GOLARKTIKA

GOLARKTIKA (yun. holos — hamma, barcha va arktikos — shimoliy) — quruqlikdagi flora dunyosi va zoogeografiya (Arktogeya) oblasti. Shim. yarim sharning tropik mintaqadan tashqari hamma qismini oʻz ichiga oladi. Hoz. Golarktika florasida 30 dan ortiq endemik oilalar bor. Floraning shakllanishi Shim. Amerikaning Lavraziya hududida mavjud boʻlgan qad. paleogen-neogen va uchlamchi davr florasi bilan bogʻlangan. Qad. Tetis dengizi Lavraziyani tropika florasidan ajratib turgan. Paleogen oxirida iqlimning sovib ketishi bilan Golarktika florasi ham oʻzgargan. Qad. floraning namunalari jan. qismda (Sharqiy Osiyo, qisman Shim. Amerikada) saqlanib qolgan. Golarktikaning asosiy biomlari (tundra, oʻrmon, choʻl va b.) oʻsimliklar qoplamida koʻproq murakkabguldoshlar (qoqidoshlar), hiloldoshlar, dukkakdoshlar, ayiqtovondoshlar, piyozdoshlar, karamdoshlar, chinniguldoshlar, raʼnodoshlar, ziradoshlar, sigirquyruqdoshlar, labguldoshlar va b. oilalarning vakillari uchraydi. Daraxtlardan qayin, tol, yongʻoq, raʼnodoshlar va ayrim boshqa oilalar, ninabarglilardan taksodiyalar (hoz. kamayib ketgan) va ayniqsa qaragʻay keng tarqalgan. Golarktikaning flora dunyosi 3 kichik dunyoga va 9 oblastga boʻlinadi.

Boreal kichik dunyosi Yevropa (Oʻrta dengizdan tashqari), Osiyo (tropikadan tashqari) va Shim. Amerikani oʻz ichiga oladi. U floraga juda boy boʻlib, koʻp endemik oilalar (jumladan, magnoliyasimonlar)ga ega. Oʻrta dengiz kichik dunyosi Shim. Afrika, Yevropaning janubi, Old va Oʻrta Osiyoni egallaydi. Florasi boreal va tropik flora taʼsirida rivojlangan (lavr, palma va b.). Madrean kichik dunyosi Shim. Amerikaning jan. va gʻarbi, Meksikaning togʻli mintaqasini oʻz ichiga oladi. Florasi bir qancha endemik oilalar, turkumlar (10% ga yaqin), turlardan (40%) iborat.

Golarktika zoogeografiya oblasti (Arktogeya) hayvonot dunyosi turlarga uncha boy emas. Bunga asosiy sabab landshaftining nisbatan bir xildaligi, iqlimining noqulayligi, faunasining ancha yosh boʻlishidir. Sut emizuvchilardan bobrsimonlar, qoʻshoyoqsimonlar, suv kalamushlari, aplodontsimonlar, ayrishoxlilar, pishchuxasimonlar, selevinsimonlar; qushlardan gagaralar, qurlar; suvda va quruqlikda yashovchilardan burchaktishlar, ambistomasimonlar, yashirinjabralilar, amfiumalar, proteylar, sirenlar; baliqlardan antikanbaliqlar, osyotrsimonlar, kurakburunlilar, sovutli choʻrtanlar, losossimonlar, xariussimonlar, choʻrtansimonlar, okunsimonlar va b. endemik oilalar uchraydi. Shim. Amerika va Yevrosiyo faunasi oʻrtasidagi oʻxshashlik pliotsen va toʻrtlamchi davrda Osiyo va Amerika qitʼalari Alyaska va Chukotka ya. o. orkali tutashganligini va ular oʻrtasida fauna almashinib turganligini koʻrsatadi. Ana shu yoʻl bilan Yevrosiyodan Amerikaga togʻ qoʻylari, loslar, qoʻngʻir ayiqlar va hoz. Amerikada qirilib bitgan mamontlar, yaklar; Amerikadan Yevrosiyoga shimol bugʻusi, qoʻyhoʻkiz va b. oʻtib qolgan.

Golarktika zoogeografik oblasti Palearktika va Neoarktika kichik oblastlariga boʻlinadi. Palearktika Yevrosiyo va Shim. Afrikaning moʻtadil va sovuq iqlimli qismini oʻz ichiga oladi. Hayvonot dunyosi Yevrosiyoning qad. tropik faunasidan iborat, lekin uchlamchi va toʻrtlamchi davrda iqlimning quruqlashishi taʼsirida keskin oʻzgargan. Neoarktika Shim. Amerikaning tropik qismidan shim. roqdagi hududlarni va Tinch xamda Atlantika okeanidagi bir qancha orollarni egallaydi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x