Elektr, ko‘nka (tramvay), velosiped, telefon, telegraf, pochta. XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Toshkent (2-qism)


Post Views:
69

Elektr. Shahar hokimiyati shaharni yoritish masalalari bilan shug‘ullana boshladi. 1905 yilda Duma majlisida shaharni yoritish masalasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish qaroriga binoan «yangi» qismning ba’zi bir markaziy ko‘chalari uchun kerosinli fonuslar o‘rnatildi. Keyinchalik boshqa ko‘chalarga ham kerosinli fonuslar o‘rnatildi. 1908 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra shaharda 310 ta kerosinli fonuslar va 794 ta oddiy fonuslar bo‘lgan. Keyinchalik ular miqdori ortgan. 1912 yilda kerosinli fonuslar 515 ta, oddiylari 906 (shundan 800 tasi eski shaharda) bo‘lgan. Yoritishga ketgan pul mablag‘lari 1908 yilda 30-40 ming rublni tashkil etgan.

Asta-sekin yoritish vositalarini elektr tarmog‘i bilan almashtirish masalasi ham o‘z yechimini topa boshladi. «Yangi» qismdagi kerosinli fonarlarni eski shaharga berishga qaror qilindi.

1908 yilda elektrostansiya qurildi va u Nikolay Konstantinovich uyi va Romanov (Buyuk Turon), Kaufman (sayilgoh atrofi), Samarqand va Voronsov (X.Sulaymonova) ko‘chalarini yoritishga xizmat qildi. Shahar dumasi butun shaharni elektr bilan yoritishni rejalashtirgan edi. Shu maqsadda “Elektryoritish birinchi jamiyat”i tuzildi va elektrostansiya qurish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqdi. Biroq jamiyatning bu maqsadda 10 ming rubl ajratishni so‘rab qilgan iltimosiga general-gubernator rad javobini berdi. 1912 yilda tadbirkor V. P. Pavlov tomonidan elektrostansiya qurildi va u bir qancha sanoat korxonalari va xususiy xonadonlarga xizmat qildi. Elektr liniyalari uzunligi 30 verstgacha bo‘lib, 3 mingta elektr lampochkalariga quvvat bergan.

1914 yilda shahar dumasi shaharda elektr yoritishni bundan keyin rivojlantirish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus hay’at tuzdi, biroq birinchi jahon urushi boshlangach bu masala o‘z yechimini topmadi.

Tramvay. 1896 yilda Belgiya jamiyati vakili E. Deni bilan 45 yilga ko‘nka (otlar bilan harakatlanadigan bir vagonli transport vositasi) yo‘li qurish haqidagi shartnoma tuzildi. E. Deni o‘z xuquqini «Toshkent Tramvay» Belgiya anonim jamiyatiga topshirdi. Shaharda ko‘nka 13 yil faoliyat ko‘rsatdi va ikki yo‘nalish bo‘yicha harakat qildi. Birinchi liniya 1901 yil 30 martda, ikkinchisi 1903 yil 5 aprelda ochildi. Uning umumiy uzunligi 9 verst 90 sajen yo‘l bo‘lib, 30 vagon, 170 xizmatchi va 230 oti bor edi. 1900 yilda tashilgan yo‘lovchilar 1089 ming nafar odamni, 1909 yilda esa 4 843 407 nafar odamni tashkil etdi.

Konka temir yo‘l vokzalidan “eski” shahardagi bozorgacha va Romanovskaya ko‘chasidan (hozirgi Buyuk Turon) “yangi” shahardagi Sergiyev cherkovigacha (hozirgi H.Olimjon maydoni) xizmat qilgan.

1907 yil 27 avgustda shahar dumasi Toshkentda elektr tramvay o‘tkazishga “Toshkent Tramvay” Belgiyaning jamiyati bilan shartnoma tuzishga qaror qildi. 1908 yil sentyabrida mazkur shartnoma yangi liniyalar ochishni ko‘zda tutuvchi rejalar bilan tuzildi. Konsessiya muddati 45 yil edi. 1926 yilda shahar “Toshkent Tramvay» Belgiya jamiyatidan tramvay sotib olish xuquqiga ega edi.

1910 yil 17 avgustda Kuropatkin (hozirgi Loxutiy) va Gogol (hozirgi Ya.G‘ulomov) xiyobonlari oralig‘idagi joyda elektr stansiyasi binosiga asos solindi. Texnik nazoratni muxandis V.S. Geynselman olib bordi.

Elektr tramvayi harakati 1912 yil 29 dekabrda ochildi. Tez va qulay transport vositasi hisoblangan tramvaylar ko‘chani ko‘nka vaqtidagi 230 otga qaraganda kamroq ifloslantirardi.

