GELIOGEOFIZIKA

GELIOGEOFIZIKA (gelio… va geofizika) — Quyoshda boʻladigan jarayonlarning geofizik hodisalarga taʼsirini oʻrganadigan ilmiy yoʻnalish. Kuyoshning sokin holatdagi nurlanishi (unda faol jarayonlar yoʻq vaqti) vaqt boʻyicha bir xil spektrning hamma diapazonidagi elektromagnit nurlanishidan (rentgen, ultrabinafsha, koʻrinuvchi, infraqizil va radiodiapazondagi) va korpuskulalarning kuchsiz oqimi (asosan, elektron va protonlar)dan iborat. Yuqorida qayd etilganlardan Yer yuzasiga faqat koʻrinuvchi va radionurlanishlar yetib keladi. Koʻrinuvchi nurlanishlar troposfera va gidrosferami kelayotgan asosiy quvvat (energiya)ni yetkazadi va ularning issiqlik va dinamik holatini belgilaydi. Ultrabinafsha va rentgen nurlanishlar atmosferaning yuqori katlamlarini ionlashtiradi (ionosfera qatlamini hosil kiladi) va shu usulda uzoq masofalarda qisqa toʻlqinda radioaloqalar oʻrnatish imkonini beradi. Korpuskulyar nurlanish Yerning radiatsion belbogʻini hamda Quyoshdan qaramaqarshi tarafga yoʻnalgan Yer magnitosferasi dumini zarralar bilan toʻlatib turadi. Quyoshda faol jarayonlar paydo boʻlganida rentgen, ultrabinafsha va radiodiapazondagi nurlanishlar kuchayadi va korpuskulyar oqimlar sekundiga bir necha yuz km va undan ham yuqori tezlikda purkala boshlanadi. Qisqa toʻlqinli nurlanishlarning kuchayishi ionosfera qatlamlarining zichligini oshiradi, bu esa Yerning kunduzgi qismida qisqa toʻlqinda radioaloqalarning susayishiga yoki yoʻq boʻlishiga va uzun toʻlqinda radioaloqalarning yaxshilanishiga olib keladi. Korpuskulalar radiatsion belbogʻlarni toʻyintirib, oʻzlari ham katta tezlanish oladi va Yer qutblarida atmosferaning ionosfera qatlamlariga yetib keladi. Bundan radioaloqalarni buzadigan, qutb yogʻdoʻsini va tungi osmon yorugʻligini kuchaytiradigan, zaryadlangan zarralar oqimining harakati natijasida magnit boʻronlarini keltirib chiqaradigan anomal ionlashish paydo boʻladi. Magnit maydonning toʻlqinlanishi har xil elektr uskunalarining tok oʻtkazgichlarida induksion tok hosil qilib bu uskunalarning ishiga xalaqit beradi. Korpuskulyar oqimlar Yer atmosferasi sirkulyatsiyasi xarakterini ham oʻzgartirib, Yer oʻziga oladigan issiqlikning umumiy miqdorini oʻzgartirmagan holda uning Yer yuzida qayta taqsimlanishiga olib keladi, bu ob-havoning oʻzgarib ketishiga olib kelishi xam mumkin. Geliogeofizika yordamida Quyosh korpuskulalari bilan bogʻliq boʻlgan elektromagnit maydonlarning Yer biosferasidagi har xil oʻzgarishlarga taʼsiri ham oʻrganiladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x