Elning ardoqli shoiri

Qaysi yozuvchining kitobini oʻqiganda asardagi odamlarni shunchaki “personaj” emas, tirik inson deb qabul qilsangiz, sevgan qahramoningiz oʻlib qolsa, qattiq iztirobga tushsangiz, oʻsha adib haqiqiy yozuvchi boʻladi. Qaysi shoirning aqalli toʻrttagina sheʼrini ataylab emas, azbaroyi qalbingizni larzaga solgani uchun uzoq yillar yodlab yursangiz, oʻsha haqiqiy shoir boʻladi. Ammo bu hali hammasi emas. Oʻzingiz ixlos qoʻygan shoir yoki adibning kitobini oʻn yil, yigirma yildan keyin qayta oʻqiganda tagʻin hayajonga tushsangiz, undan avval payqamay qolgan yangi maʼno topsangiz, bunisi juda zoʻr ijodkor boʻladi!

Elimizning ardoqli va atoqli shoiri Erkin Vohidov shunaqa ijodkor. Uning bundan qirq yil avval yozgan talay sheʼrlarini bugun oʻqisangiz, tagʻin hayajon ogʻushida qolasiz. Shoir satrlarida avval uncha eʼtibor bermaganingiz yangi tagmaʼnoni anglagandek boʻlasiz. Qizigʻi shundaki, bir qarashda shoir sheʼrlari osongina oʻqiladi, tezda yod boʻladi. Holbuki, koʻp kitobxonlar ijodning bir sirini bilmaydi. Oson oʻqiladigan asar qiynalib yoziladi. Rohat qilib oʻqiladigan asar azob bilan tugʻiladi. Sababi – haqiqiy sanʼat asari muallifning yurak-yuragidan otilib chiqadi. Kitob mutolaa qilayotgan oʻquvchi hayajonidan koʻra kitob yozayotgan shoir hayajoni oʻn hissa ortiqroq boʻladi.

Erkin Vohidov ana shunday – chin yurakdan, kuyib-yonib yozadigan shoir. Uning sheʼriyatida, oʻz iborasi bilan aytganda, bahoriy iliqligu nahoriy tiniqlik bor. Ular chin dildan qilingan xitob. Quvonchi ham, oʻkinchi ham, shodligiyu anduhlari ham tabiiy! Eng muhimi – Erkin aka sheʼriyatida insonga nisbatan teran hamdardlik bor! Inson qismatiga dil-dildan xayrixohlik bilan, kuyunchaklik bilan munosabat bildiradi shoir. Bu fazilat uning mittigina sheʼrlaridan tortib “Ruhlar isyoni”, “Nido” singari dostonlarigacha, teran falsafiy qasidalaridan tortib, mayin, xushchaqchaq hajvga yoʻgʻrilgan turkumlarigacha barchasida koʻzga tashlanib turadi.

Oʻtgan asr oʻrtalarida, ayniqsa, 60-70-yillarda gʻazal janri, jumladan, aruz vazni oʻz vazifasini oʻtab boʻldi, bu sheʼriy yoʻsinlar “ishqi boqiy” va “ishqi foniy” tasvirlangan mumtoz sheʼriyat uslubi edi, endi ular yangi zamon shiddatini aks ettirishga yaramay qoldi, deganga oʻxshash fikrlar ancha jiddiy tus olgan edi. Bu notoʻgʻri qarash ekanini, Navoiy va Fuzuliy, Bobur va Ogahiylar oʻlmas asarlar yaratgan gʻazal janrida bundan keyin ham goʻzal va umrboqiy sheʼrlar yozish mumkin ekanini aynan Erkin Vohidov “Yoshlik devoni”da isbotlab berdi. Bu kitobga kirgan oʻnlab gʻazal faqat hofizlar tomonidan qoʻshiq qilib kuylanib qolmay, ularni koʻplab yoshlar hayajon bilan yoddan oʻqiydigan boʻldi.

