Erta bahor

– E-e, ha-a-a, salomlarim boʻlsi-in-n!..

Temir darvozaning oʻrtasidagi yakka tavaqali, ensiz eshikchani ochib hovliga kirgan Romiz Joʻra ichkariga bir qadam qoʻygan joyida dimogʻiga gup etib urgan anvoi hidlardan nafas ololmay qoldimi yoxud qiygʻos ochilgan lolayu lolaqizgʻaldoqlardan koʻzlari qamashdimi, noyob xushxabarni eshitgandek emas, uni oʻz koʻzlari bilan koʻrib turgandek azbaroyi entikib ketdi. Taqqa toʻxtadi. Bir nigoh tashlashda bogʻni boshdan adogʻ kezib chiqdi. Yana va yana qaradi, razm soldi. Nigohini toʻxtatolmadi. Goʻyo hoziroq qarab toʻyib-toʻyib koʻrib olmasa koʻz oʻngidagi bu ajib xushxabar-manzara qayoqqadir gʻoyib boʻladigandek.

–… S-s-alom… larim-m…

Romiz Joʻraning tovushi juda past chiqdi. Butun bogʻ boʻylab ochilgan alvon lolazor choʻchib ketmasin degan xavotirda tovushini yutib yuborgandi u. Goʻyo tarvaqaylab oʻsgan gilos daraxtining ostidagi temir soʻrida kimdir orom olib uxlab yotibdi-yu, oʻsha kimsani choʻchitib yuborishdan ehtiyotlangandek, yoʻq-yoʻq, butun bogʻ ajib bir sehrlarga limmo-lim musiqaga raqs tushayapdi-yu, rango-rang libosga bezangan raqqosa… bogʻni chalgʻitib yuborishni istamagandek oyoq uchida ohista ikki odim bosdi. Qadam bosdi-yu, behosdan, ha-ha, toʻppa-toʻsindan bogʻni qoplagan rango-rang lolayu qizgʻaldoqlar, koʻm-koʻk chuchmomalar jajji bogʻcha bolachalaridek baravariga chapak chalib yuborganidan choʻchib tushdi. Lolalar chayqala-chayqala, qip-qizil gulkosalari, hali ochilib ulgurmagan mayin oqish tukli gʻunchalariyu yam-yashil yaproqlari va nozik-nihol novdalari yerga tegay-tegay deya tebranib olqishladi.

Romiz shoir juda-juda sogʻingandi bogʻini. Sogʻinish ham gapmi, bogʻini unutib yuborgandek edi, nazarida. Unutish ham gapmi, batamom oqibatsizlik yoʻliga oʻtgan-u, mana, koʻz-koʻzga tushganda xijolat oʻtida yonayotgandek, izza boʻlayotgandek, istihola oʻtida qovrilayotgandek edi. Aksincha, moʻjiza ustidan chiqdi u, taʼrif-tavsifiga soʻz topilmaydigan moʻjizaga roʻpara keldi. Vaholanki, orada bir qish oʻtdi, xolos, qish boʻyi u qadam bosmadi bogʻga. Qish fasli hech kim qadam ranjida qilmaydi bu tomonlarga, biror-yarim qoʻni-qoʻshni deganlar tasodifda daydib-uloqib yoʻli tushib qolmasa, atrof dala hovli kimsasiz ahvolda qishning, qor-yomgʻirning, izgʻirinli ayozning inon-ixtiyoriga qoladi. Yolgʻon boʻlmasin, mushtipar qorovul xotin ikki oʻgʻil, bir qizi bilan hoʻ-oʻ serdaraxt baland qirning belida koʻrinayotgan yolgʻizoyoq yoʻlka bilan borib-qaytiladigan kulbachada qishlaydi. Dala hovlilar oʻshalarning qaramogʻiga oʻtadi. Koʻklam shabadalari dala-qirni aylanib-oʻrgila boshladi degunicha esa bogʻ hovlilarga gʻimir-gʻimir, simir-simir, jimir-jimir qon kiradi-jon kiradi.

Romiz Joʻra shu yoshga chiqib hech qachon qishni bu qadar ogʻir oʻtkazmagandi. Qish odatdagi qishligini qildi – havo sovidi, yerdan qariyb qor arimadi. Qorli-qirovli, hatto achchiq izgʻirin zabtiga olgan oqshom chogʻlari poyi piyoda koʻcha sayriga chiqish odatini kanda qilgani yoʻq Romiz shoir. Uy-joyi issiqqina, bola-chaqasi bagʻrida, xizmatiga borib-kelib turdi. Lekin yuragi siqildi, faqat nega, nimadan siqildi, ne hasratlarda bu qadar qisindi – oʻzi ham bilmadi, tagiga yetolmadi, tayinli javob topmadi. Xuddi barcha tushuniksiz dilxunliklari faqat va faqat dala hovli vasliga, diydoriga yetsagina tarqaydigandek tuyulaverdi. Bogʻ hovlisi tushlariga kirdi, tushida ham, uygʻongach, oʻngida ham hademay bahor kelaqolsa, deya sabrsizlanaverdi, dala hovliga yetib borgan taqdirda ado etilajak yumushlarni xayolan rejalashtirishdan charchamadi, hatto necha qayta tun yarmida asta issiq oʻrnidan sirgʻalib chiqib allapallaga dovur “Dachada moʻljallangan ishlar” roʻyxatini tuzdi. Erinmay-netmay qayta-qayta yozilgan roʻyxatlarni noyobu nodir yozuvdek avaylab, oʻqiyotgan kitobi orasiga yashirdi. Qandaydir koʻrinmas-mavhum kuch uning bu niyat-maslagiga yetishmoqlikka toʻsqinlik qilishi muqarrardek bot-bot koʻr xavotirga tushdi. Tun yarmidan oqqan palla yuvinib-poklanib iltijolar ila tong ottirdi.

Xullas, u bogʻ hovliga boradigan kunini sabrsizlik bilan kutdi, betoqat kutdi, maʼshuqasidan ayrilgan oshiqdek kutdi. Nazarida jonining bir boʻlagiga aylangan bogʻ hovlisi, oʻz qoʻli bilan bitta-bittalab tosh terib, tuproq tashib, loy changallab, mix qoqib bunyod etgan qoʻshxonali, gʻaribgina kulbasi mungʻayib qolgandek tuyuldi. Necha qayta otlandi u bu tomonlarga, har safar ayoli yoʻlini toʻsdi, qoʻysangiz-chi, dedi, shu sovuqda zarilmi, shamollab-netib ish orttirib kelasiz, deya izn bermadi. Ikki-uch dafʼa oʻgʻil-qizining onasiga bildirmay yoʻlga ravona boʻlish xayoliga ham bordi, axir dala hovli joylashgan maskan qochib ketgan emas, shahar sarhadi oshib yana ikki soatlar chamasi moshinasini gʻizillatib haydasa yetib boradigan manzil… jurʼati yetmadi Romiz Joʻraning. Xotin kishi ham bilib aytadi, qolaversa, keyingi paytda nozikmizojroq boʻlib yuribdi, ittifoqo falokat bosib, shamollab-netsa bormi, xotini aytmoqchi “ish orttirsa”, erta bahor tugul, ayni koʻm-koʻk koʻklam qoʻshigʻi yangragan palla ham bogʻ hovliga kelish nasib etmay qolishi mumkinligini oʻylab yurakkinasi orqaga tortib ketdi.

Dala hovli ham uni rosa sogʻingan ekan, oʻziyam. Shunday boʻlishini taxmin qilgandi Romiz shoir, farazda adashmadi. Lekin bu qadar deb oʻylamagandi, sogʻinch deganlari shunchalar alvon ranglarga burkanib, ochiq sahna toʻla cholgʻular yangligʻ joʻr ovozda nola chekib yuboradi deb kutmagandi. Toʻgʻri-da, yon tomonlarda – gir atrofda lolalar, lolaqizgʻaldoqlar, yana koʻm-koʻk, pushti, sariq, moviy rang gulchechaklar kutaverganidan, sogʻinchli oʻrtanishlardan choʻgʻga, olovga – alangaga aylanib ketibdi!..