Voskresenskiy bozoridan turli tomonlarga umumiy uzunligi 20 verst bo‘lgan yetti tramvay liniyasi tarqagan. Agar 1912 yilda jamiyatning “konka” tramvayidan yalpi tushum 260 ming rublni tashkil etgan bo‘lsa, 1913 yilda elektr quvvatiga o‘tilgach u 504 ming rublgacha o‘sdi. Yo‘lovchilarni tashish ham keskin oshdi. 1912 yilda u 5323 nafar odamni tashkil etgan bo‘lsa, 1913 yilda yo‘lovchilar soni 10 mln. nafardan oshib ketdi. Yengil izvoshlar shahar transportining eng keng tarqalgan turlaridan biri bo‘lgan. 1909 yilda ular 355, 1910 yilda esa 387 nafar izvoshchi xizmat qilgan. Bundan tashqari kerosin tashuvchi izvoshlar bo‘lgan. 1909 yilda ular 221 ta, 1910 yilda 151 ta bo‘lgan. Yuk tashiydigan o‘zbek arbalari ko‘p edi. Ikki katta-katta g‘ildirakli arba 30 pudgacha yuk ko‘targan. Arbakash otga minib olgan. Shunday ot arbalardan shaharda 1909 yilda 805 ta, 1910 yilda 870 ta edi. Yana shaharda yuk tashish bo‘yicha bir necha idora ham bo‘lib, ulardan biri Toshkentning “eski” qismida joylashgan.

Velosiped. XIX asr oxirida shaharda velosiped paydo bo‘ldi. N. A. Mayevni yozishicha: “Endi Toshkent ko‘chalarida velosipedchini ko‘rish mumkin edi, xiyobonlarda har doim qarindoshlarinikiga yozgi ta’til o‘tkazish uchun kadetlar, gimnaziyachilar va boshqa o‘quvchilar velosiped uchirib yurar edilar”. Shahar hokimiyati “transportning qulay va yoqimli harakat vositasi” sifatida velosipeddan foydalanishni ma’qullar edi. 1892 yilda «Toshkent velosipedchilar jamiyati» tashkil etilgan bo‘lib, u velosipedni xalq orasida targ‘ib qilishga yordam berishi kerak edi. Jamiyatni harbiy vazir Vannovskiy tomonidan tasdiqlangan nizomi ishlab chiqilgan. Nizomga ko‘ra jamiyat o‘z a’zolari, ularning oilalari va mehmonlar uchun ballar, maskaradlar, raqs va musiqa, vokal va adabiy kechalar, sahna tomoshalari va turli musobaqalar, masalan, shaxmat, velosiped sporti, konqki va xokazo bo‘yicha musobaqalar uyushtirishi lozim edi. Ko‘rinib turibdiki, jamiyat faoliyatiga o‘z rasmiy funksiyasidan ishidan uzoq vazifalar ham kirgan bo‘lib, bu foydadan xoli emasdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda velosipedchilar adadi 1909 yilda 614, 1910 yilda 762 tani tashkil etgan.

Telefon. Shahar hayotida telefon, pochta-telegraf tarmog‘iga shartnoma asosida 1904 yil 9 yanvarda asos solindi. U shaharga 18 yil, ya’ni 1922 yil 9 yanvargacha tarmoqni qurish va foydalanishga huquq beruvchi hukumat bilan shartnoma tuzish asosida qurilgan edi.

Toshkentning yangi qismida telefon 1892 yildan ishlay boshlagan. Avvaliga u faqat harbiy muassasalar va harbiy idora boshliqlari uchungina mo‘ljallangandi. 1893 yilda undan shahar boshlig‘i va politsiya boshqarmasi foydalangan. 1904 yil 1 sentyabrdan uning xizmat doirasi kengaygan. Shaharda 180 abonent bor edi. 1912 yilda abonentlar soni 710 taga yetdi, shulardan 97 tasi bepul edi. Shahar telefoni 8 yoshga to‘lganida uning abonentlari soni 4 baravar ortdi. Bundan tashqari, shaharda 4 ta telefon-avtomat bor edi: temir yo‘l vokzalida, Toshkent temir yo‘l tovar stansiyasida, Voskresenkiy bozorida va shahar boshqarmasida. 1907 yilda telefon tarmog‘ini ikki simli kabel tizimiga o‘tkazish va abonentlar sonini ko‘paytirish masalasi ko‘ndalang qo‘yildi. Telefon tarmog‘ini qayta jihozlash shartnomasi “Toshkent Tramvay” Belgiya anonim jamiyati bilan tuzildi va bu ishga shaharga beg‘araz 45 ming rubl miqdorida ssuda berildi. Barcha ishlar qiymati 77 810 rublni tashkil etardi. 1907-1908 yillarda 58 516 rubl sarflanib, deyarli barcha zarur narsa sotib olingandi. Telefonni qayta jihozlash 1912 yilda tugallangan. Natijada u 1000 abonentga xizmat qila boshlagan.

