Haqiqat turlanmaydi, tuslanmaydi

Hamid Olimjon oʻzbek sheʼriyatiga oʻtgan asr yigirmanchi yillarining ikkinchi yarmida kirib keldi. Yangi hayot, yangicha munosabatlar va ularni ishonuvchan sodda koʻz bilan maʼsumona kuzatishdan paydo boʻlgan hayrat uning bu davrdagi sheʼrlarining asosini tashkil etadi. “Shodlik kuni”, “Biz kim?”, “Kashshof”, “Hozirlanamiz”, “Yangi yoshlarga” – 16–17 yoshli oʻspirin qalamiga mansub dastlabki sheʼrlar ana shunday nomlanadi.

Bu sheʼrlarning lirik qahramoni davr suronlaridan oʻz muvozanatini yoʻqotgan, har qanday dovonlarni inqilobiy bir zarb bilan egallashiga qattiq ishongan. Kelajakni oppoq baxt quchogʻida tasavvur etib, butun borligʻi, jonu jahonini oʻrtaga qoʻyib unga intiluvchi shaxs sifatida koʻrinadi.

Yosh lirik qahramon yangilanish, yaratish ishqi bilan yonadi. U qiziqqon, salgina shubha-gumon unga begona, u bu tuygʻularni oʻz dushmani, deb biladi. “Tongdagi gudokdan oldik ilhomlar” deb yozar ekan, oʻz tengdoshlari nomidan hayqiradi:

 

Biz olov, oʻt kabi kurashishni sevamiz,

Yangi turmush – ulugʻ jahon quramiz.

“Yangi turmushga”

 

Hamid Olimjonshunoslik yosh shoir lirikasi bosh qahramonining yangilikka oshuftaligini taʼkidlar ekan, bu oshuftalikning bir qadar cheklanganligi haqida ham gapirsa, yaxshi boʻlardi…

Ibrohim Gʻofurov oʻzining “Munis xol va sharpa” nomli maqolasida (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, 1990,18 may) taʼkidlaganidek, “1934 yilgacha Hamid Olimjonda yangi turmushdan olingan rang-barang taassurotlar yoshlikning romantik ehtiroslariga qoʻshilib ketadi. U shoʻro oʻquv dargohlarida miyasiga singdirilgan gʻoyalarga sheʼr libosini kiydiradi” deb yozadi. Chindan ham shoirning 30-yillar oʻrtalarigacha yozilgan sheʼrlarida nozik insoniy his-tuygʻulardan koʻra sinfiy kurash gʻoyasi salmoqliroq oʻrinni egallaydi.

Sarvar Azimov shoirning 1951 yilda nashr etilgan tanlangan asarlariga yozgan soʻzboshisida shunday deb qayd etadi: “Hamid Olimjon birinchi besh yillik tomonidan kun tartibiga qoʻyilgan barcha muhim masalalarga oʻz ovozini qoʻshgan. Bunga qanoat hosil qilish uchun uning “Oʻlim yovga”, “Oʻlka safarbar”, “Qadr”, “Mudofaa kunlarida”, “Sergak” kabi sheʼrlarini eslatishning oʻzi kifoya”. Ammo qizigʻi shundaki, 1957–1960 yillarda Sarvar Azimovning oʻzi tahrir qilib chiqargan Hamid Olimjonning uch tomlik tanlangan asarlarida “Oʻlim yovga”, “Sergak” sheʼrlari oʻrin olmaydi. Bu sheʼrlarni oʻzbek oʻquvchisi oʻshandan buyon oʻqigan emas. 1970–1972 yillarda nashr etilgan besh tomlikda ham, nashr etilgan oʻn tomlik “Mukammal asarlar toʻplami”da ham bu sheʼrlar uchramaydi. Holbuki, soʻnggi oʻn tomlik nashr ijodkor merosini toʻla qamrab olishi shart edi.

30-yillarning oʻrtalariga kelib Hamid Olimjon lirikasida tabiiy bir quyma ohangdorlik paydo boʻldi, xalq ogʻzaki ijodining taʼsiri tobora kuchliroq tarzda koʻrina bordi…

Adabiyotning abadiy mavzular – muhabbat va tabiat goʻzalligiga bagʻishlangan “sof” sheʼrlaridagina uning isteʼdodi ufqlari butun ulugʻvorligi bilan ochiladi. Shoir bunday sheʼrlarida erkin nafas olayotgani, tuygʻularini hech bir iymanmay, oʻtkinchi boʻyoqlar-la boʻyamay toʻkib tashlayotgani, oʻzini erkin sezayotgani, toliqtiruvchi, siyosatlashgan nazmdan sal uzoqlashib tin olayotgani bilinadi.

30-yillarning oʻrtalarida Stalin tomonidan mamlakatda oʻrnatilgan ulkan qatagʻon mashinasi yana harakatga keldi. Bu mashinaning oʻtkir tigʻlari eng avval erkin, hur fikrlovchi boshlar ustida yaltiradi. Butun mamlakatda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham yetuk davlat arboblari, talantli madaniyat, sanʼat va fan namoyandalari bu mashinaning qurboni boʻldilar. Shunday muhit yuzaga keldiki, odam birov tugul oʻziga ham ishonmay qoʻydi. Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Usmon Nosir singari adabiyotimizning yirik namoyandalari taqdiri hammaning diliga vahm soldi. Qora bulutlar Hamid Olimjonni ham chetlab oʻtmadi. 1937 yil 2 noyabrda Uygʻun, Oydin, Shokir Sulaymonovlar bilan birgalikda Hamid Olimjon ham boʻhtonga uchrab, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari safidan chiqariladi.

