GIYOHVANDLIK

GIYOHVANDLIK, narkomaniya, bangilik — narkotik moddalarga oʻrganib qolish, ruju qilish, aniqrogʻi tabiiy yoki sintetik zaharli moddalar (ayrim dori moddalari)ni vaqtincha yoki surunkasiga isteʼmol qilish natijasida kelib chiqadigan kasallik holati. Giyohvandlik organizm somatik va ruhiy holatining chuqur oʻzgarishiga sabab boʻladi va giyohvandni tanazzulga olib boradi. Giyohvandlikda oʻzini toʻxtatib boʻlmaydigan darajada giyohvand moddalarni isteʼmol qilish mayli paydo boʻladi, giyohvand moddaning miqdoriga nisbatan ehtiyoj, ruhiy va jismoniy bogʻliqlik ortib boradi. Giyohvandlik asta-sekin boshlanib, surunkali davom etadi. Giyohvand moddalar dastlab xushnudlik, dimogʻchogʻlik (q. Eyforiya), xotirjamlik hissini uygʻotib, kayf qildiradi, keyin bora-bora bu kasallikka aylanadi. Giyohvandlik 2 zaylda avj olishi mumkin. Birinchi holda vrach buyurgan va bemorning ruhi hamda kayfiyatini oshirish xususiyatiga ega boʻlgan dorilarni uzoq vaqt va notoʻgʻri qabul qilish; ogʻriq, uyqusizlik va b. dardlardan qutilish maqsadida dori miqdori (dozasi)ni oshirib borish; darddan tuzalib doriga unchalik ehtiyoj boʻlmasa ham, uni qabul qilaverish natijasida dorining narkotik taʼsiri va miqdori orta borib, pirovardida giyohvand moddaga moyillik kuchayib, u humor qiladigan boʻlib qoladi. Ikkinchi hol ongli ravishda kayf qilish maqsadida giyohvand moddalarga oʻrganishdir.

Giyohvandlikka, odatda, irodasi kuchsiz, oʻzini tiya olmaydigan, oʻtkir sezgilarni oʻzida sinab koʻrishga qiziquvchan, ruhan zaif va oʻta xudbin kishilar beriluvchan boʻladi. Yoshlar tarbiyasidagi nuqson va kamchiliklar, giyohvand moddalarni isteʼmol qilib yuruvchi katta yoshdagilarga taklid va havas, oiladagi noxush sharoit (ota-onaning ichkilikboz yoki giyohvand boʻlishi) hamda giyohvand moddalarning oson topilishi yoki qoʻl ostida boʻlishi ham Giyohvandlikka sabab boʻlishi mumkin. Giyohvandlikka mubtalo boʻlganlarda xastalik borgan sari kuchaya borib, odatda, kutilmagan yomon oqibatlarga olib keladi. Giyohvandlik eyforiyasida, yaʼni kayfi chogʻlikda 2 bosqich kuzatiladi: qisqa muddatli —1-5 daqiqa davom etadigan oʻtkir hissiyotli bosqich (haqiqiy eyforiya) va uzoq (1—3 soat) choʻziladigan boʻshashish, tinchlanish davri. Bu bosqichlarning qisqa yoki uzoq boʻlishi qanday giyohvand modda qabul qilinganiga va miqdoriga bogʻliq. Giyohvandlikning hamma turi ham oʻz rivojida giyohvand moddalarga oʻrganib qolish yoʻli bilan Giyohvandlik sindromining shakllanishiga olib keladi. Bu sindromning rivojlanishida ham 3 bosqich farqlanadi:

1) giyohvand moddaga nisbatan organizm reaktivligining oʻzgarishi va ruhiy bogʻlanishning paydo boʻlishi;

2) xumor (abstinent) sindromi koʻrinishida jismoniy bogʻlanishning yuzaga kelishi;

