Falak jomidan may sipqorgan Hayyom

Mavlono Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy” asarida keltirilgan hikoyatga koʻra, hindlar bir filni qorongʻu uyga olib kiradilar. Filni umrida koʻrmagan kishilarni ham birma-bir oʻsha uyga kiritadilar. Zulmatda filni koʻz bilan koʻrishning imkoni yoʻq edi. Shuning uchun ham kirganlar qorongʻuda qoʻl choʻzib, paypaslab, fil tanasining biror joyini ushlab siypalardilar, xolos. Biri xartumini paypaslab, fil degani tarnovga oʻxshagan narsa ekan, ikkinchisi qulogʻini topib, fil – bu bahaybat yelpigʻich ekan, uchinchisi oyogʻini ushlab, fil deganlari ustunga oʻxshar ekan desa, yana biri filning ustini siypalab xontaxtaga oʻxshar ekan, deb tasavvur qiladi. Xullas, kim filning qaysi aʼzosini ushlasa, jonivorni oʻsha aʼzoga oʻxshatib tasavvur etadi[1].

Faylasuf Gʻarb va orif Sharqning Hayyom haqidagi tasavvurlari ham ana shu hikoyatdagi kishilarning fil haqidagi xulosalariga oʻxshab ketadi. Ulardan biri Hayyomni oʻtaketgan gedonist – ishratparast, boshqacha aytganda, mayparast, epikurchi, dinsiz, shakkok, juda himmat qilsa, moddiyotchi faylasuf sifatida koʻrgisi kelsa, boshqasi zoʻr berib uni ilohiyotchi, soʻfiy, gohida esa bir avliyo sifatida koʻrgisi keladi. Keyingi avlodlarning Hayyomga boʻlgan munosabati qaysidir maʼnoda Mansur Halloj taqdiriga boʻlgan qarashlarni ham eslatadi. Hallojning qismati borasida, mana, 1200 yildan ortiq vaqt oʻtibdiki, insoniyat aniq bir toʻxtamga kelganicha yoʻq. Halloj aslida qanday shaxs boʻlgan: xudolik daʼvo qilgan shakkokmi yoki iymon-eʼtiqodli musulmonmi? Tafakkur xazinasi, maʼno va mohiyat olamini boyitgan mutafakkirmi yoki zararli gʻoyalar muallifimi?! Halloj darajasida boʻlmasa-da, Hayyom shaxsiyati ham turli shubha-gumonlar, taxminlar, tasavvurlar, talqinlarning gohida quyuq, gohida siyrak tumanlari ichida goh koʻrinib, gohida butunlay gʻoyib boʻlib ketadi.

Gʻiyosiddin Abulfath Hakim Umar Hayyom (m. 1047–1123) Saljuqiylar hukmronligi davrida (m. 1044–1203) Eronning Nishopur shahrida dunyoga keldi, umrining asosiy qismini oʻz ona shahrida oʻtkazdi va nihoyat, shu yerda vafot etdi. Uning maqbarasi ham Nishopurdadir.

Hayyomning tugʻilgan va vafot etgan sanasi borasida manbalar va tadqiqotlarda turli raqamlar koʻrsatiladi. Masalan, Hayyom hayoti, qarashlari va ilmiy-adabiy merosi haqida tadqiqot olib borgan va ruboiylarini bir majmuaga toʻplagan eronlik mashhur yozuvchi Sodiq Hidoyat uning vafoti sanasini h. q. 517 yili deb koʻrsatsa[2], Amerikada yashaydigan hayyomshunos olim, Vashington universiteti professori asli eronlik Mehdiy Aminrazaviy Hayyom milodiy 1124–1129 yillar oraligʻida vafot etgan[3], deydi.

