Gullayotgan kurtaklar

Sarvinoz MUSATDINOVA

 

Karvon yoʻllari

 

Bu hayotning ogʻir yukini ortib,

Karvon borayotir sarbon izindan.

Taqdir yoʻllarining jabrini tortib,

Orzu borayotir armon izindan.

 

Karvondek choʻzilib oʻtadi yillar,

Ortda qolar necha dovon, manzillar,

Qaytadan ochilar gʻunchalar, gullar,

Karvon borayotir davron izindan.

 

Olislarga eltar xayol shamoli,

Oʻtmishni eslatar orzu kamoli,

Bir bor koʻrmoq uchun yorning jamolin,

Karvon kutgan oshiq karvon izindan.

 

Xayol – bir yoʻl ekan, cheksiz, bepoyon,

Hayot – dengiz ekan, bamisli osmon,

Duch kelar orolmi, sahromi, boʻston,

Dovonlar uchraydi dovon izindan.

 

Oʻtarsan goh shahar, goho ovuldan,

Kechasan goh seldan, goho dovuldan,

Benasib qolmaysan qordan, yovundan,

Bulutlar yoprilar toʻfon izindan.

 

Tashvishsiz kun bormi hech bir zamonda,

Dard-qaygʻusiz manzil bormi jahonda,

Olloh omonatin olsa insondan,

Yaxshi-yomon borar narvon izindan.

 

Qari deydi: “Esiz yigitlik vaqtim,

Kuch-qudratli sherdek shiddatim, shaxdim,

Umr savdosiga boy berdim naqdim,

Vaqtu soat degan polvon izindan”.

 

Vaqt tinglamas sening ohu zoringni,

Ortga qaytmas, baxsh etsang ham boringni,

Sotilmaydi sarf etsang ham zaringni,

Qocholmaydi ohu qoplon izindan.

 

Eh, attang, yoshligim, yoshlik chogʻlarim,

Begʻam bolaligim, shoʻx oʻrtogʻlarim,

Yor suyib oʻynagan goʻzal bogʻlarim,

Kuzga asir boʻldi xazon izindan.

 

Vaqt toʻxtamas, ilgan bilan soatni,

Vaqt bilmas kutishni, sabru toqatni,

Sogʻinchda sezasan vaqtni – furqatni,

Yuzni sargʻaytirar hijron izindan.

 

“Umr oʻtar, vaqt oʻtar” – deydi keksa chol,

Uning hasratini tinglar qari tol,

Qari tol ham boʻlgan bir vaqtlar nihol,

Kun oʻtar, tong otar hufton izindan.

 

Har togʻning choʻqqisi, dovoni bordir,

Har kimning oʻz davri, zamoni bordir,

Elimning, yurtimning kamoli bordir,

Karvonlar bormoqda sarbon izindan.

 

Qoraqalpoq tilidan Rustam MUSURMON tarjimasi

 

 

Sadoqat NEʼMATOVA

 

Yorugʻ tush

 

Tushimda uzun yoʻl, juda uzun yoʻl,

Men chopib boraman, halloslab.

Zulmat changalida ziyo turardi,

Ey qizcha, ket, derdi, aqldan ozmay.

 

Men chopib borardim, qurquvdan dagʻ-dagʻ

Titrardi lablarim, tanda mador yoʻq.

Allanimalarning shivir-shiviri,

Soʻngsiz yoʻllardaman, aslo, poyon yoʻq.

 

Chopib borayotib yiqildim behol,

Chuqur oʻy bosdi-yu, xayolga toldim.

Har neni borida qilmabman qadr,

Ziyoning qadrini ancha kech bildim.

 

Soʻngra, astagina turdim oʻrnimdan,

Qalbimda na qoʻrquv, na bir hayajon.

Tunning quchogʻida toʻlgʻonardim jim,

U ham sirdosh boʻldi menga jonajon.

 

Ishonib qoʻlimga nurni tutqazdi,

Kaftimda koʻzlarin ochardi quyosh.

Qarshimda turardi yuzimni silab,

Quvonchdan koʻtardim yostigʻimdan bosh.

 

Andijon

 

 

Iroda JAʼFAROVA

 

Soy

 

Yozning nafasidan holsizdir shahar,

Quvnoqlik avjida faqat bir joyda.

U shundayin joyki, hammaga yoqar,

Bolalik choʻmilar shu joʻshqin soyda.

