Gʻarbda Alisher Navoiy asarlarini oʻqishga ehtiyoj katta

Bobokalonimiz Alisher Navoiy ijodi xorijiy mamlakatlarda ham sevib oʻqilib, asarlari bot-bot tarjima qilinmoqda. Amerika Qoʻshma Shtatlarining Massachusets shtatida istiqomat qiluvchi adabiyotshunos, yozuvchi va shoir Denis Deli koʻp yillik izlanishlari tufayli Alisher Navoiyning gʻazallarini ingliz tiliga oʻgirdi hamda “Cervena Barva Press” nashriyotida “Alisher Navoiyning yigirma bir gʻazali” (“Twenty one ghazals by Alisher Navoiy”) deb nomlangan kitobni chop ettirdi.

Toʻplam xorijliklar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Muxbirimiz yaqinda Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlganida, Denis Deli bilan uchrashib, uning fikr-mulohazalarini yozib oldi.

– Qizim Jenifer Deli 2001 yilda Urganchda ishlardi, – deydi Denis Deli. – Men uni koʻrib kelish niyatida mamlakatingizga safar qildim. Moʻynoq, Orol dengizi, Samarqand, Buxoro, Xiva, ularning mahobatli tarixi, muqaddas qadamjolari bilan tanishdim. Oʻzbekiston haqidagi ilk taassurotlarimni oʻsha kezlarda olganman. Bir kuni qizim safar davomida Alisher Navoiy sheʼriyati va u yashagan zamon – temuriylar davri haqida gapirib berdi. Shundan soʻng Navoiy ijodi va sheʼriyatiga qiziqib qoldim. Keyinchalik AQSHning nufuzli kutubxonalariga borib, Navoiy haqida koʻproq maʼlumot toʻplashga harakat qildim.

Alisher Navoiy – buyuk shoirlardan biri. Italiyaliklar uchun Dante qancha qadrli boʻlsa, Navoiy ham oʻzbeklar uchun shunchalik buyuk shaxs. Qisqa vaqt ichida uning barcha ijodi bilan tanishish mushkul. Buning uchun bir insonning umri yetmaydi. Men uning ingliz, rus, fransuz tillaridagi tarjima asarlarini koʻzdan kechirdim.

Angladimki, Alisher Navoiy ijodiga butun dunyoning qiziqishi hamon davom etib kelmoqda. Ulugʻ shoir ijodining bir qatrasini kashf qilgan kishi borki, hayratini yashira olmaydi. Tezroq Navoiy haqida zamondoshlariga xabar bergisi, uning yozganlarini oʻz ona tiliga oʻgirgisi kelaveradi. Men bunga aminman. Masalan, mamlakatingizda Alisher Navoiy ijodi haqida ilmiy tadqiqot olib borgan kanadalik Harri Dik Navoiyga “Dunyoni maʼnaviy tanazzuldan qutqara oladigan koʻngil bogʻining bogʻboni” deya taʼrif beradi va “Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga tarjima qiladi. Bular qatoriga “Farhod va Shirin”ni ukrain tiliga tarjima qilgan shoir Nikolay Bajan, polyak tarjimoni Yanush Kjijovskiyni ham qoʻshish mumkin.

Navoiy ijodi shunchalik serqirraki, uning tarjimasiga qoʻl urish uchun, avvalo, islom dini gʻoyasi va qarashlari, turkiylar madaniyati, yashash tarzi, soʻzlarning kelib chiqish etimologiyasini ham bilish juda zarur ekan. Qisqasi, Alisher Navoiy oʻz ijodi bilan menga chinakam izlanishni oʻrgatdi. Tarjima jarayonida hatto bir soʻz uchun necha kunlab kitob varaqlashga, sharqshunos doʻstlarimdan maslahat soʻrashga toʻgʻri keldi. Bildimki, dastlab Navoiy gʻazallarining asl maʼnosini toʻliq tushunib, his etish kerak ekan. Keyin asl maʼnodan uzoqlashmagan holatda nazm bayoniga oʻtdim. Shu tariqa juda mashaqqat bilan hazratning 21 gʻazalini ingliz kitobxonlariga taqdim etdim. Bor imkoniyatimni ishga soldim. Toʻplamdagi baʼzi gʻazallar tarjimasida ancha qiynaldim, buni tan olaman. Chunki ularda ishqiy tuygʻular zamirida ilohiy ishqqa ishora mavjud. Ikki holatni ham tarjimada yetkazib berish nihoyatda qiyin. Navoiy ijodining oʻziga xos jihati aslida mana shunda, deb oʻylayman.

Kitob nashr etilgach, unga boʻlgan qiziqish oshib ketdi. Oʻzimdan soʻrovchilar ham koʻp boʻldi. Natijada imkon qadar uni koʻproq tarjima qilish kerak, degan xulosaga keldim.

Qizimning oʻzbek, rus tillarini bilishi menga Navoiy gʻazallarining ingliz tilidagi badiiy matnini yaratish imkonini berdi. Tarjimam mukammal darajada, deb aytolmayman. Biroq shoir ijodini imkon boricha tezroq amerikaliklarga, oz boʻlsa-da, yetkaza oldim.

Albatta, Navoiy asarlarini ingliz tiliga yanada koʻproq tarjima qilish uchun menga ingliz va oʻzbek tilini puxta biladigan hamkorlar kerak. Oʻzbek olimlari va adabiyotshunoslari bilan hamkorlik qilish niyatidaman. Chunki Garvardda ilmiy tadqiqot olib borgan kezlarimda universitet kutubxonasida Navoiyning turk tilidagi tarjimasini koʻrganman. Hali oʻrganilgani yoʻq. Navoiydek ulugʻ ijodkorni gʻarbliklarga koʻproq tanishtirish uchun esa mening kichik tarjima kitobim dengizdan bir tomchi, xolos. Odamlar uni koʻproq oʻqishsa deyman. Navoiy haqida koʻproq bilishlarini istayman. Buning eng asosiy sababi, Gʻarb dunyosining umuminsoniy gʻoyalar, falsafa va ishq, asliyatga intilish, soʻfizm, naqshbandiya gʻoyalarini oʻz sheʼriyatida aks ettira olgan Alisher Navoiydek shoirlar ijodini oʻqishga ehtiyoji katta.

 

“Xalq soʻzi” muxbiri Elyorjon EHSONOV yozib oldi.

AQSH, Massachusets shtati

 

“Xalq soʻzi” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/garbda-alisher-navoiy-asarlarini-oqishga-ehtiyoj-katta/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x