Romiz Joʻra darvozadan kirgan joyida qoqqan qoziqdek qimir etmay turaverdi. Mana, siz sogʻingan bogʻ hovli, shoir, dedi ovozini chiqarib, bundan qanoat hosil qilmadi, yanayam tantanavor ohangda aytdi: koʻzlaringiz toʻygunicha bahra oling, Ramziy janoblari! Soʻlim bahor tashrifingizga muntazir! Oʻzlarining happayu halol amloklari muntazir poyqadamlariga! Olis va xolis niyatlar ijobati, qarang, naqadar tarovatli, naqadar goʻzal! Oydan-da, kundan-da, goʻzallardan-da goʻzal!.. 1

Romiz Joʻra avjiga mina boshlagan “shoirligi”ni amallab toʻxtatdi-da, behosdan yana bir qadam bosguday boʻlsa, bogʻni ogʻushiga olgan ajib tarovatga putur yetkazib qoʻyadigandek, hurkak qizgʻaldoq-qizaloqlarning uvoliga qoladigandek boshini goh u yon, goh bu yon burish-oʻgirish bilangina kifoyalandi. Uning nazarida shamol tugul, hatto shabada ham esmayotgandek edi, biroq quyuq ochilgan lola-lolaqizgʻaldoqlar belga tepadigan oʻt-oʻlanlaru maysa-koʻkatlarga qoʻshilib, biri-biridan ajib va odamni mast qiluvchi iforlar taratib, hamon yerga tekkudek gʻamzalar bilan toshqin suvdek shovullab tebranayotgani aqlini shoshirib qoʻyayotgan edi. Lolalar har tebranganda jajji piyolachalaridagi shudring tomchilari duv-v etib yerga sochilar, Romiz Joʻraning nazarida lolalar sevinch koʻz yoshlarini toʻkayotgandek tuyulardi.

Lolaqizgʻaldoqlardan bir jufti til biriktirdimi, chirmoviqday achomlashib engashganicha Romiz Joʻraning tizzasiga bosh urdi. Shunda Romiz shoir qoʻsh qizgʻaldoq gulkosa ichiga razm soldi. Choʻgʻdek qizil yaproqlar tubi – togʻ lolasining jajji yurakkinasi shu qadar sim-siyoh – tim qora baxmal-duxobaning oʻzginasi ekanligini hayotida ilk bora koʻrayotgan odamdek hayratidan tili kalimaga kelmay qoldi.

– Sogʻindilaringmi, lolalarim, qizgʻaldoqlarim? Yolgʻizlarim? Ovunchoqlarim?..

Qoʻshaloq qizgʻaldoq novdasi qad rostladi, zum oʻtmay yana boyaginday achomlashgan holda bogʻ hovli xojasining tizzasiga bosh urdi – koʻz yoshidek tiniq, dur tomchilar duvillab sochildi.

Romiz shoirning koʻzidan yosh tirqirab ketdi… Etak tomonda qator saf tortgan mirza teraklarning endigina nish ura boshlagan yaproqchalari quyosh nurida jivirladi, yaqin-atrofida qandaydir qushlar shoʻx va mastona chugʻilladi, “chigʻ-chigʻ”lashib oyogʻining ostidan quvalashib oʻtdi, osmon toqiga naqshlangan kumushday oppoq bulut parchalari sezilar-sezilmas suzib borayotgandi. Bulutlardan-da oppoq chinni kabutarlar galasi Romiz Joʻraning ilk tashrifi sharofatiga dala hovlisi uzra kimoʻzarga qanot qoqib, tapillatib oʻyinga tushib, aylana yasay boshlashdi.

Romiz Joʻraning betini mayin-muloyim shabada siypalab oʻtdi. U langʻillagan alanga tutgan hovli manzarasini simirib ichguday tashnalik bilan miriqib-rohatlanib, toʻyib toʻyib kuzatdi. Pana joylarda laxtak-laxtak qor orolchalari koʻlmak suvga oʻxshab jon saqlabdi. Charaqlagan oftobning zarrin nurlari beozor, ilmiliq. Illo, oʻt-oʻlan chunonam joni kirib oʻsibdi, oʻziyam! Daraxtlarning tanasigacha, temir soʻrining ostigacha, qoʻsh xonali kulbaga dovur olib boradigan yolgʻizoyoq yoʻlkagacha koʻrinmay ketibdi. Faqat choqqina hovuzcha ustiga gumbazsimon shamoyilda tortilgan suvyuqmas yelim matoning bir qarashda “turq”i… qabrni eslatishi Romiz Joʻraning dilini gʻashladi, xolos.

Qish qishligini qildi dedi-ku, ortga surilgani yoʻq, bahor esa ushbu dala hovli sohibiga oʻxshab oshiqmadi, balki har ikkala fasl boodoblikni oʻrinlatdi – birining safari nihoyasiga yetayozgan damlarda ikkinchisi hayot qoʻshigʻini kuylashga kirishdi. Illo, nima boʻlgan taqdirda ham, mana, sir ochildi – Romiz Joʻra bilan bahorning dili, tili, niyati bir ekan – ikki qalb, ikki vujud kimsasiz maskanda quchoqlashguday, achomlashguday bir-birining bagʻrida erib ketguday alfozda yuzlashib, diydorlashib turishibdi! Hamon shunday ekan, bu yogʻi yo ostidan, yo ustidan, nima boʻlsa boʻlsin, kim nima desa desin, Romiz Joʻra shamollasa shamollar, tobi qochsa qochar, muhimi, erta bahorni oʻz koʻzi bilan koʻrish baxtiga muyassar u. Intiq kutilgan arzanda shodmonlikning oʻzginasi uni peshvoz chiqib, quchoq ochib kutib olmoqda, shunday ekan, ayni ayyom yumushlarini bir hamlada – ha-ha, bir hamlada bitirishga kirishsa, bogʻ hovli yashnab ketsa, qarsak chalib yuborsa, umri juda-juda qisqa boʻlgan lola-lolaqizgʻaldoqlarining diydoriga toʻysa, yoʻlkalarni, yolgʻizoyoq yoʻlkachalarni ochib, sarishtalasa, hademay yaproq yozish ayyomiga kirishadigan olma, anor, nok, gilos, bodom, xurmo, shaftoli va hokazo daraxtlar tanasini oqlasa, dov-daraxtlar “Oqqush koʻli”ning ohumisol raqqosalaridek yasan-tusan qilib olsa, moʻljallangan har bir ish-yumush nihoyasiga yetgani sharafiga chinni kabutarlar galasi tabrik va olqishlar maqomida Ramziy shoirning bogʻ hovlisi tepasida aylana yasab uchaversa! Abqariy-y, yo, hayratiy! Hayratiy, yo, abqariy-y! Oh kuchingdan, voh joningdan, e, voh-voh-h jodularingdan, hayot!..

Romiz Joʻra toʻsatdan qulogʻini ding qildi. Jimjitlik va sukunatni uning hayratlanishlari buzayotgandi. Borliq esa oʻyga tolgandek, bogʻ sohibi tashrifiga atay hozirlik koʻrib, nafasini ich-ichiga yutgandek… Romiz shoir yuzini xiyol osmonga qaratib, koʻzlarini yarim yumdi. U olis-olislardan elas-elas eshitilayotgan dilgir kayfiyat bagʻishlovchi musiqa tinglayotgandek edi. Vujudi quloqqa aylandi – nafas olishi eshitildi. Entikib ketdi. Xayoliga kelgan oʻydan choʻchib tushdi – xotinining raʼyiga yurib, shu safar ham kelmay qolganida bormi, dala hovlisiga erta bahor tashrifini oʻz koʻzlari bilan koʻrmaganida, oʻn sakkiz yoshli qizning bokira nafasidek havolardan toʻyib-toʻyib bahra olmaganida, ushbu goʻzaldan-goʻzal manzaraning tirik shohidi boʻlmaganida hayotining mazmun-mohiyati – hikmatini anglamoqlikni boy bermasmidi?! Ahvoli nima kechardi u holda? Qish boʻyi kutdi-ku, oʻzi! Aytdi-ku, negadir bu safargi qish tamomila oʻzgacha oʻtdi, Romiz Joʻraning toqatlari toq boʻldi, yuraklari chok-chokidan soʻkilayozdi. Butun qish boʻyi bahorni sogʻinib, bahorga intilib, uning ishqida kuyib-oʻrtanib kun sanadi, tun sanadi. Yoshi ulgʻaygani, keksalik-qarilik alomatlari koʻngliga gʻulgʻula soldi, shekilli, sabr qilolmadi, toqati yetmadi, goʻyo shu bugun dalaga – bogʻ hovlisiga chiqib bormasa, erta bahor tarovatini oʻz koʻzlari bilan tomosha qilmasa, chinakam koʻklamoy arazlab kelmay qoʻyadigandek, qaytib bahorning diydoriga yetishish nasib etmaydigandek xavotirda yurakkinasi oʻrtandi. Hovliqdi. Tavakkaliga ulovga egar urdi.