Hayyom Qurʼon, arab tili sarfu nahvi, arab va fors adabiyotidan umumiy bilimlarni oʻz shahrida, Qozi Muhammad huzurida oladi, soʻng ustozining tavsiyasiga binoan riyoziyot (matematika), ilmi nujum (astronomiya), falakiyot nazariyalariga oid ilmlarni Xoja Abulhasan Anboriydan, falsafani Imom Muvaffaq Nishopuriydan oʻrgandi, Shayx Muhammad Mansur huzurida esa Ibn Sinoning falsafiy merosi bilan tanishdi. Va shundan soʻng umrining soʻnggi damlarigacha Ibn Sino tafakkur olamining sayyohiga aylandi. Aytishlaricha, vafotidan bir-ikki soat oldin ham uning qoʻlida Sinoning falsafa muammolariga bagʻishlangan mashhur kitobi – “Shifo” boʻlgan ekan.

Hayyomning Ibn Sinoga ixlosi va ehtiromi yuksakligidan boʻlsa kerak, baʼzi rivoyatchi va tarixchilar uni Sino huzurida taʼlim olgan, degan yanglish xulosalar ham chiqarishgan. Lekin bu – haqiqatdan ancha yiroq fikr. Chunki buning uchun Hayyomning yoshi yuqorida zikr etilgan ustozlaridan ham kattaroq boʻlishi kerak edi. Hayyom Sinoning haqiqiy shogirdi, uning eng sadoqatli va matonatli izdoshi boʻlgani aniq. Uning doimo Sino ruhidan madad olib turgani, asarlari va qarashlaridan bahra olgani shogird deb hisoblanish uchun yetarli, albatta.

…Bir kuni Abulbarakot Bagʻdodiy muridlaridan boʻlgan Ray hokimi – Alouddavla Hayyomga piri ustodining Sino qarashlarini ayovsiz tanqid qilgani haqida gapirar ekan, bu haqda uning nuqtai nazari qandayligini soʻraydi. Hayyom: “Abulbarakot Ibn Sinoning hatto bitta soʻzini ham tushunmagan koʻrinadi, shunday ekan, qanday qilib uni tanqid qila olishi mumkin?” – deb javob beradi[4]. Hayyomni Sino bilan chambarchas bogʻlaydigan yana bir dalil bor: baʼzi tarixchilar, xususan Safadiy va Qutbiddin Mahmud Sheroziylar oʻz asarlarida Hayyomning Sinoning eng mashhur shogirdi boʻlgan Bahmanyorga shogird tushganligi haqida maʼlumot berib oʻtadilar[5]. Maʼlumotlarga qaraganda, Hayyom bir muddat oʻsha davrlarda katta ilmiy markazlardan biri boʻlgan Samarqandda ham ilm tahsili bilan shugʻullanib, qadimiy Turon xalqlarining hikmat va maʼrifat bulogʻidan bahra olgan. Buni mutafakkirning ham ilmiy asarlari, ham falsafiy ruboiylaridan bilsa boʻladi.

Hayyom Movarounnahru Xuroson, Gʻarbiy Eron va Usmonli davlatlarining eng gullab-yashnagan davrida yashadi. Bu davrda, Somoniylar davri singari ham diniy-tasavvufiy ilmlar, ham tabiiy va aniq fanlar, ham adabiyot va sanʼat yuksak darajada rivojlandi. Aynan ana shu davrda Hakim Nizomiy Ganjaviy, Xoqoniy Shirvoniy, Nosiriddin Tusiy, Abulmajid Sanoiy, Nizomulmulk, Muhammad Gʻazzoliy, Ahmad Gʻazzoliy, Mahmud Zamaxshariy, Nizomiy Aruziy Samarqandiy, Bayhaqiy, Faxriddin Roziy kabi ulugʻ allomalar va shoirlar maʼrifat maydoniga keldilar.

