“Endi soʻzga sigʻmas bizlarning suhbat”…

Shunday shoirlar borki, u elining yuzini yorugʻ, nomini ulugʻ qiladi. Ularning ijodini koʻtarib dunyoga boʻylagan xalqning boʻyi osmon boʻladi. Boisi ular faqat qalbida borini yozadi, boshqani emas. Qalbning esa millati boʻlmaydi. Oʻzbekiston halq shoiri Usmon AZIM “Dunyo va odam haqida yoz”adigan, “Xudo koʻngliga solganini yoz”adigan ijodkor. Shoir bilan sheʼr va soʻz qadri haqida gurunglashdik.

– Usmon aka, avval ham, hozir ham, bundan keyin ham adabiyot – adab, yaʼni odob fani boʻlib qolaveradi. Ehtimol, shu boisdan sheʼriyatga ehtiyoj sezilar. Toʻgʻri, bugun tarbiya vositalari koʻp. Lekin inson kamolatida adabiyotning oʻrni boʻlak. Keling, suhbatimizni sheʼriyat va qalb tarbiyasidan boshlasak.

– Insoniyat hamisha yaxshilik va yomonlikni, ezgulik va yovuzlikni, halol va haromni farqlab yashashga harakat qilgan. Odam dunyoga kelib, es-hushini taniy boshlagan paytdan – oiladan boshlanadigan tarbiya natijasida odob-axloqning ongu shuurga singib ketgan – yozilmagan qoidalari asosida yashay boshlaydi. Ammo bu qoidalarning shaytoniy kimsalar va ularga ergashishga moyillar hamisha buzishga harakat qilganlar. Shu sababdan bu qadriyatlarni odamlarga bot-bot eslatib turish zaruriyati tugʻilgan. Oqibatda, bu qoidalar azaldan “nasihatnoma”lar yoxud didaktik asarlar sifatida namoyon boʻlgan. Jumladan, bu qabildagi asarlar sheʼriy tarzda ham yozilgan (Zotan, sheʼriy ohang matn bilan yurak orasidagi masofani qisqartiradi, xotirada mahkam qoladi. Xalq maqollarini va topishmoqlarning sheʼriy ifodasini eslang). Bu sheʼriyatning odamlar turmush tarziga, hayot yoʻsinlariga “amaliy yordamidir”, yaʼni uning “odob fani” sifatida koʻrinishidir. Ammo sheʼriyat tushunchasining qamrovi bu tushunchadan nihoyatda keng, teran va yuksakdir. U joʻnlik va bir qarashda koʻzga tashlanadigan “aqllilik”dan nihoyatda baland. U dunyoga sigʻmas dard, toshqinlangan tuygʻu, haqiqatning va hayotning maʼnosini anglash yoʻlida alangalangan yurak – bir soʻz bilan aytganda, inson ruhiyatining bezovta tasviridir. Sheʼriyat shu qadar nozik va oʻzgacha tuygʻular mantigʻiga asoslanadiki, uning mohiyatini tushuntirmoq haligacha udda etilmagan. Ne-ne nuktadon olimlar sheʼrni sanʼatning tushuntirib boʻlmaydigan sohasi ekanligini aytib oʻtishadi. Sheʼriyatning, siz aytaningiz, qalb tarbiyasidagi oʻrni esa beqiyosdir. U ruhi yuksak va qalbi ozoda zotlarni tarbiyalaydi. Bu zotlar inson va insonlar yaratgan dunyoning nomukammalligini va torligini hamisha anglab turadi. Ilohiy ilhomga yoʻgʻrilgan sheʼriyat ruhu fikrat, dardu tuygʻuning haqiqiy qiyofasini yaratadi; parvardigor yaratgan olamning mukammalligi va goʻzalligidan hayratga tushadi. Bu yuksaklik va ozodalikning jonsarak harakatidan yaralgan bir tola yogʻdu esa falakka – parvardigor sari intiladi. Sezib turibsiz, endi gap “yor” deb parvardigor ishqida kuygan Alisher Navoiydek bemisl shoirlarning sheʼriyatiga yetib keldi…