Faslning injiqliklariga qarab ish tutadigan zamonlar oʻtib ketgan, binobarin, andek bemavrid ekaniga qaramay, Romiz Joʻra yeng shimarib bir unnasa, dunyocha yumushni oʻrinlatib tashlaydi. Qarabsizki, chor atrofdagi qoʻni-qoʻshnilar kelgunga qadar hovli qoʻgʻirchoqdek yasanadi, toʻyxonaga, ayyomxonaga aylanadi. Romiz Joʻraning gʻayratlariga ofarinlar yogʻdirishadi hali. Oʻzlari har yildagidek picha hayallashganlarini xaspoʻshlab… uh dangasa, uh ishyoqmas chiqdi hamsoyalari! Vaj desa qop-qop: hali bahor kelganicha yoʻq, hali yerdan zax koʻtarilganicha yoʻq, uylar sovuq, loygarchilik… shaharda xizmatchilik. Tanbalga bahona qahatmi?! Oʻzlaring zax, oʻzlaring sovuq, oʻzlaring dangasa! Ana bahor, mana bahor, dalamizga-bogʻimizga chiqinglar, marhabo, barchamizga intizor-mushtoq-ku bahor!

Umrida ikki bayt bitmagan banda qayerdan “shoir”lik martabasini orttirgan – Romiz Joʻraning oʻzi ham aniq-tiniq bilmaydi, illo, ayni shu tobda… qaranglar, hovli ho-ov etakka dovur qip-qizil koʻl misoli tovlanib jilvalanar, sal ehtiyotsiz xatti-harakatga yoʻl qoʻyguday boʻlsa, qirmizi koʻl suvi lop etib alanga olishi muqarrardek ajib va gʻaroyib manzara!.. Shu xayol aralash moʻyqalam tutishda uquvsizligini oʻylab joni oʻrtandi. Attang, agar men rassom boʻlsam edi, chizib berardim… Tangri taolo shul moʻjiza sanʼatdan qismaganida bormi, ayni behisht suvratiga kirgan bu chaman, bu chorbogʻni tasvirlashda Rerixdan tortib Tansiqboyevgacha, Dalidan tortib Axmarovgacha yaxday suv ichsinlar edi, uning oldida!..

Oradan bir zum oʻtar-oʻtmas, joni oʻrtanayotganini unutishga ulgurmay turib bastakorga aylanib qolishini va bogʻning ushbu tarovatiga monand kuy bastalashni tusadi koʻngli. Xayoli izmidan chiqqandi uning, gʻayrishuuriy alfozda oʻzini mohir tanburchidek his eta boshladi, yana soniya oʻtmay fikridan qaytdi – sozlarning sozi sato, dedi-yu, tuyqus joniga igna suqilganday koʻksi jazillab achishdi. Axir tanbur yo satosiz hayotining bir kuni-bir lahzasini tasavvur qilolmasa, nima jin urib, kech kuzda dov-dastgohni moshinga ortganicha shaharga joʻnab ketayotib jondek shirin sozini manavi kulbada unutib qoldirdi?! Uzun qish boʻyi bu ayriliqqa qanday dosh berdi?! Dala hovli sogʻinchidan bu qadar oʻrtaniblar ketayotganining boisi shundadir, hoynahoy?! Mana, xayriyat, nihoyat, yetib keldi, yaxshiyam, tavakkaliga ish tutdi, hoziroq, hayallamay kulbasining eshigini ochadi, kira solib tanburini qoziqdan oladi – zax uy ichida nam tortganmi-yoʻqmi, qatʼi nazar, noxunni barmogʻiga qadaydi, yoʻq, kamonni shaylab sozni sozlab ham oʻtirmaydi – kulbani, lolayu lolaqizgʻaldoqqa limmo-lim toʻlgan koʻl-hovlini, butun atrof-javonibni, hoovv koʻrinib turgan qorli togʻ choʻqqilariyu yam-yashil libosga burkangan qir-adirlarni tanbur navosi, sato nolasi tutadi – Romiz Joʻra mast boʻlib oʻzi yangigina, ho-ozirgina bastalagan “Erta bahor” kuyini chaladi!..

Dastavval boshpanaga olib boradigan yoʻlni ochsa, uyga kirsa, ust-boshini almashtirsa, omborxonadan mehnat aslahalarini olib chiqsa… shu-da, “Erta bahor” kuyi, shu-da, oʻynoqi tanburu sato nagʻmasining avji osmonlarga yetgani – erta bahor yumushlarining boshlangani!

Romiz Joʻra beliga uradigan balandlikda oʻsgan oʻt-oʻlanni dam oyoqlari, dam qoʻllari bilan avaylabgina ikki tomonga bukib, yoʻl ochib uy tomon yurdi. Oʻ-oʻ, baraka, hoʻ-hoʻ, baraka!.. Qish asnosi tuproq momiq qor koʻrpasi ostida miriqib nafas rostladi, bahor seryogʻin keldi, momaqaldiroq bearmon qaldiradi – miriqib oʻsdi, bearmon oʻsdi bu oʻt-oʻlan deganlari! Bay-bay, bay-bay!..

Yoʻlning yarmiga yetar-yetmas Romiz Joʻra bir zum tek qotdi. Yana beixtiyor butun vujudi quloqqa aylandi. Jimjit, tiq etgan-chirq etgan sas-sado yoʻq. Jim turing-g, shovqinlamang-g, uygʻonur uyqudin koʻklamoy pari! Hoy, moʻysafid qish, bas endi, turaqol, nari!.. Yuzini koʻkka tutganicha koʻksini toʻldirib-toʻldirib nafas oldi, ming turfa oʻt-oʻlanning anvoyi isi dimogʻini yorib yuboray dedi. Huzurlanganidan gʻayrishuuriy tarzda koʻzlari yumildi.

– Jim turing-g, shovqinlamang-g…

Tizzasining koʻzi sovuq qotdi. Romiz Joʻra shimi tizzadan yuqorisigacha shilta boʻlganini koʻrdi. Tizzadan suv kechib borayotgandek eti junjikdi. Shudring batamom toʻkilib ulgurmaganini hisobga olmabdi, picha shoshibdi. Qoʻliga tayoq-payoq olib, oʻsha bilan yoʻl ochish xayoliga kelmabdi. Xotini bilgandek aytgan ekan – egningiz hoʻl boʻlsa quritolmaysiz, degandi.

Bu yogʻi tavakkal, dedi oʻziga oʻzi Romiz Joʻra. Yoʻlida davom etdi. Oldi ochiq ayvonga yetdi-yu, yalang joyga chiqqanidan yengil tortdi, oyogʻini tapillatib siymon yerga urdi. Shimi, tuflisidan zumrad tomchilar har yonga sachradi. Romiz shoirning badaniga titroq yugurdi. Qoʻltigʻidagi boʻxchani deraza tokchasiga qoʻyib, ortiga oʻgirildi – lolayu lolaqizgʻaldoqlarga, ularga basma-basiga ochilgan chuchmomayu binafshalarga endi ayvon tomondan koʻz yugurtirib, gʻaroyibotga roʻpara kelgan ajnabiy sayyohdek koʻzlarini uzolmay qoldi. Insonga yana qanday moʻjiza kerak?! Birov ekmagan, urugʻini sochmagan boʻlsa, qishi bilan qor ostida jon saqlab yotgan-u, yo qudratingdan, quyosh yilt etib charaqlagan zamoni gurillab koʻkka intilgan, porillab, lovullab, chappar urib ochilgan! Dala hovlini, atrof-javonibni, butun olamni yashnatib yuborgan! Ramziy shoir chertmasa kim chertadi quvnoq tanbur navosini?!