 

Koʻngillar shodlanar boʻlib hamohang,

Dillarga tetiklik etadi inʼom.

Soyning shoʻx ovozi toshlarda jarang,

Zavqidan yurakka oqadi ilhom.

 

Jizzax

 

 

Olimjon JOʻRAYEV

 

Bahor kechasi

 

Fayzli oqshom choʻkar. Tun beshigiga

Jajji goʻdaklarin belaydi falak.

Oy – kecha hofizin kuy-qoʻshigʻiga

Ahli koinotning jonlari ilhaq

 

Avzoyi buzilar sirli kechaning,

Oq bulut – koʻk qizin koʻzi yoshlanar.

Shaffof tomchilarga toʻlgan koʻchaning

Terakzori aro bazm boshlanar.

 

Shitir-shitir… Qanday sehrli sado,

Tuygʻularga ajib gʻulgʻula solar.

Tong qadar bu ayyom boʻlmayin ado,

Yalt-yult… Chaqin samovotni rasmga olar.

 

Buxoro

 

 

Zulfiya BOBOYEVA

 

Baxt

 

Mangu kulib boqmagay omad,

Mangu yashab qolmassan, axir.

Bu dunyoda kuymagin faqat –

Siymu zarga qoʻymagin mehr.

 

Nochor dema, dalada horib,

Ketmon olib yer chopganlarni.

Halollikni qoniga qorib,

Burda nonni pok topganlarni.

 

Sen angraygan, qavargan qoʻllar

Halollikka, poklikka intiq.

Sen bilmagan inja koʻngillar

Goʻzallikka, soflikka intiq.

 

Ortga qaytmas – beparvo oʻtar,

Sochlaringni siypalaydi vaqt.

Keng dalada bekinib yotar,

Sen quvganu yetolmagan baxt.

 

Navoiy

 

 

Mehrinoz ABBOSOVA

 

Yomgʻir

 

Oqshom sukunati choʻkkan shaharga

Yoz yomgʻiri yogʻar jimlikni buzib.

Yana qaytging kelar goʻzal bahorga,

Yana ketolmaysan koʻnglingni uzib.

 

Mayda-mayda tomchi sachrar har yoqqa,

Koʻnglimga yogʻilar zavqi shu onning.

Yigʻloqi bulutning yoqasi loyqa,

Etagi shalabbo boʻlar osmonning…

 

Namangan

 

 

Goʻzalxon ERGASHYeVA

 

Yaxshi koʻrasan

 

Tongni quchoqlaydi yarqirab quyosh,

Bagʻrimga toʻlishib singib ketar oy.

Ulkan daraxtlarni nishonga olib,

Shamol qoʻllarida oʻynaydi oʻq-yoy.

 

Oh, onamni quchgan sabolar mayin,

Tandirni kuydirgan eng issiq kulcha.

Jonimdek asragan koʻngil yaprogʻim

Sargʻayib ketmoqda, yorim kelguncha.

 

Kuz kabi xayoli parishon, oʻychan,

Kelaqol, boʻronga koʻrinmay tezroq.

Daraxtlar yoʻlingga sochar oltin zar,

Endi toʻy qilmoqchi momaqaldiroq.

 

Orzularim oppoq bulutday boʻlib,

Turnaday balandlab ketgani kabi.

Ikkimizni juda sogʻinib, e voh,

Qizarib ketyapti sohilning labi.

 

Kelmaysan, yigʻlayman, koʻcham boʻlar loy,

Shunda ostonamda hozir boʻlasan.

Uzun kiprigimning hoʻlliginiyu

Sen shu yomgʻirlarni yaxshi koʻrasan.

 

Fargʻona

 

 

Dilbar RUSTAMOVA

 

Umid

 

Qalbimni toʻldirar bunchalar umid,

Bunchalar munavvar uning chehrasi?

Bugun yalpizlarni oʻpgim kelayotir,

Nurafshon koʻrinar tunning ertasi.

 

Bugun koʻzlarimdan tommaydi armon,

Endi qahratonday ezilmayman hech.

Koʻnglimni daryoga qoʻyib yuborgum,

Kulaqolgin endi, armonlardan kech.

 

Boqaman deraza ortiga sekin,

Tashqarida quvonch boʻralab yogʻar.

Meni ishontirib orzulariga,

Yap-yangi omadlar javdirab boqar.

