ENGELS

ENGELS Fridrix (1820.28.11, Barmen, Germaniyaning Vuppertal shahri — 1895.5.8, London) — mutafakkir va jamoat arbobi, marksizm asoschilaridan biri. Fabrikant oilasida tugʻilgan. 1841 — 42 yillarda Berlinda harbiy xizmatni oʻtash davrida untga kelib maʼruzalar tinglab turdi. 1842 yil Manchester (Buyuk Britaniya) ga koʻchib kelib fabrika idorasida ishladi; «Reyn gazetasi»da hamkorlik qildi. Parijda 1844-yil K. Marks bilan boʻlgan uchrashuv ularning doʻstligiga asos soldi. Engels «Kommunistlar ittifoqi»ni tashkil etishda (1847) va uning faoliyatida ishtirok qildi. Marks bilan birga ittifoq dasturi — «Kommunistik partiya manifesti»ni yozdi (1848). 1848-yil iyun — 1849-yil mayida Kyolnda Marks bilan birgalikda «Yangi Reyn gazetasi»ni nashr etdi, 1849-yil Janubiy Gʻarbiy Germaniyada qurolli qoʻzgʻolonda qatnashdi. 1849-yil noyab. da Londonga koʻchib keldi, 1850-yil noyab. da esa Manchesterga kelib, savdo idorasida ishlay boshladi. 1870-yildan Londonda yashadi; Marksga doimiy moddiy yordam berib turdi. U bilan birga I Internatsional faoliyatiga rahbarlik qildi. Marks vafotidan keyin Engels Yevropa sotsialistlarining maslahatchisi va rahbari boʻldi. Asosiy asarlari: «Angliyada ishchilar sinfining ahvoli» (1845), «Muqaddas oila» (1845), «Nemis mafkurasi» (1845—46) (keyingi ikkalasi K. Marks bilan birgalikda yozilgan), «Germaniyada dehqonlar urushi» (1850), «Germaniyada inqilob va aksilinqilob» (1851—52), «AntiDyuring» (1878), «Oila, xususiy mulk va davlatning kelib chiqishi» (1884), «Lyudvig Feyerbax va nemis klassik falsafasining oxiri» (1886), «Tabiat dialektikasi» (1873—82; 1925-yil bosilib chiqqan), «Fransiya va Germaniyada dehqonlar masalasi» (1894). E. Marks bilan birgalikda yaratgan taʼlimot tarixiy taraqqiyotga,hayotning obyektiv qonuniyatlariga zid edi. Bu taʼlimot 20-asrda dunyoning katta qismida muayyan sinf mafkurasiga aylantirilib, jamiyatning barcha aʼzolarini unga boʻysundirishga harakat qilindi. Bunday taʼlimot amal qilgan ijtimoiy tuzumda mulkka egalik, shaxs erkinligi, inson huquklari poymol etilishi natijasida oʻta salbiy ijtimoiy jarayonlar sodir boʻldi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x