Romiz Joʻra kalit shodasini olib, avval temir panjara qulfini, soʻng eshik qulfini buradi, eshik ochilayotib gʻichirlab-zorlanibgina emas, faryod chekib yubordi. Hijron azobida qolgan oshiq-maʼshuqning ohu nolalarga toʻla gina-kuduratidek eshitildi Romiz shoirning qulogʻiga. Uning betiga gup etib sovuq epkin urildi. Zax havo uyga biqinib olgan-da qishi bilan. Tagʻin ichkariga kirib uzoq oʻtirmang, zaxlab yotgandir, degandi ayoli. Xuddi koʻrganday aytgan ekan. U ichkariga qadam bosdi. Oyogʻining ostini chayon chaqqandek irgʻib tushdi. Nam tortgan shimi tizzasi, boldiriga chippa yopishdi. Eti junjikdi.

– S-salomlarim-m…

Romiz Joʻra bu safar ogʻzini toʻldirib butun dala hovlini boshiga koʻtarib salom berish odatini kanda qildi – uy ichiga taʼzim bajo aylaganda ovozi aks sado bermay, yalang devorlarga singib ketdi-oʻchdi. Oʻt-oʻlan oralab kelaturib qoʻzgʻatib yubordi-da, hovli tomondan yopirilgan turfa anvoyi hidlar zumda uy ichini toʻldirdi.

– Shudring selgimagan ekan… shimning shiltasi chiqdi, onasi, – dedi u ikkala qoʻlidagi tugunchani pastak kursi ustiga tashlab.

– Aytmaganmidim?!

– Aytganding, aytganding. Hozir, oʻylab koʻray, bir zumda chorasini topamiz. Shimning pochasi tez quriydi. Yechaman, hovliga olib chiqib oftobga yoyaman – quriydi-qoladi. Hech kim-hech zogʻ yoʻq – Ramziy janoblari bir pas-yarim pas uyda, yoʻq, ayvonda oʻtira turadilar, yoʻgʻ-e, ish kiyimlarim bor-ku, oʻshalarni kiyib olaman, vassalom, onasi.

Romiz Joʻra hozirgina olib kelgan tugunlardan birining bogʻichini yechayotib kursidan koʻz uzolmay qoldi. Almisoqdan qolgan, rangpar chorburchak kursi boyagina yetimxonaga tashlab ketilgan goʻdakdek qunishib turardi. Bolalik kezlari qishin-yozin sandalga qoʻyilardi. Qayta-qayta boʻyalganidan olachalpoq tusga kirgan, toʻrt oyogʻida bazoʻr qad rostlab turgani qiyofasidan maʼlum. Ustma-ust taxlangan toʻrtta kosa ham qariyb kursining yoshida – qadimgi kosalardan, toʻq koʻkish gullari yirik-yirik. Hozirgi kosalar onasidan meros bu kosalar oldida misoli piyola. Javondagi lampa shisha-chi? Volidai mehriboni uni oʻgʻil-qizlari bitta koʻrpa ostida qatorlashib yotadigan uylari tokchasiga tun boʻyi yoqib qoʻyar, bola Ramziddin koʻzi uyquga yumilguniga qadar sirli bir jumboqqa javob topmoqchidek lampa shishaning maydataroq toqili shiftga urilib turgan shuʼlasidan koʻzini uzolmasdi.

Oynavand javonda cheti uchgan sopol likopcha, likopcha oʻrtasida nimkosa kattaligidagi sap-sariq idishcha – igna-ip, angishvona saqlagan onasi rahmatli unda… Romiz Joʻra tosh qotgan devor soatiga termilib qoldi. Otasi allaqaysi yurtga borganida keltirgan – qoʻni-qoʻshnilar, yaqin-yiroqlar atayin osma soat tomoshasiga gala-gala boʻlib chiqishgan, zang chalinishini oʻz qulogʻi bilan eshitish niyatida erinmay kutib oʻtirishgan ularnikida. Xonadonning arzandasi edi, endi esa… ovloq dacha mulkiga aylanganiga allaqancha yillar oʻtdi. Yurmasa ham mayli, chiqillamasa ham, zang urmasa ham mayli, devorda turibdi-ku, osh-non talab qilmayapti-ku. Ahyon-ahyonda tikilib-termilib qoladi Romiz shoir, shunday damlarda kapgiri qilt etmasa-da, zang chalmasa-da, soat hamisha yurib turganday, oʻgʻli uylanishi munosabati bilan zamonaviy taʼmirdan chiqqan uy-joyiga sigʻmay qolgan bu topilmas bisot mutlaqo, hech qachon, zinhor-bazinhor toʻxtamaydiganday chiq-chiq, chiq-chiq, chiq-chiq sadosi qulogʻining ostidan uzilmaydi…

Romiz Joʻra pochalari tizzasiga dovur shiltasi chiqqan shimini almashtirish niyatida ichkari xona eshigini ochdi-yu, yuragi shuv etib ketdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, toʻrdagi devordan unga ota-onasi tikkasiga qarab turishardi! U yugurib devor yoniga bordi, ikki qoʻllab mixga ilingan suratga talpindi, kechirilmas ayb ish qilib qoʻygan odamdek vujudidan duvva hovur koʻtarildi. Badaniga qaltiroq turdi. Qish boʻyi-ya?! Kimsasiz, sovuq-zax kulbada-ya?! Nechun shuni oʻylab koʻrmadi-ya, nahot shunchalar betaʼmizlikka yoʻl qoʻydi-ya?!

Romiz Joʻra suratni ikki qoʻllab tutganicha yuz-koʻziga bosdi, apil-tapil chang-gʻuborini sidirib tashlab, uzr soʻrayotgandek entika-entika oʻpdi – suratni qay holatda tutmasin, Romiz Joʻra harchand nigohini olib qochmasin, otasi bilan onasi undan koʻzlarini uzishmadi – kulimsirab, vazmin… minnatdor nigoh-la termilgancha qarab turaverishdi.

Romiz Joʻra temir karavot chekkasiga ohista choʻkdi. Yuz yildan oshgan-ov, bu xonadon xizmatiga yollanganiga! Bu ham otasi va onasidan yodgorlik… Aytmoqchi, shahri azimdagi shohona uy-joylariga nimaiki sigʻmasa, bari shu yerga – dala hovliga tashib keltirilgan. Oyoq ostidagi kigizni aytmaysizmi! Romiz bolaligidagi changlarning isi keladi undan. Bolalik uylarida, sandalning chekkalariga solar edi onasi. Ostidan boʻyra toʻshalgan, soʻng kigiz. Namat deyishardi. Hozir bolalari namat nima ekanini bilishmaydi. Oʻgʻli aytib qoʻymaydi: ada, uyda shuuncha gilam oʻrami yotibdi chang bosib, oʻsha namatni bahridan oʻtaqoling, degani-degan. Romiz Joʻra oʻlaman sattor, koʻnmaydi, namat ekan-u, labi uchgan piyola, dastasi uzilib tushgan obdasta, ichiga yosh bola yashirinib olsa boʻlgudek, endi hech narsaga yaramaydigan xum – hamma-hammasi, ha-ya, ana, qoziqda – ikki oyoq-ikki tizza oʻrni oʻyilib tushayozgan, sajdaga borgan manglay oʻrni oqarib ketgan guldor joynamoz – birortasining bahridan oʻtishga yuragi dov bermaydi, koʻngli boʻlmaydi, istamaydi, tashlab yuborish tugul, shunday xayolga borgan dam ota-onasiga xiyonat qilayotgandek ichlari oʻrtanadi. Otamdan, onamdan nimaiki qolgan va uyimizga sigʻmayotgan boʻlsa, beringlar, hammasiga dachada joy topiladi, deydi. Bajonidil opkeladi. Har biri otasi va onasini eslatuvchi roʻzgʻor buyumlarini sogʻinib keldimikan bu safar Romizjon, dala hovliga?!