– Yaxshi sheʼrlar har doim ham tugʻilavermaydi…

– Bizda yaxshi sheʼrlar yozadigan shoirlar hamisha boʻlgan. Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlardan boshlab esa, shoirlar ijodida yaxshi sheʼrlar foizi nihoyatda ortdi. Kechagina yashab oʻtgan Shavkat Rahmonning sheʼrlarini eslang. U nihoyatda baland sheʼrlardan iborat meros qoldirdi. Yaxshi sheʼr yozish, albatta, qiyin. Iqtidorli kitobxonga manzur boʻlarli sheʼr yozish uchun esa isteʼdoddan boshqa juda koʻp sifatlar – bu kasbning siru sinoatlarini chuqur oʻqib-oʻrganish, yuqori intellekt, bezovta feʼlu atvor, uzluksiz ilhom qamrovida yashashni udda etish, mehnatkashlik… va yana koʻpdan-koʻp fazilatlar kerak. Buning ustiga, ijod qilish uchun sharoit ham zarur. Biroq hozirgi noshirlar adibu shoirlar mehnatini qadrlashni oʻrganmaganlar. “Badiiy asar osmondan tushadi”, deb oʻylasalar kerak. Bunday kasofat qarashlar tufayli koʻp ijodkorlarimiz mehnatiga yarasha taqdirlanmayaptilar.

– Turli xizmat vazifalari, safarlar, tadbirlar bois ijodkor xohlagan payti yozuv stoliga yaqin kelolmaydi. Uning zimmasida esa yozish masʼuliyati turibdi. Sizningcha, ijodkor oldidagi masʼuliyat nima?

– Yozish masʼuliyati shoirning oʻz isteʼdodi oldidagi javobgarligidir. Oʻz isteʼdodiga masʼuliyatsiz qaragan ijodkorning iqtidori toʻliq ochilmaydi. Ijodga masʼuliyatsizlik – ijodkorga isteʼdod tortiq etgan Qodir egamning oldida beqiyos gunohdir. Axir, sheʼr kerak boʻlmaganda, Olloh shoirlarni dunyoga keltirarmidi? Ehtimol, sheʼr ham xuddi non kabi zaruriyatdir? Ehtimol, sheʼriyat insonga insonligini eslatib turish uchun berilgan mukofotdir? Ehtimol, sheʼr bu – soʻz, fikrat va ohang mutanosibligi – bozor dunyoda koʻngil borligini ham odamlarga ayon etadigan bir moʻjizadir? Shunday moʻjizani yaratadigan shaxs – shoir ijodiy tartibni har qanday sharoitda ham oʻrinlatmogʻi lozim. Zotan, shoirdan tadbirlar emas, sheʼrlar qoladi. Bu jabhada davlatu xalq ishini ham, ijodni ham bagʻoyat oʻrinlatgan hazrat Alisher Navoiydan oʻrnak olsak yarashadi. Yana qaytarib aytaman, ijodiy tartib juda zarur.

– Sizning sheʼrlaringizni oʻqiganimizda jahon sheʼriyatidan qolishmasligiga guvoh boʻlamiz.

– Bu lutfingiz uchun katta rahmat. Ammo Navoiydek shoiri bor adabiyotda ijod qilishning ham oʻziga yarashiq, yuqorida aytganimizday, masʼuliyati bor.

– Ijod maydonida doim ichki ijodiy “musobaqa” boʻlgan…

– Bu musobaqada doim isteʼdodli odamlar yutib chiqqaniga guvoh boʻlganman.

– Ammo ijodiy birodarlik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash haqida ham koʻp eshitganmiz.

