“Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissasiga bildirilgan shaxsiy fikrlar

Xabaringiz boʻlsa kerak, yaqinda oʻzbek bolalar adabiyotida “katta portlash” sodir boʻldi. Balki buni hali sezib ulgurmagan boʻlsangiz, ushbu post aynan siz uchun. Yaqinda “Akademnashr” nashriyoti tomonidan Saʼdullo Quronov qalamiga mansub “Galaktikada bir kun” deb nomlangan ilmiy-fantastik qissa nashr qilindi. Ushbu qissa bolalar uchun atalgan boʻlsa ham, men uni bemalol kattalar ham oʻqisa boʻladi deb oʻylayman. Shu vaqtgacha oʻzbek bolalar adabiyotining qiroli hisoblangan Xudoyberdi Toʻxtaboyevning sehrli qalpoqcha kiygan Hoshimjoni, ana endi oʻrnini “Koʻkkezar” sohibi Ahmadga boʻshatib berishiga toʻgʻri keladi. Ushbu qissani hali qoʻlyozmalik vaqtidayoq oʻqigan edim. Muallif qissa haqida fikrlarimni aytish uchun uni menga bergan edi. Toʻgʻrisini aytaman, adabiyot vakilining jiddiy ilm-fanga burun suqishini unchalik yoqtirmayman, ayniqsa ilmiy-fantastik asarni ilmga umuman daxli boʻlmagan odam yozishi ilm kishisini unchalik xursand qilmaydi. Lekin bilasizmi, asarni bir oʻtirishda, bir kechada oʻqib chiqdim. Oʻzim bilan tengdosh, filologiya boʻyicha PhD darajasiga ega ushbu yigit koʻz oldimda butunlay boshqacha shakllana boshladi. Asarda Ahmad ismi yosh yerlik bolakayning butun galaktika boʻylab sayohati haqida soʻz yuritiladi, unga Salmir sayyorasidan boʻlgan Margol hamrohlik qiladi. Qoʻlimdagi qissa shunchaki fantastik asar emas edi, u chinakam ilmiy-fantastik qissa edi. Erta tong boʻlishini ham kutmay yarim tundayoq fikrlarimni muallifga yozib yuborgan edim. Bu qissa timsolida oʻzbek bolalar adabiyotida yangi yulduz tugʻilganiga ishonchim komil edi. Asar haqida fikrlarimni qisqacha bayon qilib oʻtaman:

1) Agar asarga eʼtibor bersangiz umumiy holatda muallif asar markaziga hazrati insonni ulugʻlash tamoyilini qoʻyadi. Bu haqida hech qayerda aytilmasa ham asar soʻnggiga yetgach buni his qilasiz. Asar qahramonlarining deyarli barchasining ismi islomiy ekanligi, bosh qahramon Ahmadning xulq-atvori uning haqiqiy moʻmin bolakay ekanligini koʻrasiz. Fikrimcha asar muallifi islom diniga yuksak hurmat ruhida tarbiyalangan, aks holda bu narsa asarda bu qadar tabiiy aks etmas edi. Mana shu jihatdan asar menga juda ham yoqdi.

2) Asarning ilmiy fantastik qissa ekanligini aytdim. U yerda fizika, astronomiya, astrofizika bilimlaridan oʻta daqiq tarzda foydalanilgan. Agar muallifni oldindan tanimaganimda bu asarni yo fizik yoki astronom yozgan deb oʻylagan boʻlar edim. Asar xuddi Jyul Vern asarlarini yodga soladi. U yerda aytilayotgan fantastik voqealar yozuvchining mutlaq xayolot mahsuli emas. Aksincha har bir epizod hozirda aniq mavjud ilmiy yangiliklar, kashfiyotlarga asoslanilgani yaqqol koʻzga tashlanadi. Asar davomida medaga tegmaydigan tarzda koinot, galaktika, borliq, sayyoralar, yulduzlar, yorugʻlik tezligi, uning oʻlchami shu qadar mohirlik bilan tasvirlanadiki, bu borada muallifning oʻta katta mehnat qilgani shubhasiz.

3) Muallif qissada juda mashhur tarixiy voqealarga murojaat qiladi. Masalan, Nyutonning boshiga olma tushib ketishi, Luvr muzeyidan Mona Liza asarining oʻgʻirlanishi, Mirzo Ulugʻbekning Ali Qushchiga yashirish topshirilgan sirli xazinasi va h. k. Ushbu mashhur voqealar asarga shu qadar tabiiy tarzda singitib yuborilganki, beixtiyor nahotki deb yuborasiz. Mana shu joyida maqtanib qoʻymasam boʻlmaydi. Nyuton boshiga olma tushish epizodining qissaga qoʻshilishida kaminaning hissasi bor. Mening tavsiyamga koʻra muallif aynan mana shu epizodni asarga qoʻshib ketgan edi 😎.

4) Shu bilan birga muallif ayni bugungi kundagi jahonning eng global muammolaridan biri boʻlgan ekologik muammolarning kelajakda qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ham mahorat bilan bashorat qilib oʻtadi. Bu jihatlar qissani oʻqigan bolada mazkur holatlar haqida tafakkur qilishga kuchli turtki boʻladi.

Muallif asardagi tasvirlagan galaktikada yuzgan voqeliklarni mantiqiy izchil ravishda bir-biriga bogʻlaydi. Qisqa qilib aytilganda, asarda tasvirlangan devordagi miltiq otilmasdan qolmaydi.

Har doimgi odatimga koʻra voqealar rivoji haqida toʻxtalmayman. Uni albatta oʻzingiz oʻqishingiz kerak, sizni davomi nima boʻlar ekan deydigan farahli hissiyotdan mosuvo qilishni istamayman)) Asar haqidagi salbiy fikrlarimni bildirmaganimga meni ilgaridan bilganlar hayron boʻlayotgandir, bunga ham javob berib oʻtaman. Asarni hali qoʻlyozmalik vaqtida oʻqiganimdayoq har bir qismiga oʻz fikrlarimni, izohlarimni, tavsiyalarimni, menga koʻringan kamchiliklarni muallifning oʻziga koʻrsatib oʻtganman. Kuni kecha asarni bosmadan chiqqandan keyingi holatini qaytadan oʻqib chiqdim. Muallif bildirgan fikr va takliflarimni hisobga olgan holda asarni yaxshigina sayqallabdi.

Agar hali ham bu qissani oʻqimagan boʻlsangiz, tavsiya qilaman. Bir narsani oldindan aytishim mumkinki, asarni oʻqib boʻlgach muallif bilan koʻrishib bir savolning javobini soʻragingiz keladi: “Qissaning davomini yozasizmi?”

 

Baxtiyor Sheraliyev

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/galaktikada-bir-kun-ilmiy-fantastik-qissasiga-bildirilgan-shaxsiy-fikrlar/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x