Matbuot tarixi bilimdoni

Ilm bilan shugʻullanish, biror sohani yaxshi koʻrish, uni oʻrganish va izlanishga boʻlgan ishtiyoq – mubtalolik, aslida. Agar u boʻlmasa, fanda yangilikka erishib boʻlmaydi. Chunki ilm bilan shugʻullanish qanday faoliyat turi boʻlishidan qatʼi nazar, uzoq davom etadigan, natijasi tez koʻrinmaydigan murakkab va mashaqqatli jarayon boʻlib, tadqiqotchidan katta kuch, sabr va matonat talab etadi. Fanda qilingan yangilik, ixtiro, yaratilgan asar tinimsiz oʻqib-oʻrganish, qayta-qayta manbalarni solishtirish, tahlil etish, tajriba oʻtkazish, sinab koʻrish, baʼzan samarasiz ketgan vaqt, mashaqqatli mehnat evaziga yuzaga keladi.

Ustozimiz – taniqli olim, publitsist, filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Boyboʻta Doʻstqorayev ilmiy ijodiy faoliyatini kuzatish asnosida, uning oʻzbek jurnalistikasi tarixini oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqining balandligi bu sohada jiddiy, fundamental ahamiyatga molik tadqiqotlarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi.

Boyboʻta Doʻstqorayev ToshDU (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakultetida 1969 yildan ish boshlagan boʻlsa, qariyb yarim asrlik umrini oʻqituvchi sifatida shu sohada jurnalist kadrlar tayyorlashga hamda milliy matbuot tarixini izchil oʻrganishga bagʻishladi.

Boyboʻta Doʻstqorayev dastlab adabiy tanqidchilik borasida tadqiqotlar olib bordi. 1986 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan keyin, oʻzbek matbuot tarixini oʻrganishga kirishdi. Bunga sabab XIX asr oxiri va XX asr boshlari milliy adabiy muhitni tadqiq qilish jarayonida oʻzi faoliyat olib borayotgan jurnalistika sohasi, aniqrogʻi, milliy matbuot tarixiga oid oʻrganilmagan manbalarning koʻpligi boʻlgan. Ularni tadqiq qilish, oʻrganish asnosida domla milliy matbuot tarixi va uning yetuk namoyandalari Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Choʻlpon, Fitrat, Hoji Muin, Ubaydulla Asadullaxoʻjayev, Saidrizo Alizoda singari maʼrifatparvar milliy ziyolilarning jurnalistik faoliyati haqida yozgan maqolalari bilan ilmiy jamoatchilikka juda koʻp yangiliklarni taqdim etdi. Keyinchalik oʻzbek jurnalistikasi tarixi boʻyicha, taʼbir joiz boʻlsa, yagona fundamental tadqiqot ustida jiddiy ish olib bordi.

Bu tadqiqotning qimmati shunda ediki, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasining ijtimoiy-siyosiy hayotida milliy matbuotning tutgan oʻrnini toʻgʻri va xolis koʻrsatib berdi. Domla oʻzi oʻrgangan maʼrifatparvarlarning har biriga va ularning shaxsiga chuqur hurmat bilan yondashdi. Ayniqsa, buni domlaning matbuotda chop etilgan Behbudiy, Munavvarqori, Choʻlponga bagʻishlangan maqolalari mazmunidan ham koʻrish mumkin.