– Xudoga shukur, bunday ezgu fazilatlar adabiyotimiz namoyandalarini qon-qoniga singib ketgan. Masalan, mening oʻzimni qoʻllab-quvvatlagan ijodkor akalarimni, birodarlarimni, ukalarimni sanab ado qilolmayman. Bu qoʻllab-quvvatlashlar ijod qilishimga qanot bergan. Adabiyotda bunday ezgu birodarlik, yelkadoshlik hamisha barqaror. Birgina hazrat Alisher Navoiyning faoliyatini eslang. Bu ulugʻ zot qanchadan-qancha shoiru olim, fuzaloyu ulamolarga homiylik qilgan, koʻnglini koʻtargan, faoliyatlari uchun sharoit yaratgan. Abdulla Qahhor atrofida ham isteʼdodli ukalari uymalashgan. Zotan, Abdulla Qahhor – zabardast adib va haqiqiy adabiyot uchun kurashgan buyuk shaxs – uka hamkasblarini qoʻlidan kelganicha qoʻllab-quvvatlashga harakat qilgan. Endigina adabiyotga kirib kelayotgan Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlarning sheʼrlaridan hikoyalariga epigraf olgan (bu ish dalda berishning va muhofaza etishning eng nazokatli va nihoyatda oʻrinli koʻrinishi); boshlovchi adiblar – Shukur Xolmirzayevu Oʻtkir Hoshimovlarga xat yozib, koʻnglini koʻtargan. Toʻlepbergen Qaipbergenovning ilk qissasini oʻqib, oʻzi tarjima qilishga tushgan. Yana bir misol: Oʻtkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” asaridagi “Ketmakdaman” radifli gʻazal Abdulla Oripov qalamiga tegishli. Abdulla aka ijodkor doʻstiga hadya etgan bu sheʼrni keyin biror-bir joyda oʻz nomlari bilan eʼlon qildirmaganlar. Shukur Xolmirzayevning “Qilkoʻprik” romanidagi “Kuydi jonim” deb mashhur qoʻshiq boʻlgan sheʼr ham aslida shoir ukalaridan birining qalamiga mansub… Bu tarzda bir-biriga himo berish, ming shukurki, adabiyotimizda odatiy hol. Biror isteʼdodli odam kamsitilganda, “urilganda”, yoxud hujumkor isteʼdodsizlik behayolarcha oqni qora deb turganda, mardona soʻzni aytish ham katta isteʼdodlarimizdan qolgan merosdir. Eng muhimi, halol yashab, ozod ruh bilan yozish urfi har bir katta isteʼdodning oʻzidan keyin keladiganlariga qoldirgan eng tub asos vasiyatidir. Haqiqiy adabiyot, aslida, oʻquvchiga koʻngil hurligini baxsh etadigan yorugʻlik – insonga insonligini eslatib turadigan Ollohning neʼmatidir.

– Umrida biror badiiy asarni oxirigacha oʻqimay turib, umrguzaronlik qilayotganlar bor. Ammo oʻqigan, kitob koʻrgan odamni xalqimiz hamisha boshiga koʻtargan. Kitobxonlik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Bobolarimiz, momolarimizning chiroq yorugʻida tongga qadar mutolaa bilan shugʻullanganini siz ham bir suhbatingizda aytib oʻtgansiz.

