Fan va sanʼat taraqqiyoti insoniyatga nima berdi?

Jan Jak RUSSO

 

Men bu yerda musofirman, zotan, hech kim meni anglamaydi.

Ovidiy, “Tristiy Elegiyasi”, 37-qoʻshiq.

 

Fan va sanʼatning qaror topishi nimalarga olib keldi, axloqning yuksalishigami yoxud uning buzilishiga? Mana, biz birinchi galda nimalar haqida bosh qotirishimiz kerak. Xoʻsh, bu masalada kimning tarafida turmoq lozim? Balki barcha bamaʼni odamlar kabi hech narsani bilmaydigan va bundan oʻz vijdoni oldida zarracha qizarmaydigan korchalonlar tarafida boʻlish joizroqdir?

Sezib turibmanki, qarshimda turgan hakam oldida aytmoqchi boʻlganlarimni bayon qilish men uchun gʻoyat mushkul kechadi. Axir, qanday qilib Yevropadagi ilm ahli oldida ilm-fanga isyon qilish, nufuzli Akademiya qarshisida johillikni olqishlash, fan bilan mashgʻul chin olimlarga nafrat izhor etish mumkin? Men bu kabi ziddiyatlarni bilaman, ammo ular meni toʻxtatolmaydi. Oʻz-oʻzimga dedimki, men ilm-fanni haqorat qilmayapman, men ezgu odamlar qarshisida ezgulikni himoya qilyapman. Zotan, olim uchun ilm qanday qadr-qimmatga ega boʻlsa, haqgoʻy odam uchun ham or-nomus shunday bahoga ega. Bas, nimadan qoʻrqib oʻtiribman? Meni tinglayotganlarning olimu ulamoligidanmi? Tan olishim lozim: ha, men choʻchiyapman, ammo mulohazalarimdan emas, ularni soʻzamollik bilan toʻgʻri ifodalay olmaslikdan choʻchiyapman. Agar biror musohabada salgina shubhaga oʻrin boʻlsa, odil hukmdorlar shu ondayoq hech ikkilanmay oʻzlarini nohaq deb bilganlar; haqgoʻylar esa faqatgina maʼrifatli hakam yoxud adolatli raqib bilan bahslashganlaridagina ishni oʻz foydalariga hal qilganlar.

Biz esa, Goratsiy aytganidek, haqiqatning koʻz oʻngida bir-birimizni aldaymiz… (“Iskusstvo poezii”, 25).

 

1-qism

 

Inson oʻz kuchiga tayanib yoʻqlikdan yuksalayotgani, tafakkur nuri bilan tabiat zulmatlarini yoritayotgani, aql-idroki bilan samo chegaralarigacha koʻtarilayotgani xuddi quyosh yangligʻ olamning cheksiz hududida ulkan qadamlar tashlayotgani, yana ham oʻyga toldiradigani shundaki, uning oʻz-oʻzini anglash uchun oʻz mohiyatiga razm solayotgani, oʻzidagi insonni, uning tabiatini, majburiyatlarini, taqdirini bilishga intilayotgani gʻoyat ulugʻvor va goʻzal manzaradir. Ushbu moʻjizalar yangi avlod ongida qaytadan shakllandi.

Yevropa qaytadan I asr jaholatining domiga tushdi. Hozirda ilm-maʼrifat oʻchogʻida yashayotgan bu xalqlar bundan bir necha yuz yil avval jaholatdan battarroq ahvolda edi-ku. Jaholatdan battar qandaydir safsatabozlik oʻzini fan deya atab, haqiqiy ilm-maʼrifat yoʻliga qanday qilib yengib boʻlmas gʻov qoʻyganini bilmadim. Odamlarning aql-hushini joyiga keltirish uchun inqiloblar zarur ediki, oxir-oqibat, u kutilmaganda oʻz samarasini berardi. Bir musulmon (Usmonli Turk sultoni Mahmud nazarda tutilmoqda – tahririyat izohi) bu ishlarni oʻrniga qoʻyib bajardi. Konstantinning toj-taxti qoʻldan ketgach, qadimgi Yunon madaniyatining barcha qoldiqlari Italiyaga keltirildi. Oʻz navbatida, fransuzlar ham ana shu qimmatbaho ulush tufayli boyib ketdi. Tez orada adabiyot ortidan fan, yozish sanʼati ortidan fikrlash sanʼati ergashdi. Bu ketma-ketlik, biroz gʻalati koʻrinsa ham, tabiiy edi. Zero, u odamlarga muzalar bilan soʻzlashish imkonini berdi. Bu imkon insonlarni bir-biriga yaqinlashtirdi, chunki u barchaga birdek yoqadigan hamda umumeʼtirof etilgan sanʼat asarlari bilan taʼsir qilardi.

Xuddi tana kabi ruhning ham oʻziga xos ehtiyojlari bor. Jismoniy ehtiyojlar jamiyatning asosini yaratadi, ruhiy ehtiyojlar esa unga farovonlik beradi. Davlat va qonunlar jamiyatdagi tinchlik va xavfsizlikni taʼminlarkan, ulardan koʻra qudratli boʻlgan fan, adabiyot va sanʼat odamlar bogʻlangan temir kishanlarni gullar shokilasi bilan oʻraydi, ulardagi ozodlik ruhini sindiradi, ularni sivilizatsiyalashgan xalqlarga aylantiradi. Faqat zarurat fan va sanʼat tojini olgʻa surdi, uni mustahkamladi. Ey qudrat sohiblari, ilm-fan neʼmatlarini seving, ularning yaratuvchilariga homiylik qiling! Ey siz, taraqqiy etgan xalqlar, ilm-fan neʼmatlarini undiring! Ey baxtiyor qullar! Chunki siz oʻzingiz ichida bijgʻiyotgan shu nozik did uchun, sizni jamiyat bilan oson va tigʻiz bogʻlayotgan shu muloyim, bosiq, oqilona axloq uchun masʼulsiz; bir soʻz bilan aytganda, bu neʼmatlar sizga oʻzingiz sira ega boʻlmagan barcha ezguliklarni inʼom etadi.

Mana, qanchalik yoqimli boʻlsa, shunchalik kam namoyon boʻladigan iltifotning bir turi: qachonlardir Afina va Rim oʻz shon-shuhratiga burkangan onlarda shunday iltifotga oʻch edi. Shubhasizki, aynan shu iltifot bois bizning asrimiz, bizning millatimiz barcha zamonlar va xalqlar inqirozini boshidan kechiradi. Oʻzining qatʼiy, axloqiy, tabiiy raftorisiz falsafiy nutq, olmonlarning qoʻpolligiyu italyanlarning makkorligidan koʻpda farq etmaydi. Mana, oliy tabaqa jamiyatini mukammalashtirishimiz, asosiy mashgʻulotlarimiz natijasida hosil boʻlgan didlarimiz mevasi.

