Badiiy soʻz sanʼati taraqqiy etib boruvchi estetik hodisa sifatida tabiat, jamiyat, hayot va inson ruhiy olamining turli murakkab qatlamlariga kirib boradi. Alohida oʻzan hisoblangan adabiy jarayon esa ijtimoiy shartlilik, oʻzgaruvchan va turgʻun tamoyillar va adabiy anʼanalar zaminida rivojlanadi. Badiiy adabiyot tabiati uchun xos bu vazifani amalga oshirishda estetik ideal tamoyillari hal qiluvchi rol oʻynaydi.
Estetik ideal, uning tarkibiy qismi sanalgan estetik konsepsiya va nuqtai nazar, badiiy uslubi shakllangan koʻpgina yozuvchilar qatorida, Xurshid Doʻstmuhammad ijodiy faoliyatida ham betakror xislatlari bilan koʻzga tashlanadi. Bu xislatlar, avvalo, adib yaratgan barcha nasriy asarlar, jumladan, hikoyalarida estetik ideal mazmunan va mohiyatan tubdan oʻzgarganida, binobarin, modernlashgan anʼanaviy realizm va modernistik yoʻnalishning botiniy hamda zuhuriy tamoyillari orqali namoyon boʻlganida koʻrinadi.
Adib shu ikki yoʻnalishga mansub hikoyalarida estetik idealini badiiy islohlar asosida qayta shakllantirdi, estetik ideal ijobiy obrazlar xarakteri va ruhiyatida aks etgan boʻladi degan sotsrealizmga xos bir yoqlama harakat qiladigan qoidani keskin inkor etgan holda, turli ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy muammmolar yechimiga tegishli maqsad va muddaolari, shuningdek, jaholat va xiyonatning ezgulikni mahv etishga urinishi razolat ekanini targʻib etuvchi konsepsiyasini murakkab tabiatli tiplar zimmasiga yuklash orqali soʻz sanʼatining yangicha qirralarini ochishga muvaffaq boʻldi.
Ijodiy jarayon mohiyatining diqqatga loyiq evolyusion bosqichlarini umumlashtirib ifoda etuvchi muhim kategoriya boʻlgan estetik ideal, uning muhim halqalari sanalgan estetik nuqtai nazar va konsepsiya Xurshid Doʻstmuhammad ijodi milliy adabiyot va jahon adabiyoti toʻplab rivojlantirgan tamoyillardan oziqlanib shakllanishiga turtki berib keldi. Estetik ideal, shuning bilan birga, uning mantiqiy asoslarini targʻib qiladigan kuch sifatida maydonga chiqadigan badiiy gʻoyalar tizimi alohida mohiyat kasb etishini taʼminladi, natijada yangicha badiiy-estetik shakl va mazmun kasb etayotgan adib ijodi oʻzgacha falsafiy meʼyorlar doirasida, real voqelikni talqin qilish barobarida, noreal voqelik bilan ham aloqaga kirishdi, alal-oqibat bu holat, yaʼni olam va odam hayotiga xos haqiqat va uydirma, adolat va nohaqlik, sadoqat va xiyonat, tantilik va nomardlik kabi estetik tushunchalarning nomaʼlum qirralarini kashf etish koʻnikmasini zaruratga aylantirdi.
Badiiy kashfiyotlar tugʻilishi bilan bogʻliq murakkab ijodiy jarayonda adib muayyan asarning koʻtarinki estetik xislatini kuchaytirish niyatida muhim komponent hisoblangan pafosga meʼyorida murojaat qiladi, yaʼni syujet va kompozitsiyaning emotsional asoslarini mustahkamlash uchun alohida izlanish jarayonini kechiradi, natijada badiiy-estetik va falsafiy mushhodalari va dunyoviy hamda ruhoniy qarashlari bilan ehtiroslari, kechinmalari va ogʻriqlari birlashib ketadi, zero shu tutashuv orqali muayyan hikoyasi botini va zohirida mujassam boʻlgan estetik idealni ilgʻab olamiz.
