Madaniyat vazirligi diqqatiga!
Tarixiy manbalarga qaraganda, Govkushon madrasasi Buxorodagi joʻybor shayxlari tomonidan shayboniylar hukmronligi davrida, XVI asrda bunyod etilgan.
Madrasa va masjidning oʻrtasidan Shohrud arigʻi oʻtgan. Madrasaning nomi mahalla nomi bilan bogʻliq. Bundan tashqari, Govkushon degan qassoblar bozori va mahalla boʻlgan.
Govkushon madrasasi haqidagi rasmiy maʼlumotlar uning Mustaqillik yillarigacha va mustaqillikdan keyin meʼmoriy obidaning taʼmir talab qismlari qayta tiklanib, madrasa atrofi koʻkalamzorlashtirilgani, xorijlik sayyohlar va yurtimiz ziyoratchilarining sayilgohiga aylangani haqida xabar beriladi. Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan barcha obidalar qatorida qayta taʼmirdan chiqqani, YUNYeSKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgani, davlat muhofazasiga olingani ham istisno etilmaydi.
Aslida madrasa qarovsiz holga kelib qolgani uchun bugungi kunda bu yerdan sayyohlarni olib oʻtishmaydi. Adashib-netib qolgan chet elliklar gʻishtlarni paypaslab, bosh chayqashadi, ichlari achiydi, chunki ular shunday obidalarni koʻraman deb olis-olis yurtlardan katta-katta pullar sarflab kelishadi.
Abdulla Qahhor “madaniyat tarixiga aloqador boʻlsa gurjilar otning taqasini devordagi gilamga osib qoʻyishadi”, degan edi. Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizning sayyohlik jozibadorligini yanada oshirish maqsadida qaror va farmonlar, tegishli hujjatlar qabul qilinayotgan bugungi kunda ham mutasaddi tashkilotlar bunday manzaralarga befaraq qarashlari mumkinligini birovga aytsang ishonmaydi. Ammo haqiqiy manzarani oʻz koʻzi bilan koʻrgach, yoqa tutamlamoqdan oʻzga iloj topolmay qoladi. Nima dedingiz?
Shoyim BOʻTAYEV
“Xalq soʻzi” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/gilamdagi-otning-taqasi-yoxud-sayyohlarni-achintirgan-qadimiy-devorlar/