Qani endi, tashqi koʻrinishimiz hamisha botiniy xilqatimizni aks ettirsa; qani endi, fazilatlarimiz ezgulikdan darak bersa; qani endi, balandparvoz pand-nasihatlarimiz xulq-atvorimizga mos kelsa; qani endi, faylasuf degan nom chin falsafadan ayri boʻlmasa, hayot yanada yoqimli boʻlardi. Biroq shu qadar moʻl fazilatlar bamisoli anqoning urugʻi, ezgulikning esa dabdabali mulozimlari shunchalik koʻpki, bechora oyogʻini bazoʻr sudraydi. Serhasham liboslar bizga kishining badavlat ekanligini, bejirim narsalar esa uning taʼbi nozikligini anglatadi, lekin biz baquvvat va sogʻlom kishilarni boshqacha andozalar bilan oʻlchaymiz: bechorahol kiyinganni chorvador dehqon deymiz, zarhal libosdagilarni esa amaldorlar, deb oʻylaymiz: mana, aslida, sogʻlom tana nimalarga oʻralgan boʻladi. Aslida, serhasham libos ruhning ustuni boʻlgan ezgulik uchun begona. Tanasidagi kuchga, oyoqlaridagi quvvatga ishongan chapdast atlet[1] chin maʼnodagi ezgu kishidir: u oʻz kuchini namoyon qilishga xalal beradigan, faqatgina noqislik va xunuklikni yashirishga xizmat qilish uchun yaratilgan zebu ziynatlarni sevmaydi.

Sanʼat feʼlu xoʻyimizni oʻzgartirib, his-tuygʻularimizni soxta tayyor soʻzlar bilan ifodalashga oʻrgatib ulgurmagan paytlarda, ruhiyatimiz sodda, qoʻpol, biroq tabiiy edi; bir qarashdayoq turli xulq-atvordan turfa xil xarakter koʻrinardi. Inson tabiati mohiyatan mukammal emas, lekin odamlar oʻz xavfsizliklarini taʼminlashni bir-birlarini oson tushunishda, deb bilganlar. Bu afzallik, garchi bugun biz uni his etmasak-da, ularni koʻpgina illatlardan xoli qilgan. Bugun yanada ayyor, makkor, taʼbi noziklar sanʼatni muayyan maqomga solishni kasb etarkan, bizning axloqimizda yolgʻonchilik, bir xillik urchidi, barcha ilm ahli goʻyo bir qolipga solindi: xushmuomalalik hamisha nimadandir taʼma qiladi, or-nomus hamisha nimagadir buyuradi, biz esa oʻz aqlu farosatimiz bilan emas, hamisha qandaydir anʼanalar bilan ish koʻramiz. Endilikda odamlar inson boʻlib qaror qabul qilmay qoʻydilar, doimiy zarurat va bir xil sharoitga tashlangan, shuningdek, jamiyat deya atalgan olomonni tashkil qiluvchi bu odamlarni qudratli bir kuch oʻrinlaridan qoʻzgʻatmaguncha oʻz ishlarida davom etaveradilar. Ular orasida nima qilish kerakligini ham, kim bilan munosabatga kirishayotganingni ham bilmaysan: doʻstingning chin doʻstligini bilishing uchun katta voqealarni kutishing kerak, ortiq imkoning boʻlmasa ham, kutaverasan; axir, oʻsha voqealar kelishi uchun ham doʻsting kimligini bilishing kerak-ku.

Bu ishonchsizliklar ortida qanchalik koʻp illatlar zanjiri tortilgan. Na samimiy doʻstlik, na chin hurmat, na qatʼiy ishonch – hech biri qolmagan. Shubha, gumon, ishonchsizlik, sovuqqonlik, nafrat – bularning bari maʼrifatli asrimiz bergan, maqtab olqishlanadigan makkor va soxta xushaxloqlik, xushmuomalalik niqobi ostiga yashiringan. Biror kimsa Parvardigor nomini yodga olmaydi, aksincha, uni haqorat qiladi, negadir bu haqoratlarga quloqlarimiz oʻrganib qolgan. Odamlar oʻz mehnatidan emas, boshqalarning xizmatidan taʼma qiladi. Hech kim dushmani bilan ochiqdan-ochiq yuzlashmaydi, aksincha, unga yeng ichida tuhmat qiladi. Bilimsizlik xavfli qaroqchilik bilan oʻrin almashgan. Isrofgarchilik, benomuslik avj olgan; illatlar, qusurlar ezgulik nomi ila taqdirlanmoqda; kun koʻrish uchun bu illatlarni oʻzlashtirishing yoxud oʻzingni ularni oʻzlashtirganday tutishing lozim. Zamonamiz ahli donishlarining quruq sumbati kimgadir maʼqul boʻlsa, mayli, uni olqishlasin; men esa ularning yasama soddadilliklari va noziktaʼb ishvalarini maqtovga arzimaydi, deb bilaman.

Mana, axloqimizning qay darajada “pok”ligi! Mana, qanday qilib “ezgu odamlar”ga aylandik! Adabiyot, fan, sanʼat bu evrilishdagi oʻz hissalarini maqtashni, koʻklarga koʻtarishni talab qiladi. Men faqatgina bir mulohazani qoʻshimcha qilaman: agarda dunyoning uzoq bir burchagida yashovchi kishi bizning ilmu fanimizning holatidan, mukammal sanʼatimiz, teatr tomoshalarimiz, yuksak odobimiz, yoshu qariga qaramay, ertayu kech bir-birimizga koʻrsatayotgan iltifotimizdan kelib chiqib Yevropa axloqi haqida biror tasavvurga ega boʻlishni istarkan, koʻrib turganlari unda aslidan koʻra yolgʻon taassurot qoldirardi.

“Men tor doirada, musohabalarda koʻp gapirishni yoqtiraman, biroq oʻz bilimdonligini koʻz-koʻz qilib safsata sotishni oqil kishiga yarashmaydigan ish deb bilaman”, – deydi Monten. Ammo, afsuski, zamonamizning aksariyat olimlari bu ishni oʻzlariga kasb qilib olganlar.

Oqibat boʻlmagan joyda sabab izlanmaydi, biroq bizning ruhiy qashshoq, axloqiy buzuqligimizning sababi fan va sanʼatimizning taraqqiy etishidir. “Bu baxtsizliklar faqat bizning asrimizgagina xosmi?” – degan savol tugʻiladi. Yoʻq, azizlar, bizni nooʻrin qiziqtirayotgan bu ofatlar xuddi olam kabi qadimiydir. Ummon suvlarining kunlik koʻtarilish-pasayishi sayyoralarning harakatiga qanchalik bogʻliq boʻlsa, fan va sanʼatning odilona muvaffaqiyati va taqdiri bilan ham shunchalik bogʻliq. Odamlar haqiqiy ezgulikni yoʻqotganlarini fan va sanʼat ziyosi boshimiz uzra koʻtarilgach, koʻrdilar. Bu hol hamma yerda, hamma davrlarda kuzatilgan.

Misol uchun, Misrni olsak. Bu yurt choʻgʻdek issiq osmon ostidagi gʻaroyib iqlimi bilan dunyo ilm-faniga ilk maktab[2] vazifasini oʻtagan. Qachonlardir Sezostrit dunyoni zabt etgani otlangan bu shoyon oʻlkaga boqing. Bu yurt dastlab falsafa va sanʼat beshigiga aylanadi, soʻngra Kambiz, keyinchalik yunonlar, rimliklar, arablar, va nihoyat, turklar tomonidan zabt etiladi.