Pafos xususiyatlarini badiiylik mezoni bilan uygʻunlashtirish jarayonida esa adib qobiliyati, mahorati va estetik ideali dialektik mazmun kasb etuvchi psixologik davomiylik kategoriyasi asosida qayta-qayta sinovdan oʻtadi, binobarin, estetik ideal, nuqtai nazar va konsepsiya koʻlamini tasavvur qilish, his-hayajonga berilish, soddalik va murakkablik oʻrtasida ruhiy esankirash, mahoratni bir bosqichdan ikkinchi bosqichga oʻtkazish, badiiy shaklning zaruriy qiyofasini yaratishga sarf etish orqali muttasil bir xil qiynoq hamda zavqu shavqqa chulgʻanish adib tafakkuri va dunyoqarashida roʻy beradigan aqliy-hissiy tugʻyonlar bilan omixta holda kechadi.
Ijtimoiy voqea-hodisalarni idrok qilish hamda hayotiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirish jarayoni adibning tafakkur va koʻngil prizmasi orqali oʻtadi, muhimi, shu hodisada soʻz sanʼatining ijtimoiy vazifasi mavjud ekani, uni xususiy ehtiyojlar darajasiga tushirib qoʻyish mumkin emasligi,[1] bunday qilish faqat bir yoqlamalik keltirib chiqarishi masalasi yaqqol gavdalanadi. Adib murakkab falsafiy-badiiy xususiyatlari bilan alohida ajralib turadigan bu masala mohiyatini ham tafakkkur va koʻngil prizmasida qayta muhokama qilib pishitadi, badiiy ijod markazida avvalambor inson va uning taqdiri turishini nazarda tutgan holda, insonparvarlik gʻoyasini oliy darajali gʻoya sifatida yuqori baholaydi, insonparvarlikning avvali fikrparvarlik va gʻoyaparvardlikda ekanini, shu tuygʻularni umuminsoniy fazilatlar maqomiga qadar yuksaltirishga erishilgan taqdirdagina yorugʻ dunyoni asrab qolish imkoni topilishini taʼkidlaydi[2] va bu maslak adib estetik idealida moddiy va ruhoniy dunyo hamda murakkab mavjudod boʻlgan insonning barcha zamonlarda birdek dolzarb va tashvishli hisoblangan turli muammolarini qamrab oladigan yetakchi tamoyilga aylanadi.
Adib shaxsi va isteʼdodida jamlangan koʻpgina axloqiy-maʼrifiy fazilatlar, zero moddiy va ruhoniy dunyo haqidagi falsafiy qarashlari turli yillarda yaratilgan hikoyalarida ishtirok etuvchi, har xil murakkab dunyoqarash, xarakter va odatlarga ega boʻlgan obrazlar, jumladan, Yunusxoʻja, Mirkomil va Toʻxtaboy, Ibn Mugʻanniy, Mahzuna, Zardusht bobo va Fyodor Dostoyevskiy, Qurbonali va Nuriddin kabi qahramonlar suvrati bilan siyratiga koʻchadi.
Badiiy soʻz sanʼatining badiiy-estetik tamoyillari bilan ijtimoiy hayot munosabatlari miqyosini belgilashda ikkinchi muhim uzviy jihatni eʼtibordan soqit qilmaslik lozim. Gap shundaki, badiiy-estetik qonuniyatlar jamiyat hayotining turli koʻrinishlariga toʻlasincha suyanib yashamaydi, hatto ular jamiyat taqozo etgan ijtimoiy tizimda bir qism ham boʻlmasligi mumkin, yaʼni ular muayyan badiiy obraz namoyon etadigan badiiy-estetik va gʻoyaviy xususiyatlar mohiyatini ifodalagani sababligina ijtimoiy jabhalar bilan aloqaga kirishadi[3] va tegishli oʻrinlarda ijtimoiy hayot negiziga daxldor estetik elementlardan oziqlanish hamda oʻsha elementlar orqali muhim psixologik taranglik yaratishga moyil boʻlishadi, psixologik taranglik esa, pafosni kuchaytirish bilan birga, hayotiy va badiiy haqiqat uzviyligini taʼminlaydi.
