Qorongʻu kechada koʻkka koʻz tikib,
Eng yorugʻ yulduzdan seni soʻraymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir: Men uni tushda koʻramen.
Tushimda koʻramen – shunchalar goʻzal,
Bizdan-da goʻzaldir, oydan-da goʻzal!
Koʻzimni olaman oy chiqqan yoqqa,
Boshlayman oydan-da seni soʻrmoqqa.
Ul-da aytadir: Bir qizil yanoqqa
Uchradim tushimda, koʻmilgan oqqa.
Oqqa koʻmilganda shunchalar goʻzal,
Mendan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!
Erta tong shamoli sochlarin yozib,
Yonimdan oʻtganda soʻrab koʻramen.
Aytadir: Bir koʻrib, yoʻlimdan ozib,
Togʻ va toshlar ichra istab yuramen!
Bir koʻrdim men uni – shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!
Ul ketgach, kun chiqar yorugʻlik sochib,
Undan-da soʻraymen sening toʻgʻringda.
Ul-da oʻz oʻtidan bekinib, qochib
Aytadir: Bir koʻrdim, tushdamas, oʻngda.
Men oʻngda koʻrganda shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!
Men yoʻqsil na boʻlib uni suyibmen,
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zoʻr ishga berib qoʻyibmen,
Men suyib… men suyib kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!
Abdulhamid ChOʻLPON
https://saviya.uz/ijod/nazm/gozal/