Yoxud Osiyoni ikki karra zabt etgan qahramonlar diyori Yunonistonga boqing. Endigina dunyo yuzini koʻrgan adabiyot bu yurt aholisining yuragiga hali illat urugʻlarini sochmagan edi; biroq sanʼatning taraqqiy etishi, axloqning buzilishi hamda makedoniyaliklarning jabr-zulmi paydar-pay ortib bordi; oqibatda hamon oʻsha donishmand, hamon oʻsha mazaxoʻrak, hamon oʻsha jafokash Yunoniston boshidan kechirgan inqiloblari natijasida faqatgina yangidan-yangi hukmdorlarni koʻrdi, xolos. Demosfenning bor notiqlik sanʼati serhashamlik va sanʼat dastidan kasallangan jonga hayot baxsh etolmadi.

Enniylar va Terenslar davrida qachonlardir choʻponlar asos solgan va dehqonlar shuhratini yoygan Rim ham tanazzulga yuz tutdi. Ovidiy, Katull, Marsiallardan soʻng nomini eshitsa, uyat ham qizaradigan betamiz bir toʻda shoirlar qachonlardir ezgulikning ehromi boʻlgan Rimni, jinoyatlar teatri, xalq sharmandasi, yovvoyilarning ermagiga aylantirdi. Dunyo poytaxti boʻlgan bu shahar minglab xalqlarga oʻzi bergan qullik, zulm yukini koʻtara olmay, oxir-oqibat, quladi. Rimning soʻnggi kunlarida uning fuqarolariga “aʼlo did sohibi Orbitr” deya nomlangan unvonlar taqdim etilgan (imperator Neron davrida “arbiter elegantiae” unvonini olgan shoir Petroniy nazarda tutilmoqda – t. i.).

Men qachonlardir dunyo markaziga aylanishi mumkin boʻlgan Sharqiy imperiya poytaxti Konstantinopol haqida, Yevropadan quvilgan fan va sanʼatga boshpana bergan shahar haqida nima ham deya olardim? Sharmandalik, buzuqlik, qabihlik illatidan jamlangan bor jinoyatlar, jaholatlar – mana, Konstantinopol tarixi nimalarga asoslangan. Mana, bizning asrimiz koʻmilib yotgan bilimdonlikning asl manbasi!

Oʻzimiz yuzma-yuz boʻlib turgan haqiqatni isbotlash uchun uzoq oʻtmishdan misol keltirish kimga kerak?

Osiyoda adabiyotni ulugʻlaydigan, uni yuksak martabalarga koʻtaradigan bir mamlakat bor. Agar fan chindan ham axloqni poklaganda edi, agar u odamlarni Vatan uchun qon toʻkishga oʻrgatganda edi, agar fan va sanʼat chindan ham odamlarda jasorat hissini uygʻotganda edi, Xitoy xalqi hamisha donishmand, ozod, hech qachon yengilmas xalq boʻlardi. Agar ulardan ustun boʻlgan qusurlari, jinoyatlari boʻlmaganda edi, ular yovvoyi moʻgʻullar zulmini yenggan, donishmandlari esa oʻzlariga foyda bergan boʻlardi. Faxr-iftixorga choʻmgan xalq qullik va bosqinchilikdan boʻlak nimaga erishdi? Bu manzaralarni keraksiz bilimlarning yuqumli kasalidan oʻzini himoya eta olgan kam sonli xalqlar axloqi bilan solishtiraylik. Ular oʻz ezguliklari bilan oʻz baxtlarini yaratgan va boshqalarga namuna boʻladigan xalqlardir. Forslar ana shunday ajoyib millat edi. Ular avlodlariga ilm-fan oʻrniga ezgulikdan dars oʻtgan, Osiyoni osonlik bilan zabt etgan, tarixi “Falsafiy roman” (qadimgi yunon tarixchisi Ksenofontning (er. avv. 434-355) shu nom bilan atalgan asari nazarda tutilmoqda – t. i.) sifatida tillarda doston boʻlgan xalqdir. Skiflar ham jasorati, dongʻi bizgacha yetib kelgan ana shunday elat edi. Germanlar ham shunday xalqlar sirasiga kiradi; ochkoʻz, badavlat Rimning jinoyatlarini yozishdan charchagan “qalam” germanlarning soddadil ezguliklarini taʼrif etadi (qadimgi Rim tarixchisi Tasso haqida soʻz bormoqda – t. i.).

Nahotki, men Yunonistonning bagʻrida qad koʻtargan, oʻzining jasoratiyu dono qonunlari bilan nom taratgan azim bir shaharni unutsam. “O Sparta, samarasiz donishmandlikdan mangu xoli yurt” (fransuz shoiri Monten satri – t. i.).

Men bizni band etgan qusurlarning hatto nomini ham bilmaydigan baxtiyor xalqlar haqida, sodda, tabiiy hayot tarziga ega boʻlgan Amerika yovvoyi qabilalari toʻgʻrisida masal aytib oʻtirmoqchi emasman. Monten ularning hayot tarzini hech ikkilanmay nafaqat Platonning “Qonunlar”idan, balki xalqlarni boshqarish uchun yaratilgan eng mukammal falsafadan ham ustun qoʻygan.

Qani, vijdonan ayting-chi, nega afinaliklarning oʻzi maʼbudlar ham tenglasha olmaydigan xalq yigʻinlaridan notiqlarni quvib chiqdi? Rimliklar oʻz respublikalaridan tabobat ilmini haydab solganda u haqida qanday fikrda edilar? Nahotki, ispanlar oʻz huquqshunoslariga Amerikaga borishni taʼqiqlaganda bechora hindular haqida oʻylagan boʻlsalar?

Voqealarning yakuni ushbu farqlarning qiymatini koʻrsatadi. Afinaliklarning yurti ilmli, noziktaʼb notiqlar va faylasuflar oʻlkasiga aylandi. Bu shaharda meʼmorchilikning nozik usullari, nutqning nozik ifodalariga mutanosib edi. Hamma yerda mohir ustalarning qoʻllari bilan yaratilgan marmar ustunlar, matolar, koshinlar koʻrinib turardi; aynigan asrning jami namunalari boʻlib xizmat qiladigan ushbu sanʼat asarlari Afinada yaratildi.

Lakedemon (qadimgi Spartaning boshqacha nomi – t. i.) oʻzida dabdabali manzara kasb etmagan. Boshqa xalqlarning rivoyat qilishicha, u yerda faqat ezgu kishilar dunyoga keladi, u yerning shamoli ham goʻyo ezgulik taratadi. U yerning aholisidan bizga ularning qahramonliklari haqidagi xotiralargina qoldi. Nahot, biz uchun bu xotira yodgorliklari Afinadan qolgan marmar haykallardan kamroq qadrli boʻlsa?