Adib estetik ideali, badiiy mahorati va individual uslubi bilan bir qatorda, aqlu idrok va tafakkur imkoniyatlarini doimiy ravishda uygʻun qoʻllash, badiiy did va intellektual saviyani muntazam oʻstira borish orqali ham shakllanayotgani kuzatiladi. Adib turli falsafiy-ijtimoiy, badiiy-estetik va ijtimoiy kategoriyalarni oʻrganish-talqin qilish natijasida olam va odam birdamligining dialektik asoslarini anglaydi, teran tahlil va tavsif yordamida roʻyobga chiqarilgan adabiy asos bilan falsafiy asos orasida estetik mutanosiblik oʻrnatadi, ehtiroslari oqimini tafakkurida sodir boʻladigan gʻalayonlar bilan uygʻunlashtirib yuboradi, muhimi, eʼtiqodi butun chinakam sanʼatkorning missiyasini shifokor burchiga oʻxshatadi, zero yozuvchi insonni, gʻoyaviy qarashlaridan kelib chiqib emas, avvalo, ezgu insonparvarlik gʻoyalaridan kelib chiqib oʻrganishi, tadqiq etishi, uning dardlarini baham koʻrishi kerak,[4] degan nuqtai nazarni ilgari suradi, ayni paytda, bu nuqtai nazari, estetik ideali va konsepsiyasi bilan qoʻshilib, ijodiy izlanishlari yanada samarali boʻlishini taʼminlaydi.
Bundan seziladiki, adib, insonparvarlik xislatini estetik ideali markaziga qoʻygan holda, bashariy gʻoyalarning tub ildizi va tub magʻziga yaqinlashadi, moddiy va ruhoniy dunyoda uzluksiz davom etadigan dialektik toʻqnashuvlar zamiridagi asosiy maʼno-mantiq nimadan iborat ekanini yanada teran anglashga erishadi, muhimi, bu tushuncha barcha hikoyalari botiniga oʻrnashib, a) ezgulik bilan yovuzlik oʻrtasidagi hech qachon nihoyasiga yetmas oshkoraviy va pinhoniy jangu jadal; b) adolat va nohaqlik, eʼtiqod va beqarorlik, vijdon bilan behayolik, fidoyilik va xudbinlik namoyon etadigan raqobat motivlari izchilligini asoslaydi.
Yangilangan realizm va majoziy modern yoʻnalishlarida bitilgan hikoyalarida qadimiy dunyoning moddiy va ruhoniy neʼmatlarini qadrlash hamda asrashga daʼvat, halollik va erkni ochkoʻzlik, zulm va istibdodga qarama-qarshi qoʻyish (“Oq libos”, “Qazo boʻlgan namoz”, “Toʻxtaboyning boyliklari”), tashqi reallikning ichkariga intilishi, ichki reallik bilan yaxlitlik kasb etishi va shuning natijasida roʻy bergan botiniy portlashni chuqur psixologizm va poetik tasvir zaminida ishonarli qayd etish (“Mahzuna”, “Vasiy”, “Qadr”, “Jajman”, “Jimjitxonaga yoʻl”), ilohiy boylik boʻlgan tabiat qalbni goʻzallik va jasorat bilan toʻldirishi, hikmatlar va majoziy obrazlar manbai sifatida ruhiyatga qanot baxsh etishini falsafiy-poetik pozitsiyada turib talqin qilish (“Qoyalardan balandda”, “Ibn Mugʻanniy”, “Oqimga qarshi oqqan gul”, “Beozor qushning qargʻishi”) yetakchi oʻrin tutishi kuzatiladi.
Shubhasiz, zamiriga vaqt kategoriyasi magʻzini singdirgan zamon va makonga tegishli boʻlgan adib dunyoqarashi, yaʼni turli badiiy gʻoyalardan iborat estetik ideali, estetik nuqtai nazari va konsepsiyasi, avvalo, modernlashgan realizm bilan majoziy modern yoʻnalishlari zaminida tugʻilgan, gʻoyaviy-badiiy va uslubiy jihatdan oʻzaro uygʻunlik kasb etgan hikoyalarining shakli va mazmuniga xos badiiy-estetik xususiyatlar orqali anglanadi.