– Kitobning paydo boʻlishi – insoniyatning eng buyuk ixtirosi. Insoniyat kitob paydo boʻlishini nihoyatda orziqib – besabrlikda kutgan. Ajdodlarimiz bu besabrlikda toshlarga ham bitiklar yozganidan xabaringiz bor. Bir bobomiz bu tosh bitiklar orqali kelajak avlod bilan suhbat qurmoqchi boʻlgan! Men shunday azobda toʻzgʻigan elimni qayta yaratdim”, deb bayoni hol etgan! O, bizning bobolarimiz!.. Kitob yaralgandan soʻng esa insoniyatda mangulikka daʼvogar xotira paydo boʻldi. Ilgari shamollarga sovurilgan umrlar, voqealar, dardu hasratlar, his-tuygʻular va orzu-armonlar silsilasi qogʻozga tushgach, boqiylik kasb eta boshladi. Aql va koʻngil suv ichadigan maʼnaviy chashmalar dunyoga keldi. Kitob Ollohning bandalariga bergan beadad inʼomi – ilm, adabiyot, maʼrifat va maʼnaviyat jam boʻlgan bir akkumulyatorki, insoniyat ming turfa yoʻllarda undan quvvat oladi. Oldinga intilayotgan bezovta ruh, kashf etish yoʻlida holsirashlar kitobda jamlangan ilm va ruhdan qanoatlansagina, uning parvozi shiddatli kechadi. Kitobga oshnolik jamiyatning rivojlanishiga hissa qoʻshadigan shaxslarni dunyoga keltiradi. Ular tufayli istiqbol tezroq bugunga aylanadi – mukammalroq, odamlarning turmushi va koʻnglini yayratadigan tarzda amalga oshadi. Bunday odamlar bizda hamisha boʻlgan. Mustaqillik kelmasdan burun Surxondaryoning Angorida Abdumurod Lapasov degan odam rahbarlik qilgan. Oʻzbek qadriyatlari yerga urilayotgan bir paytda shu odam shahardagi roʻparama-roʻpara qurilgan ikki yangi binoning biriga “Alpomish”, biriga “Oybarchin” deb nom qoʻyib, porlatib yozdirib qoʻydi. Ularning yonidagi shaharlararo bekatni esa “Boychibor” deb, atadi. “Oʻzbeklar ishi” gurillab turgan paytda bu rahbarning katta jasorati edi. Oʻsha paytlar Surxondaryoga bir borganimizda, u kishining uyiga maʼrifatparvar olimimiz Shuhrat Rizayev bilan birga mehmon boʻldik. Katta bir tumanning rahbari adabiyotdan soʻz ochib, ikkalamizni ham lol qoldirib oʻtirdi. Savollari ham antiqa edi. Masalan, “Rauf Parfi haqida falonchi falon jurnalda bunday, falon gazetada falonchi unday, degan. Endi qaysi biri toʻgʻriroq?”. Asl kasbi zootexnik boʻlgan Abdumurod aka adabiy jurnalu gazetalarni bir olim kabi sinchiklab oʻqiganidan oʻshanda hayron qolganmiz. “Surxondaryongizda ajib odamlar bor-a!”, degan Shuhratjon zavqlanib. Men esa ichimda shunday ajib odamlar yashaydigan Surxondaryo uchun faxrlanib oʻtirganman. Abdumurod aka Mustaqillik davrida ham Surxondaryoda koʻp yillar rahbarlik lavozimida ishladilar. Men u kishidan norozi boʻlgan odamni uchratmadim Aksincha, bu odamdan gap ketsa, barchaning yuzi yorishganiga guvoh boʻldim. Abdumurod aka oʻsha siz aytganingiz, chiroq yorugʻida, tong otguncha kitob oʻqigan; baxshilarni eshitib, mast boʻlgan ota-bobolarimizning farzandi, merosxoʻri. Men ham chiroq atrofida kitob mutolaa etganlarning avlodiman. Bolaligimdagi bunday kitobxonliklar haqida sheʼrxonlarga koʻp gurung berganim uchun gapni qisqa qilaman. Ammo bir gapni taʼkidlab aytishga toʻgʻri keladi: kitob oʻqiydigan odamlar millatni millat qiladigan shaxslardir. Chunki ular koʻrib turgan dunyolaridan boshqa dunyolar borligini bilib yashaydilar. Olamni keng tasavvur etadilar. Dunyoning oldida turgan muammolarni teran koʻradilar… Albatta, kitobdan begona odamlar ham bor. Ular oʻzlarining kunlarini oʻzlari koʻrib yashasalar, ha, mayli, ammo, deylik, biror joyga boshliq boʻlsalar, odamlarning shoʻri shu. Bejiz Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev kitob haqida, uning hayotimizdagi oʻrni toʻgʻrisida qayta-qayta gapirayotganlari yoʻq. Masalan, kadrlar tanlashdagi qiyinchilik haqida soʻzlaganlarida, kitobxonlik tufayli paydo boʻladigan yetuklik baʼzilarda yetishmasligini koʻzda tutayotgan boʻlsalar ham, ajab emas. Chinakam oʻqimishli kishining esa kasbi-koriday saʼy-harakati ham nurlanib turadi.