Ilmda tadqiqotchiga zarur boʻlgan eng muhim talab, ilmiy muammoni har tomonlama sinchiklab, sabr bilan oʻrganishdir. Chunki ilmiy muammoga bitta manba yoki uning atrofidagi fikr-mulohazalarni oʻrganish bilangina oydinlik kiritib boʻlmaydi. Avvalo, yuzaga kelgan voqelikning obʼyektiv-subʼyektiv sabablari, ularning yaratilgan nazariyalarga mos kelish-kelmasligini chuqur ilmiy tahlil orqali oʻrganish, manbalarni, olimlar fikrlarini solishtirish orqali oʻzi ilgari surayotgan ilmiy gʻoyaning ahamiyatini asoslab berish talab etiladi. Buning uchun qancha kitobni oʻqish, qancha maʼlumotni erinmasdan koʻrib chiqish zarur. Baʼzan bitta soʻz, bitta iboraning qoʻllanishida muayyan maqsad, ilgari surilgan jiddiy daʼvo boʻlishi mumkin. Buni tadqiqotchi tushunishi, bilishi va hisobga olishi juda muhim. Shu maʼnoda Boyboʻta domla ilmda shoshma-shosharlikni qabul qilolmasdi. “Shoshib qilingan har qanday tadqiqot, ilmiy ishning umri oʻzi kabi qisqa, ahamiyatsiz”, deb hisoblardi. Ilmiy tadqiqot ustida ish olib borayotganlarning tinimsiz izlanishi, oʻz ustida muntazam ishlashi, harakatchanligi, tezkorligini qadrlagan holda shoshib fikr bildirish, oʻylamay aytilgan gapning xato ekanligini asoslab berardi. Oʻzi esa ilmga oʻta bosiqlik bilan yondashib, mavzuni obdon oʻrganib chiqardi, bu borada mutaxassislarning fikrlari, ilmiy qarashlarini tahlil qilardi. Topgan yangi ilmiy manbani darrov eʼlon qilishga shoshilmas, uning ustida uzoq, haftalab, baʼzan oylab ishlashi mumkin. Hatto bitta yangi soʻzni uchratguday boʻlsa, uning maʼnosini ilmiy manbalardan qidirar, agar oʻsha maʼnodan koʻngli toʻlmasa, yana boshqa lugʻatlardan, mumtoz adabiyot haqidagi tadqiqotlar, shoiru yozuvchilarning asarlariga murojaat qilardi. Ungacha bu soʻzni hech qayerda qoʻllamasdi. Matbuotda, ilmiy doiralarda kam koʻrinsa ham, har bir chiqishida asosli ilmiy yangilik, hali aytilmagan fikr boʻlar va ilmiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilardi. Shuning uchun boʻlsa kerak, soha ilmi kishilari va adabiy jamoatchilik Boyboʻta domlani yaxshi biladi, olim sifatida hozir ham hurmat qiladi.

Ilmiy-pedagogik faoliyatimiz davomida domla bilan bir jamoada koʻp yillar birga ishladik. Domla bilan boʻladigan oddiy suhbatlarning ham oʻziga yarasha maʼrifiy yuki boʻlardi. Bunday suhbatlardan albatta biror yangilik, hech boʻlmaganda yangicha yondashuvni oʻrganardik. Oʻqigan yangi asari boʻladimi yoki arxivdan topgan yangi maʼlumotimi, u haqida shunday ishonch va mehr bilan gapirardiki, ilmga mubtalolik shu boʻlsa kerak, deb oʻyga borardik. Biz shogirdlar, domlani koʻp eshitsak-da, ammo har narsa haqida gapirishga botinolmasdik. Chunki aytilgan fikr yoki mulohazam notoʻgʻri emasmikin, degan hadik domlaning oldida har qanday tadqiqotchini sergaklantirardi. Domla jurnalistika va adabiyotshunoslik sohasidagi oʻzgarishlarni muntazam kuzatib borishi – u kishiga xos ajoyib odatlardan. Nafaqat hamkasblari yoki shogirdlari, hatto talabalarning ijodini ham kuzatib borardi. Maqolasi gazeta va jurnalda chop etilgan talabani chaqirib, maqolani oʻqiganini va oʻzining u haqdagi mulohazasini bildirib qoʻyardi.

Boyboʻta domla matbuot tarixini oʻrganishda birinchi manbadan foydalanish, haqiqatni oydinlashtirishda tarixiy hujjatlarga oydinlik kiritishda juda muhim rol oʻynashini teran his etadigan olimlardan. Buning uchun tinimsiz izlanishdan, respublika davlat arxiviga borib, eski qoʻlyozmalarni koʻchirishdan charchamadi. Ularning bir qismi matbuotda chop etilgan maqolalar orqali yoritilgan boʻlsa, qolganlari 2009 yilda nashrdan chiqqan “Oʻzbekiston jurnalistikasi tarixi” darsligida aks etgan.