Erkin aka ijodining muhim jihatlaridan biri shoir falsafasining teranligidir. Bu uning qasidalarida, “Ruhlar isyoni” dostonida ayniqsa yaqqol koʻrinadi. Bir qarashda oddiy tuyulgan “Qoʻllar” qasidasidagi satrlarga eʼtibor bering:

 

Gʻazal baxsh etgan olamga,

Ajal keltirgan odamga.

Bu tigʻdir, bu guli raʼno,

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

Sevar yorga gul uzgan ham,

Ochiq kaftini choʻzgan ham,

Tilab xayru ehson tanho

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir.

Jahon daʼvosini etgan,

Jahondin lek ochiq ketgan.

Iskandar ilki bedaʼvo

Bu qoʻllardir, bu qoʻllardir…

 

Takror aytaman, osongina oʻqiladigan bu satrlarda “osongina” hazm qilish mushkul boʻlgan juda teran maʼno yotibdi.

Yoki “Inson” qasidasini yana bir karra sinchiklab oʻqib koʻring:

 

Kim farangi, kim habash,

Irq, qon talash, imon talash.

Shulmi insondek yashash,

Armon oʻzing, afgʻon oʻzing!

 

Bu satrlarni Erkin Vohidov ming bir iztirob bilan yozganiga ishonaman. Chindan ham inson degani qanday mavjudot oʻzi? Bir burda nonga qorni toʻysa-yu, dunyoning butun boyligi kamlik qilsa? Olis koinotda yuz yildan keyin qanday sinoatlar roʻy berishini aytib bersa-yu, ertaga oʻzining nima boʻlishini bilmasa?! Chumoliga ozor bermasa-yu, oʻz otasini gʻaribxonaga tiqib qoʻyishga uyalmasa?! Goho oʻylab qolaman. Isteʼdodli bir rassom boʻlsa-da, insonning gʻalati suratini chizsa. Unda odamzodning bir yuzi quyoshdek charaqlab tursa, bir yuzi koʻmirdek qaro boʻlsa. Bir koʻzida mehr, bir koʻzida qahr chaqnab tursa… Nachora, odamzod shunday nomukammal, gʻofil banda! Shoir “Inson” qasidasida shunday portret chizgandek koʻrinadi…

“Oʻzbegim” qasidasini esa Oʻzbekiston haqida, oʻzbek xalqi haqidagi gimn, desak xato boʻlmaydi. U faqat faxriya emas. Unda alam va iztirobga toʻliq satrlar ham ozmuncha emas. Shu boisdan ham yetmishinchi yillarning “hushyor” siyosatdonlari “Oʻzbegim” uchun shoir boshiga koʻp savdolar solgan edi. Buning evaziga esa xalq “Oʻzbegim”ni bagʻriga bosib ardoqladi. Bir maktabda yuzga yaqin oʻquvchi bolalar qasidani joʻr boʻlib yoddan oʻqiganini koʻrganman! Shoir uchun bundan katta mukofot yoʻq…

Xullas, oʻz akamdek qadrdon boʻlib qolgan xalq shoiri Erkin Vohidov haqida aytadigan gaplarim oz emas. Erkin akaning bir insoniy jihati toʻgʻrisida alohida toʻxtalgim keladi. Shoir-da, bir oz quvgina, bir oz tagdorgina, ancha mayingina yumor tuygʻusi bor. Aslida isteʼdodli odamlar hajvga moyil boʻladi. Bu “dard” bir jihatdan biz shogirdlarga ustoz Said Ahmad akadan “yuqqan” boʻlishi ham mumkin. Doʻstlar davrasida koʻp safarlarda boʻlganmiz, sayyohatlarga chiqqanmiz, olis-yaqin qishloqlarda kitobxonlar bilan uchrashuvlar qilganmiz. Shu asnoda bir-birimizga beozor, dilkash “shumliklar” qilgan paytlarimiz ham boʻlgan. “Joʻraboshimiz” Said Ahmad aka bilan bogʻliq “shumlik”lardan birini eʼtiboringizga havola qilaman.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/elning-ardoqli-shoiri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x