Toʻgʻri, baʼzi donishmandlar ommaviy talotoʻplarga qarshi turib, muza sohiblarini qusurlardan muhofaza etganlar. Eng shoʻrpeshona donishmandlardan biri oʻz zamonasining sanʼatkorlari haqida, mana, nimalar degan:

– Men shoirlarga nazar soldim, ularning mulohazalari oʻzlarini ham, oʻzgalarni ham yanglishtiradi. Ular oʻzlarini donishmanddek tutadilar, boshqalar ham ularni shunday, deb oʻylaydi. Aslida, ular hech qanday donishmand emaslar. Shoirlardan soʻng, – deb davom etadi Suqrot, – musavvirlarni kuzatdim. Hech kim sanʼat borasida menchalik omi emas edi; hech kim menchalik musavvirlar gʻaroyib sirlarga ega boʻlganlar, deb ishonmagan. Ammo, shunga qaramay, men ularning shoirlardan kam emasligini bildim. Ular ham, boshqalar ham bidʼat, xurofot hukmidalar. Ularning eng zoʻrlari oʻz ishining ustalari boʻlgani uchun ham oʻzlarini donishmand sanaydilar. Oʻz-oʻzlariga bergan baholari ularning asl bilimlari haqidagi tasavvurlarimni xiralashtirgan. Shuning uchun men oʻzimni Arakulaning oʻrniga qoʻyib, oʻz-oʻzimdan soʻradim: kim boʻlishni maʼqul koʻrgan boʻlardim: ularmi yoki oʻzimmi? Nimani bilishni istardim: ularning ilmlarinimi yoki oʻzim bilganimdek hech narsani bilmasliknimi? Men Xudo qarshisida va oʻz-oʻzimga shunday javob berdim: men oʻz-oʻzimcha qolishni istayman! Biz – na shoirlar, na sofistlar, na musavvirlar, na notiqlar va na men Haqiqat, Ezgulik, Goʻzallik emasligini bilamiz. Ammo oʻrtamizda shunday farq borki, ular hech narsani bilmagan hollarida, oʻzlaricha biror narsani bilamiz, deb oʻylaydilar; men esa hech narsani bilmasligimga shubha qilmayman. Menga Arakula inʼom etgan afzallik shuni anglatadi va men qatʼiy ishonch bilan shuni aytamanki, menga oʻzim bilmagan narsa haqida hech narsa maʼlum emas.

Demak, koʻrib turibsizki, maʼbudlar nazdida, odamlarning eng donosi, yunonlar nazdida, afinaliklarning eng oqili boʻlgan Suqrot, bilmaslikni nechogʻlik ulugʻlagan! Agar u bizning zamonamizga qaytganda, olimlarimiz, sanʼatkorlarimiz uni shu fikridan qaytara olarmidi? Yoʻq, janoblar, bu adolat peshvosi bizning keraksiz ilmu irfonlarimizga nafrat bilan qaragan boʻlardi; u bizning atrofimizda qalashib yotgan kitoblar ummonini koʻpaytirishni istamagan boʻlardi, u shogirdlariga uqtirganidek, bizning avlodlarimizga ham oʻz ezguligini xotira qilib qoldirgan boʻlardi. Aslida, odamlarga ilmni shunday bergan afzal!

Dastlab Afinada Suqrot, Rimda Katon fuqarolarning jasoratini sustlashtirayotgan, ezgulikni yoʻldan urayotgan makkor, hiylagar yunonlarga bas kelmoqchi boʻldilar. Lekin fan, sanʼat, dialektika gʻolib chiqdi: Rim faylasuf va notiqlarga toʻlib toshdi; harbiy tartib eʼtiborsizlik ichida qoldi; dehqonchilik pisand etilmadi; odamlar jamoa-jamoalarga boʻlinib, oʻz Vatanlarini unutdilar. Erkinlik, xolislik, qonunga hurmat, itoat etish kabi muqaddas soʻzlar oʻrniga Epikur, Zenon, Arkiselay kabi nomlar paydo boʻldi. Oramizda oqillar paydo boʻlgandan buyon ularning oʻz faylasuflari gapira boshladi, fazilatgoʻy odamlar koʻzdan gʻoyib boʻldi. Shu vaqtgacha rimliklar ezgulikni amalda deb bilardilar, ular ezgulikdan taʼlim bergandan buyon u yoʻqola boshladi.

Mana, serhashamlik, yengiltaklik, qullikning mevasi. Mana, mangu donishmandlik inʼom etgan bilmaslik neʼmatidan magʻrurona yuz oʻgirishning oqibati. Uning oʻz ilmi sirini qalin parda bilan oʻrashi, bizni nokerak bilim va izlanishlar uchun yaratmaganidan dalolatdir. Biroq biz uning saboqlaridan yetarli xulosa chiqardikmi? Odamlar, yodingizda tutingki, tabiat sizni xuddi bolasining qoʻlidan xavfli narsani tortib olgan onadek bilimdan saqladi; uning bizdan yashirayotgan barcha sirlari bizga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan musibatlardir. Zero, ilm zahmatlari uning yaxshiliklaridan kam emas. Odamlar aynib ketdi; agar ular olim boʻlib tugʻilish “baxti”ga muyassar boʻlganlaridami, bundan ham battar boʻlar edi.

Nahotki, insoniyat uchun bunday mulohazalar haqorat boʻlsa?! Qachongacha gʻururimiz ulardan ozor chekadi! Nahotki, or-nomus jaholatning urugʻi boʻlsa? Nahotki, maʼrifat va ezgulik yondosh boʻlmasa? Bu mulohazalardan yana qanday xulosalar chiqarish mumkin? Ushbu zohiran qarama-qarshiliklarni muvofiqlashtirish uchun biz inson aqli deya ataydigan takabbur va magʻrurona bilimlarimizning behuda va asossiz ekanligini ochiq koʻz bilan koʻrmogʻimiz zarur. Agar fan va sanʼatni oʻz-oʻzicha tahlil etsak, ularning muvaffaqiyatlari nimalarga olib kelishi mumkinligini koʻramiz, shuningdek, hech ikkilanishlarsiz tarixiy xulosalarga asoslangan mulohazalarni qabul qilamiz.

 

2-qism

 

Misrdan Yunonistonga oʻtgan qadimgi afsonalarda aytilishicha, insonlarning osoyishtaligini yomon koʻrgan maʼbudlardan biri ilm-fanni kashf etgan (Misr mifologiyasidagi Tota maʼbudi nazarda tutilmoqda. Bu obraz yunonlarda Germes nomi bilan atalgan – t. i.). Xoʻsh, misrliklarning oʻzi fan haqida qanday fikrda edilar? Gap shundaki, ular koʻz oʻngilarida endigina dunyoga kelgan ilmu fan bulogʻini koʻrganlar.

Darhaqiqat, agar dunyodagi barcha qadimgi mixxatlarni jamlab, ularni falsafiy qarashlar yordamida boyitganimizda ham, ularning kelib chiqishiga doir savollarimizga javob beradigan bilim manbaini topa olmaymiz.

Prometey haqidagi afsonalarning ramziy maʼnosini tushunish ham mushkul emas; uni Kavkaz togʻlariga zanjirband qilgan yunonlar, xuddi misrliklar Tota maʼbudini yomon koʻrganlaridek, unga salbiy munosabatda boʻlganlari, bejiz emas. Qadimiy masallardan birida, Prometeyning muqaddas olovini koʻrgan Satir uni bagʻriga bosib oʻpmoqchi boʻlganligi, buni koʻrgan Prometey: “Ey Satir, olovdan nari tur, u sening soqolingni kuydirib yuboradi. Zotan, olov unga yaqinlashganlarni kuydiradi”, degani hikoya qilinadi.

