Zahiriddin Muhammad Boburning davlatchilik siyosatida, yurtni, saltanatni boshqarish ishlarida hamisha maslahat orqali, olim, fozil, oddiy kishilar bilan barcha ishlarni kengashib yuritish tartibi izchil amal qilingan. U umrining oxirrogʻida, aniqrogʻi, 1528 yili farzandi Humoyun mirzoga yozgan maktubida, shahzoda Komron mirzoga yozgan vasiyatnomasida saltanatni yuritishda saltanat vakillari xalqning ham istaklarini sabr-toqat bilan eshitishi, ular fikrini oʻzining aql-zakovati bilan tahlil etib ish qilishi lozimligini alohida taʼkidlagan. Ayniqsa, “… turkiy ulusning otalari ota-onalarimizga xizmat qilib, jon tortib issigʻ-sovuqda, safar va hazarda… xizmati shoista qilib keltiribturlar, ul eldin imtihon qilib, eshiginga yoʻl berub, vakili mutlaq etib kichik yoshliq ersa alardin kegash soʻrub, maslihat tilab, alarning soʻzi bila amal qilib aslo va mutlaqo hech muhimga ishtigʻol qilmagʻaysan(boshqa ishga vaqt sarflamagaysan)” deyishi fikrimizga dalil boʻla oladi.
Bobur shahzoda oʻgʻliga nasihatini davom ettirib, quyidagilarni ilova qiladi: “Taqi Movarounahr eli bisyor soddalavh eldurlar. Har necha beqobiliyat ersalar, alarga eʼtimod qilsa boʻlur… Ul silsilaning murid va asʼhobi podshohzoda deb senga kelsalar, zinhor ikrom va eʼzozlarini marʼiy tutub alarning borasida taxsis qilmagaysen… Eldin yaxshi soʻzungni aytib, mukammal boʻlub, isteʼdodi tamom bila mutavajjih boʻlgʻaysen”.
Shu tariqa Bobur el dardini soʻrash, garchi davlat ishlari bilan juda band boʻlgan taqdirda ham, odamlarning jamiyatdagi mavqeiga qaramasdan ularning dardlarini tinglash, mushkullarini oson qilishni farzandiga uqtirgan. Uning davlatchilik siyosatida, hatto kichik masala boʻlsa-da, oddiy odamlar fikriga, hayotiy tajribasiga tayanib bir qarorga kelgani borasida “Boburnoma”da koʻpgina misollarga guvoh boʻlamiz.
Bobur oʻz farzandlariga, ayniqsa, umrining oxirgi yillarida, davlatni boshqarishda hamisha xalq bilan hamfikr boʻlishni – “el bila ixtilot qilib turish”ni qayta-qayta taʼkidlagan. Saltanat devonidagi kishilarning shaxsiyati pok boʻlishi, ular hech qachon xiyonatga yoʻl tutmasliklari, hamisha bamaslahat ish koʻrishlari va yurt manfaatiga xizmat qilishlarini asarlarida ham, farzandlariga yozgan vasiyatnoma va maktublarida ham uqtirgan. Xususan, toʻngʻich oʻgʻli – taxt vorisi Humoyunning ukalari bilan, davlat, yurt manfaatini koʻzda tutgan holda, saltanat ishlarini yuritishini maslahat beradi.
U Humoyunga saltanatni mashvarat orqali boshqarish lozimligini taʼkidlar ekan, bu ishda xusumatga yoʻl qoʻymasligini, azmu shijoatli, uzoqni koʻra oladigan beklar va aʼyonlarga tayanishi, ularni tez-tez mashvaratga chaqirib turishni tayinlaydi: “Yana ulugʻ ish ustida borasen, raʼy va tadbirlik beklar bilan kengashib, alarning soʻzi bilan amal qilgaysen. Agar mening rizomni tilarsen, xilvatnishinliqni va el bila kam ixtilotliqni bartaraf qilgʻil. Kunda bir-ikki navbat iningni va beklarni ixtiyorlariga qoʻymay, qoshinga charlab, har maslahat boʻlsa kengashib, bu davlatxohlar ittifoqi birla har soʻz va unga qaror bergaysen”.