Umar Hayyomning taxallusi haqida soʻz ketganda otasi xaymadoʻz – chodir tikuvchi boʻlgani uchun ushbu taxallusni tanlagan boʻlsa kerak, deyiladi. Ammo Hayyomning kosiblik qilgani haqida manbalarda hech qanday maʼlumot yoki biron-bir ishora uchramaydi. Qolaversa, qoʻl hunarmandchiligi bilan shugʻullanishga Hayyomning vaqti ham, ehtiyoji ham boʻlmagan. Zero, Hayyom butun bolaligi va yoshligini asosan ilm oʻrganish bilan oʻtkazdi. Kamolga yetib, olim sifatida dong taratgach, Saljuqiylar saroyida va umuman, butun Xurosonda katta obroʻ-eʼtibor va shon-shuhratga ega boʻldi. Maʼlumotlarga qaraganda, u saroyda eʼtiborga molik mansablarda xizmat qilgani uchun “dastur” degan laqabga ham sazovor boʻlgan ekan. Hayyomning Xoja Koshoniy bilan qurgan suhbatidan maʼlum boʻlishicha, Devoni oliydan yiliga oʻn ming dinor miqdorida maosh olib turgan ekan [6].

Hayyom qomusiy olim sifatida oʻzidan boy ilmiy-adabiy meros qoldirdi. Ayniqsa, uning algebra masalalariga bagʻishlangan “Al-jabr val-muqobala” risolasidan nafaqat Sharq mamlakatlarida darslik sifatida, balki Yevropada ham muhim qoʻllanma sifatida foydalanilgan. Arab tilida yozilgan ushbu asar fransuzcha tarjimasi bilan birga 1851 yili Parijda nashr etilgan. Hayyomning yana bir mashhur asari – “Fi sharhi mo mushkil min sodiroti kitobi Uqlidus” risolasining yagona qoʻlyozma nusxasi Leyden (Gollandiya) kutubxonasida saqlanadi. “Fi ihtiyol al-maʼrifati miqdor iz-zahab val-faza fi jismi murakkab minhumo” nomli fizikaga oid risolasining qoʻlyozma nusxasi Germaniyadagi Gyote kutubxonasida, fors tilida yozilgan “Risola dar vujud” nomli falsafaga oid risolasi esa Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Shuningdek, Hayyomga nisbat beriladigan yana bir necha asar ham bor. Ulardan eng muhimlari tabiiyotga oid risolalar – “Kavn va taklif” va “Lavozim ul-makna dar fusul va illati ixtilofi havoi bilodu aqolim” nomli asarlardir. Bulardan tashqari Saljuqiy sulton Malikshoh davrida vazir Nizomulmulk boshchiligida yaratilgan ilk zijlardan biri – “Ziji Malikshohiy”ning asosiy mualliflaridan biri ham Hayyom hisoblanadi.

Saljuqiy sultonlar – Alp Arslon va Malikshoh hukmronligi davrida salkam oʻttiz yil bosh vazir boʻlgan donishmand Nizomulmulk (“Dastur ul-muluk” yoki “Siyosatnoma” asarining muallifi) zamonida davlat tepasiga kelgan shofeiylarning hanafiylar bilan bahs-munozaralari, boshqa firqalar – qarmatiylar, botiniylar (ismoiliya taʼlimotining ilmiy-nazariy va mafkuraviy maktabi), shialar va nihoyat, faylasuflarga qarshi harakatlar, fiqhiy, aqidaviy va falsafiy ixtiloflar, mazhablar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar ham ushbu davrdagi taraqqiyot va rivojlanishning jadal surʼatlarini toʻxtata olmadi. Hayyom ana shunday siyosiy-ijtimoiy jihatdan nihoyatda ziddiyatli, ammo shu bilan birga ilm-fanga eʼtibor kuchaygan bir davrda yashadi.