Astronomiya xurofotlardan; notiqlik kalondimogʻlik, xushomad, va yolgʻondan; geometriya xasislikdan; fizika behuda qiziqishlardan, shuningdek, hatto axloq ham insonning takabburligidan paydo boʻlgan. Shu tariqa, fan va sanʼat bizning illatlarimiz mahsulidir. Agar ular bizning ezguliklarimiz oqibatida vujudga kelganlarida edi, biz ularning chin qadr-qiymatlariga shak-shubha bildirmagan boʻlardik.

Ularning qusur va noqisliklardan vujudga kelganligi, fan va sanʼatning nimalarga xizmat qilayotganligida ham ochiq-ravshan koʻrinadi. Chunki zebu ziynatga koʻmilmagan sanʼat kimga kerak? Agar adolatsizlik boʻlmasa, adliyaga ne hojat? Agar urushlar, bosqinlar, fitnalar boʻlmasa, tarixning holi ne kechardi? Bir soʻz bilan aytganda, agar har kim inson majburiyatlari va tabiat talablariga boʻysunib, baxtsiz birodarlariga hamda oʻz vataniga xizmat qilganda edi, hech kim hayotini behuda mulohazalar bilan oʻtkazishni istamagan boʻlardi. Nahotki, biz haqiqat yashiringan quduq labiga zanjirband etilib, halok boʻlish uchun yaratilgan boʻlsak? (“Haqiqat yashiringan quduq” iborasi Demokritning hikmatlarida keltiriladi – t. i.) Ushbu mulohazalarning oʻziyoq falsafani oʻrganib, ilmga intilayotgan har qanday kishini sergak torttirishi lozim.

Ilm-fan bizga hali qancha xavf, qancha yanglish yoʻllar tahdid qilarkin? Haqiqatni deb foydasidan zarari ming karra koʻp qanchadan-qancha xatolarni boshimizdan kechirarkinmiz? Yoʻqotganlarimiz va topganlarimizning natijasi ayon: zero, yolgʻonlar cheksiz, haqiqat esa yagona. Biroq bu haqiqatni xolis izlovchi kishi bormi? Uning niyati xolis ekanligini qanday bilish mumkin? Turli xil fikrlarning talotoʻpida uni qaysi mezonga koʻra aniqlash mumkin? Oʻsha mezonni topdik ham deylik, biroq eng mushkuli, uni qay birimiz adolat bilan qoʻllay olamiz?

Odamlar qancha kam bilsa, oʻzlarini shuncha koʻp bilimga ega, deb oʻylaydilar. Axir, peripatetiklar nimadandir shubhalandilarmi? Axir, Dekart olamni kublar va quyundan iborat demadimi? Bugun Yevropada elektr tokining sir-asrorini jiddu jahd bilan tushuntirib berishga kirishmagan birorta fizik boʻlmasa kerak. Zotan, bu masala chin faylasufni umidsizlikka solgan boʻlardi.

Agar bizning ilmu fan oldiga qoʻyilgan masalalarni yechishga qodir emas ekan, u holda, u keltiradigan natijalariga koʻra ham xavfli. Behuda qiziqish mahsuli boʻlgan fan, oʻz navbatida, behuda, samarasiz vaqt oʻtkazishni talab qiladi. Mana, uning jamiyatga keltirayotgan eng katta zarari. Binobarin, buni siyosat va axloq borasida gapirmasa ham boʻladi.

Ey siz, boʻshliqda jismlarni oʻzaro bir-biriga tortishishini kashf etgan mashhur faylasuflar, qani menga ayting-chi, teng vaqt oraligʻida harakatlanayotgan sayyoralarning makonga nisbatan munosabati qanday? Qabariq va jamlanma nuqtalarning qanday egri tomonlari bor? Inson borliqni Xudoda qanday koʻra oladi? Jism va ruh oʻzaro bir-biriga qanday muvofiq keladi? Boshqa sayyoralarda odamlar yashaydimi? Qaysi hasharotlar noodatiy tarzda koʻpayadi? Ey beqiyos ixtiro kashf etganlar, javob bering! Agar siz bu narsalar haqida hech narsa bilmaganingizda, biz haddan ziyod koʻpaymagan, farovon turmush kechirgan, illatlar botqogʻiga kamroq botgan boʻlarmidik? Asarlaringizning oqibatini yana bir bor oʻylab koʻring! Agar olimu fuzalolarimizning mehnati bizga naf bermas ekan, u holda, hech qanday foyda keltirmay, jamiyat qonini ichayotgan ayrim betayin yozuvchilaru bekorchi safsatabozlar haqida nima deb oʻylaylik?! Ular vatan, eʼtiqod degan muqaddas soʻzlarni eshitsalar, istehzo bilan jilmayadilar, ular oʻz falsafalarini insondagi pok tuygʻularni buzishga, bulgʻashga qaratadilar.

Vaqtni behuda sarf qilish – bu gʻoyat yomon illat, biroq yengil adabiyot va sanʼat keltirayotgan zahmat ham undan kam emas. Bu ziyon-zahmat serhashamlikda koʻrinadi. U ham boshqa illatlar kabi insonning shuhratparastligidan dunyoga keladi. Serhashamlik kamdan-kam holda fan va sanʼatdan ayri boʻladi, fan va sanʼat esa hashamdorlikdan ayri boʻlmaydi. Bizning kashfiyotlarga va aforizmlarga boy falsafamiz asriy tajribalarga qaramay, zebu ziynat va hashamdorlik davlatning yuksakligidan dalolat beradi, deb uqtirishini bilaman. Ammo u ulugʻ imperiyalar ana shu dabdaba oqibatida vayron boʻlganini, zebu ziynat hamisha ezgu axloqqa qarama-qarshi qoʻyilganini tan olarmikan? Mayli, zebu ziynat molu davlatdan dalolat bersin; mayli, u mumkin qadar boylik orttirishga xizmat qilsin: xoʻsh, bugungi kunda muhim boʻlgan bu paradoksdan qanday xulosa chiqarish mumkin? Agar odamlar, qanday qilib boʻlsa ham, boylik orttirishga intilsa, u holda, ezgulik nima boʻladi? Qadimgi siyosatchilar hamisha axloq va ezgulik haqida gapirganlar; biznikilar esa savdo va pul degan soʻzni tildan qoʻymaydilar. Biri odamning narxi falon mamlakatda falon pul, agar uni Jazoirdan sotib olsa, qancha boʻladi desa, boshqasi esa unisiga xuddi shu ohangda arzon bahoga sotib olish haqida maslahat beradi. Ular odamlarni xuddi hayvon podasini savdolashganday baholaydilar. Ularning fikricha, biror davlatdagi inson qadr-qimmati, uning oʻsha davlatdagi isteʼmoli bilan belgilanadi (muallif quldorlik davrini nazarda tutmoqda – t. i.).

Axir, Aleksandr Makedonskiy yuz minglab fors satraplarini oz sonli qoʻshin bilan yenggan, qashshoq skiflar esa eng qudratli davlatga qarshi turgan emasmi? (Soʻz Doroning skiflar isyonini bostirishda muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida bormoqda – t. i.).

