Erkaklar gapirishni istamaydigan, ammo indamay aziyat chekadigan muammo

Erkaklarda ereksiya(jinsiy qo‘zg‘alish) bilan bog‘liq muammolar ancha yoshargani haqida adabiyotlarda ko‘p o‘qirdik. Buning nechog‘li haqiqatga yaqin? Mobodo shunday bo‘lsa, qanday yo‘l tutish kerak? Oilada er-xotin disgarmoniyasi uning boshqa a’zolariga ham ta’sir qilishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Shunday juftliklarga beriladigan eng yagona maslahat– avvalo bir-biringizni seving. Muhabbat har qanday ojizliklarni yengib o‘tishga qodir.

— Haqiqatdan, jinsiy ojizlik yosh-yosh yigitlarda ham tez-tez uchrayapti. Eshik ortida navbat kutib turganlarga razm soldingizmi? Ular orasida birorta ham o‘rta yoki keksa yoshdagi erkakni uchratmaysiz. Bu asosan intim hayot haqidagi axborotning ko‘pligi ta’sirida jinsiy hayotni erta, ya’ni 16-17 yoshdan boshlashdan kelib chiqayapdi (bu nafaqat yigitlarga, balki qizlarga ham taalluqli). Bunday yoshda yigitlar oddiy bilimsizlik oqibatida himoyalanmagan jinsiy aloqaga yo‘l qo‘yishadi. Natijada esa ularga jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksion kasalliklarning o‘tishi kuzatiladi. Keyinchalik ana shu xastaliklar tufayli erektil disfunksiya erta kelib chiqishi mumkin.

Yana qanday omillar erkaklarda ereksiya bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi?

— Avvalo ereksiya yo‘qligi tushunchasini aniqlashtirib olsak. Erkaklarda vaqti-vaqti bilan jinsiy aloqa risoladagidek kechmasligi mumkin va bundan aslo tashvishlanmaslik kerak. Ammo 2-3 oy davomida jinsiy yaqinlik avvalgidek kechmasa, albatta seksapotologga murojaat qilish kerak. Bu nozik masalaga ko‘p hollarda ayollar ham sababchi bo‘lishadi. Turmush qurgach, erkak xuddi uning xohish-istaklarini qondiruvchi manbadek qabul qilinadi. Ayol kishi har qachon eriga o‘zini chiroyli taqdim etishni bilishi va shunga intilishi lozim.

Yangi turmush qurgan erkaklar ayolga o‘zining bu borada “yuqori daraja”da ekanini isbotlamoqchi bo‘ladi. Bu ham ereksiyaning buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, jinsiy hayoti avval ham bo‘lgan erkaklar ma’lum xatti-harakatlardan so‘nggina jinsiy yaqinlikka tayyor bo‘ladi. Shuning uchun ana shunday rag‘batlantiruvchi harakatlar haqida ayolga tushuntirish berishi kerak. Barvaqt urug‘ to‘kilishining oldini olish uchun jinsiy qo‘zg‘alishni sekinlashtiruvchi harakatlarni ketma-ket qo‘llash ham bunga yana bir sabab. Spirtli ichimliklar iste’moli, gormonal va jismoniy o‘zgarishlar, tarbiya ta’sirida jinsiy erkinlikka yo‘l qo‘ya olmaslik, jarrohlik aralashuvlari, semirish, gipertoniya, dorilar qabul qilish ham ereksiyani sustlashtiruvchi sabablardandir.

Jinsiy jihatdan kelishmaydigan juftliklarga maslahat

— Bunday juftliklar albatta mutaxassis ko‘rigiga borishi kerak. Tajribamda maslahat so‘rab kelgan juftliklarning deyarli barchasida erkak o‘zini butkul sog‘lom deb biladi. Balki bundaylarning qanchasi shifokorga ehtiyojim yo‘q, deya ko‘rikka ham kelmas. Seksapotolog juftliklar bilan suhbatlashib, ularning jinsiy hayoti normal izga tushishiga yordam beradi.

Eng birinchi maslahat: erkak ayolning, ayol erkakning xohish-istaklarini tushunib, ularni amalga oshirish haqida o‘ylasin. Mabodo bir-ikki marta erkak to‘shakda omadsizlikka uchrasa, aqlli ayol “Ertaga hammasi yaxshi bo‘ladi, bugun ham chakki bo‘lmadi” deya unga dalda bo‘lsin. Chunki erkaklarga ayolini qoniqtira olmaslik juda og‘ir botadi va bu keyinchalik unda jinsiy yaqinlikdan ruhan qo‘rqishni yuzaga keltirishi mumkin. Erektil disfunksiyaning sababi qanday bo‘lishidan qat’iy-nazar, darrov qo‘zg‘atuvchi vositalar va mexanik moslamalardan najot izlamaslik kerak. Iloji boricha erkaklik tabiatini ishga solish haqida o‘ylang. Gipertoniya, miokard infarkti, insult va ruhiy buzilishlarni boshidan kechirgan erkaklarga bunday vositalarni qo‘llash man etiladi.
Erkaklar muammosi

Erkaklar orasida jinsiy a’zoning kichiklashishi mumkinligi haqida hadik bor. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

— Bu afsonadan boshqasi emas! Aksincha, yillar o‘tishi bilan u ham boshqa a’zolar singari o‘sib, rivojlanadi. Bu hadikning asosi esa semirish bilan bog‘liq. Erkak ortiqcha vazn to‘plagan hollarda olatda ham yog‘ to‘planish holati kuzatiladi.