– Sizni shoir qilgan kitoblarga toʻxtalib oʻtsangiz.

– Bu savolga ham koʻp javob berganman. “Alpomish”u “Oʻtgan kunlar”ning taqdirimdagi roli haqida ham suhbatlarda aytganman. Endi havasmand bir-ikki kitob oʻqigani bilan yozuvchi boʻlib qolmasligi haqida gapirsam deyman. Oʻqib-oʻrganishning cheki yoʻq. Mutolaa bir umrlikdir. Har bir isteʼdodli asar havasmandni professionallik sari boshlab boradi. Buyuk adiblarning isteʼdodi singgan satrlardagi mahoratdan nimalardir senga ham oʻtadi. Koʻngling oʻsadi. Yuksak intellekt paydo boʻladi. Ruhning parvozi hormas tus oladi. Ilhomning magʻzi toʻq boʻladi. Shu sabab, yozishga ixlosi bor odam xalq ijodidan tortib mumtoz adabiyotimizni, zamonaviy va jahon adabiyotini chuqur oʻzlashtirishi lozim… Ha, aytganday, hozir juda koʻp – yuzlab kitoblarni yaxshi koʻraman.

– “Men shoirligimdan uyalaman”, degan ekan taniqli ijodkorlardan biri. Balki soʻzni arzon bahoga sotayotganlar, balandparvoz gaplardan nariga oʻtolmayotganlarning kasridir bu?