Hayyom oʻz davrida mavjud turli toifalarning birortasiga butun borligʻi bilan ergashmagan, mustaqil fikri va mavqeiga ega boʻlgan shaxs sifatida barchaning diqqat-eʼtiborini oʻziga tortgan edi. Boshqa jihatdan, u ancha ehtiyotkor odam boʻlgan koʻrinadi. Zero, oʻta nozik va murakkab bir davrda uzoq yashab, qattiq toʻqnashuvlar yoki ziddiyatli vaziyatlarga duchor boʻlmaslik hammaning ham qoʻlidan kelmasdi. Hayyom haqiqat izlovchilarning toʻrt toifasidan ismoiliylar (taʼlimiylar) va mutakallimlar (ashʼariylar; ilohiyotchilar, kalom ilmi ahli)ni yoqtirmas, mutasavvuflarning ravishi uning hayot yoʻli va tafakkur tarziga toʻgʻri kelmas, butun umrini ularning taʼsirida oʻtkazgan faylasuf mashshoiylar (ratsionalistlar)ning usuli maʼqul kelsa ham, uni qoniqtirmas edi. Hayyom oʻzining “Dar ilmi kulliyoti vujud” nomli falsafiy risolasida borliqni bilish va anglash maydonida kurashga tushgan kishilarni toʻrt toifaga ajratadi: mutakallimlar; faylasuflar va hakimlar; ismoiliylar va taʼlimiylar; soʻfiylar. Soʻng ularning har birini qisqacha tavsiflab, ojiz va noqis jihatlarni ham koʻrsatib oʻtadi. Ammo ularning ichidan tasavvuf ahlini eng afzal guruh sifatida eʼtirof etib oʻtishni lozim topadi. Bu holat, biroz Muhammad Gʻazzoliy hayotini eslatadi. Sunniylikning shofeiya mazhabida ulugʻ peshvolardan biri boʻlgan Gʻazzoliy boshida fiqh, soʻng kalom ilmlarida zabardast ustozlik maqomiga erishadi, ammo oxir-oqibat barchasidan voz kechib, tasavvuf manzilida osoyishtalik topadi. “Bildimki, – deydi u, – barcha yoʻllar ichida eng toʻgʻri yoʻl tasavvuf ahlining yoʻli, Xudoga eng yaqin insonlar esa soʻfiylar ekan”. Hayyom va Gʻazzoliy, taʼbir joiz boʻlsa, ikki qarama-qarshi qutbday. Hayyom – faylasuf-ratsionalist, mantiq ilmi bilimdoni, riyoziyotshunos, tabiiyotshunos va munajjim, qolaversa, inson erk-ixtiyorini kuylagan shoir. Vazir Nizomulmulkka oʻxshagan eng yaqin doʻstlari va homiylari shofeiy mazhabining yirik namoyandalari boʻlishlariga qaramasdan, oʻzini hech qaysi bir mazhab doirasida cheklab qoʻymagan. Gʻazzoliy esa uning butunlay aksi: shofeiylik mazhabi va ashʼariylik taʼlimotidan chetga chiqmagan, falsafaga zid borib, “Tahofat ul-falosifa” va “Maqosid ul-falosifa” nomli raddiya asarlar yozgan diniy ulamo va peshvolardan. Ammo, tasavvuf nuqtasiga yetganda, bu ikki qutb yaqinlashganday boʻladi…

Hayyom faylasuf boʻlishi bilan birga ulugʻ munajjim ham edi. U bu sohaga yoshligidan qiziqib kelar, ustozi esa “Hayyom yulduzlar ilmida Qurʼon oyatlarining tafsirini koʻradi”, derdi. Nizomiy Aruziyning guvohlik berishicha, u ilmi nujum fanida tengsiz boʻlsa-da, yulduzlarga qarab fol ochishga ishonmas edi. Hayyom folbin emas, yulduzshunos edi. Uning “Ziji Malikshohiy” asarining yaratilishida, ilk rasadxonaning qurilishida (afsuski, ushbu rasadxona nomaʼlum sabablarga koʻra nihoyasiga yetmadi. Oradan ikki yuz yilcha vaqt oʻtib, Hayyom va Nizomulmulk orzusini Mirzo Ulugʻbek roʻyobga chiqardi) koʻrsatgan faoliyati bunga yaqqol dalil boʻla oladi. Shuningdek, Hayyomning baʼzi bir ruboiylarini klassik astronomiya va tabiiyot fanlarini yaxshi bilmasdan turib anglab boʻlmaydi. Masalan:

 

Govest dar osmonu nomash Parvin,

Yak govi digar nuhufta dar zeri zamin.

