Gulnor opa

Koʻchalarni changitib toʻp oʻynardik. Men yangi sotib olgan qora toʻpimni tashlaganda, Vali ustalik bilan bir urgan edi, toʻp gʻiz etib yuqorilandi-da, qaytib koʻchaga tushmadi. Oʻynovchilar turgan joylarida qotib qolishdi:

– Ah, qanday yaxshi toʻp edi, Shokir akaning bogʻchasiga tushdi-ya. Essizgina…

Fattoh kattalardek qoʻlini orqasiga tashlab:

– Tagʻin tushib oʻtirma, bilasan-ku Shokir akaning feʼlini, xuddi oyogʻingni sindiradi, – deb nasihat qilganday boʻldi. Bolalar birin-sirin tarqalib ketishgan edi. Men yolgʻiz qolgandim, oʻynab toʻymagan toʻpimning alami ichimda har minut sayin zoʻrayib borardi. Faqat Shokir akaning bogʻchasiga kirish juda qoʻrqinchli edi. Bir yarim tanobcha joyni egallagan bogʻcha baland devorlar ila oʻralgan, ichida oʻrik, shaftoli, gilos, koʻksulton va shunga oʻxshashlar. Bu mevalardan biron donasini chet kishi koʻrmas va kimga sotiladirganligini-da hech kim bilmasdi. Hatto, “anjir bilan anor gulini toʻkib, koʻzga ilinadigan boʻlganda Shokir aka sanab qoʻyadi”, – deb gaplashardi mahalladagilar. Mening qora toʻpim, shubhasiz, mana shu bogʻchada. Faqat, qanday qilib olish mumkin? Shunday kishining bogʻchasiga toʻp qidirib tushish hazil gap emasdi. Men koʻp oʻyladim, axir tushishga qaror qilib, qulay bir joy axtara boshladim. Jin koʻchadan bogʻchaga kirib ketadirgan ariqning onbori bir oz katta boʻlib qolgan ekan. Ishtonimni tizzamga qadar koʻtarib, onborga bosh tiqdim, oʻtish qiyin boʻldi, devorni qoʻlim ila uvalab teshikni katta qildim-da, sekingina oʻtdim. Oʻt orasiga biqinib, har yoqqa qarab oldim, bogʻcha jimjit…

Rang-barang kiyimlarga belangan kelinchak gullarning ustida, jimjima qafasdonli savadonlarni va bogʻchani poylagan kabi haryoqqa tez-tez qarab qoʻyardim.

Butun diqqatimni koʻzimga toʻplab qidirishga tutindim, toʻpimni onbordan 20-30 qadam narida, oʻt orasidan topdim, koʻnglim tinchidi. Qaytishga hozirlanib, atrofga bir qaragan edim, devorga chirmashib oʻsgan tokning tagida Shokir akaning qizi Gulnor opa ila Turdi sartaroshning oʻgʻli Asadga koʻzim tushdi. Darrov oʻt orasiga choʻzildim. “Shokir aka yoʻq ekan, bular bu yerda” dedim-da, yota berdim.

Gulnor opaning ustida bir oz toʻzishga boshlagan atlas koʻylak, sarpinka roʻmol yelkasida. Toʻla oppoq bilagi Asadning boʻyniga oʻralgan, dam Asadning chiroyli yuziga qaraydi, dam boshini yigitning keng, kuchli koʻkragiga qoʻyadi. Asad bir qoʻli ila Gulnor opaning beliga tushgan qora sochlarini silar, yuzlaridan uzilmagan gulni hidlagan kabi sekin-sekin oʻpar va nimalarnidir soʻzlardi.

Menga anglashilmagan bir sirning ogʻirligi koʻkragimni siqar, yashil oʻtlar orasiga koʻmilgan boshimda shu vaqtgacha yashirinib yotgan fikrlar uchqunlanar edi.