– Azaldan adabiyotda haqiqiy ijodkorlardan tortib, havaskorlikdan nariga oʻtolmaydiganlar baholu qudrat ijod qilishgan. Men halol – oʻziga yarasha ijod qiladiganlarning barchasini juda hurmat qilaman. Chunki ular bu – toza koʻngilli odamlar – adabiyotimizning tolmas targʻibotchilaridir. Bunday odamlar mamlakatimizning har bir mintaqasida, tumanlarida, ovulu qishloqlarida topiladi. Eng muhimi, ular tufayli joylarda adabiyot chirogʻi oʻchmay, yonib turadi. Qaysidir chet qishloqda bir bolakay ilk satrlarni yoza boshlaganini tasavvur qiling. U bola sheʼrlarini kimga olib keladi? Oʻsha – adabiyotni halol yaxshi koʻradigan zotga! U zot daldayu maslahatlari bilan bu bolaning koʻnglida miltiray boshlagan olovga kuch beradi. Ehtimol, oʻsha bola payti kelib, bir daho shoirga aylanar. Toʻgʻrimi? Men ham bolaligimda adabiyotni eʼzozlaydigan oʻsha ustozlardan koʻp narsa olganman va ularni hamisha hurmat bilan eslayman. Ana endi “soʻzni arzon bahoga sotayotgan” savdogarlar haqida gaplashsak boʻladi. Ularning aksariyati shou-biznesning yogʻliq biqiniga kanalarga oʻxshab yopishib olishgan. Shou-biznesdagi oʻtkinchi qoʻshiqchilarning didsizligi ularga juda qulay keldi. Sheʼrni tushunmaganlarni avrash juda oson-da! Natijada, ularga oʻzlarini shoir deb koʻrsata olgan bir tiyinga ham arzimaydigan bu qalloblar studiyalarni ham, radio va televideniyeni ham tamom zabt etishdi. Oʻsha joyda oʻtirgan masʼul xodimlardan birortasi “bu sheʼr emas-ku”, degan gapni aytishga jurʼat qilolmadi. Chunki yo oʻzlarining tishlari sheʼrga oʻtmaydi, yo bu bozor ishda biror “savdo”lari bor. Bu tovlamachilar mamlakat boʻylab taralayotgan nodon qoʻshiqlari tufayli oʻzlariga oʻxshagan “muxlis”lar ham topishdi. Katta-katta kontsert zallari ularga eshiklarini lang ochib bergandan soʻng yana nima boʻladi? Bu ham yetmaganday, ular qator-qator kitoblarini chop ettirib, kitob doʻkonlarini toʻldirib tashlashdi. Bu chiqindi kitoblarni sotib oladiganlar ham chiqib qoldi. Bu hodisaga “ha, endi bir kun yoʻq boʻlib ketadi”, deb kulib ham qarash mumkin. Ammo ularning boʻynida “chiroq yorugʻida” “Oʻtkan kunlar”ni oʻqigan xalqimizning didini buzishdek juda katta gunoh turganini anglasak, bu qadar beparvo boʻlmasligimiz lozim. Axir, sheʼr nimaligini bilmaydigan qoʻshiqchiyu havaskordan ham past qalamkash qanday qilib butun mamlakatni zabt etishi mumkin? Biz – yuqorida ham, pastda ham – maʼnaviyatu maʼrifatdan koʻp gapiramiz. Har bir soʻzimizda hazrat Navoiyni muborak ismlarini keltiramiz. Ammo mudrab oʻtirib, xalqimizning didini buzayotgan bu isteʼdodsiz ishbilarmonlarga bemalol harakat qilishlariga katta yoʻl ochib berdik. Ularning ziyoni adabiyot uchun nihoyatda katta.

Endi xushomadgoʻylar xususida. Ularning orasida isteʼdodli odamlar ham bor. Ammo adibning qadri faqat va faqat qay darajada yozayotganlari bilan oʻlchanishini, adabiyotning vazifasi nimadan iborat ekanligini baʼzan unutib qoʻymoqdalar. Ular martaba – unvonu mukofotlarga yetishning oson yoʻllarini topib oldilar. Ayniqsa, Vatan mavzusini “savdo”ga olib chiqish nihoyatda beparda bir tus olayaptikim, bu endi kechirib boʻlmaydigan holdir. Omon boʻlgur chalasavod qoʻshiqchilarimizdan baʼzilari menga ham Vatan haqida sheʼr yozib berishni iltimos qilgan paytlari boʻldi. Bu mavzuga nima uchun qiziqib qolganlarini surishtirganimda, “men ham bir unvon olsam…” degan javobni eshitganman. Koʻnglim vayron boʻlgan. Bular qanaqa odamlar? Uyatlari yoʻq. Andishaning koʻchasidan oʻtishmagan. “Aka, men Vatanni yaxshi koʻraman” desa, olam guliston edi-ku! Mana, kattayu kichik Vatanni bunyod etish – yanada koʻrkam, yanada kuchli, yanada hur va ozod koʻrish ishqida yonib yurgan paytda bu aldarkoʻsalar nimalar bilan shugʻullanib yurishibdi! Adabiy xushomad, yaltoqlanish – feodal zamonlardan qolib ketgan sarqit. Undan tezroq qutulishimiz lozim. Vatanni, elu yurt dardini faqat toza koʻngil bilan yozmoq (yoki ijro etmoq) zarur. Men ham Vatan haqida – Istiqloldan avval ham, keyin ham – eng koʻp yozgan qalamkashlardan biriman. Aytishlaricha, yomon yozmaganman. Ammo biror satrimga manfaat soyasi tushmagan. Aksincha, shoʻrolar davrida boshimdan nimalar oʻtmadi deysiz! Mustaqillikdan keyin ham Vatan haqida koʻp yozdim. Buni anglashingiz uchun “Tong otgan taraflarda” dramamni oʻqib koʻrishingizning oʻzi kifoya… Vatanni yaxshi koʻrgan bir qalamkash sifatida aytamanki, u xushomadni emas, samimiyatni, halollikni yaxshi koʻradi.