Chashmi xiradat boz kun az roʻyi yaqiyn,

Zeru zabari du gov mushte xar bin[7].

Mazmuni:

Osmonda bir hoʻkiz bor, uning nomi Parvin,

Yana bir hoʻkiz yerning ostida yashirin.

Aql koʻzingni yaqiyn (qatʼiy ishonch) bilan och:

Ikki hoʻkiz (osmon bilan yer) oʻrtasida

bir toʻda eshakni koʻr.

 

Hayyom haqida maʼlumot beradigan eng qadimiy manba Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Chahor maqola”sidir. Hayyom bilan zamondosh boʻlgan Aruziy Samarqandiy mutafakkirni Marvda koʻrgani, Sultonning u bilan ovga chiqqani haqida yozar ekan, uni “Hujjat ul-haq” unvoni bilan tilga oladi va nujum ilmidagi oʻrnini eslatib oʻtadi. Ammo Hayyomning shoirligi, uning yeru koʻkni titratuvchi ruboiylari haqida lom-mim demaydi. Hayyomdan taxminan bir-ikki avlod keyinroq yashagan ilk tazkiranavis – Muhammad Avfiy Buxoriy ham oʻzining mashhur “Lubob ul-albob” asarida Hayyom haqida hech qanday maʼlumot bermaydi. Undan keyingi davrlarda Davlatshoh Samarqandiy tomonidan yaratilgan “Tazkirat ush-shuaro” asarida ham Hayyom shoirlar safidan joy olmagan. Nega? Hayyom shoir boʻlmaganmi? Unda uning nomi bilan mashhur boʻlgan ruboiylar kimniki?

Zamaxshariy, Nizomiy Aruziy va Bayhaqiylar yigitlik chogʻlarida Hayyomni koʻrganlar, u bilan uchrashganlar, ammo nahotki uning ruboiy yozishini bilmagan boʻlsalar? Balki Hayyom ularga oʻz ruboiylaridan oʻqib ham bergandir, ammo yosh olimlar bu tagdor maʼnoli ruboiylarni anglamagan yoki umuman eʼtibor bermagan boʻlishlari ham mumkinmi? Baribir tayinli bir nima deyish qiyin… Faqat shunisi aniqki, ilk marotaba mashhur mutafakkir – Faxriddin Roziy Hayyomning haqiqiy ruboiylaridan birini tilga oladi va shundan eʼtiboran shoir Hayyom maydonga kirib keladi.

Maqolamiz avvalida keltirilganidek, Umar Hayyom shaxsi va uning ijodi borasida fikr-mulohazalar qarashlar turlicha. Xususan, diniy ulamolarimizdan Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Solih oʻzlarining “Zikr ahlidan soʻrang” risolalarida Alloma Abu Nasr Mubashshir Taroziyning “Kashful Lison ar ruboiyyat Umarul Hayyom” asariga tayangan holda, Hayyom ruboiy yozmagan, balki unga nisbat berilgan ruboiylar botiniylar tomonidan yozilib, uning nomi bilan tarqatilgan, degan xulosaga keladilar.

Hayyom ruboiylarining sonini 100 dan 300 gacha va hatto undan ortiqroq ham deb hisoblashadi. Bu haqda fikrlar turlicha. Jumladan, Sodiq Hidoyat bu borada shunday deydi: “Hayyom ruboiylarining Sherozda 865 (h. q.) yili kitobat qilingan qoʻlyozma nusxasi 525 raqami ostida Oksforddagi Bodlen kutubxonasida saqlanadi. Ushbu nusxada bor-yoʻgʻi 157 ta ruboiy mavjud. Holbuki, Hayyomga mansub deb topilgan va Abu Said Abulxayr, Afzal Koshoniy va Mavlaviy kabi boshqa shoirlar va mutasavviflarning ruboiylari bilan adashtiriladigan ruboiylar bugungi kunda 500 tadan 750 taga yetadi”[8]. Nima boʻlgan taqdirda ham, bir guruh olimlar taxminan 178 ta ruboiyni Hayyomning oʻziniki deb hisoblashgan.