1914 yilda 970 abonent bo‘lgan, ular miqdorining kamayishiga sabab: ayrim harbiy qismlarning ketishi va safarbar etilishidir. Havo kabellarining umumiy uzunligi 22,5 verst, yerosti kabeli – 4 verst edi. 33 telefonchi qiz, 5 kommutator, 15 shogird qiz bo‘lgan. 1910 yildan telefon daromad keltira boshlagan. 1907 yilda ular 27 638 rubl, 1908 yilda 17 372 rubl, 1911 yilda 14 129 rubl, 1913 yilda 17 806 rubl bo‘lgan. Shuni ta’kidlash joizki, shahar telefon xizmati harajatlari katta bo‘lgan. 1908 yilda u 17 372 rublni, 1904-1908 yillar ichida 193 332 rublni, daromadlar 171 501 rublni tashkil etgan.

Telefon tarmog‘i oz bo‘lsada shaharning “eski” qismiga ham o‘tkazilgan. U yerda 54 abonent bo‘lib, 1900 sajen uzunlikdagi yerosti kabeli eski shahar bozori o‘rtasidagi kabel qutichasiga joylashtirilgan.

Telefon tarmog‘ining Toshkent shahar telefoniga umumiy tavsif berishga harakat qilgan mudir ma’lumotlariga ko‘ra “ikki simli tarmoq qayta jihozlanib, vakolatli shaxslar fikricha yaxshi va ravon ishlay boshlagan, u Rossiyaning ko‘p shaharlaridagidan ancha yaxshi bo‘lgan, albatta ikkala mamlakat poytaxti hamda Varshava, Odessa kabi shaharlar bundan mustasno”. U yerlarda signal tizimi markaziy batareya bo‘yicha ishlagan.

1912 yilda telefon tarmog‘i 72 verstga cho‘zilgan, shundan 11 verstini havo kabeli va 5 verstga yaqinini yerosti kabeli tashkil etgan.

Telegraf. 1873 yilda Toshkent bilan Chimkent, Avliyoota, Verniy, Semiplatinsk va Omsk o‘rtasida telegraf aloqasi o‘rnatilgan. 1875 yilda telegraf simlari Toshkentdan Xo‘jandga, undan Qo‘qon va Samarqandga o‘tkazilgan. Keyinchalik telegraf aloqasi o‘lkaning barcha yirik shaharlarini bir-biri bilan bog‘lagan.

1884 yilda Toshkent bilan Kattaqo‘rg‘on orqali Buxoro o‘rtasida telegraf aloqasi ochilgan. 1885 yilda Orenburg, Omsk va boshqa shaharlar orqali Markaziy Rossiya bilan telegraf aloqasi o‘rnatish rejalashtirilgan. Turkiston telegraf okrugi boshqarmasi Toshkentda joylashgan. 1897 yilda pochta idorasi telegraf stansiyasi bilan yagona muassasaga birlashtirilgan.

I klass Toshkent pochta-telegraf idorasi ana shu tariqa yuzaga kelgan.

Pochta. Shuni ta’kidlash joizki, pochta bo‘limi 1868 yilda kommendantlik boshqarmasi qoshida qurilgandi. Keyinchalik u ancha rivojlandi. 1906 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra shahar: Chimkent, Turkiston, Perovsk va vokzali orqali boruvchi va Orenburg bilan aloqani ta’minlovchi, u orqali esa Rossiyaning turli gubernalari bilan bog‘lovchi Toshkent-Terakli yo‘li; Toshkentga Yettisuv viloyati bilan bog‘lovchi Chimkent-Qorabolta yo‘li; Farg‘ona viloyati bilan aloqani o‘rnatuvchi Toshkent-Xo‘jand yo‘li kabi pochta yo‘llariga ega bo‘lgan.

Shunday qilib, pochta yo‘llari va telegraf liniyalari shahardan shimol, g‘arb va janubga tarqalib, uni janubi-sharqiy Rossiya, g‘arbiy Sibir guberniya shaharlari va Turkiston o‘lkasining janubiy viloyati bilan bog‘langan.

XIX ASRNING IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA TOSHKENTNING «YANGI SHAHAR» QISMI TARIXI

Jannat Ismoilova

O‘zRFA Tarix instituti
O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
Toshkent – “Fan va texnologiya” — 2004

Ushbu qimmatli manbaning elektron variantini taqdim etgani uchun monografiya muallifi J.Ismoilovaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

https://shosh.uz/uz/elektr-ko-nka-tramvay-velosiped-telefon-telegraf-pochta-xix-asrning-ikkinchi-yarmi-xx-asr-boshlarida-toshkent-2-qism/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x