Fatonat aql egasi boʻluv demakdir. Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidur. Inson aqli ila din va eʼtiqodini mahkam qilur, shariat hukmlariga boʻyunsunar. Aqlsiz jinni kishilar bularga boʻyun qoʻymas, shariatdan tashqari ishlarni ham qilur. Janobi Haq insonni hayvonlardan soʻz va aql ila ayirmishdur. Hayvonlar oʻzlariga boʻlaklar tarafidan keladurgan zulm va jabrlarni shox, tish, tumshuq, tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin inson janobi Haq tarafidan berilmish aql va idroki soyasida oʻziga keladurgan zarar va zulmlardan saqlanur. Yer yuzidagi hayvonlarni asir qilub, boʻynidan boylab, iplarining uchini qoʻllariga bergan insonlarning aqlidur.
Ilm insonlarning madori hayoti, rahbari najotidur. Ilm oʻrganmak, olim boʻlmak uchun maktabga kirmak, muallimdan taʼlim olmak lozim. Aqlsiz kishilar na maktabga kirar va na muallimni bilar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Ey insonlar! Aqlingizga tavozeʼ qilingiz. Siz janobi Haq buyurgan va qaytargan narsalarni aqlingiz ila bilursiz”, – demishlar. Hukamolardan biri: “Agar aqlingni qoʻli nafsingni jilovini ushlasa, sani yomon yoʻllarga kirmoqdan saqlar. Har narsa koʻp boʻlsa, bahosi arzon boʻlur, aql esa ilm va tajriba soyasida qancha koʻpaysa, shuncha qimmatbaho boʻlur”, – demish.
Aqldek zebo sifatni koʻrdi Haq, insonga eb,
Oqil insonlar bilan berdi jahon-olamga zeb.
Aql nuri birla toʻldi dunyoga ilm-u hunar,
Aqlsiz inson qachon bilgʻusidur nafʼ-u zarar?
Aqlsizlar bilmagaylar din nadur, dunyo nadur?
Boʻlmasa aqli bilurmi farz ila sunnat nadur?
Abdulla AVLONIY
“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan
https://saviya.uz/ijod/nasr/fatonat/