Muhimi, koʻpgina hikoyalarining falsafiy qatlamlari zamirida badiiy umumlashmalar, zero turli obrazlarni ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurashga chaqiradigan, shakl bilan mazmunga sayqal beradigan badiiy gʻoyalar tizimi harakatda boʻladi. Badiiy jihatdan baquvvat “Oq libos”, “Yolgʻizim – siz”da psixologik kechinmalar va ziddiyatlar keskinligi, olis moziy hodisalari botinidagi zamonaviy muammolarga uygʻun ruhni ravshan ifodalashi barobarida, tarixiy saboqlar hech qachon eskirmasligi va boqiy boʻlib qolishini ifodalovchi estetik idealga evriladi, alal-oqibat bu ideal bagʻridan realistik xarakter kasb etuvchi hamda tarixiy saboqlardan ibrat olishga undovchi haqqoniyat konsepsiyasi boʻy beradi.
Adib bir toifa hikoyalarida badiiy va majoziy obrazlarni koʻngil iqlimida muttasil junbishga keladigan, muayyan ijtimoiy vaziyatni gʻussali va hazin pafosga yoʻgʻiradigan psixologik tebranishlar girdobiga tashlaydi, jumladan,”Kiova quyoshi”, “Hasharchilar”, “Alam”, “Koʻchish”, “Etakdagi uy”, “Mahzuna”, “Qoyalardan balandda”, “Qadr”, “Madaniyatli kishi”da shunday xususiyat qavariq holda boʻrtib turadi.
Yana bir qator hikoyalari majoziy modernga xos poetik oʻychanlik va falsafiy teranlik tamoyillarini namoyon etadi, masalan,”Jajman”, “Ibn Mugʻanniy”, “Halqa yoʻldan hu-u narida”, “Vasiy”, “Saf”, “Sas”, “Qor odam”da shunday muhim tamoyillar, binobarin, dramatik va psixologik keskinlikni kuchaytiradigan jonli soʻzlar orqali xayolot va mistikaning sirli olamiga kirib boriladi.
Tadrijiy takomillashuv tamoyillaridan oziqlangan bir qancha hikoyalari, avvalo, moddiy va ruhoniy borliqning falsafiy mohiyatini teran va yangicha idrok etish xususiyatlarini mujassam etish barobarida, inson – tabiat – jamiyat atalmish uch qutbning mohiyatan dolzarb muammolarini, ular ittifoqida roʻy berayotgan uzilishlar tufayli qalb va ruhiyat iqlimi nomutanosiblik jafosini tortayotgani, nafsga tobelik muttasil avj olayotgani va xudbinlikdan iborat xususiy manfaatlar bashariy fazilatlar mantigʻiga zid ravishda xuruj qilayotganini ifodalovchi badiiy gʻoyalar tizimini koʻndalang qiladi.
Dunyoqarashini ijtimoiy hayotning maʼnaviy-maʼrifiy va axloqiy koʻlamdorligini izohlovchi mantiqiy omillar asosida belgilab olgan adib “Mahzuna” va “Jajman” kabi hikoyalarida falsafiy-ijtimoiy va badiiy gʻoyalar hamda emotsional faktorlar, zero hayotiy pafos imkoniyatlari bilan qurollangan novator sanʼatkorlar sifatida fikrlaydi. Pirovard natijada moddiy va ruhoniy borliqni kechinma-tuygʻular vositasida ayricha idrok etish, tabiat va jamiyatdan olgan taassurotlarini teran tahlil qilish koʻnikmasini chuqurlashtirish, badiiy gʻoya va mavzular doirasini kengaytirishga erishdi.
Muhimi shundaki, adib estetik ideali “Ibn Mugʻanniy”, “Qoyalardan balandda” kabi hikoyalari qurilishida gavdalangan estetik konsepsiya, nuqtai nazar va badiiy gʻoyalarni, mustahkam halqalardan iborat zanjir taxlit, haqqoniyat va mutanosiblik, eʼtiqod va goʻzallik tizimida birlashtiradi. Adib nuqtai nazariga xos sinchkovlik va bedorlik “Otamning oshnasi”da tegishli badiiy-estetik mohiyatni ichkaridan yorituvchi omil vazifasini oʻtaydi, hikoya magʻziga singdirilgan umr omonatligi, molu davlat hamda martaba bevafoligi, doʻstlik va ixlos boqiy mulk ekanligini anglatuvchi tushunchalar zalvarli estetik ideal qiyofasiga kirgani sababli dilni larzaga soladi. Xuddi shunday holat “Jim oʻtirgan odam” matni va uning badiiy yoʻnalishiga alohida shukuh va salmoq bagʻishlaydi, muhimi, modernlashgan realizm namunasi boʻlgan bu asarda inson xarakteri va ruhiyatiga xos behad sirli mintaqalarda kechadigan murakkab evrilishlar keskin psixologik tahlillarga tortiladi, natijada qalb va shuurda ogʻriqli afsusdan iborat chuqur asorat qoldiradigan loqaydlik va shubhalanish, gʻalamislik va manmanlik falsafasiga cheksiz nafrat konsepsiyasi badiiy matn botinidan sirtga qalqib chiqadi.
