GALVANOTEXNIKA

GALVANOTEXNIKA — amaliy elektrokimyottt bir sohasi; metall va metallmas buyumlar sirtiga elektrolitik usulda metall qoplash jarayoni. Galvanotexnikani rus olimi B. S Yakobi kashf etgan va texnik jihatdan asoslab bergan (1838). Galvanotexnika elektr kristallanish, yaʼni metall birikmalarning suvdagi eritmasi orqali elektr toki oʻtkazilganda metallarning musbat zaryadlangan ionlari katodga oʻtirishi xossasiga asoslangan (q. Elektroliz). Elektrolitning turi va tarkibini, elektroliz rejimini (tok zichligi, t-ra va aralashtirish jadalligini) oʻzgartirib, Galvanotexnika jarayonlarini rostlab turish mumkin. Galvanotexnika asosan ikki kismdan — galvanostegiya va galvanoplastikadan iborat. Galvanostegiya — buyum sirtida mustahkam yupqa metall qoplama hosil qilish, galvanoplastika — turli buyumlar (matritsalar)dan qalin aniq nusxalar koʻchirish. Bulardagi barcha jarayonlar galvanik vannalarda oʻtadi. Ishlatiladigan elektrolit tarkibiga qarab, bunday vannalar keramika, sirlangan choʻyan, poʻlat, organik shisha va b. materialdan yasalishi mumkin. Galvanostegiya galvanoplastikaga Karaganda koʻproq qoʻllaniladi. Undan maqsad: tayyor buyumlar yoki yarim fabrikatlarning korroziyabardoshligini yaxshilash»(ruxlash, kadmiylash, qoʻrgʻoshinlash yoʻli b-n), ishqalanuvchi yuzalarning yeyilishga chidamliligini oshirish (xromlash, temirlash yoʻli b-n), sirtlarga himoya-bezak berish (nikellash, xromlash, qimmatbaho metallar qoplash yoʻli b-n) va b. Galvanostegiya avtomobilsozlikda, aviatsiya, radiotexnika, elektronika sanoatida, roʻzgʻor buyumlari ishlab chiqarish va b. sohalarda keng qoʻllaniladi.

Galvanoplastika nusxasi olinadigan buyum (matritsa)larning teskari sirtlarini tayyorlash usullari va qoplanadigan metallning ancha (oʻnlarcha va yuzlarcha marta) qalinligi bilan galvanostegiyadan farq qiladi. Matritsalar metall yoki nometall materialdan, qoplanadigan material (nusxa materiali) esa mis, temir va b. materiallardan boʻlishi mumkin. Nusxa materiali sifatida mis keng tarqalgan, temir esa qoplagich sifatida kamroq qoʻllaniladi. Nikel ham qoplagich sifatida keng ishlatiladi. Relyefli (boʻrtma) buyumlar (medal, tanga va b.) nusxalarining aniq tasvirini galvanoplastika usuli b-n olish usuli keng tarqalgan. Bu usul b-n buyumning fazoviy tasvirini yoki nusxasini olish uchun mum yoki gipsdan uning aniq nusxasi yasaladi. Nusxa sirti elektr oʻtkazuvchan boʻlishi uchun unga grafit kukunlari sepiladi. Shundan keyin buyumning nusxasi katod sifatida tegishli metall tuzining eritmasi solingan elektrolitik vannaga tushiriladi. Elektroliz vaqtida buyumning metall nusxasi hosil kilinadi.

Galvanoplastika matbaada (q. Galvanostereotipiya), grammplastinka matritsalarini tayyorlashda, elektrometallurgiya va texnikaning boshqa sohalarida keng ishlatiladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x