– Hayotning avvali ham, oxiri ham Soʻz deyishadi. Shoir Soʻzining qadri haqida nima deysiz?

– Tangri taoloning “Yaral” degan nidosidan soʻng olam bunyod boʻlgan ekan. Shu sababdan, soʻz faqat aloqa vositasi emas. Uning ilohiy bir ibtidosi ham borkim, bu sifati uchun ham soʻz bilan muomala qiladigan kasb egalari uni juda eʼzozlab, qadrlab – yuragu ilhom zavqi bilan oʻlchab ishlatmoqlari zarur. Siz aytayotgan, soʻz masʼuliyati oʻshanda paydo boʻladi. Chunki sheʼrda maʼlum satrning maʼlum joyida unga mos faqat bittagina soʻzni qoʻyish mumkin boʻladi. U soʻzni topib, oʻrniga qoʻyilganda, soʻzlar (ohangu qalb shavqiga qoʻshilib) oʻzaro aniq mutanosiblik – sehr kashf etadi-da, sheʼrga aylana boradi. Sheʼrxon qalbini junbushga keltiradigan alohida bir goʻzallik, alohida bir haqiqat – yuqorida aytganimday, hech kim tushuntirib berolmaydigan, ammo yurak bilan his etiladigan sanʼat moʻjizasi paydo boʻladi. Bu moʻjizani yaratish esa faqat xudo bergan – chinakam shoirlarga nasib etadi. Sheʼr – Ollohning moʻjizasi – soʻz bilan isteʼdod ilhomi uchrashgan joydagina sodir boʻladi. Yana bir mulohaza: Soʻz yolgʻonni, nosamimiylikni, erinchoqlikni, bepisandlikni, beilhom ijodni, shuhratparastlikni, qalloblikni yoqtirmaydi. Soʻzga bu tarzda munosabatda boʻladiganlar esa Adabiyotda iz qoldirmasdan, yoʻqlik qaʼriga singib ketadilar.

– Ustoz shoir sifatida yoshlarning ijodini kuzatib borasiz. Bugungi yozilgan asarlardan koʻnglingiz toʻladimi? Qanday maslahatlaringiz bor?

– Adabiyotda yaxshigina sheʼr yozayotganlar, nazarimda, anchagina. Negadir ularning safida qizlarimiz koʻproq. Maslahatim esa oddiygina: xudo bergan isteʼdodni xor qilmang.

– Oxirgi paytlarda kamnamo koʻrinayapsiz? Nimalar yozayapsiz?

– Oʻtgan yili yomon ishlamadim. Anchagina sheʼrlar yozdim; Amir Temurga bagʻishlangan “Adolat fasli” degan tarixiy dramani bitirdim; Molerning “Tartyuf” degan sheʼriy dramasini tarjima qildim; bir necha kitobga tartib berdim, nasrda ham nimalardir yozgan boʻldim. “Sharq yulduzi” esa men uchun juda muhim boʻlgan bir hikoyamni eʼlon qildi. Yana nima? Ha, “Saylanma”larimni birinchi jildi bosmadan chiqdi. Shu kunlarda “Yeru Osmon orasida” dramasining va anchadan buyon yozilayotgan “Soʻngsoʻzlar” kitobining oxiriga yetay deb urinyapman.

 

Sitora TOJIDDINOVA suhbatlashdi.

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/endi-sozga-sigmas-bizlarning-suhbat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x