– Dacha omborxonaga aylanib ketdi, baraka topgur, – deydi ayoli norozilanib.

– Ombor emas, muzey, – deydi otasini ranjitmaslik uchun yumshoqroq qilib oʻgʻli.

– Loaqal dachani adammi ixtiyorlariga qoʻyaylik, – deb uning yonini oladi qizi.

Romiz Joʻra qoʻl uchi tegsa gʻichirlab ketadigan yozuv kursisi ustida qolgan bir varaq qogʻozdagi tanish xatga koʻz yugurtirdi. Ovoz chiqarmay oʻqidi: “Ushbu hujjat ila dalolat keltiramankim, Xapu-Xapu koʻchasidagi Chinnioy xonimga qarashli 8-uyda yashovchi, asli xonim afandi bozordan arzongarovga sotib olgan Petrus oʻtkir savdoyilik xastaligiga giriftor boʻlgan, shu munosabat bilan…” Oʻzining dastxati. Qayerdan kelib qoldi?.. Romiz Joʻra qogʻoz ostida yana bir varaq borligini koʻrdi. Undagi yozuvni hijjaladi: “Nastoyashʼim udostoveryayu, chto Pyotrus, projivayushʼiy po adresu: ul. Xapu-Xapu, 8 u g-ji Chin, priobretenniʼy yeyu na riʼnke, stradayet ostriʼmi pristupami bezumiya i, v svyazi s etim…”2 Oxirigacha oʻqimay turib yodiga tushdi. Qandaydir vaj bilan, yodida yoʻq, yoki bekorchilikdami, oʻzini sinab koʻrish niyatida shu matnni tarjima qila boshlagan-u, chala qolgandi. “Shizotimiya”si nima? “Siklotemiya”si-chi?.. Shunga oʻxshash atama soʻzlar tarjimasiga tishi oʻtmay chala qoldirgandi, chogʻi, boshlagan ishini. Tishi oʻtganda-chi? Kitob-lugʻat titkilab topganda-chi? Boshiga uradimi bu tarjimani?! Gadovachcha xastahol Petrus juhudning tashvishi yetmayotgandi Romiz Joʻra janoblariga?! Shoirlik ham evi bilan-da, okosi! Qish boʻyi xotiringni bejam qilgan niyatingga yetay deb turibsan, mana, naq jannati naʼiym islari gurkirab, peshvoz kutib olmoqda. Ana, bahoroy! Mana, koʻklamoy! Bunchalar koʻzlaring, koʻzlaringga qoʻshilib idroklaring qamashdi, Romizboy?!

Shu payt qayerdandir shovqin keldi. Romiz Joʻra diqqatini jamladi. Gʻalati gʻala-gʻovur eshitildi. Iya, mendan ilgari otni qamchilaganlar borga oʻxshab qoldi-yu! Kim keldiykin?! Ovozlar qay tomondan chiqyapti, oʻzi? Jalol qoʻshni – yoʻq, Qoravoy aka – yoʻq, domla – jazirama saraton havoga oʻt qoʻymagunicha qorasini koʻrsatmaydi. U holda… Uch-toʻrt hovli naridan bir qancha erkak-ayolning qah-qah otib kulishgani eshitildi. Meni mazax qilishmayaptimi, ishqilib – xayoliga oralagan gumonni oʻsha zahoti unutdi Romiz Joʻra. Moshinasoz usta, qoʻli yengil – bozori chaqqon usta, ishning koʻzini biladigan usta. Qachon qaramang, uch-toʻrtta shogirdini boshlab keladi. Oʻzi tinim bilmaydi, oʻzgalarni ham tindirmaydi – ishlatgani-ishlatgan.

Romiz Joʻra ham shogirdlari qurshovida kelmoqchi edi, ayoli qoʻymadi, shu izgʻirinda oʻzingiz borganingiz yetmaganday, shogirdlaringizni qoʻya turing, dedi, oldi – yoz, obborarsiz, dedi. Yoʻqsa… Usta moshinasozning qiyqirib butun dala hovli deparasini boshiga koʻtarib “voh-ha-ho”lashi eshitildi. Demak, olib kelsa boʻlardi. Ikkitasi yo uchtasiga bir ogʻiz imo qilsa, bari beminnat yigitlar – uchib kelishardi. Xotini, sovuq kunda uzoq qolib ketmang, tezda izingizga qayting, deb javraganiga qaramay, Romiz Joʻra moʻljallagan bir dunyo yumushni shu kunning oʻzida bitirib yuborardi. Hoy, derdi, sen u ishni qil, hoy, sen bu yumushni uddala, deb har kimning vazifasini belgilab berardi. Eh, attang! Xotinning soʻziga kirdi-ya!.. Dachada shoirlik ketmaydi, deb necha qayta oʻziga oʻzi tanbeh bergandi-ya! Bir safar tor koʻchadan darvozaga qadar moshinasida kirib keldi-yu, yomgʻir yogʻib oʻtganini hisobga olmagan ekan, arobasining gʻildiragi loyga botdi-qoʻydi. Harchand urindi, qani endi, “Neksiya” tushmagur joyidan jilsa! Aksiga olib qoʻni-qoʻshnilar yoʻq, Romiz koʻmakka yaraydigan erkak izlab ketdi. Aylanasiga bir chaqirim yurdi eshikma-eshik, yoʻq, erkak zoti qolmabdi qishloqda. Qaysi eshikka bosh suqmasin, xotin-xalajning mingʻirlagan ovozini eshitdi: “Tirikchilik, togʻo, dadasi safar ketganicha daragi yoʻq…” Bogʻ hovli ishni puxta qilganniki! Bu yerda birovning savobiyu gunohi oʻzgaga begona. Obbo, Petrusbachcha-yey, sening dogʻingda kelmagandim… Chala-chulpa qoralangan varaqdan chakak-chakak boʻlib ketgan, rangi zahil, joni ilviragan pajmurda bashara moʻltayib qarab turganday… Manavinday behisht bogʻini umrida koʻrmagan-da, bola paqir! Shizotimiyani oʻqigan, siklotemiya asrorlaridan najot istagan, oqibati esa… paymona poyoniga yetayozgan… Manavinday lolazorlarda taniyu joni yayrab-yashnab nafas olmagan – bahra topmagan, tanbur-sato chertmagan, munojotlar aytmagan, na bu dunyo, na-da… Petrus-s… shizo-siklotemiya… aka-uka, egiz xastalik… tanbur, sato… chamanzor… lolazor… lola-a…

– Pochcha-a!

Romiz Joʻra birov orqadan kelib shapaloq tortgandek qulogʻi shangʻillab ketdi, koʻz oldi qorongʻilashdi. Kimdir chaqirdimi yoxud qulogʻiga chalingandek boʻldimi, diqqatini jamlamoqqa urindi-yu, afti bujmaydi. Xayoli oʻzida boʻlmasa-da, Omadning ovozini darhol tanidi. Qayerdan paydo boʻla qoldi?! Osmondan tushdimi-yerdan chiqdimi?! Kim chaqirdi uni bu yerga? Shayton boshlab keldimikan yo?.. Har yili, shu yozda dachangizga boraman, pochcha, deb boshini qotiradi-yu, qadam bosmaydi. Boltun!.. Opasi bilan yetaklashib kelishdimi yo?..

Romiz Joʻra xayolida aralash-quralashgan soʻz oʻyinini uvol qoldirishni istamay, uni tugallab qoʻydi:… Oʻzlaridan koʻrsin! Badbaxt Petruslar qavmi na bu dunyoda, na u dunyoda koʻradi bunday bogʻlarni!..

Romiz Joʻra istar-istamas ayvonga chiqdi-yu, oyoq ostida ustma-ust yotgan ketmon bilan boltaga koʻzi tushdi. Ajablanib ulgurmagan ham ediki, bir qoʻlida belkurak, boshqasida tesha koʻtargan Omad paydo boʻldi.

– Bilaman, pochcha! Kitob titkilashga tushsangiz dunyoni unutasiz. Bogʻ yumushlarini manga qoʻyib bering, oʻzim boplayman, illo, siz ichkarida zax tortib qolmang-da. Bahorri yumushi koʻp, qarang, nimadan boshlashshi ham bilmaysan, odam! Toʻgʻrimi?