Jinsiy yaqinlik me’yori haqida gapirish mumkinmi yo u har bir juftlikning individual xususiyatlariga bog‘liqmi?

— Bu albatta individual va har ikki tomonning roziligi asosida ro‘y berishi kerak. Ammo 19-25 yoshli yigit giperseksuallik davrini boshidan kechiradi. Shunga bog‘liq ravishda 30 yoshgacha har kuni-kunora ham jinsiy yaqinlik bo‘lishi tabiiy. 30 yoshdan keyin 45 yoshgacha oilaviy hayotga, yagona sherikka ko‘nikish tufayli haftasiga 2-3 marta, yosh o‘tishi bilan (50 yoshdan keyin) esa haftasiga 1-2 marotaba jinsiy yaqinlik bo‘lishi mumkin. Shuni ham e’tiborga olish kerakki, erkaklar jinsiy xarakter jihatidan ham 3 guruhga bo‘linadi: kuchli, o‘rta va qoniqarli. Kuchli erkaklar har kuni, qayta-qayta jinsiy yaqinlikka ehtiyoj sezsa, qoniqarli toifadagi erkaklarga oyda bir marotaba qovushish ham yetarli bo‘ladi. Bu ham hech qanday kasallik yoki patologiya emas va ushbu o‘rinda talab, ehtiyojlar borasida er-xotin murosa qilishi kerak.

Erkaklar jinsiy baquvvat bo‘lishlari uchun qanday ovqatlanishi kerak?

— Har xil sabzavotlardan tayyorlangan salatlar, yong‘oq, qovoq urug‘i, iloji boricha ekologik tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilishlari zarur.

Jinsiy ojizlik sezayotgan erkaklar o‘ziga qanday yordam berishi mumkin?

— Mabodo to‘shakdagi omadsizliklar qaytalanaversa, demak, erkakning xohishlari imkoniyatlaridan ortib ketgan. Yuqoridagi omillardan tashqari spirtli ichimliklarni surunkali ichish, qattiq charchashni bartaraf etgan holda quyidagilarga alohida e’tibor qarating:

  • Jinsiy yaqinlikka faqatgina shunga jazm qilgan hollardagina yo‘l qo‘ying;
  • Eng avvalo siz insonsiz, mashina emas. His-tuyg‘ularingiz va salohiyatingiz doimiy bir xil bo‘lishi mumkin emas. Ba’zan jinsiy aloqaga shay bo‘lib tursangiz, ba’zida qo‘shimcha rag‘bat kutasiz. Shuning uchun ayolingiz bilan bu haqda dildan suhbatlashishdan tortinmang;
  • Tasodifiy uchrashuvlardan uzoqroq yuring. Shunda o‘zingiz va jinsiy sherigingizga bo‘lgan ishonch ham jinsiy quvvatingizni oshiradi;
  • Tabiatan sizga berilgan tashqi ko‘rinishni hech qachon muhokama qilmang. Chunki jinsiy aloqasiz ham juftliklar bir-birini qoniqtira olishi mumkin. Ammo jinsiy yaqinlikdan keladigan lazzat sizning ongingizdan tashqari yuz berishini unutmang;
  • Agar qoshushish vaqti yoki undan oldinroq jinsiy qo‘zg‘alish ro‘y bermasa, buning uchun aslo kuyinmang. Ayolingizga shunchaki, “Bugun qattiq charchabman (yoki “Ko‘p ichib yuboribman, shekilli”), ertaga hammasi yaxshi bo‘ladi” deb tushuntiring va hech qachon o‘zingizni aybdordek his qilmang. Shuning barobarida ayolni ham bu omadsizlikda ayblamang. Jinsiy yaqinliksiz ham ko‘ngillaringizni bir-biringizga bog‘lash haqida o‘ylang;
  • Intim o‘yinlar haqida fantaziya qilish ham ortiqcha bo‘lmaydi. Holatlarni o‘zgartirib turish ham jinsiy yaqinlikni mustahkamlovchi tadbirlar sirasiga kiradi;

Shuningdek, jinsiy jihatdan o‘zni erkin va ishonchli tutish uchun maxsus mashqlar borki, ularni mutaxassis bilan maslahatlashgan holda amalga oshirish mumkin.

Ekspert:  Ramazon Nazarov, androlog-seksapotolog.
Jurnalist: Temur ALIYEV.
Manba: “Sug’diyona” gazetasi.

3.9 19 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x