GENLAR DREYFI

GENLAR DREYFI (gollandcha drijven — suzmoq, quvib haydamoq) , genetik-avtomatik jarayonlar — tasodifiy omillar taʼsirida qator avlodlar davomida populyatsiyalarda genlar chastotasining oʻzgarishi. Genlar dreyfi, odatda, populyatsiyalar irsiy oʻzgaruvchanligining pasayishiga olib keladi. Genlar dreyfi tabiiy ofatlar (oʻrmonlarning yonishi, suv toshqini), zararkunapdalarning keng tarqalishi va b. natijasida populyatsiya individlari soni keskin kamayib ketganida aniq namoyon boʻladi. Genlar dreyfi tazyiqi ostida populyatsiya genotipik tarkibi dinamikasining xarakterli xususiyati gomozigotlanish jarayonining kuchayishidan iborat. Bu hodisa populyatsiya arealining torayishi tufayli yaqin qarindosh individlar oʻrtasidagi chatishish imkoniyatining ortishi bilan bogʻliq. Natijada tasodifiy ravishda genlar chastotalarining oʻzgarishi tufayli ayrim allellarning saqlanib qolishi, boshqasining yoʻqolishi roʻy beradi. Ajralish paytida vujudga kelgan baʼzi gomozigotali formalar yangi muhit sharoitiga moslanishda qimmatli boʻlib chiqishi va ular tabiiy tanlanish taʼsiriga uchrab, keyinchalik populyatsiya individlari sonining orta borishi bilan keng tarqala boshlashi mumkin. Genlar dreyfi nazariyasi 20-a. ning 40-y. larida amerikalik genetik S. Rayt hamda undan mustaqil ravishda rus olimlari D. D. Romashov va N. P. Dubininlar tomonidan ishlab chiqilgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x