GOVMIJJA

GOVMIJJA, govmichcha — qovoq chetidagi yogʻ bezlari (tashqi Govmijja) va kiprik tuk piyozchasi (ichki Govmijja)ning oʻtkir yiringli yalligʻlanishi. Tashqi Govmijjada yiringli shish qovoq chetiga, ichki Govmijjada esa shilliq parda tomonga qaragan boʻladi. Bezchalarga yiring paydo qiluvchi mikroorganizmlar tushishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, shuningdek, moddalar almashinuvining buzilishi, avitaminoz, kamqonlik, darmonsizlik, umumiy immunitetning pasayishi, qandli diabet, meʼda-ichak va yuqori nafas yoʻllarining kasalliklari, koʻz refraksiyasining anomaliyalari, yosh oqish yoʻllarining kasalliklari Govmijjaga yoki uning tez-tez qaytalanishiga sabab boʻladi.. Kasallik qovoq chetida ogʻrikli nuqta paydo boʻlishi bilan boshlanadi, soʻngra uning atrofi qizarib shishadi. 2—3 kundan soʻng Govmijja uchi sargʻayib yoriladi va undan yiring chiqadi. Govmijjaga qovoq va shilliq pardaning qizarishi va shishishi qoʻshiladi. Baʼzan bir nechta Govmijja chiqishi, ularning bir-biriga qoʻshilishi yoki qayta-qayta Govmijja chiqishi kuzatiladi. Bunda bosh ogʻrib, harorat koʻtariladi, quloq oldi va jagʻ osti limfa bezlari kattalashadi va ogʻriydi. Govmijja chiqqanda vrachga murojaat etish lozim. Uni siqish yoki sitish yaramaydi, aks holda infeksiya qonga oʻtib koʻz kosasining flegmonasiga va meningit, sepsis kabi ogʻir asoratlarga sabab boʻlishi mumkin. Govmijjaning oldini oldishda ozodalik tartiblariga qatʼiy amal qilish, iflos, chang joylarda ishlaganda himoya oynaklaridan foydalanish, organizmni toliqtiradigan kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlab davolatish lozim. Davolash uchun koʻzga antibiotik va sulfanilamid preparatlarining eritmalari tomiziladi yoki mazlari qoʻyiladi. Yiring ketgandan soʻng quruq issiq va UVCH buyuriladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x