Boyboʻta domlaning matbuotimiz tarixi haqidagi qiziqarli hikoyalarini, hali hech kim aytmagan, hech yerda yozilmagan yangi maʼlumotlarga boy maʼruzalarini tinglagan, ilmiy-ommabop maqolalarini oʻqiganlar borki, bu kitobni ancha avvalroq kutishgan edi. Domla darslik yaratishni rejalashtirganiga qaramay, uni chop etishga, jamoatchilik eʼtiboriga havola qilishga shoshilmadi. Natijada, oʻzbek jurnalistikasi tarixida salmoqli, mukammal tadqiqot yaratildi. Balki mukammal deganimiz bir oz boʻrttirish, mubolagʻa boʻlib koʻrinishi mumkindir. Ammo bu sohani yaxshi bilgan, ayniqsa, milliy matbuotimiz tarixiga qiziqqan, u bilan yaqindan tanishganlar, jilla qursa shu paytgacha bu sohada yaratilgan ilmiy asarlar, oʻquv qoʻllanmalari, darsliklarni varaqlagan oʻquvchi fikrimizning toʻgʻri ekanligini tasdiqlasa kerak, deb oʻylaymiz.

“Oʻzbekiston jurnalistikasi tarixi” darsligining shu paytgacha yaratilgan boshqa manbalardan farqli jihati shundaki, unda milliy matbuotimizning aks etmagan sahifalariga oʻrin berilgan. Masalan, milliy jurnalistikamiz tarixida Buxoro matbuoti umuman yoritilmagandi. Darslikda XX asrning boshlarida Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy ahvol va bu yerda chop etilgan “Buxoroi sharif”, “Turon” singari milliy gazetalar haqida mufassal bayon qilinadi. Shuningdek, chor Rossiyasi mustabid tuzumining nashri “Turkiston viloyatining gazeti” bilan milliy matbuot orasidagi mafkuraviy kurash masalalariga eʼtibor qaratilgan. Unda XX asr boshlarida ziyolilarimizning oʻta ogʻir sharoitda milliy matbuotni tashkil etishdan koʻzlagan maqsadlari, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Osiyo” gazetalari orqali mustabid tuzum bilan mafkuraviy muhoraba olib borishi, milliy ziyolilar ijtimoiy-siyosiy ongining shakllanishiga xizmat qiladigan ushbu nashrlarning yopilishi haqida qimmatli fikrlar berilgan.

Axborot xurujlari keskinlashgan hozirgi davrda, milliy jurnalistikamizning mafkuraviy asoslarini belgilashda darslikda ilgari surilgan fikr va gʻoyalar nihoyatda qadrlidir. Bundan tashqari, darslikda oʻrganilgan, tadqiq etilgan har bir manbaga ilmiy nuqtai nazardan xolis yondashilgan.

Soha taraqqiyoti uchun nihoyatda zarur boʻlgan mazkur darslikni yozishga bel bogʻlagan ustozimiz yosh olim va tadqiqotchilarga haqiqiy maʼnodagi fidoyi olim sifatida ibrat namunasini koʻrsatgan. Bunday deyishimizga sabab Boyboʻta domla har bir davr, voqelik bilan bogʻliq fakt va manbalarni izchil oʻrgangan, kutubxonalar, xususan, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Kitob palatasi, Oʻzbekiston Davlat Markaziy arxivlarda oʻsha davrda chop etilgan vaqtli nashrlarga qayta-qayta murojaat qilgan. Ammo milliy gazeta va jurnallarning hamma namunalari ham kutubxonalarda mavjud emas edi. Misol uchun “Shuhrat”, keyinroq chop etilgan “Shoʻroi islom” gazetalari mazkur muassasalarda yoʻq edi. Yoki Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Xurshid” hamda Buxoroda chop etilgan “Turon” gazetasining faqat bittadan soni bor edi, xolos. Qolgan nashrlar ham toʻliq emas edi. Masalan, “Sadoi Fargʻona”ning 123 ta sonidan 80 dan ortigʻi, “Sadoi Turkiston”ning jami 67 ta sonidan 40 tasi (hammasi boʻlib 87 soni chiqqan), “Hurriyat” gazetasining 50 dan ortiq soni bor. “Hurriyat”, “Kengash” kabi jurnallarning nashrlari saqlanmagan. Boyboʻta domla esa ushbu nashrlarning kutubxonalarda yoʻq sonlarini Samarqand, Buxoro, Qoʻqon shaharlaridagi kutubxona va muzeylar, odamlarning shaxsiy kutubxonalaridan topib, tadqiq etgan. Hatto ayrim nashrlarini xorijdan topib oʻrgangan. Misol uchun “Oyina” jurnalining kutubxonalarda yoʻq sonlarini aka-uka Gumboldt universiteti professori Ingeborg Baldauf yordamida Germaniyadan nusxa koʻchirtirgan.

