Hali maktabga qatnamasdim. Kuz pallasi tomogʻimga tepki kelib, boʻynim shishib ketdi. Oyim irimini qilish uchun “Girgitton buvi”nikiga olib chiqdi.
Dunyoda “Girgitton buvi”dan muloyim, undan mehribon odam boʻlmasa kerak. Hamma bilan “buving girgitton” deb aylanib-oʻrgilib koʻrishadi…
Buvining hovlisiga kirsak, etakdagi devor tagida allaqancha yongʻoq dumalab yotibdi. Kechasi shamolda toʻkilgan boʻlsa kerak. Yugurib borib tera boshladim. Bir mahal ayvon tomondan “Girgitton buvi” ning ovozi keldi:
– Hay-hay, girgitton, tegma, tegma yongʻoqqa!
Shunday deb ildam keldi-da, qoʻlimdagi yongʻoqlarni olib, pastak devor osha naryoqqa uloqtira boshladi. Soʻng xazon orasida yotgan boshqa yongʻoqlarni ham enkayib tergancha, devor ortiga tashladi. Buvining bunday “qizgʻanchiq”ligiga hayron boʻlib turib qoldim. Nihoyat, toʻkilgan yongʻoqlar qolmaganiga ishonch hosil qilgach, qoʻlimdan yetakladi.
– Yuraqol girgitton, sanga boshqa yongʻoq beraman!
Pastak bostirmaga olib kirdi-da, savatda uyilib yotgan yongʻoqlarni hovuchlab olib, doʻppimni toʻldirib berdi…
Soʻng tushuntirdi:
– Devorning naryogʻida qoʻshnining yongʻogʻi bor. Sen tergan yongʻoq qoʻshnining daraxtidan toʻkilgan boʻlishi mumkin. Birovning haqini oʻzidan soʻramasdan olsa gunoh boʻladi, girgitton!..
Bu gaplarni unutib yuborgan edim-ku, oradan koʻp yillar oʻtib tagʻin yodimga tushdi.
Yaponiyadan bir guruh martabali mehmonlar kelishdi. Ular orasida Yaponiya parlamenti rahbarlaridan biri ham bor edi. Shu kishiga hamroh boʻlib Samarqandga bordik. Mehmon ikkovimiz va tarjimon bir mashinada ketyapmiz. Samarqand qishloq tumanidan borayotib, yashnab yotgan bogʻ oldidan oʻtdik. Yoʻl cheti keta-ketguncha shaftolizor. Zargʻaldoq shaftolilar gʻarq pishgan. Har biri kichikroq choynakdek keladi. Mehmon nimanidir zavqlanib gapirdi. Tarjimon mehmon janoblari bu bogʻ kimniki ekanini soʻrayotganlarini aytdi. Yaponiya, Koreya, Xitoy singari mamlakatlarda shaftoliga ayricha ixlos qoʻyishlarini eslab, haydovchidan mashinani toʻxtatishini soʻradim. Yoʻl chetidagi ariqchadan hatlab oʻtib, qoʻlimga siqqancha shaftoli uzib oldim. Buni qarangki, nariroqda temir quvurdan suv oqib turgan ekan. Shaftolilarni chayib, olib keldim. Mehmonga uzatdim. Mehmon odob bilan jilmaydi, ammo qatʼiyan bosh chayqadi. Oʻz tilida hayajonlanib, bir nima dedi.
– “Mumkinmas”, deyapti, – dedi tilmoch tarjima qilib.
– Tashvishlanmang, janob, – dedim tushuntirib. – Boyagi suv iflos emas, vodoprovod kranining suvi. Bu tuman toʻliq vodoprovodlashgan. Bemalol yeyavering, mana, oʻzim boshlab bera qolay.
Mehmon tagʻin bosh chayqadi. Tarjimonga bir nimalarni kuymanib tushuntirdi.
– Mumkin emas! – dedi tarjimon mehmonning gapini soʻzma-soʻz agʻdarib. – Janob shaftolining egasiga haq toʻlamadilar. Shuncha mevani soʻroqsiz olib chiqdilar. Mumkinmas.
Biz oʻtib borayotgan joy menga begona emasligini, bu yerga koʻp kelganimni, tumanning hokimi yaqin tanishim ekanini aytdim.
Baribir, gaplarim ishonchsiz chiqayotganga oʻxshayotganini oʻzim ham sezib turardim…
…Koʻz oʻngimda ikki buklangancha yongʻoq terib, pastak devordan qoʻshninikiga uloqtirayotgan “Girgitton buvi” paydo boʻlib qolgandek edi.
…Shunda dunyodagi butun bashariyatni Olloh yaratganiga, ular orasida feʼl-atvori, insof-vijdoni bir-biriga juda oʻxshashlari oz emasligiga yana bir karra imon keltirdim…
Oʻtkir HOSHIMOV
https://saviya.uz/ijod/nasr/girgitton-buvi-ning-yapon-nevarasi/