– Har banda, har narsa zimmasida oʻz vazifasi, oʻz yumushi bilan keladi dunyoga…

Romiz Joʻra shunday deb ayvon sahnida yotgan ketmonga termilib qoldi. Otasi rahmatli atay temirchilar ustaxonasiga borib, quydirib kelgan, “Obidketmon” deb nom qoʻygandi – besoʻnaqayligini demasa, haliyam binoyiday yaraydi. Arraga ham otasining dasti tekkan… Aslahaxona qulf edi, Omad tushmagur kalitni soʻramadi ham?..

– Ja, tagdor gap qilasiz-da, pochcha! – Shangʻi ovozi keldi Omadning. U uyning orqa tomonidagi aslaha-anjomlar saqlanadigan omborchani taraqa-turuqlatib kavlashtirayotgan, yana nimanidir izlayotgan, chakagi esa biror nafas tinay demasdi. – Man konkret odamman, konkret gapiraman. Maʼnolarga toʻla tagdor gapingizga kelsak, siz bilan biz-ku, bandamiz, toʻgʻri aytdingiz, bu dunyoda har bir odammi oʻziga yarasha yumushi, vazifasi… loʻndagina qilib missiyasi deylik, tushunarli-da, toʻgʻrimi?.. Manimcha esa, pochcha, rahmatli otangizdan qolgan manavi temir-tersaklarning ham… – Romiz Joʻra “Buncha shangʻillamasa!” deb koʻnglidan oʻtkazib ulgurmagan ham ediki, Omad zipillab ayvon sahnida koʻrindi, shosha-pisha yerda yotgan aslahalarga koʻz yugurtirdi-yu, taqqa toʻxtadi: – Iya, teshavoy janoblari oʻz oyoqlari bilan chiqibdilar-ku! Yoki, siz opchiqdiyzmi? Izlamagan joyim qolmadi-ya!..

– Men hali orqaga oʻtganimcha yoʻq… Omborri kaliti mana…

Omad pochchasining salmoqlanib, hatto ortiqcha roʻy-xush bermay mingʻirlashiga ham, uning kaftida turgan kalit shodasiga ham eʼtibor qilmadi, ovozining boricha, lekin kaltagina qilib “Xah-ho” deya kuldi-qoʻydi, soʻng yerda yotgan aslaha-anjomlarga qarata soʻzamolligi tutdi:

– Teshavoy janoblari… Ketmonali… Arrajon-arra! Hammasini missiyasi konkret, pochchajon pochcha! Toʻgʻrimi?.. Mana shu instrumentlar hammasi oʻz vazifasini ado etsa, dunyoda bitmaydigan ish qomaydi, demoqchisiz-da, toʻgʻrimi?.. Manavi oʻrmonni, oʻt-oʻlanni lola-polasi bilan!.. Iya, tavba, togʻ lolasi, lolaqizgʻaldoq, binafshayu chuchmomalar birvarakay chappar urib ochilgan bogʻni birinchi koʻrishim umrimda, pochcha! Nima balo, bogʻingizni sehrlab qoʻyganmisiz, oka?!

– Men bogʻni emas, bogʻim meni sehrlab qoʻydi, Omad, bogʻim.

– Bu jannati gulzor oralab hurlar ham chiqib kelar astalab deng, pochcha-a! Ah-ha-ha-he-yey-y!

– Omad tushmagur-yey! Sizga gap boʻlsa!..

– Alo-omat! Bu yogʻiga qarab turing, hammasini shest sekundda yumaloq yostiq – guldur gupp, qip tashlayman!..

Romiz Joʻra qoʻrqib ketdi, sapchib Omadga tashlanmoqchi, agar u qoʻliga birorta aslahani tutgan boʻlsa, jon-jahdi bilan yulqib olmoqchi edi. Xayriyat, Romiz shoirning xayolidan kechgan gapi nihoyasiga yetib ulgurmay qaynisi lip etdi-yu, togʻdan tushib kelgan sharpaday gʻoyib boʻldi. Zum oʻtmay uning ovozi uy orqasidagi maydoncha tomondan eshitildi.

– Pochcha! – deb chaqirdi u uyga oʻt tushganday hovliqib. – E, buni qarang, bu yoqqa oʻtsangiz-chi! Tezroq, oka!

Romiz Joʻra bir-bir odim tashlab, uyning orqa tomoniga oʻtdi. Maydoncha torgina, ixchamgina, lekin maxsus boʻyab qoʻyilganday yam-yashil, qizil, sariq, targʻil lolayu lolaqizgʻaldoqlar chunonam tigʻiz va quyuq ochilgan ediki!..

Romiz Joʻra Omadning tizzalab choʻk tushgancha qoʻllarini boshi uzra koʻtarib, koʻkka qarata nola chekayotgan, tavallo qilayotgan alfozda koʻrib hayron qoldi.

– Dacha emas, oka, – dedi dona-dona qilib Omad. Uning tovushi xushovoz hofizning ovozidek jarangdor va tiniq chiqdi. – Jannat-ku bu, Ramziddin pochcha, jannatning oʻzginasi-ku! Shuncha yil, shu-uncha zamondan buyon bu yerga qadam bosmagan men tentak, men durrak! Toʻgʻrimi, pochcha?!

Romiz Joʻra koʻz oʻngidagi manzaradan tili aylanmay, gʻoʻldirab qoldi. Xiyla muddat jim turgach, tilga kirdi:

– Oʻt-oʻlan, lola-lolaqizgʻaldoq, dala-tosh, bogʻu bahor – shu-da, hammasi oʻz burchini ado etayotgani…

Omad hamon hayrat iskanjasidan chiqolmayotgandi. Pochchasining aytganlari qulogʻiga kirmadi ham.

– Toʻgʻrimi?.. – Holdan toygan yo hushidan ayrilayozgan odamdek soʻray oldi u shivirlab. – Odamlarni jannatga kelishga ham vaqti yoʻq…

– Toʻgʻri aytasan, Omad, jannatning oʻzginasi, biroq…

Biroq Romiz Joʻraning bu javobi ham Omadning qulogʻiga yetib bormadi, chunki qaynisi toʻsatdan irgʻib qad rostladi-da, pildiraganicha ayvon tomonga oʻtib koʻzdan yoʻqoldi. “Betoqat! – Sokin halovatini buzgani uchun hamon qaynisidan ranjigani alamida dedi Romiz Joʻra. – Besabr!”

Ranjidi, ijirgʻandi, ensasi qotdi… zoʻraki iljaydi, Omadning hovliqishlari battar gʻashini keltira boshladi. “Oʻzi soʻraydi-da, javobiga quloq ham solmaydi…” – Romiz Joʻra ichida shunday deb ulgurmay Omad “obidketmon”ni ikki qoʻllab tutganicha pochchasining roʻparasiga kelib toʻxtadi.

– Toʻgʻri aytdingiz, jannatni oʻzginasi! Odamlar vaqt topmasa – oʻziga!.. Men oʻz missiyamga kirishaveraymi?

Romiz Joʻra javob oʻrniga indamay yaqin borib, qaynisining qoʻlidan ketmonni oldi-da, ohista chekkaga qoʻydi.

Bu orada quyosh ikki terak boʻyi koʻtarilgan, aksari lolaqizgʻaldoqlar yaprogʻi toʻkilib, toʻkilmaganlari esa yumilib, soʻliy boshlagan edi. Romiz Joʻra ichkariga kirdi-da, koʻpam hayallamadi, engil-boshini almashtirib, zumda qaytib chiqdi. Chiqqan zahoti yerda yotgan asbob-uskunalarga razm soldi. Ularning orasida qaysi biridir koʻrinmadi. Romiz Joʻra qaynim ishga tushib ketdimikan degan xavotirda shoshib qoldi. Jadal yurib maydonchaga oʻtdi.

Omad maydonchaning bir burchida oʻt-oʻlan orasida arang koʻzga tashlanayotgan yongʻoq daraxtidan qolgan toʻngak tepasida enkayganicha girdikapalak boʻlayotgan edi. Romiz Joʻra uning oʻzidan koʻra qoʻlidagi teshaga xavotirlanib qaradi.

– Omad! – deb chaqirdi.