Baʼzan kunlab, oylab kutubxona va arxivlarda sargʻayib, titilib ketgan gazeta sahifalarida arab imlosidagi maqolalarni, hujjatlarni erinmasdan oʻzbek imlosiga koʻchirar, ulardagi yangi fakt va dalillar, ularning izohini topardi. Keyin yozgan ilmiy maqolalarida bu manbalarni shunchaki berib qoʻymasdan, jurnalistika tarixi mutaxassisi sifatida oʻzining yondashuvlarini izchil ifoda etardi.

Boyboʻta domlaning ilmiy-pedagogik hamda publitsistik faoliyati bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Oliy taʼlim muassasasida talabalarga saboq berish bilan birga oʻrgangan yangi maʼlumotlarga boy, oʻziga xos qarash, yondashuvga ega, oʻquvchini oʻylashga, fikrlashga undaydigan publitsistik maqolalari bilan matbuotda muntazam ishtirok etardi. Ushbu chiqishlarida domla koʻtarilgan masalaning ilmiy-nazariy, amaliy mohiyatiga eʼtibor qaratish bilan birga, uning tarbiyaviy ahamiyatiga ham alohida urgʻu berib oʻrganardi. Shu bois uning yozgan har bir maqolasi, maʼruzasi yoki chiqishida olimlarga xos bilimdonlik bilan birga, aytilayotgan fikrga nisbatan odob va andisha bilan yondashish sezilib turadi. Ilm kishisi sifatida, albatta kasb odobiga rioya etadi, muayyan mavzuda oʻzidan boshqalarning fikrini hurmat qiladi va ular bilan hisoblashadi.

Oʻzbekistonda Boyboʻta domladan saboq olmagan, sermazmun maʼruzalarini, sohaga oid qiziqarli hikoyalarini tinglamagan jurnalist boʻlmasa kerak. Axir muallim umrining oz emas, koʻp emas, 40 yildan ortigʻini jurnalist kadrlarni tayyorlashga sarflab, oʻzining maktabini yaratgan olimlardan hisoblanadi. Hozir domla uylarida, nafaqadalar. Yoʻqlab borib, suhbatidan bahramand boʻlamiz. Shunday suhbatlarda oʻqigan kitoblari, maqolalari haqida gapirib, baʼzi mualliflarning qarashlariga nisbatan munosabatini bildirgan boʻladi. Shu yengil mulohazalarda ham salmoqli fikr, joʻyali asos boʻladi. Bu sohasining bilimdoni, fidoyisi Boyboʻta domlaning olimlik fazilatidir.

Bundan besh yil avval Oʻzbekiston milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri, rahmatli Abdulla Oripov Boyboʻta Doʻstqorayev haqida shunday degandi: “Shunday odamlar bor, u haqida gapirganing sari gapirging keladi, Boyboʻta ham ana shunday har qancha gapirsang ham gapirging kelaveradigan maʼnaviyati boy, zukko olimlardandir”. Oʻshanda domla 70 yoshga kirgandi. Vaqtning yugurikligini qarang. Bir zumda besh yil oʻtib, oʻzbek jurnalistikasi tarixining sarkash bilimdoni Boyboʻta Doʻstqorayev tabarruk 75 yoshga kirib qoʻyibdi. Bu ulugʻ yosh bilan barcha hamkasblari va shogirdlari, sobiq va sodiq talabalari chin yurakdan tabriklaymiz. Umringiz uzoq boʻlsin, ustoz, deymiz.

 

Akbar NURMATOV,

OʻzDJTU xalqaro jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri,

filologiya fanlari nomzodi, dosent.

Nazira TOSHPOʻLATOVA,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/matbuot-tarixi-bilimdoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x