GʻOʻZA BITI, poliz biti (Argpz §058ur1 S1OU.) — tengqanotli xartumlilar turkumi oʻsimlik bitlari oilasiga mansub hasharot. Barcha paxta ekiladigan mamlakatlarda tarqalgan. Tirik tugʻib koʻpayadigan qanotsiz urgʻochisining (erkagi boʻlmaydi) tuxum shaklidagi (ovalsimon) tanasi 1,25 — 2,1 mm. Shira naychalari qora. Voyaga yetgan bitlar va lichinkalarning rangi mavsum va oʻzi yashayotgan oʻsimlik rangiga bogʻliq holda oʻzgaradi. Moʻylovlari 6 boʻgʻimli, sariq, uz. tanasining 2/3 qismigacha; koʻzi qora; oyoqlari sariq. Lichinkasi voyaga yetgan urgʻochisidan kichikligi va tanasining yorqin rangi bilan farq qiladi. Nimfasi och kulrang. Qanotli urgʻochilar tanasi choʻziqroq (1,2—1,9 mm), boshi va koʻkragi qora, qorni sargʻish yoki toʻq yashil, qanotlari tiniq; qanoti lichinkaning ikkinchi yoshida shakllana boshlaydi. Gʻoʻza bitining jinsiy avlodi yoʻqolgan boʻlib, rivojlanish sikli toʻliq emas; partenogenez yoʻli bilan (qiz holicha, urugʻlanmasdan) koʻpayadi, yaʼni urgʻochilari 20—60 lichinka tugadi. Qanotsiz urgʻochilar, baʼzan esa lichinka holida sovuqqa chidamli begona oʻtlar (asosan gulxayrining ildiz boʻgzi yaqinidagi barglar)da qishlaydi. Qishlov davrida ularning koʻpchiligi nobud boʻlib, bahorgacha juda kam qoladi. Apr. da Gʻoʻza biti juda jadal koʻpayib, ular orasida qanotli individlar ham paydo boʻla boshlaydi. Qanotlilari har tarafga tarqalib, begona oʻtlarga oʻtadi va gʻoʻza nihollarini ilk rivojlanish davrida zararlaydi. mavsumda 20 ga yaqin avlod beradi. Gʻoʻza biti barg shirasini soʻradi va ular bujmayib, qurib qoladi. Kuzda paxta tolasi hasharot ajratgan modda tufayli bir-biriga yopishib ifloslanadi va shu yerda saprofit zamburugʻlarning rivojlanishiga sharoit yaratiladi. Natijada tola qorayib, buziladi (qora shira).
Kurash choralari: begona oʻtlarni yoʻq qilish, oʻsimlik qoldiqlarini yigʻib olish, gʻoʻzaga insektitsidlar purkash.