Ikki qudratli respublika hokimlik daʼvosida oʻzaro kuch sinashdi: ularning biri boy, ikkinchisining esa hech vaqosi yoʻq edi. Aynan shu ikkinchisi birinchisining ustidan gʻolib boʻldi (Eramizdan avval 264-241 yillarda boʻlib oʻtgan Rim va Karfagen urushi nazarda tutilmoqda – t. i.). Mol-dunyoni yamlamay yutgan Rim imperiyasining oʻzi ham oqibat mol-dunyoni bilmaydigan kimsalar oʻljasiga aylandi. Franklar Galiyani, Sakslar Angliyani yengganda jasoratdan oʻzga boyliklari yoʻq edi. Qoʻy terisidan tikilgan poʻstindan ortigʻini bilmagan togʻlik qoʻshinlar avstriyaliklarning irodasini bukib, Yevropani zir qaqshatgan badavlat Burgundiya sulolasini zabt etgandi. Bizning oqil siyosatdonlarimiz oʻz hisob-kitoblarini chetga surib, bu misollar haqida oʻylasalar, vijdon va chin axloqni mol-dunyoga sotib olib boʻlmasligini bilsalar, maʼqul boʻlardi.

Hashamdorlik haqida mulohaza yuritarkanmiz, soʻz nimaning ustida borayotganligiga eʼtibor beraylik. Balki bu masala biror davlatning qudratli, muvaffaqiyatli, ezgu va boqiy boʻlishi uchun, deb oʻylarsiz? Ha, men muvaffaqiyat qozonish haqida aytayotibman, lekin u qanday muvaffaqiyat? Nahotki, zebu ziynatga oʻchlik qalbdagi haqgoʻylik bilan yondosh boʻlsa?! Yoʻq, arzimas tashvishlarning botqogʻiga qorishgan aql hech qachon oʻzidan balandga yuksalolmaydi, binobarin, unda bunga kuch boʻlganda ham, jasorat topilmaydi.

Albatta, har bir sanʼatkor qarsaklarni, olqishlarni istaydi. Uning eng bebaho yutugʻi zamondoshlarining maqtovi, eʼtirofi sanaladi. Agar u ilm ahli yengiltak yoshlarga erk berish urf boʻlgan, ularning koʻr-koʻrona erklari uchun chin isteʼdodlar oʻz qarashlarini qurbon qilayotgan, durdona asarlar yakson etilib, uygʻunlikning ajoyibotlari rad qilinayotgan zamonda tugʻilish baxtiga muyassar boʻlsa, oʻsha maqtovu olqishlarga qanday qilib sazovor boʻladi? Janoblar, bu vaziyatda ijodkor nima qila oladi? Albatta, u oʻz dahosini zamonasozlik koʻyiga soladi, oʻlimidan keyin ham tan olinadigan boqiy sanʼat moʻjizalarini qoʻyib, zamonasining didiga mos asarlar yaratishni maʼqul koʻradi.

Yengiltaklik, serhashamlikning muqarrar oqibati, oʻz navbatida, didlarning aynishiga olib keladi. Agar buyuk isteʼdodlar orasidan zamonasozlik va mayda asarlar yozish mayliga qarshi oʻz ruhida kuch topa olgan biror odam topilgan taqdirda ham, u isteʼdodning holiga voy! Chunki u qashshoqlikda, nomi chiqmay oʻlib ketadi. Bu bashorat emas, aksincha, achchiq haqiqat! Ey zamonamiz musavvirlari, Karl va Pyerning (Karl Van Loo (1705–1765), Jan Batis Pyer (1713–1768), fransuz rassomlari – t. i.) ibodatxonalarni ulugʻvor va ilohiy suratlar bilan bezagan qalami sizga meros boʻladi yoki uni izvoshlarning eshiklarini bezayotgan behayo suratlaringiz ila badnom qilasiz.

Kishi ruhiy axloq haqida mushohada etarkan, ibtidoiy davrlardagi sodda urf-odatlarni aks ettirgan suratlarni koʻz oldiga keltiradi. Bu tasvirlar tabiat oʻz qoʻli bilan barpo etgan, nigohlarimiz toʻxtovsiz murojaat etadigan, biz uzoqlashishni istamagan sanʼat asarlaridir. Odamlar ezgu va beozor boʻlgan zamonlarda oʻz qilmishlariga maʼbudlarni guvoh boʻlishini istaganlar hamda ular bilan bir gumbaz ostida yashaganlar; tez orada ular yovuzlashib, guvohlaridan yuz oʻgirdilar va maʼbudlarning muhtasham ibodatxonalarini tark etdilar. Oxir-oqibat, ular oʻzlari egalik qilish uchun maʼbudlarni ibodatxonalardan haydab solishdi yoki aniqroq qilib aytganda, ibodatxonalar odamlarning oʻylaridan sira farq qilmay qoʻydi. Ularning marmar ustunlar bilan quvvatlanib, dunyo saroyi ostonasida turganliklari karinflarning kapitellalarida aks etgan zamonlarda axloq tubanlashib, illatlar haddan ziyod urchigan edi.

Turmush qulayliklari ortib borishi bilan sanʼat takomillashadi, zebu ziynat, serhashamlik keng yoyiladi, haqiqiy mardlik soʻnadi, jangovor ruh sob boʻladi; bu jimjit xonalarda, burchaklarda taraqqiy etayotgan fan va sanʼatning oqibatidir. Gotlar Yunonistonni zabt etgan vaqtda ularning kutubxonalari, gʻoliblardan birining oqilona tadbiri bois yondirib yuborilishdan saqlab qolindi. U raqiblariga ularni harbiy mashqlardan chalgʻitib, oʻtirib ishlashga majbur qiladigan behuda mashgʻulotlarni qoldirishni maʼqul, deb bilgandi. Karl VIII esa deyarli qilich yalangʻochlamay turib, Toskaniyani oʻziga boʻysundirdi; uning aʼyonlari bu oson gʻalaba, italiyalik amaldorlarning jangovor, harbiy mashqlarni unutib, ilmu fanga mukkasidan ketganliklari evaziga boʻldi, deya hisoblaganlar.

Rimliklar qachonki suratlar, gravyuralar, oltin-kumushdan yasalgan idishlar va nozik sanʼat asarlari bilan mashgʻul boʻla boshlaganlaridan soʻng ulardagi jasorat, mardlik yoʻqolib borganini tan oladilar; binobarin, taqdir bu azim oʻlkani hamisha boshqa xalqlarga oʻrnak boʻlishi uchun yaratgan ekan, Medichiylarning dabdabayu asʼasasi, sanʼatning qaytadan uygʻonishi Italiyaning burungi shon-shavkatiga butunlay yakun yasadi.

Fanning taraqqiyoti harbiy jasoratga qanchalik salbiy taʼsir etsa, uning axloqiy munosabatlardagi zarari ham bundan bir muncha koʻp. Bolaligimizning ilk onlarida bizga berilayotgan noqis tarbiya aqlimizni majruh qiladi, mulohazalarimizni aynitadi. Men hamma joyda behisob tarbiya muassasalarini koʻraman, u yerda yoshlarga har nimadan saboq beriladi, biroq ularga oʻz burchini ado etish kerakligi haqida taʼlim-tarbiya berilmaydi.

