FARMAKOLOGIYA

FARMAKOLOGIYA (yun. pharmacon — dori va logiya) — tibbiybiologik fan; odam va hayvonlar organizmiga dorilar yuborilgandan keyin ularda roʻy beradigan oʻzgarishlarni oʻrganadi. Farmakologiya bir necha yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi: farmakodinamika — doridarmonlarning organizmga taʼsirini, farmakokinetika — dorilar organizmga tushgandan to organizmdan chiqib ketguncha boʻlgan harakatini (soʻrilishi, taqsimlanishi, biotransformatsiyasi va ekskretsiyasi), biokimyoviy farmakologiya — dorilarning organizmdagi molekulyar taʼsir mexanizmini oʻrganadi. Doridarmonlarning tibbiyot amaliyotidagi taʼsirini oʻrganish esa klinik Farmakologiyaning vazifasidir.

Umumiy va xususiy Farmakologiya ajratiladi. Umumiy Farmakologiya dorilarning organizmga taʼsir mexanizmini, shu tufayli kelib chikadigan umumiy oʻzgarishlarni, dori moddalarini organizmga yuborish, ularning soʻrilishi, taqsimlinishi, oʻzgarishi va organizmdan chiqish jarayonlarini, dori moddalarining xususiyatiga taʼsir etuvchi sharoitlarni, dori moddalarining taʼsir va davolash turlarini, ularni birga qoʻllanganda roʻy beradigan jarayonlarni hamda ularning standartlash, tasniflash va qidirish kabi juda kup muammoli masalalarini oʻrganadi.

Xususiy Farmakologiyaning vazifasi — asosiy taʼsir kuchiga koʻra sistemalashgan dori moddalar, yaʼni ogʻriqsizlantiruvchi, siydik haydovchi va h. k. ni oʻrganish. Shuningdek, turli xil mikroorganizm va parazitlarga taʼsir etuvchi dorilar ham xususiy Farmakologiyada qayd etiladi. Xususiy Farmakologiya farmatsevtik kimyo, farmatsevtik texnologiya, farmakognoziya, biokimyoviy Farmakologiya, kimyoterapiya, toksikologiya va b. fanlar bilan uzviy bogʻliq. Shu tufayli tibbiyotning asosiy nazariy bilimlari Farmakologiya orqali amaliy tibbiyotga tadbiq etiladi.

Farmakologiya tarixi uzok, oʻtmishga borib taqaladi, chunki inson yaratilgandan boshlab u tabiat qoʻynida yashab oʻzining turli xil noxush holatlari va kasalliklariga atrofidagi giyohlardan, hayvonot olamidan shifo, doridarmon izlagay. Farmakologiya rivojlanishiga qad. arab, yunon va Osiyo mamlakatlari olimlari ham katta hissa qoʻshganlar. Xususan, Gippokrat, Dioskarid, Galen va b. ning dorivor giyohlar hamda ularning ishlatilishi haqidagi maʼlumotlari 19-a. gacha Farmakologiya sohasida asosiy qoʻllanma boʻlib kelgan.

Yaqin Sharq va Oʻrta Osiyoda Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sinolarning dorivor giyohlar va moddalar haqidagi asarlari Farmakologiya taraqqiyotiga muhim turtki buldi. Ibn Sinoning «Tib qonunlari» asarida qayd etilgan 811 xil oddiy dorilarning 612 tasi dorivor oʻsimliklar va ulardan foydalanish usullariga bagishlangan. Ushbu asar shu kungacha oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda.

19-a. ga qadar Farmakologiya asosan empirik tarzda rivojlangan. Shu davrga kelib eksperimental Farmakologiya shakllandi. Bunda F. Majandi, Klod Bernar, R. Buxgeym, I. P. Pavlov, V. V. Zakusov, M. D. Mashkovskiy va b. jahon olimlarining ulkan hissalari bor.

Oʻzbekistonda Farmakologiya 1920-y. Toshkentda Turkiston davlat un-ti tibbiyot fti qoshida Farmakologiya kafedrasini tashkil etilishi tufayli rivojlandi. Keyinchalik respublikaning turli shaharlaridagi tibbiyot intlari qoshidagi Farmakologiya kafedralarida, Oʻzbekiston FA ning i. t. institutlarida Farmakologiya fani yanada rivojlantirildi. Oʻzbek farmakologlaridan, prof. I. K. Kamilov, M. B. Sultonov, Oʻ. B. Zokirov, Q. N. Najmiddinov, S. S. Azizova va b. ning izlanishlari natijasida dorivor oʻsimliklar va kimyoviybiologik faol moddalardan 200 dan ortiq shifobaxsh moddalar ajratib olindi, ularning 30 dan ortigʻi klinik tekshiruvlardan oʻtkazilib, tibbiyot amaliyotiga tadbiq etildi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng Respublika sogʻliqni saklash vazirligi qoshida Dorivor moddalar va tibbiyot texnikasi sifatini nazorat qilish hamda standartlash boʻyicha Bosh boshqarma hamda ular tarkibida farmakologiya va farmakopeya qoʻmitalarining tuzilishi munosabati bilan Farmakologiya fani yanada ravnaq topdi. Qisqa muddat ichida 20 dan ortiq shifobaxsh oʻsimliklar va 10 dan ortiq yangi biologik faol preparatlar (piratsin, kupir, fentriazolin, kobavit, fensulkal, glipil, mumiyo tabletkasi, navbaxtin, benzketozon va b.) tibbiyotda qoʻllash uchun tavsiya etildi.

Veterinariya F. si ham jadal rivojlanmokda. U dorivor moddalarning turli hayvonlar organizmiga, ularning oʻziga xos kasalliklariga taʼsirini oʻrganadi, hayvonlarning oʻsishini tezlatuvchi, mahsuldorligini oshiruvchi, boquvini boyituvchi va turli kasalliklarning oldini oladigan dorivor moddalarni izlaydi va veterinariya amaliyotiga (kovilon, navbaxtid va b.) tatbiq etadi. Bu borada Samarqand veterinariya in-ti va Toshkent agrar un-tining veterinariya boʻlimlarida ilmiy ishlar olib borilmoqda.

Ad. Maxsumov M. N., Malikov M. M., Farmakologiya, T., 1997; Azizova S . S ., Farmakologiya, T., 2002.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x