzbek adabiy ertakchiligi, adabiy topishmoqchiligi anʼanalarini munosib davom ettirar ekan, bu borada novatorlikka erisha oldi.

g) istagan mavzuda bolalarbop qilib, ammo bolalarga atalgan bu asarlarni kattalar ham oʻqishi mumkin boʻlgan darajada maʼno qatlamlariga ega qilib yaratish mumkinligini amalda isbotladi.

Bunday eʼtiroflarni hali davom ettirish mumkin. Biz Anvar Obidjon sheʼriyatiga folklorning taʼsiri masalasidagi ayrim mulohazalarimizni bildirmoqchi edik.

Shoirning “Bugʻdoy”, “Paxta”, “Sabzi”, “Tarvuz”, “Uzum”, “Anjir”, “Bodring”, “Behi”, “Karam”, “Piyoz”, “Shaftoli”, “Turp”, “Maymanchak”, “Gilos”, “Anor”, “Kartoshka”, “Yongʻoq”, “Kungaboqar”, “Qandlavlagi” kabi sheʼrlari oʻzbek adabiy topishmoqchiligini boyitdi. Bu sheʼrlar sarlavhasiz holida “Alifbe”, “Oʻqish kitobi” darsliklariga kiritilishi, rangli kitoblarga aylanishi davr zaruratidir:

 

Bugʻdoy

Oltin tojli sultonman,

Somsa, patir, shirmonman.

Azizdirman odamga,

Arzandaman olamga.

Yel kuylasa, oʻynayman,

Xirmon sari boʻylayman.

Oy chiqqanda qoʻnoqqa,

Oʻxshar kumush oʻroqqa[1].

 

(Sheʼr kitobda 16 qator sifatida keltirilgan. Biz bir misra ikkiga boʻlingan deb hisoblab, qofiyasi oʻz joyiga kelishi uchun, bunday huquqqa ega boʻlmasak-da, yuqoridagi tartibda keltirdik. Boshqa baʼzi misollarda ham shunday yoʻl tutdik, uzr.)

Bu sheʼrlar oʻzidan oldingi adabiy topishmoqlardan oʻynoqi ohangi, kulguga boyligi, muhimi, yashirilgan narsaning eng asosiy belgilarini oʻzida jo qilgani, hatto shu narsalarning ilmiy, aytaylik, tabobatga oid jihatlarini ham aytishga imkon topgani bilan ahamiyatlidir. Shoir folklor janri topishmoqni stilizatsiya qilar ekan, lugʻzdan farqli oʻlaroq barmoq vaznini qoʻllaydi. Belgi-xususiyatni yashirish jarayonida yumordan foydalanish Anvar Obidjon uslubiga xos jihatlardan biridir. Aslida shoir ruhiyatiga singib ketgan fargʻonacha kulgu folklorga xos hajvning oʻzlashuvi sifatida har bir sheʼrida bor. Shoir bu kulguni goh allegorik obrazlar, goh muallif nutqi orqali ifoda etadi:

 

Niqob

Tumshuqqinangdan akang,

Qalaysan, Laylak?

Tikib bergin menga ham

Bitta oq quylak.

– Kaptar boʻlging kepti-da,

Mugʻambir Qargʻa?

Tanib olar gapingdan

Baribir hamma. (29-bet).

 

Anvar Obidjon sheʼrlariga xos jihatlardan biri shundaki, sarlavha sheʼr kompozitsiyasida ochqich vazifasin oʻtaydi. Sheʼr sarlavhasisiz nomukammal boʻlib qoladiki, bu hol ham shoir mahoratidandir. Baʼzi sheʼrlarida xalq maqollari sarlavha vazifasini oʻtaydi. Shoir sheʼr jozibasini, taʼsir kuchini oshirish uchun folklorning maxsus turi janridan foydalanib, oddiy folklorizmni yuzaga keltiradi. Oddiy folklorizm sheʼr kompozitsiyasida alohidalik hosil qiladi:

 

“Shudgorda quyruq yotganmish…”

Sichqon aytdi Ilonga,

Ilon aytdi Quyonga.

Quyon aytdi Qoplonga,

Qoplon… tushdi qopqonga! (86-bet)

 

Anvar Obidjonning qator sheʼrlarida lof janriga xoslik bor. Shoir lofga xos mubolagʻani gʻuluv sifatida keltirish bilan estetik maqsadni koʻzlaydi. Bolalarda ijodiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiluvchi bu lofdan soʻng satira va yumor koʻmagida xulosa qiladi. Xulosa ham oʻziga xos, betakror:

 

Tush koʻribman…

Och Chumoli Itni yedi,

Tangabaliq Kitni yedi.

Seni esa Burga yedi,

Ustingga yogʻ surkab yedi. (54-bet).

 

Shoir koʻcha-bozorlarda jar solib xabar tarqatuvchilar obrazidan foydalangan tarzda koʻnglidagi baʼzi gaplarni obrazli ifoda etadi. Yana folklorga xos majoz koʻmakka keladi. Shoirning qahramoni xabar sotadi:

 

Kecha doktor Arslonga

Arz qildi Tuya,

Qimmatbaho terimga

Tushdi, deb kuya.

Doktor uning arziga

Soldi-yu quloq,

Shilib olib terini

Tekshirdi uzoq. (4-bet).

 

Insonga xos anoyiliklar, nuqsonlar hajv qilingan bu sheʼr barcha davrlarda ham oʻz qimmatini yoʻqotmaydi. Shoirning hajv tigʻi juda oʻtkir, tasvir oynasi tiniq. Muhimi, xalq tomoshalaridagi singari sahnalashtirishga loyiq syujetga ega bu sheʼr bolalar va kattalar uchun birday qiziqarli, sermazmun. Anvar Obidjon ijodida bunday sheʼrlar koʻp. Shoir folklordan oʻz oʻrnida, mohirlik bilan foydalangan ijodkor sifatida oʻzbek bolalar sheʼriyatida munosib oʻringa egadir.

 

Laylo ShARIPOVA, filologiya fanlari nomzodi (BuxDU)

 

 


[1] Anvar Obidjon. Juda qiziq voqea. Sheʼrlar va ertaklar. Toshkent: Yulduzcha, 1987.  – B.7 (Keyingi misollar ham shu kitobdan olingani sabab misol yonida betini keltiramiz).

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anvar-obidjon-sheriyatiga-folklorning-tasiri-masalasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x