Farzandlaringiz oʻz ona tilini unutib, hech qayerda soʻzlashilmaydigan begona tillarni oʻrganadi; ular haqiqat va yolgʻonni farqlamay, oʻzlari bazoʻr tushunadigan tillarda sheʼr yozishni doʻndiradilar; ular boshqalar anglamasin deb, soʻzlarni mohirlik bilan boʻyab-bejaydilar; ammo ular oliyjanoblik, adolat, qanoat, insoniylik degan soʻzlarning maʼnosini bilmaydilar, Vatan degan totli kalom ularning quloqlariga yetib bormaydi; agar ularga kimdir Xudo haqida gapirsa, uni eʼzozlaganlaridan emas, aksincha, undan qoʻrqqanlari uchun nomini tilga oladilar.

Men bolalar nima bilandir mashgʻul boʻlishi kerakligini, biroq behuda vaqt sarf qilish ular uchun jiddiy xavf ekanligini ham bilaman. Demak, ular nimalarni oʻrganmoqlari lozim? Darhaqiqat, gʻoyat oqilona savol! Ular ulgʻaygan chogʻlarida unutadigan emas, bajariladigan ishlarni oʻrgansinlar.

Spartada hukmronlik qilgan sulolalarning toʻngʻich oʻgʻillari quyidagicha tarbiya koʻrgan: farzand dunyoga kelgach, uni ayollar qaramogʻiga emas, balki oliyjanobligi bilan shohning ishonchini qozongan ikki erkak xizmatkorning tarbiyasiga topshirilgan. Ular bolani jismonan koʻrkam va baquvvat qilib voyaga yetkazishga masʼul boʻlganlar. Bola yetti yoshga toʻlganda, uni ot minib, ov qilishga majbur etishgan. Bola oʻn toʻrt yoshga yetganda, uni millatning eng donishmand, eng odil, eng qanoatli va eng jasur boʻlgan toʻrtta ustoz tarbiyasiga topshirganlar. Birinchisi unga dindan saboq bergan, ikkinchisi esa hamisha adolatli boʻlishga oʻrgatgan, uchinchisi unga nafsni yengishni, toʻrtinchisi esa hech narsadan qoʻrqmaslikni taʼlim bergan. Muxtasar qilib aytganda, bu ustozlar shogirdini olimu fozil emas, axloqli qilib tarbiyalashga intilganlar.

Bizning xiyobonlarimiz haykallar bilan, galereyalarimiz esa suratlar ila bezatilgan. Sizningcha, xalqqa havola qilinayotgan, davlat arboblariyu har xil mashhur zotlarni aks ettirgan ushbu sanʼat asarlari nimani ifodalaydi? Kuyunchaklik ila qadimgi afsonalardan tiklanib, farzandlarimizga namoyish etilayotgan bu suratlar, ularning qalbini, ongini yanglishtirishni ifodalaydi, hali xat-savodi chiqib ulgurmay, koʻz oʻngida xunuk manzaralarni tasvirlaydi.

Agar ezgulik toptalib, tengsizlik boʻlmaganda edi, ushbu adashishlar, yanglishishlar qayerdan paydo boʻlardi? Mana, mashgʻulotlarimizning ayon natijasi va ularning yomon oqibatlari. Hozirgi vaqtda insondan uning or-nomusini emas, qobiliyati bor-yoʻqligini soʻraydilar; kitoblarni esa foydaliligi emas, qiziqarli yozilganligi bilan baholaydilar. Soʻzamollar mukofotlar bilan siylanmoqda, ezgu ish qiluvchilar esa eʼtibordan chetda. Chiroyli nutq uchun minglab mukofotlar bor, chiroyli amal uchun hech vaqo yoʻq. Qani, menga aytinglar-chi, ushbu akademiyaning mukofotiga sazovor boʻlgan eng yaxshi mulohaza egasining shuhrati bilan ushbu mukofotni taʼsis etganlarning xizmatlarini qiyoslab boʻladimi?

Donishmand boylik ortidan quvmaydi, lekin u shon-shuhratga befarq ham emas; biroq u shon-shuhratning bevafoligini koʻrgach, uning ruhan toblangan va hamma uchun foydali boʻlgan fazilatlari qashshoqlikka, unutilishga mahkum boʻladi, soʻnadi. El koriga nafi tegadigan isteʼdodlardan koʻra havoyi isteʼdodlarni afzal koʻrishimizning oqibati shu. Bu, ayniqsa, fan va sanʼat yangilanayotgan hozirgi paytda yaqqol sezilib qolmoqda. Bizning fiziklarimiz, matematiklarimiz, ximiklarimiz, astronomlarimiz, shoirlarimiz, rassomlarimiz, bastakorlarimiz bor, ammo bizning chin fuqarolarimiz bormi? Holbuki, ular bor boʻlgan taqdirda ham, chekka-chekka qishloqlarimizda qashshoqlikdan nobud boʻlmoqda. Mana, hozirda ularning ahvoli qanday! Bizga non, bolalarimizga sut berayotganlarga koʻrsatayotgan “ehtiromimiz” bu!

Men yovuzlikning oʻzi emas, uning oqibati yovuz, deb bilaman. Xuddi foydali oʻsimliklar orasida oʻsgan zararkunanda oʻt kabi yoki zaharli hayvonlarning tanasida uchraydigan bir-biriga oʻxshash zahar va unga qarshi ziddi zahar singari hiylagarlik ham donishmandlikdan rang oldi. Binobarin, ulugʻ qirol oʻrtamiyona isteʼdodlarni urchitdi hamda insoniyatning behuda aql-zakovatini koʻz-koʻz etuvchi muassasaga asos soldi (Lyudovik XIVning 1643–1726 yillar Parij akademiyasini taʼsis etganligi nazarda tutilmoqda – t. i.). Bu dono qaror uning vorislari tomonidan mustahkamlanib, butun Yevropaga namuna etildi. Bu, ayniqsa, ushbu akademiyaga aʼzo boʻlish sharafiga muyassar boʻlish uchun intilgan, yuksak xizmatlari va namunali axloqi uchun berilgan mukofotlarga loyiq boʻlishga jon-jahdi bilan tirishgan yozuvchilarning oyogʻiga tushov boʻldi. Akademiya mukofotlari taʼsis etiladigan majlislarda yozuvchilarning xalqda ezgulikka muhabbat uygʻota oladigan asarlari tanlanadi, shuningdek, bu muhabbatni faqat ularning oʻzlarigina berishga qodir ekanligiga, olimlar jamiyatga nafaqat ilm, balki insoniyatga ezgu hikmatlar berayotganligiga hammamizni ishontirishadi.

