Erkin Vohidov

Erkin Vohidov 1936-yili Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida oʻqituvchi oilasida tugʻilgan. Uning otasi Oltiariqning oʻqimishli, obroʻli odamlaridan boʻlib, dilkash, soʻzga chechan kishi boʻlgan. Erkin Vohidov urush tufayli otasidan barvaqt judo boʻlgach, 1945-yilda onasi bilan Toshkentga keladi. Shoir oʻsha davr qiyinchiliklarini shunday eslaydi: “Otam frontda ekanida onam qishloq kengashida kotiba boʻlib ishlar, qiyinchilik bilan kun kechirar edik. Joʻxori poyasini shimib tilimni qonatganim, bolalarga qoʻshilib kunjara yeganim uchun onam yuzimga shapaloq urgani va oʻzi kechgacha yigʻlaganini unutmayman”.

E. Vohidovning dastlabki sheʼri “Mushtum” jurnalida, u 7-sinfda oʻqiyotgan davrida chop etilgan. Lirik shoir mumtoz adabiyot janrida goʻzal, betakror gʻazallar bitdi. Shunga qaramay kitobxonlaridan “Kulmangiz ne bor deb senga, Mir Alisher yonida” deya kamtarona oʻtinch qildi. Gʻazallarini “Yoshlik devoni”ga jamladi. Bu haqda xalq shoiri A. Oripov shunday yozadi: “Yoshlik devoni”ni oʻqir ekansiz, shoir qalbidan sizib chiqayotgan maʼsum tuygʻular goʻyo sirli, sehrli soʻzlarga aylanadi. Shoir ukparday mayin bu soʻzlarni toʻzgʻitib oʻynaydi-yu, ulardan goʻzal, oʻynoqi ohanglar yaratadi, soʻngra esa ular asta oʻrni-oʻrniga tushadi, xuddi dastgohdan chiqayotganday, quyma, betakror satrlar paydo boʻlayotganday taassurot qoldiradi kishida:

Tun bilan yigʻlabdi bulbul,

Gʻuncha hajri dogʻida.

Koʻz yoshi shabnam boʻlib

Qolmish uning yaprogʻida.

Ona tilimizdagi ipakdek mayin, kamalakdek rangbarang, gʻoyat nozik lutf, beozor qochirimlar, goh hazin, goh samimiy tabassum uygʻotuvchi tashbehlar, oʻtkir xulosalar bular bari ulkan shoirimiz qalamiga mansub betakror fazilatlardir”.

Erkin Vohidovning hassos shoir boʻlib kamolga yetishuvida Gʻayratiy rahbarligidagi adabiyot toʻgaragi hamda togʻasi xonadonida boʻlib turadigan adabiy suhbatlar katta ahamiyat kasb etdi. Bu haqda shoir shunday eslaydi: “Togʻam kasbi yurist boʻlsa ham adabiyot va sanʼatga qiziqqan, sheʼriyatni nozik tushunadigan kishi edi.

Uyimizga tez-tez kelib turadigan shoir Chustiy, xonandalar aka-uka Shojalilovlar, Maʼrufxoʻja Bahodirov, buyuk olim va tarjimon Alixon Sogʻuniy, oddiy pochta xizmatchisi Mulla Shukurjon, savdo xodimi Akmalxon akalarning zukko bahslariga mahliyo boʻlib oʻtirardim. Ular Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliy baytlarini tahlil qilib, har birlari oʻzlaricha talqin qilishardi. Bu suhbatlar ichkiliksiz, faqat sheʼr va qoʻshiq kayfi bilan, askiya zavqi bilan muzayyan boʻlardi”.

Erkin Vohidov qizgʻin ijod bilan birga “Yosh gvardiya”, Gʻafur Gʻulom nomli nashriyotlarda muharrir, “Yoshlik” jurnalida bosh muharrir lavozimlarida ishladi. I. Gyote, S. Yesenin, L. Ukrainka, M. Svetlov asarlaridan qilgan tarjimalari, sahna uchun yaratgan asarlari, ayniqsa, “Oltin devor” komediyasi adibga katta obroʻ va shuhrat keltirdi.

2000-yilda E. Vohidov ellik yillik ijod mahsulini saralab, toʻrt kitob tartib etdi: “Ishq savdosi” (oʻsmirlik va yoshlik asarlari), “Sheʼr dunyosi” (oʻrta yoshda bitilgan asarlar), “Umr daryosi” (ellik yoshdan keyingi bitiklar), “Koʻngil nidosi” (turli yillarda yozilgan risola, badiiy lavha va tahlillar).

E. Vohidov samarali mehnatlari uchun hukumatning bir qator mukofotlariga sazovor boʻlgan. U Oʻzbekiston Xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramonidir.

Uning sizga taqdim etilayotgan “Ruhlar isyoni” dostoni XX asr adabiyotining yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. “Doston oʻzining isyonkor sheʼrlari bilan butun Hindistonni erk uchun, ozodlik uchun kurashga ruhlantirgan otashin bengal shoirining orzu-armonlari, jasorati, fojiaviy qismati haqida. “Ruhlar isyoni” garchi Nazrul Islom haqida boʻlsa-da, unda men shoir hayoti bahonasida oʻzimning umuman shoirlik, insonlik, fidoyilik, erkka tashna ijod ahlining zamonasi, xalqi bilan murakkab munosabati, qolaversa, inson hayotining maʼnosi, hayotning ham shafqatsiz, ham adolatli haqiqati haqidagi oʻy-mulohazalarimni kitobxon bilan baham koʻrishga intildim”, deydi E. Vohidov dostonning yaratilishi toʻgʻrisida.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/erkin-vohidov/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x