3) organizm barcha sistemalarining zaiflashishi (tolerantlikning pasayishi, yaʼni giyohvand moddalarning avvalgi miqdorini koʻtara olmaslik, xumorning surunkali davom etishi va ayrim hollarda polinarkomaniya ning vujudga kelishi). Giyohvandlikka mubtalo boʻlgan kishi giyohvand moddalarni qayta-qayta va koʻproq miqdorda isteʼmol kila boshlaydi. Keyinchalik esa giyohvand moddalarsiz turolmaydigan boʻlib qoladi. Bunday ahvoldan qutilish va oʻzini bir oz yengil his qilish uchun yana giyohvand moddaga ruju qiladi va oxir-oqibat giyohvand moddalarga hirs qoʻyish kelib chiqadi. Organizmning dastlabki himoya reflekslari (koʻngil aynishi, qusish) yoʻqoladi. Bu davrda organizmda giyohvand moddalarga nisbatan moyillik shu darajada kuchayib ketadiki, goʻyo bu moddalar avvalgi taʼsir kuchini yoʻqotgandek boʻlib qoladi, endi avvalgidek eyforiya (kayf) holatini his qilish, xumorni tarqatish uchun oʻsha moddadan koʻproq miqdorda qabul qilgisi keladi. Oldiniga giyohvand modda birmuncha yoqimsiz taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, keyinchalik goʻyoki uning holatini «normallashtirganga» oʻxshaydi, bemor oʻzini birmuncha yaxshi his qiladi, ish qobiliyati, ruhi goʻyo tetiklashadi, pirovardida u haqiqiy giyohvand boʻlib qoladi. Giyohvandlarda avval ruhiy oʻzgarishlar (tajanglik, kayfiyat buzuqligi, xotira pasayishi) paydo boʻlgan boʻlsa, keyinchalik jismoniy oʻzgarishlar — jismoniy bogʻlanib qolish sindromi (terlash, yurak urishi, ogʻiz qurishi, ozib ketish, qoʻl-oyoqning titrashi va b.) roʻy beradi. Agar giyohvand oʻz vaqtida narkotik moddani qabul qilmasa, organizmda kuchli ruhiy va jismoniy oʻzgarishlar, yaʼni giyohvandlikka xos ogʻir holat — xumorlik (q. Abstinensiya) sindromi paydo boʻladi. Giyohvandlik opiomaniya (afyun qabul qilish), morfinizm, geroinizm koʻrinishida boʻladi. Giyohvandlikning nashavandlik, kokainizm, nikotinizm (tamakiga ruju qilish), teizm (achchiq choy ichish) va b. turlari ham uchraydi. Ikki yoki undan ortiq xil giyohvand moddani surunkali qabul qilish — pol i narkomaniya deyiladi. Giyohvandlikning hamma turida ham organizm zaharlanadi va u juda ogʻir kechadi.

Yer yuzining turli mintaqalarida Giyohvandlikning ayrim turlari kuzatiladi. Giyohvandlikning geroinizm turi keyingi vaqtda juda keng va fojiali tarzda tarkalib bormoqda. Giyohvandlik avj olishining oldini olish uchun ayrim mamlakatlarda tegishli tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan OʻzRda Giyohvandlikka qarshi kurash qoʻmitasi tashkil qilinib, davlat dasturi ishlab chiqilgan. Respublikada narkologiya markazi tashkil qilingan va bu markazda narkologiya boʻyicha olim va mutaxassislar tomonidan malakali kadrlar tayyorlanib, ular mamlakat mintaqalarida Giyohvandlikka karshi keskin kurash olib boradi. Giyohvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlar asosan shifoxona (statsionar) sharoitida 2—4 oygacha davolanib, 4—5 yilgacha ambulatoriya kuzatuvi va hisobida boʻladilar. Oʻzbekistonda giyohvand vositalarni i. ch. va sotish bilan shugʻullangan kishilar jinoiy javobgarlikka tortiladi (q. Giyohvandlik vositalari).

Mirqobil Xalilov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x