Omad pinagini buzmadi, goʻyo dala hovlida tanho oʻzi qolgandek, bu yerda oʻzi xon – koʻlankasi maydondek, koʻngli nimani tusasa oʻsha bilan mashgʻul boʻladigandek, mezbonning chaqirishiga ham parvoyi palak edi.

– Ilon! – dedi u, pochchasi yoniga yaqinlashib kelganida. Shunday dedi-yu, ikki koʻzi oʻt-oʻlan orasida, qoʻlidagi teshani boshi uzra shay tutgan alfozda, Romiz Joʻraga qayrilib qaramadi. – Sap-sariq! Mana mu-u-unday-y! – dedi ikkala qulochini keng yoyib.

Romiz Joʻra qaynisi koʻrsatgan joyga qarab ulgurmay, Omad yana vahima koʻtardi:

– Ketdi! Qochdi!

Ilon oʻt-oʻlan oralab uyni yonlab uzoqlashdi, shekilli, Omad boyagi-boyagi engashganicha oʻsha tomon yugurdi. Romiz Joʻra yugurmadi-yu, qaynisining izidan jadal ergashdi. Unga yetib olgach, oshiqmay, zarracha hovliqmay, Omadning kapalagini uchirib yuborgan maxluqni nigohlari bilan izladi. Topdi. Uzungina, daraxtning yangigina archilgan poʻstlogʻidek sap-sariq, terisida allaqanday naqshin chiziqlar yaqqol koʻrinib turibdi. Ilonlar maysa, oʻt-oʻlan orasida chaqindek tez sudralishini u yaxshi bilardi.

– Kallasini yanchaman! – deb baqirdi Omad hamon pochchasiga qaramay-netmay, teshani boshi uzra oʻynatib. – Ikki boʻlib tashlayman!

Romiz Joʻra avval gʻoyatda bosiqlik bilan qaynisining kiftiga qoqib qoʻydi, shunda ham oʻziga oʻgirilib qaramayotgan Omadning qoʻlidagi teshani avaylabgina olib, keksa tol daraxtidan meros – necha yillardan buyon shu yerda uzala tushib yotgan toʻsinbop xodaga oʻtirdi. Omad qayerdandir qoʻliga ilingan soʻyil bilan qurollanib, hamon ilonni quvishda davom etdi. Zum oʻtmay uning afsuslangani eshitildi.

– Yoʻq, yoʻqoldi!.. Qayoqqa qochdi?! Bir ursam oʻlardi-ya, pochcha, toʻgʻrimi?!

– Oʻlmaydi, oʻlmaydigan xilidan… – Ilon gʻoyib boʻlganidan mamnunligini yashirmay kulimsirab javob qaytardi Romiz shoir. – Begona emas, beziyon, qiyomatli joʻra tutunganmiz…

– Ola-a! Ja, opqochasiz-a, pochcha?

– Toʻgʻrisi, men yoʻgʻimda bogʻni qoʻriqlab yotadi. Joʻra tutinganimiz rost.

Omad bilganidan qolmadi. U shosha-pisha maydoncha tomonga oʻtib ketdi. Romiz Joʻra endi qaynisining bu qiligʻiga eʼtibor qilmay qoʻydi, u Omadni “qurolsizlantirgani”dan xotirjam tortdi, charaqlagan quyosh yorugʻida yanayam yashnab ketayotgan bogʻ manzarasidan dili yayrab, yana xoli qolishni koʻngli tusadi. Bogʻ hovlini ogʻushiga olgan sukunatga vujud-vujudi bilan singib ketgisi keldi. Yonginasidan, yoʻq, oʻzi orom olib oʻtirgan toʻsin-oʻrindiq ostidan oʻtgan choqqina ariqchadan oqib borayotgan suvning jildirashi eshitildi. Odatda bu ariqchalarga suv bogʻlab kelish koni mashaqqat edi, hozir esa bogʻ sohibining muborak tashrifi sharafiga, mehr-sadoqatiga tabrik va tortiq maqomida buloq suvidek tiniq suv oʻz “oyogʻi” bilan chopqillab kelgandi…

Romiz Joʻra xiyla pallagacha ixtiyorini parishon xayollari izniga qoʻydi. Koʻzi chaman boʻlib yasangan bogʻda, xayolida esa… ayoli, qizi, oʻgʻli… akasi, opalari, doʻstlari… ustozlari, sadoqatli shogirdlari… u bilgan-netgan hamma-hamma yaxshi odamlar bu goʻzal hovliga jamlanishgan, hammalarining chehralarida tabassum, shodmonlik… Shu chogʻda, shu bogʻda har narsa goʻzal, har narsa koʻkargan, har narsa kular… Romiz shoir umri mobaynida dilda pinhon tutgan orzusiga yetgan, armonlari qolmagan odamdek dam shuuri, shuuriga qoʻshilib vujudi zaminu osmon orasida muallaq parvoz qilayotgan bulut parchasidek oʻzini yengil his qilar, dam esa qoʻl-oyogʻi holsizlanib tanasi toshdek ogʻirlashib ketar, bunday oʻzgaruvchanlik boisini tushunolmay xavotirda turmoqqa shaylangan, hozirlangan ham ediki, birdan oʻrindiq qars etdi. Toʻsin Romiz Joʻra oʻtirgan joyidan sinib, egilib yerga tegib qoldi. Romiz Joʻra turib ketmadi, qimir etmadi ham. Xayolining bir chekkasidan “Tabiiy, necha yillik tol qor-yomgʻir ostida chirigan” degan oʻy oʻtdi, xolos. Shu payt Romiz Joʻra mutlaqo kutmagan hodisa yuz berdi: koʻz qiri bilan qandaydir gʻimir-gʻimir harakatni ilgʻagandek boʻldi. Eʼtibor bermadi. Biroq bir zum oʻtar-oʻtmas eʼtibor qilmaslikning iloji qolmadi: Romiz Joʻra butun badani boʻylab qumursqalar chopqillab qolganini koʻrdi. Kuldi. Nima qilishini bilmadi. Xiyolgina qoʻzgʻalmoqchi yoki barmogʻining uchginasini salgina qimirlatmoqchi boʻlgandi, chumolilar chunonam koʻpaydiki, chunonam jazavaga tushdiki!.. Yirik-yirik, oqish, sargʻish, qoramtir. Oyoqlari uzun-uzun. Qulogʻining uchi jizilladi, “Tishladi, – dedi Romiz Joʻra. – Qulogʻimga kirib ketyapti”. “Labimni chaqdi…” deb ulgurmay chumolilar galasi qoshi, kiprigi orasini “payhon” qilib koʻzlarini talashga kirishdi. Romiz Joʻra shunda ham qarshilik koʻrsatmadi, chidadi. Qumursqalarni haydab solish oʻrniga oʻzini chalgʻitishga tutindi. Koʻz qiri bilan yon-tevaragiga alangladi, qaynisining qorasi koʻrinmasa-da, koʻmak istadi, shekilli, ovoz chiqardi:

– Omad.

Jim.

– Omad! – yana chaqirdi u bu safar ovozini xiyol balandlatib.

Omaddan sado kelmadi.

– Vazifangni, missiyangni aytmoqchi edim, payqading-a? – deb savol qotdi u.

Hovli, atrof-javonib shu qadar jimjit ediki, ariqchadagi suvning jildirashi emas, hatto lola-lolaqizgʻaldoqlarning mayin shabadada ohista tebranishi va butun boʻy-basti boʻylab shiddat ila yugurgilab chopqillayotgan bezovta chumolilarning oyoq tovushlaridan chiqqan “shtir-shtir”gacha eshitilardi.

– Qachongacha shu ahvolda yurasan, Omad? Vaqtida oila qurish ham er yigitning vazifasi, burchi. Shu yoshingda soʻqqabosh yurish yarashmaydi, uka… – Romiz Joʻra aytayotgan gaplarini qaynisi eshitayotganiga ishonchi komil edi. Omad bogʻ hovlida turib aytgan gapingni shahardagi uyida turib ham eshitadiganlar toifasidan. Ha, uning qulogʻi hamisha ding!

– Voyy, ustozzz!