Mening xaq ekanligimni isbotlovchi dalillarimga eʼtiroz bildirmay qoʻya qolishsin. Biz qabul qilayotgan koʻplab meʼyorlar ularning haq ekanligini koʻrsatadi, axir, mavjud boʻlmagan kasallikka davo izlayotganimiz yoʻq-ku. Olimlar uchun barpo etilgan koʻplab tashkilotlar fanga uni tadqiq etishga eʼtibor qaratsa, ajab emas. Ehtiyotkorlik yuzasidan mulohaza qilib aytish mumkinki, oramizda ziroatchilardan koʻra, faylasuflarning kamyobligi kishini xavotirga soladi. Men ziroatchilik va falsafani oʻzaro muqoyasa qilish fikridan yiroqman: binobarin, bu muqoyasani hech kim qoʻllab-quvvatlamaydi ham. Men faqat falsafaning oʻzi nima ekanligini bilmoqchiman. Mashhur faylasuflarning asarlari qanday mazmunga ega? Bu donishmandlikka oshno boʻlganlarning berayotgan saboqlari qanday? Axir, ularning aytayotgan soʻzlarini eshitib, jamoat maydonlarida: “Quloq soling, xaq gapni faqatgina men aytaolaman”, deya tomoq yirtib qichqirayotgan bir toʻda safsataboz qalloblarga oʻxshatmaysizmi? Ularning ayrimlari: “Tabiatda hech qanday jism yoʻq, faqatgina u haqidagi bizning tasavvurlarimizgina mavjud” desa, boshqasi: “Olamda materiyadan boʻlak narsa, borliqdan oʻzga Xudo yoʻq”, deb taʼkidlashdan nariga oʻtmaydi. Ularning biri: “Fazilatlar ham, illatlar ham yoʻq, ezgulik va yovuzlik axloqning toʻqib chiqargan uydirmalari” deb ogʻiz koʻpirtirsa, ikkinchisi: “Inson insonga boʻri: u bemalol bir-birini gʻajib tashlashi mumkin”, deydi. O, buyuk faylasuflar, nega siz shunday ilm konini doʻstlaringiz, farzandlaringizga meros qilib qoldirmaysiz? Siz buning uchun darhol taqdirlangan boʻlardingiz va biz birodarlarimiz hamda farzandlarimiz orasida sizning tarafdorlaringizdan birini koʻrishdan qoʻrqmagan boʻlardik.

Mana, tirikligida zamondoshlari izzat-hurmat ila qadrlab, oʻlgandan soʻng nomini abadiylashtirgan bu gʻaroyib odamlarning ahvoli qanday!? Mana, avloddan-avlodga oʻtib, farzandlarimizga berayotgan hikmatli oʻgitlarimiz! Axir, insoniyat aqlini yanglishtirgan maʼjusiylik avlodlarga behayo haykallardan boʻlak nima qoldirdi? Injil kelgan vaqtlarda esa bu behayolik noshirlar qoʻliga oʻtdi. Yaxshiyamki, Levkipp va Dia-Goraning kufrona asarlari oʻzlari bilan birga oʻtmish qaʼriga singib ketdi. Zero, u vaqtlarda inson tafakkurini manguga muhrlash, kitob nashr etish yoʻq edi.

Ey donishmand ajdodlarimiz qoldirgan muazzam kitoblar, zamonamiz nuxsi ufurib turgan asarlar ila qorishing hamda kelajak asrlarga fanimiz, sanʼatimiz taraqqiyoti, yutuqlari, tarixi haqida haqqoniy xabar bering! Agar kelajak avlod sizni oʻqisa, ularning koʻnglida bugun biz koʻtarayotgan ushbu masalaga nisbatan hech qanday shubha qolmaydi; agar ular biz kabi nodon, noshud boʻlmasalar, alam bilan qoʻllarini samoga koʻtarib: “Ey, barcha hikmatlar egasi qodir Xudo! Bizdan ajdodlarimiz qoldirgan halok etuvchi narsalarni, bilimni, sanʼatni koʻtargin! Bizga oʻzing yorlaqagan poklikni, bilmaslikni ato etgin!” – deya xitob qiladilar.

Holbuki, fan va sanʼat yutuqlari bizni chin maʼnoda baxtli qilmas ekan, holbuki, ular didni aynitib, axloqni buzarkan, u holda, biz sanʼat ibodatxonasi ostonasiga har kimning ham kirishiga izn bermaydigan, ilm vasvasasidan saqlovchi muqaddas toʻsiqlarni yorib kirmoqchi boʻlgan bir toʻda yozuvchilar haqida nima deya olamiz? Fan va sanʼat eshiklarini surbetlarcha sindirib, ushbu muqaddas ibodatxonaga yopirilib kirayotgan ilmparastlar haqida-chi? Ular fan yoxud adabiyot sohasida nimagadir erishgandan koʻra jamiyat uchun foydali biror hunarning boshini tutsalar boʻlmaydimi? Bir umr yomon matematik yoki oʻrtamiyona fizik boʻlgandan koʻra, mohir hunarmand boʻlgan yaxshi emasmi?!

Taqdiriga daholik bitilgan zotlarga ustozlarning zarurati boʻlmagan. Bekon, Dekart, Nyuton kabi bashariyat muallimlarining muallimlari boʻlmagan. Ayting-chi, birorta pedagog ularni daho darajasiga yetkaza olarmidi? Oʻrtamiyona muallimlar oʻzlarining tor tafakkur doiralari bilan ularning tasavvurlarini chegaralagan boʻlardi, xolos. Axir, ularni aynan shu qarshilik ulkan toʻsiqlarni yengib oʻtish uchun kuch toʻplashga oʻrgatmadimi?! Oʻzida ilm mashaqqatlarini yengib oʻtishga kuch topolgan kishigina fan va sanʼatga umrini baxsh eta oladi. Zero, insoniyat tafakkuriga haykal qoʻyish hammaning chekiga tushgan ish emas. Ruhning oʻzi nimaga moyil ekanligini yaxshi biladi, faqat buyuk hodisalargina buyuk insonlarni yaratadi.

Taqdir buyuk ishlarga munosib koʻrmagan biz kabi oddiy odamlarga kelsak, keling, yaxshilar, hammamiz avvalgidek oʻz ishimiz bilan mashgʻul boʻlaylik. Oʻzimiz munosib boʻlmagan mashhurlik ketidan quvmaylik, agar chin maʼnoda isteʼdodli boʻlganimizda, u bizga bu qadar qimmatga tushmagan boʻlardi. Baxtimiz oʻz qoʻlimizda boʻla turib, uni boshqalardan izlashning nima hojati bor?! Xalqni savodxon qilish tashvishini boshqalarga qoʻyib beraylik-da, oʻz burchimizni sidqidildan ado etaylik, zero, bu haqida qaygʻurishning biz uchun ortiq zarurati yoʻq.

O, bashariyatning oliy ilmi boʻlgan ezgulik! Seni bilish uchun shuncha zahmat, shuncha saʼy-harakat kerakmi? Axir, har bir qalbga sening tamoyiling muhrlanmaganmi? Nahot, sening qonunlaringni bilish uchun oʻz-oʻzidan kechish, ehtiroslar junbishga kelganda, vijdon amriga quloq solish yetarli boʻlmasa? Keling, mana shu chin falsafa bilan qanoatlanaylik, mangulikka doxil boʻlgan daholarga hasad qilmaylik, qachonlardir biri chiroyli soʻzlovchi, ikkinchisi esa chiroyli amal qiluvchi boʻlgan buyuk xalqlar kabi (Afina va Sparta xalqlari nazarda tutilmoqda – t. i.) oʻzaro oʻrtamizda muqaddas chegara borligini unutmaylik!

 

Rus tilidan Oygul Asilbek qizi tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1] Atlet – sportchi.

[2] Russo yashagan davrda shunday deb bilishgan. Yoʻqsa, hozirda Shummer tamadduni barcha sohalarda dastlabki maktab boʻlganligiga doir isbot-dalillardan dunyo afkor ommasi xabardor – tahririyat izohi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/fan-va-sanat-taraqqiyoti-insoniyatga-nima-berdi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x