Alohida taʼkidlash lozimki, adib hikoyachiligida estetik idealga xos asosiy xislatlardan biri muntazam ravishda botiniy harakatdan zohiriy harakatga koʻchish va oʻrnida aksini qoʻllash, shu bahonada tanlangan turli mavzu yoki masalaning estetik mohiyatini badiiy jihatdan umumlashtirib, keng koʻlamli axloqiy-maʼrifiy va ijtimoiy mantiq doirasida jamlash koʻnikmasidir. Adib ijodiy faoliyatida muhim oʻrin tutadigan bunday koʻnikma hayotiy haqiqat bilan badiiy haqiqatni oʻzaro yaqinlashtirish, oʻz shaxsi imkoniyatlari hamda badiiy obrazlar dunyosidagi isyonkorona koʻtarilishlarni tutashtirish asnosida kutilmagan psixologik portlashlar sababchisi boʻladi.
Masalan, italyan yozuvchisi Dino Butsatti qalamiga mansub “Yetti qavat” hikoyasiga nazira tarzida bitilgan “Jimjitxonaga yoʻl” shunday badiiy xislat kasb etgani uchun ham psixogizmga yoʻgʻrilgan voqelik tuguni yechim sari favqulodiy taranglik orqali boradi va, nihoyat, inson omilini xoʻrlash va kamsitishga mahkum etadigan maʼnaviy tanazzulni inkor etish falsafasi oʻzagi dolzarb ijtimoiy va axloqiy xarakter kasb etuvchi estetik konsepsiya xususida tasavvur beradi.
Darhaqiqat, Xurshid Doʻstmuhammad yaratgan kichik nasriy asarlar bugungi oʻzbek va jahon hikoyachiligida alohida badiiy-estetik mavqe egallaydi, oʻzbek va jahon hikoyachilik taraqqiyotiga va shu orqali badiiy-estetik tarafakkurimiz ravnaqiga munosib ulush qoʻshgani, modernlashgan realizm va majoziy modernning yangi-yangi badiiy-estetik qirralarini ochishga sezilarli taʼsir oʻtkazgani koʻzga tashlanadi.
REZYUMYe
Maqolada adibning zamon va makon borasidagi dunyoqarashi, uning modernlashgan realizm bilan majoziy modern yoʻnalishlari kesishuvida tugʻilgan hikoyalarini shakl va mazmunga xos badiiy-estetik xususiyatlar orqali anglash xususida soʻz yuritiladi.
V statye govoritsya o vzglyadax pisatelya otnositelno vremeni i prostranstva, postijenii sushʼnosti yego rasskazov, sozdanniʼx na peresechenii modernisticheskogo realizma i allegoricheskogo moderna, cherez yego xudojestvenno-esteticheskiye osobennosti, svoystvenniʼe forme i soderjaniyu yego proizvedeniy.
The article describes the author’s views with respect to time and space, the comprehension of the essence of his stories created at the intersection of modernist realism and allegory of modernity, through his artistic and aesthetic features characteristic of the form and content of his works.
Nilufar DILMURODOVA
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–11
[1] Uellek R., Uorren O. Teoriya literaturiʼ. M., «Progress», 1978, str.208.
[2] Xurshid Doʻstmuhammad. Ijod – koʻngil munavvarligi. T., “Mumtoz soʻz”, 2001, 3-bet.
[3] Uellek R., Uorren O. Teoriya literaturiʼ. M., «Progress», 1978, str.108
[4] Xurshid Doʻstmuhammad. Ozod iztirob quvonchlari. T.,“Maʼnaviyat”, 2000, 24-bet.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/estetik-ideal-va-badiiy-goya/