Romiz Joʻra sapchib tushdi. U oʻzini oʻnglab, ogʻiz ochib ulgurmay, yonginasida paydo boʻlgan Farida ikki qoʻllab hay-haylaganicha Romiz Joʻraning boshi, beti, yelkalarini qoqa ketdi.

– Asta, Faridaxon, asta, – dedi shipshib Romiz Joʻra. Uning gapirayotganidan foydalangan chumolilar tap tortmay ogʻziga ham kirib ketayotgandi. – Shovqin koʻtarmay qoʻya qoling.

Farida quloq solmadi. Oʻz bilganidan qolmay Romiz Joʻraning butun gavdasi boʻylab pastdan tepaga, tepadan pastga qarab quvalashayotgan, chopqillashayotgan tumonat chumolini qoqib tashlashga tutindi. Ustozini bu ahvolda koʻrganidan behad xavotirga tushgandi. Biroq u harchand unnamasin, chumoli izdihomi kamayadiganga oʻxshamadi. Shunga qaramay, qizgina mehribonchilik koʻrsatishdan toʻxtamas, Romiz Joʻra esa uning bu qadar kuyunchakligidan xijolatda joni halak, qolaversa, atayin bir oʻzi kelgan dala bogʻi shu qadar gavjumlashib ketgani sirini tushunolmayotgan edi.

– Kela qoling, Ziyoda, qayoqda yuribsiz? Bir oʻzim uddalolmayapman!

– Ziyoda?!

Kutilmagan tashrifdan Romiz Joʻraning koʻzlari charaqlab ketdi. “Ana, xolos!” deb yubordi u roʻparasida paydo boʻlgan yana bir sadoqatli shogirdiga koʻzi tushib. Boʻychan, adl qomatli, koʻzlari moviy, oʻzi – yuz-koʻzi, bilaklari, uzun-uzun barmoqlari paxtaday oppoq Ziyoda vahima koʻtarish bobida Faridadan oʻtib tushdi. U ham ahvolni koʻrgan zahoti, dugonasidan soʻrab-surishtirmay boʻyniga tashlagan roʻmolchasi yordamida Romiz Joʻraning ust-boshidan qumursqalarni qoqib tushirishga kirishib ketdi.

– Koʻklardan malaklar qiz boʻlib tushsalar…

Romiz Joʻra harchand hoy-hoylamasin, bu ikki farishta misol qizni bunchalar mehribonlikdan toʻxtatolmasligiga koʻzi yetdi.

– Qoʻynimga toʻlsalar, qoʻynimdan toshsalar gullarning hidlari…

Menga emas, bogʻga, lolazorga qaranglar, lolaqizgʻaldoqlar goʻzalligidan bahra olinglar, jon qizlar, – deya ularning eʼtiborini boʻlmoqqa urindi Romiz shoir… urinishlari zoye ketdi. Shunda… shunda birdan Romiz Joʻra xayoliga kelgan fikrdan quvonib, oʻsha zahoti oʻyini ijro etishga kirishdi. Qizlarga sezdirmaygina asta oʻrnidan qoʻzgʻaldi, biroq boshidan oyogʻigacha qumursqaga talosh odam goʻyo uchib borayotgandek oyoqlari yerga tegmay lolazor tomon yaqinlasha boshlaganini payqagan qizlar yigʻlamsiragan va yolboruvchan tovushda qichqirib yuborishdi. Biroq Romiz Joʻra suvi belidan keladigan hovuzga tushgan odamdek lolazor oraladi. Farida bilan Ziyoda uni taʼqib eta boshlashdi. Romiz shoir dam-badam qadamini jadallashtirdi. Yugurdi. Yugura turib oyogʻi chalishib yiqildi, oʻt-oʻlan orasida chalqanchasiga gʻarq boʻlganicha hayrat ila bepoyon osmonga tikilib qoldi, koʻzini uzolmay tomosha qildi – bunday tiniq osmonni koʻrmagandi Romiz Joʻra hayotida! Boshi uzra oppoq chinni kabutarlar gir aylanib uchib oʻtishdi – Romiz Joʻra kabutarlarning qanot qoqishini emas, hatto nafas olishini-da eshitdi. Qizlar hamon uning izidan quvib kelishayotganini koʻrdi, turasolib moviy chamanzor oralab qochishda davom etdi.

Qochish va quvish xiyla choʻzildi. Egilib-bukilgan oʻt-oʻlan orasida ilonizi soʻqmoqchalar paydo boʻldi. Romiz Joʻra yana yuztuban yiqildi. Qizlar hayratdanmi-quvonchdanmi yo qoʻrquvdanmi… jim boʻlib qolishdi. Romiz Joʻra boshi uzra, uning bogʻ hovlisi uzra oq chinni kabutarlar oftob nurida yaraqlab-charaqlab gir aylanayotganidan nazar-nigohini uzolmadi. Oʻzi ham ularga taqlidan lolazor ichra aylana yasab qochgisi keldi, mayliga, qizlarning esa uni quvishda davom etishlarini juda-juda istadi. Va yosh bolalardek qochib keta turib yoʻl-yoʻlakay ikki qoʻllab lola terishga tushdi. Tergan lolalari bir quchoq boʻlgandagina yugurishni bas qildi, qadamini sekinlatib, xarso-xars olayotgan nafasini rostlashga urinib, boyagina oʻtirgan – singan toʻsinning bir chekkasiga choʻkdi. Zum oʻtmay uning izidan qizlar ham yetib kelishdi. Ular kela solib Romiz Joʻraning ust-boshiga qarashdi.

– Voy, bittayam qolmabdi! – deya baravariga chapak chalib yuborishdi Farida bilan Ziyoda quvonganlaridan, shunday boʻlsa-da, beixtiyor ustozning ust-boshini harir roʻmolchalari bilan qoqib, artib-surtib mehribonlik koʻrsatishdan toʻxtashmadi.

Romiz Joʻra quchogʻi toʻla lolalarni baland koʻtarganicha ikkala qizning boshi uzra silkitdi. Qizlar shodlana-shodlana qah-qah otib kula boshladilar, zum oʻtmay ular boshdan-oyoq alvongul yaproqlariga chulgʻangancha bir-birlarini qutlay ketishdi. Romiz Joʻra bu ajib manzaradan sarxush kayfiyatda… ayni shu payt darvoza tiqirlaganday boʻldi. Romiz Joʻra birdan hushyor tortdi. Xayol gulzori toʻzidi-ketdi. Shunday tuyuldimi, degan oʻyda quloq soldi. Darvoza tiqirladimi-taqilladimi, har qalay, kimdir chaqirayotgani eshitildi. Romiz Joʻra darvoza tomon ikki-uch qadam qoʻygan joyida taqqa toʻxtadi, iziga qaytdi va yerda yotgan aslahalarga qaradi. Birov koʻrib qolmasin degan xavotirda shosha-pisha ularni ustma-ust qoʻliga olganicha uy ortidagi maydoncha tomon yugurdi. Jadal bora turib, yoʻl-yoʻlakay gapirdi: “Yaxshiyam kelgan ekanman!” U kaftlarini bir-biriga urib qoqa-qoqa darvoza tomon borarkan ovoz chiqarib takrorladi: “Erta bahordan aylanay, erta bahordan! Yaxshiyam kelgan ekanman. Yaxshiyam!..”

Romiz Joʻra jadal borib, darvozaning yakka tavaqli eshikchasini astagina ochdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, roʻparasida jingala sochlari sutdek oppoq betlariga, tim qora koʻzlariga biram yarashgan, oq, sariq, qizil gulli yap-yangi harir koʻylakchasi tor va ovloq koʻchani yashnatib yuborgan jajjigina qizaloq turardi.

– Man-chi, sizga shirin-n ovqat opkeldim, amaki…

Qizaloq jarangdor ovozda shunday dedi-da, qoʻlidagi tugunchani Romiz Joʻraga uzatdi. Romiz shoir jurʼatsizlanib tugunchani olishini ham, olmasligini ham bilolmay, hamon hayratlardan hushini yigʻolmay alangladi.

Koʻcha kimsasiz, jimjit edi…

 

Xurshid DOʻSTMUHAMMAD

https://saviya.uz/ijod/nasr/erta-bahor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x