Sharq adabiyotida ruboiy janrida ijod qilgan shoirlar koʻp. Koʻpgina olimlar tomonidan ruboiy janrining ixtirochisi deb tan olingan fors-tojik mumtoz sheʼriyatining gultoji – Abu Abdulloh Jaʼfar bin Muhammad Rudakiy Samarqandiydan (858-941) tortib, Ibn Sino, Abu Said Abulxayr, Farididdin Attor, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Bedil, Soyib Tabriziy kabi koʻplab shoirlar goʻzal ruboiylar bitganlar. Hatto ulardan baʼzilarining ruboiylarini bir joyga toʻplasa, alohida devon boʻladi.

Hayyom ruboiy janrini ham shakl, ham mazmun jihatidan yangi takomil bosqichiga olib chiqdi. Hayyom ijodini qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslik nuqtai nazaridan oʻrganib, ilk “Hayyomnoma”ni yaratgan taniqli oʻzbek olimi, ustoz Najmiddin Komilov aytganlaridek, “U Abu Nasr Forobiy, Ibn Sinolarning, Rudakiy va Firdavsiylarning, Abunuvos, Abulaʼlo al-Maarriylarning qarashlarini davom ettirdi va falsafiy sheʼriyatni gullatdi, ruboiy janrini eng baland choʻqqiga koʻtardi”[9].

Dunyoda Hayyom ruboiylarini oʻz ona tilida oʻqimagan biron-bir yuksak madaniyatli millat boʻlmasa kerak. Bunda barcha olimlar bir ovozdan Yevropada Hayyomni mashhur qilgan ingliz adibi va tarjimoni Edvard Fitsjeraldning xizmatlarini alohida eʼtirof qilishadi. Jumladan, Fitsjeralddan soʻng Hayyom ruboiylarini katta qiziqish bilan tarjima qilgan yana bir ingliz olimi Artur Arberri bu haqda shunday deydi: “Umar Hayyomning baynalmilal shuhrati adabiyot tarixida gʻoyat nodir voqeadir. Chunki Edvard Fitsjerald uning asarlarini tarjima qilmaganda va bu tarjimalar kitobxonlar orasida shuhrat qozonmaganda, uni Eronda maʼlum doira vakillari, undan tashqarida esa bir guruh mutaxassislargina tanigan boʻlardi, xolos”[10]. Haqiqatdan ham, Fitsjerald tarjimalaridan keyin Hayyom ruboiylari ketma-ket olmon, fransuz, rus, italyan, ispan, chex, golland, portugal va boshqa tillarga tarjima qilinib, butun Yevropa boʻylab tarqaldi, u haqda maqolalar, tadqiqotlar yuzaga kela boshladi. Ammo, mana, oʻsha davrdan 154 yil oʻtdiki, Hayyom ruboiylarining shuhrat yulduzi haligacha soʻngani yoki yana boshqa koʻplab tillarga qayta-qayta tarjima qilish jarayoni toʻxtagani yoʻq.