Boshqa bir oʻrinda Bobur Humoyunga murojaat etib, kichik oʻgʻli Komron mirzo bilan bamaslahat ish koʻrgani, unga mehribonlik koʻrsatganini olqishlab, barcha el – saltanat fuqarolaridan beklar, aʼyonlar va temuriyzodalar bilan ham kengashib turishni, shundan keyingina aniq, puxta qarorga kelib saltanatni boshqarishi maʼqulligini aytadi. Darhaqiqat, boburiylar saltanatida el bilan muloqot, maslahat va mashvarat orqali davlatdorlik qilish tartibi joriy etilgan. Ehtimol, ana shu xususiyat ham boburiylarning Hindiston oʻlkasida 332 yil hukmronlik qilib, bu oʻlkani koʻp ofatlardan asrab qolishga, taraqqiyot sari dadil qadam tashlab yuksalishiga asos boʻlgandir. Bobur oʻgʻli Humoyunga maktubida yozadi: “Turk ulusining… xizmati shoista, pand-nasihatlari joʻyalik. Yoshlari kichik boʻlsa ular bilan ham kengashib, maslahatlariga amal qilib, nomatlub ishlarda ishtirok etmagaysen. Mulohazakor beklar bilan senga xayrixoh boʻlgan odamshavanda oddiy kishilarki bor, qaysiki yoningda hamisha muhim ishlar yuzasidan maslahatga kelib turarlar, ularning savol-javoblaridan oʻzingni tormagaysen va kengashlaridan chiqmagaysen”.
Turli masalalarni el bilan kengashib hal etish tartibi Boburning ish uslubiga aylangan edi. U atrofidagi kishilarning maslahatlarini sabr bilan eshitar, agar ularning maslahati muhim boʻlsa, uni kim aytishidan qatʼiy nazar, qabul qilar, aks holda, oʻzining bu boradagi qarashlarini maʼqul bilar edi. Togʻasi Ali Doʻst haqida koʻp kishilar uning juda yaxshi sarboz ekani, qilich tutishga mohirligi, Umar Shayx mirzoning saroyida munosib oʻrni boʻlgani kabi ijobiy jihatlarini aytib, Bobur saltanatidan munosib oʻrnini topishiga tarafdorlik qilardilar. Bobur bu maslahatlarga tanqidiy qarab, Ali Doʻstga saltanatidan qanday mansabni ravo koʻrish, umuman, uni saltanatida qoldirish yoki qoldirmaslik haqida oʻylab koʻradi va “Boburnoma”da yozadi: “Yana bir Ali Doʻst tagʻoyi erdi. Mening onamning onasi Esan Davlatbegimning urugʻidan boʻlur edi. “Iligidin ish kelur” dedilar. Bir necha yilkim mening qoshimda edi, hech andoq ishi zohir boʻlmadikim desa boʻlgʻay. Yaramas axloq va atvorliq kishi edi. Baxil va fitna, va zumuxt, va munofiq va xudpisand va qattiq soʻzliq va sovuq yuzliq kishi edi”. Bobur Ali Doʻst haqida podshoh sifatida oʻzi hukm chiqarishi mumkin boʻlgan holda barcha yaqinlarini chaqirib, u toʻgʻrisida fikrlarni bilib, soʻngra mulohaza qilib oʻz fikri toʻgʻri ekanini anglab, bir xulosaga kelgan.
