GETEROZIS

GETEROZIS (yun. heteroisis — oʻzgarish, farqlanish) — duragay quvvatining namoyon boʻlishi, yaʼni duragaylar koʻrsatkichining ota-onaning oʻrtacha koʻrsatkichlari yoki ota-onadan birining yaxshi koʻrsatkichlariga nisbatan ustun kelish hodisasi. «Geterozis» terminini fanga amerikalik genetik G. Shell kiritgan (1914). Geterozis qarindosh boʻlmagan shakllarni; har xil liniya, zot (nav) va hamma turlarni oʻzaro chatishtirishdan olingan birinchi avlod duragaylari uchun xos. Keyingi avlodlarda (duragaylar oʻzaro chatishtirilganda) uning samarasi susayadi va yoʻqoladi.

Geterozis gʻoʻzada vegetativ organlarning kuchli rivojlanish (somatik Geterozis), urugʻ mahsuldorligi (reproduktiv Geterozis), shuningdek polimer genlar boshqaradigan miqdoriy tartibdagi qimmatli xoʻjalik belgilari boʻyicha kuzatiladi.

Geterozis ijobiy va salbiy boʻlishi mumkin. Ijobiy Geterozisda birinchi avlod duragayi — F, koʻrsatkichlari ota-onaning har ikkisinikidan ham ustun, salbiy F, da esa pastroq boʻladi. Turlararo duragaylashning eng yaxshi kombinatsiyalarida birinchi avloddagi Geterozis 50—100% ga yetadi. Tetraploid turlarning tur ichidagi duragaylarida Geterozis sustroq boʻlib, 30—40%ni tashkil etadi.

Makkajoʻxorining oddiy va qoʻsh liniyalararo duragaylari umumiy don hosilini 20—30% oshirishga imkon beradi. Geterozisning genetik asosi — gen ichidagi, genlararo oʻzaro taʼsir munosabatlariga asoslangan. Geterozisning asosida yotuvchi geterozigotalikning ahamiyatini isbotlovchi dalillardan biri tabiiy populyatsiyalardagi individlarning koʻp sondagi genlar boʻyicha geterozigotaligidir. Q. x. da makkajoʻxori, pomidor, piyoz, bodring, tarvuz, beda va b. ekinlarning duragay urugʻlarini yetishtirish usullari ishlab chiqilgan. Chorvachilikda Geterozis hodisasi duragaylash, zotlararo va zot ichida chatishtirishda kuzatiladi va q. x. hayvonlari mahsuldorligini oshirishni taʼminlaydi.

Sharifjon Toʻrabekov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x