Hayyom merosi oʻzbek xalqi uchun ham qadrli boʻlib kelgan. Uzoq oʻtmishda uning ruboiylarini asliyatda oʻqib, bahra olingan. Yaqin oʻtmishda uning ruboiylaridan bir qismini ilk marotaba mashhur sharqshunos olimimiz Shoislom Shomuhamedov oʻzbek tiliga oʻgirib, xalqimizga taqdim etdi. Sh. Shomuhamedov tarjimalari asliyatdan farqli oʻlaroq, barmoq vaznida tarjima qilingan boʻlsa-da, til va uslubining soddaligi, shu bilan birga jozibadorligi va ravonligi bilan eʼtiborli. Boshqalar ham baʼzi bir namunalarni aruzda oʻgirishga harakat qilishdi. Ayni chogʻda, uning barcha ruboiylarini aruz vaznida tarjima qilish zarurati bor. Hayyom moʻjazgina sheʼr – ruboiyda Inson deb atalmish ashrafi maxluqotning kayhonlar va Kahkashonlarga sigʻmaydigan siyrat va tiynatini butun joʻgʻrofiy koʻrinishlari bilan aks ettiradi. Jahonnamo koʻzguda dunyoni aks ettirgandek, koʻzaga dengizu daryoni sigʻdirgandek…

Hayyom taronalarining har bir misrasidan riyokorlik, zohirparastlik, soxtakorlik, fisq-fujur, zoʻravonlik va zulm-sitamga chulgʻangan dunyoga nisbatan eʼtiroz nidolari bong urib turadi. Hayyom ruboiylarining har bir navosida Inson ruhiyati va irodasining qudrati, salobati va matonati mavj uradi…

Hayyom aslida koʻpi bilan ikki yuzta ruboiyga ham yetmaydigan “kichkina” sheʼriyati bilan ulugʻ falsafa – hayot falsafasini yaratdi. Alloma Taroziyning Hayyom boʻsh vaqtlarida koʻngil yozish uchun sheʼr mashq qilib koʻrgan boʻlishi mumkin, lekin asosiy ishi shoirlik boʻlmagan, degan fikrini maʼqullasa boʻladi. Chunki, haqiqatdan ham, manbalar shoir Hayyom haqida sukut saqlaydilar. Lekin faylasuf, ilohiyotchi, din ulamosi boʻla turib ham ruboiy yozish mumkin-ku!

Oshiqlar ishq paymonasidan noʻshi may aylab farahmand boʻlsalar, Hayyom falak jomidan may sipqorib mangu mustagʻriqdir.

 

Jaʼfar XOLMOʻMINOV,

falsafa fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5


 

[1] Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi maʼnaviy. 3/120-1269.         

[2] Xeyyom-e Sodeq. Majmuʼe-ye osor-e Sodeq Hedoyat dar bore-ye Xeyyom. Moʻqaddeme va gerdovari-ye Jahongir Hedoyat.– Tehron:Nashr-e cheshme, 1384. – S.25.      

[3] Mehdiy Aminrazaviy. Sahbo-ye xerad. Sharh-e ahvol va osor-e Hakim Umar-e Xeyyom-e Neshopuriy. – Tehron: “Soʻxan”, 1385. – S.33.      

[4] Mehdiy Aminrazaviy. Sahbo-ye xerad. – S.36.    

[5] Safadiy. Al-vofiy bil-vofiyot. – Stanbul, 1964. – S.142.        

[6] Hoqoniy yozishmalari. – S.7; 333. Qarang: Alirizo Zakovatiy Qoragoʻzlu. Hayyom qarashlariga oid mulohazalar. // “Sino”, 2011, bahor-yoz. №41-42. – B.85.             

[7] Umar Hayyom Nishopuriy. Ruboiyot. Muhammadali Furoʻgʻiy va Qosim Gʻaniy muqaddimasi va izohlari bilan. – Tehron: “Ketob-e foʻruzon”, 1362 (1983). – S. 107.  

[8] Hayyom-e Sodeq. – S. 32.       

[9] Najmiddin Komilov. Tafakkur karvonlari. – T.: “Maʼnaviyat”, 1999. – B. 184.        

[10]  Omar Khajjam: A Nev Wersion Based upon Recent Dikoweries By Artur J. Arberry. London, 1956.John Murray albemarie Street.7. 

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/falak-jomidan-may-sipqorgan-hayyom/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x