Boburning hamisha oddiy askarlar haqidagi qarashi, ularga munosabati harbiy intizomning yetuk namunasi boʻlgan. Jangari, gʻolib cherik(askar)ni tasvirlash va uni namuna sifatida koʻrsatish “Boburnoma” syujetining uslubiga aylangan. Oddiy askarning muhoraba maydonidagi jasorati, boshqa askarlardan koʻra oʻz zimmasidagi vazifani aʼlo darajada uddalashi, fidoyiligini Bobur boshqalardan eshitib emas, balki shaxsan bu qahramonning oʻzi bilan suhbatlashib, ishonch hosil qiladi. Bunday muloqotlar haqidagi maʼlumotlarning bir nechasini “Boburnoma” sahifalarida oʻqiymiz, ularning aksariyati oddiy askar, jasur jangchi, fidoyi beklar. Muhoraba maydonining bu qahramonlarining har biri Bobur bilan muloqotda boʻlgan, shaxsan tanigan va shundan keyingina asaridan joy bergan. Shuning oʻzi ham Boburning el bilan hamisha yaqin muloqotda boʻlganini, saltanatidagi munosib taqdirlangan kishilarni noma-nom bilganini koʻrsatadi.
Bobur nazdida navkarlar va beklarning sadoqati munosib taqdirlanishi kerak. Shu aqidaga u hamisha sodiq qolgan. Doʻstbek ismli navkari haqida shunday yozadi: “Seshanba kechasi, oyning beshida, Doʻstbekkim, yoʻlda tunda isitib edi, Tengri rahmatigʻa bordi. Base mutaassir va mutaʼallim boʻlduk. Doʻstbekning naʼshini oʻaznigʻa eltib, Sultonning ravzasining eshikining oldida qoʻydilar. Doʻstbek xeyli yaxshi yigit edi, begligida hanuz taraqqiy qilur edi. Begligidin butun ichkiliklarida necha qatla yaxshilar bordi…”. Bobur sadoqatli askarining vafodorligini ulugʻlar ekan, bu bilan uning xislatlarini taʼriflashni yakunlamaydi. Doʻstbekning oʻlimi Bobur va uning atrofidagilarni ham “base mutaassir va mutaʼallim” qilgan ekan, ana shu qadr ramzini nozik ifodada bayon etadi: Doʻstbekning jasadi oʻazniga olib borilib, Sulton Mahmud oʻaznaviy qabri-ziyoratgohi yonida dafn etiladi. Bu bilan Bobur sadoqatli doʻsti va mohir jangchisini Xuroson va Movarounnahr, Yaqin Sharq va Hindiston viloyatlarini zabt etgan mashhur Sulton Mahmud oʻaznaviy yonida mangu orom olishga loyiq deb biladi.
Kamina yetti yil xizmat vazifasi bilan Afgʻonistonning turli viloyatlari, jumladan, oʻazni shahrida ham boʻlganimda Sulton oʻaznaviy maqbarasi ziyorati paytida maqbara eshigining yonginasida kichkina bir sagʻanaga koʻzim tushdi. Bizga hamrohlik qilayotgan afgʻon qadimshunoslaridan bu kimning qabri, deb soʻraganimda u: “Boburshoh bir vaqtlar oʻzining bir askarini olib kelib shu yerda dafn etgan ekan, ismini bilmadik” degan edi. Endi “Boburnoma”dagi maʼlumot uning oddiy askar, keyin Boburning begi boʻlgan Doʻstbek ekani maʼlum boʻldi. Bunday misollarni “Boburnoma”dan koʻplab keltirish mumkin.
Zahiriddin Muhammad Boburning mustahkam davlat tuzganining asosiy omillaridan biri xalq bilan yaqindan muloqotda boʻlib, uning tashvishu dardi, omadiyu omadsizligini oʻrganib ish tutganida, el-ulusning maqsadi, dardi va armonlaridan doimo xabardor boʻlib, davlatdorlik qilganidadir.
Hasan QUDRATULLAYEV,
filologiya fanlari doktori,
professor,
Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/eldin-yaxshi-sozungni-aytib/