 

Samarqand

 

 

Dilmurod DOʻSTBEKOV

 

Sir

 

Sir, bilsang, dunyoda eng ogʻir yukdir,

Tanglayda choʻgʻ saqlash juda mushkul ish.

Buni uddalagan kishi buyukdir,

Fosh etgan boshiga orttirar tashvish.

 

Qalb sandiqdir, unda sirlar mujassam,

Ogʻiz – sandiq qulfi, kalit erur til.

Zaboning tiyib yur, kutsang mujda san,

Yoʻqsa, oʻzingdirsan oʻzingga qotil.

 

Senga sir aytganga inonma siring,

U oʻzga sirini ochar atayin.

Bugun oʻzini doʻst tutgan bu firib,

Ertaga seni fosh etmogʻi tayin.

 

Birovga ochilsang, tortsa u chohga,

Ayb unda emasdir, gunohkor oʻzing.

Oʻzing sir saqlolmay nogʻora qoqsang,

Birov qanday saqlar, sir tutgan soʻzing?!

 

Sirdaryo

 

 

Farida TOSHPOʻLATOVA

 

Tong

 

Erta tongning shabbodasida

Yaproqchalar jonlanar sekin.

Qushchalarning shoʻx yallasiga

Gʻuncha gullar raqs tushar sokin.

 

Chuchmomalar yuvishib yuzin,

Soch tarashar anvoyi gullar.

Bir-biriga koʻrsatib chiroy,

Birlashadi aylanma yoʻllar.

 

Bizga salom berganday boʻlar,

Don choʻqishib jajji qushchalar.

Tongning xushboʻy hidin taratar

Onajonim yopgan kulchalar…

 

Surxondaryo

 

 

Naima ABDURAHMONOVA

 

Qiz xayoli

 

Qulab tushdi yelkamga osmon,

Choʻkib ketdi quyosh koʻzimga.

Oy engashib labimdan oʻpib,

Yuzini bosadi yuzimga.

 

Daydib-daydib ketar sogʻinchim

Tunning oydin yoʻllari aro.

Oymomoga uzatar qoʻlin

Dil oʻziga bergandek oro.

 

Ochilmay tur, mehrning guli

Erta urib ketadi dovul.

Senga mehrim berolmam, netay,

Koʻzlarimga koʻngul qorovul?!

 

Osilib yaproqning etaklariga

Mendan oʻksib yigʻlabdi koʻngul.

Dil meni yoʻlatmas ertaklariga,

Men shunchalar yomonmanmi, gul?!

 

Toshkent

 

 

Malika IBODULLAYEVA

 

Kuz sevgisi

 

Gulning yostigʻiga oʻranar shudring,

Yomgʻir yerni oʻpib umrin etar tark.

Yoz boʻyi oʻzligin unutib qoʻyib,

Quyoshga aylanib jon berar har barg.

 

Maysalar – dilidan umid deb ungan

Zaminu falakning bolasi.

Shamollar – tangrini izlagan

Togʻlarning mungli bir nolasi.

 

Chaqmoq – nohaqlikka chidolmay,

Bagʻri tilkalangan koʻk sasi.

Sheʼriyat – bu xaqqa eltguvchi

Qogʻoz va qalamning ovozi.

 

Xorazm

 

 

Maʼrifat TEMIROVA

 

Toleimdagi inson

 

Qorlarni yondirib boʻlmaydi,

Olovlar gʻayrati toshsa ham.

Men seni kutaman har kuni

Toleim vaqtlari shoshsa ham.

 

Yashashga mahkum pianinoda

Oq-qora klavish yonma-yon.

Yaxshilik, yomonlik dunyoda

Abadiy fuqaro har qachon.

 

Qora klavishni oq rangga

Boʻyasam, bastakor yigʻlaydi.

Sen kelmoq kuningni ertaga

Qaniydi, koʻchirib boʻlsaydi.

 

Barchani rad etib, kimnidir

Kutmoqlik qanchalik qiyin-a?

Oʻzing-la siyohrang gul keltir,

Oʻnta yoki oʻnbeshtagina.

 

Men senga hammasin berarman:

Sevgini, orzuni, vafoni.

Tushlarimni aylagan maskan,

Kelaqol, ey aziz insonim!

 

Qashqadaryo

 

“Sharq yulduzi”, 2011–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/gullayotgan-kurtaklar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x