Farovon hayot sari…

Inson uchun hayotda birdan-bir baxt – bu doimo olgʻa intilishdir. Agar siz haqiqatni yashirib, tuproqqa koʻmsangiz, u beshak unib chiqadi va shunday qudratli bir kuchga aylanadiki, kun kelib, oʻz yoʻlida uchragan jamiki narsalarni bir chetga surib tashlaydi.

Yer yuziga haqiqat urugʻini sochgan atoqli fransuz adibi, naturalizm adabiyotining yoʻlboshchisi, dramaturg, shoir va publitsist Emil Zolya 1840 yilning 2 aprelida Parijda dunyoga keldi. Zolya otasi (asl kelib chiqishi italyan millatiga mansub quruvchi muhandis) Fransua Zolya hamda onasi farang qizi boʻlgan Emiliya Oberlarning yolgʻiz farzandi edi. U yoshligidan adabiyotga oshno boʻlib, Shekspir, Molyer, Monten asarlari taʼsirida oʻsdi. 1859 yili bakalavrlik imtihonidan yiqilgan Zolya ilmiy darajasiz qolib, ogʻir moddiy tanglikni boshidan kechiradi. Koʻpgina qiyinchiliklardan soʻng noshir Lui Ashetning nashriyotida toʻrt yil davomida kotiblik qiladi. Ana shu vaqt oraligʻida u oʻzining ilk ijod namunalari hisoblanmish “Ninon ertaklari” hikoyalar toʻplamini, “Klodning tavbasi” va “Marsel sirlari” romanlarini nashr ettirdi. Bular romantiklarga taqlidan yozilgan asarlar edi. 1863–66 yillar ichidada Zolya turli jurnallarda oʻzining adabiy-tanqidiy maqolalari, ocherklari bilan muntazam chiqishlar qila boshladi. Bu paytda u adabiyot olamida yozuvchi sifatida tanilib boʻlgan edi. Yosh adibda adabiyotdagi yangi yoʻnalish – naturalizmga qiziqish paydo boʻladi. Uning “Tereza Raken” (1867) va “Madlen Fera” (1868) romanlarini naturalistik taʼlimotni oʻziga singdirgan dastlabki asarlar deyish mumkin.

Naturalizm XIX asrning 60-yillarida Yevropa hamda Amerika adabiyoti va sanʼatida yuzaga kelgan va realizmdan farqi, voqelikni faqat tashqi tomondan aniq aks ettirishga ahamiyat beradigan oqimdir. Naturalizm tarafdorlari “insonning axloqiy qiyofasi uning feʼl-atvori, yurish-turishi, muomalasi bilan emas, balki atrof-muhit yuzaga keltirgan shart-sharoit tufayli qatʼiy belgilanadi”, degan qarashni ilgari surgan edilar. Naturalizmda shaxsdan koʻra, omma, tabaqa, sulola va guruhlar hayotining badiiy tasvirlari ustuvorlik qiladi. Uni mutaxassislar, asosan, olomon psixologiyasini aks ettirishga yoʻnaltirilgan tasvir usuli sifatida tadqiq etadilar.

Adib ijodiy faoliyati davomida bir nechta hikoyalar toʻplami, adabiy-tanqidiy kitoblar, publitsistik keng qamrovli maqolalar, dramatik asarlar yaratgan boʻlsa-da, biroq u oʻzining ulkan romanlari bilan katta shuhrat qozondi. Ushbu asarlarning aksariyati “Rugon Makkarlar” (1871–1893) nomi bilan ataladigan 20 jildli turkumga kiritilgan. Zolya epopeyada Fransiya oʻtmishidagi nihoyatda ogʻir 1850–60 yillarga murojaat etadi. Mamlakat hayotida roʻy bergan bu jiddiy voqealar adib ijodida ham tub burilish yasaydi. Epopeyada asosan Ikkinchi imperiya davridagi siyosiy tuzum qoralangan boʻlsa, “Rugonning ulgʻayishi” (1871), “Tor-mor” (1893), “Oʻlja” (1872), “Pul” (1891) romanlarida burjua jamiyatining kirdikorlari fosh etiladi.

Bundan tashqari Emil Zolya oʻzining “Tuzoq” (1877) va “Hamal” (1885) romanlarida oddiy mehnatkashlarning oliyjanobligi, insoniy fazilatlarini yorqin boʻyoqlarda gavdalantiradi.

Ayniqsa, “Hamal” romanidagi badiiy tasvirlar yozuvchining yuksak mahorat egasi ekanligidan dalolat beradi.

Ijodda tinim bilmas adib oʻz asrining 90-yillarida, yaʼni imperialistik kuchlar yanada keskinlashgan bir paytda, oʻzining “Uch shahar” (Lurd, Rim, Parij) trilogiyasini yaratadi. Xristian dini va Rim papasining kirdikorlarini fosh etgan bu uch roman katolik cherkovi man etgan asarlar roʻyxatiga kiritilgan.

Adibning soʻnggi “Toʻrt injil” turkumidagi (“Serpushtlik” – 1899, “Mehnat” – 1901, “Haqiqat” – 1902 va “Adolat” (tugallanmay qolgan) romanlari fransuz ishchilar harakatidagi koʻtarilish davrida yuzaga kelgan oʻtkir syujetli asarlar sirasiga kiradi.

Zolya ijtimoiy hayotda ham juda faol edi. U XIX asr oxirlarida Fransiyada juda katta shov-shuvga sabab boʻlgan “Dreyfus ishi” (boshqa millat vakillarining soxta ayblov bilan qamalishi) boʻyicha Fransiya Respublikasi Prezidentiga “Men qoralayman…!” (1898) nomli ochiq xat bilan murojaat qiladi. Buning uchun esa Respublika hukumati adibga 1898 yil 23 fevralda qamoq jazosi haqida hukm chiqaradi. Biroq adib katta jarima evaziga qamoq jazosidan qutulib qoladi va Angliyaga ketadi. Bir yildan soʻng Zolya yana oʻz ona yurtiga, Parijga qaytadi.

1902 yilning 29 sentyabri… Zolya va uning rafiqasi Aleksadrina Medandan qaytishgach, xonalarida kamin moʻrisidan chiqqan gaz isidan zaharlanadilar. Isyonkor adib ana shu tariqa tasodifiy oʻlim topadi, rafiqasi esa omon qoladi.

Uning vafoti olamshumul motamga aylandi. Matbuotda “butun dunyoni egallagan qaygʻu” haqida tinimsiz yozib borilar, adibga butun dunyoda ehtirom koʻrsatilardi.

Emil Zolya xalq uchun teatr yaratishni bir umr orzu qilgan edi. U oʻzining “Fransiyaning olgʻa yurishi” turkumidagi dramasida mustabidlik harakatlariga qarshi kurashni maqsad qilgan edi. Biroq bu ulkan maqsadni amalga oshirolmadi.

Zolya romanlarida, garchi qaltis ijtimoiy ziddiyatlar tasvirlangan boʻlsa-da, u maʼlum siyosiy tuzumga dastyorlik qilishni, maddohlikni oʻziga or deb bilgan. U har qanday sharoitda va har qanday vaziyatda ham oʻzi tanlagan tamoyilga, yaʼni haqqoniyat tamoyiliga sodiq qolgan. Shuning uchun ham uning nomi va yozgan asarlari abadiyatga muhrlanib, kelgusi avlodlarning ruhiy-maʼnaviy olamini boyitishga xizmat qilaveradi.

 

Mahmadiyor ASADOV tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/farovon-hayot-sari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x