Ana shunday yalpi ishonchsizlik, demakki, yalpi baxtsizlik, fojia sharoitida Hamid Olimjonning lirik qahramoni oʻta qaysarlik bilan qayta-qayta baxt va shodlik haqida kuylaydi: “Toleim shulkim”, “Oʻlka”, “Oʻrik gullaganda”, “Daryo tiniq, osmon begʻubor”, “Baxtimiz tarixiga”, “Rozimasman bir yosh tomsa koʻzimdan”, “Baxt toʻgʻrisida”, “Shodlikni kuylaganimning sababi” va hokazo. Bu sheʼrlarda, adabiyotshunosligimiz toʻgʻri qayd etganidek, baxt falsafasi badiiy talqin etilgan.

Qisqasi, davr va qahramon munosabatlari fonida olib qaralganda, Hamid Olimjonning bu davr lirikasidagi baxt va shodlik mavzuidagi sheʼrlari sal gʻamginroq taassurot qoldiradi. Masalaning bu qirrasini yoritish esa Hamid Olimjon ijodini toʻgʻri tushunishda muhim ahamiyatga egadir. Yalpi baxtsizlik sharoitida hadeb baxtini, shodligini pesh qilaverish baxtsizlikning bir koʻrinishi, oʻziga xos qalqon ekanligini unutmasligimiz lozim.

Ilgari oʻrta maktabdayoq, oʻzbek oʻquvchisi qulogʻiga Hamid Olimjonning “Men bir qora kunda tugʻildim, Tugʻildimu shu on boʻgʻildim” misralari quyilardi. Ammo sinchkov oʻquvchi bunday misrali sheʼrni Hamid Olimjonning soʻnggi yillardagi toʻplamlaridan, hatto mukammal asarlar toʻplamidan ham topolmay hayron boʻlishi tabiiy. Nega bunday? Axir, bu parchadan yagona davlat siyosatining hidi shundoqqina ufurib turibdi-ku!

Biz adabiyotimiz tarixini bu yorqin isteʼdod sohibisiz tasavvur etolmaymiz. Uning baxshiyona dostonlari hali ming-minglab murgʻak onglar eshigini keng dunyo tomon ochadi: hali ming-minglab oshiqlar oʻz dil izhorlarini uning serharorat misralari orqali ifodalashadi; hali ming-minglab dillarga Vatan muhabbati, Zamin harorati uning yoniq, jangovor sheʼrlari orqali koʻchadi.

Ammo bu hech kimga uning asarlarini istagancha tahrir etib, zoʻrma-zoʻraki talqin qilish huquqini bermaydi. Hamid Olimjonday shoir bizning tahrirlarimizga, yolgʻon-yashiq talqinlarimizga muhtoj emas. U oʻz davrining farzandi edi, butun fazilati, qusurlari bilan oʻz davrining shoiri boʻlib qolishi kerak. “Janub kechasida”, “Xayolimda boʻlding uzun kun”, “Holbuki, tun”, “Sogʻinganda”, “Butun olam bir oppoq siyna”, “Na boʻlgay bir nafas men ham…” kabi zamonasozlikdan yiroq oʻnlab asarlarining har biri unga adabiyotimiz tarixidan munosib oʻrin olib beradi. Bizning u yoki bu sheʼr Hamid Olimjon haqidagi qarashlarni oʻzgartirib yuboradi, degan oʻyda ularni tahrir qilishimiz, hatto baʼzan yashirib qoʻyishimiz, zamona toʻnini kiygizishga urinishimiz ortiqcha. Oʻquvchini yolgʻonlar koʻmagida ezgulikka yoʻllab boʻlmaydi. Haqiqat esa oʻjar boʻladi, uni zamona yoʻrigʻi-yu bitta-ikkita odamning orzu-istaklariga moslab turlamaslik, tuslamaslik kerak. Shundan kelib chiqqan holda keyingi nashrlarda Hamid Olimjon asarlarining asl matnini toʻla tiklash zarur.

Arastudan qolgan shunday qimmatli bir gap bor: “Aflotun – mening qimmatli doʻstim, lekin haqiqat undan qimmatliroqdir”. Dunyoning oʻzi kabi qadimiy ana shu haqiqatni qancha tezroq anglab, unga amal qilsak, oʻz vijdonimiz oldida ham, kelajak kitobxonlar qarshisida ham yuzimiz yorugʻ boʻladi. Bu bizning yosh – bahor umrida xazon boʻlgan Hamid Olimjonning porloq hotirasi oldidagi eng katta qarzimizdir.

 

Ilhom HASANOV

filologiya fanlari nomzodi. 1959 yilda tugʻilgan. Samarqand davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini bitirgan. “Yaydoq dalada”, “Biri kam dunyo”, “Buxoroi sharif derlar” kabi kitoblari chop etilgan. 1991 yilda vafot etgan.

 

“Sharq yulduzi”, 2017/10

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/haqiqat-turlanmaydi-tuslanmaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x