Koʻchadan oʻtgan har bir qizning paranjisidan tortish, hatto, hassaga suyalgan kampirlarning bandagini boshiga ilishdan zavq oluvchi toʻpolonchi koʻnglim bunday fursatdan foydalanmayin jimgina chiqib ketishga maslahat qilmasdi. Ularni bir choʻchitish lozimda. Bitta-bitta emaklab onborga yaqinlashdim-da, “Gulnor opani bilib oldim” deya qichqirishim ila Asad bir nimadan qattiq hurkib, arqonni uzgan ot kabi oʻzini bir yoqqa otdi, qoʻli qaltirar, kuch yoʻq. Baland devorga sakraydi, yiqilib tushadi, yana turib butun kuchi ila   irgʻiydi, yana yiqiladi.

Gulnor bir zumda bogʻchaning ikkinchi yogʻiga oʻtgan boʻlsa-da, qoʻrqqanidan bogʻcha eshigining zanjirini tushirolmasdan tipirchilardi.

Bu ishim meni shu qadar sevintirdikim, onbordan qanday chiqib ketganimni sezmay qoldim.

Kechqurun sutga chiqqanimda Xayri xola sigir sogʻishga hozirlanib turgan ekan. Qoʻlimdan bir mirili chaqani oldida:

– Badaljon, xolasi oʻrgilsin. Gulnor bilan kirib maydondan oʻtin olib chiqqin, keyin bir kosa limmo-lim qilib sut beraman.

– Gulnor, Gulnor, Badal bilan birga kirib quruq-qurugʻini olib chiqa qol, – deya molxonada turib qiziga buyurdi.

Gulnor opa uydan chiqdi. “Oposi, kelaqol”, deya meni boshlab ketdi. Menga tikilib qarolmasdi, maydonga kirganda atlas koʻylagining ikki yengini shimardi, kumush bilakuzuklarini ham yuqoriroq surib qoʻydi-da, titrak bir tovush ila:

– Badal, oposi, tagʻin haligini birovga ayta koʻrma, – dedi.

– Nimani, Gulnor opa? – soʻradim.

– Haligi… Man tovushingdan bildim. Nimaga boqqa tushgan eding?

– Toʻpimga… – Men koʻylagimning yengini tishlab hechnarsa bilmagan kishidek turar edim.

– Shundoq qoʻrqib ketdim-ki… qoʻl-oyogʻim boʻshashib yiqilayozdim, – dedi Gulnor opa.

Yirik, qora koʻzlaridan marvarid tomchilar uning chiroyli yuziga yumalab tusha boshlamish, uzun kipriklari namlanmishdi.

– Yaxshiki, uydagilar eshitmagan. Xayri xolang meni xuddi oʻldiradi-ya…

Quyoshning soʻng nurlari baland daraxtlarning uchlarida porlardi. Bogʻchada qushlar shoxdan-shoxga oʻtib, kechani oʻtkizish uchun oʻngʻay joy qidirardi. Qarshimda yigʻlab va yalinib turgan Gulnor opa qalbimga ham gʻurur, ham alam solardi, Gulnor opani qanday qilib ishontirishni bilmas edim.

– Yoʻq, endi hech bilib oldim demayman, hech kimga aytmayman, hechkimga, yigʻlamang. Gulnor opa, yigʻlamang, – dedim. Tovushimda yalinish, oʻtinish bor edi.

Gulnor opa birdan sevinib ketdi, uzun, nozik barmoqlari ila yuzlarimni siladi: “Oposi-ya, yaxshi ukam oʻzi”, deya erkaladi. Nimchasining choʻntagidan ikki chaqim, usti bir oz kirlangan qand olib berdi-da, ariq boʻyiga kelib koʻzlarini yuvdi.

Maydondan oʻtinlarni tashib boʻlgach, Xayri xoladan “limmo-lim” sutni olib koʻchaga chiqdim. “Nega muncha yalinadi, nega Xayri xola oʻldiradi”, deya oʻylab ketarkan, oqshom menga Gulnor opaning baxti, erki kabi boʻsh va sirli koʻringandi.

 

Oybek

 

1930 yil 5 oktyabr

https://saviya.uz/ijod/nasr/gulnor-opa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x