EKSTREMIZM

EKSTREMIZM (lot. — oʻta, keskin) — siyosatda va mafkurada ashaddiy, favqulodda harakat va qarashlarga asoslanib faoliyat yuritish. Ekstremizmning siyosiy va diniy koʻrinishlari yaqqol ajralib turadi. Siyosiy Ekstremizm namoyandalari oʻzlarining gʻarazli maqsadiga erishish uchun kuch ishlatish usullaridan foydalanib, mavjud siyosiy tuzilmalarning barqaror faoliyat yuritishini buzish va yoʻqotishga harakat qiladi. Bu yoʻlda ekstremistlar va ekstremistik tashkilotlar «demokratiya» niqobi ostida balandparvoz shiorlar, chaqiriqlar bilan chiqib, terrorchilik va partizanlik harakatlarini qoʻllabquvvatlaydilar, qonunga rioya etmaslik, ish tashlashlar, tartibsizliklar chiqarishga urinadilar, odamlarni gijgijlaydilar, terror qilish usulidan foydalanadilar (q. Terrorizm). Ekstremistik tashkilotlarning rahbarlari har qanday murosa va kelishuvni rad etadilar. Oʻziga tobelarni oʻz buyruq va koʻrsatmalarini koʻrkoʻrona bajarishga majbur etadilar. Siyosiy Ekstremizmning millatchilik koʻrinishi turli millat va etnik guruhlar huquqini inkor etishda namoyon boʻladi. Millatchi ekstremistlar faoliyati separatizm bilan bogʻliq boʻlib, koʻp millatli davlatlarni yoʻqotish, tub millat hukmronligini oʻrnatishga qaratiladi. Bunday Ekstremizm millatlararo munosabatlarning keskinlashuvi va xalklar oʻrtasida mojarolar chiqishiga olib keladi. Diniy ekstremizm, avvalo, boshqa konfessiyalarga, ularning vakillariga nisbatan toqatsiz boʻladi. Diniy tashkilotlardan dunyoviy davlatga qarshi kurashda foydalanadi. Ekstremizmning turli koʻrinishlari soʻnggi vaqtlarda dunyoning koʻp mamlakatlarida, xususan, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasida ham oʻzini namoyon eta boshladi. Turli diniy ekstremistik tashkilotlar («Hizbut-tahrir», «Tavba») yangidan mustaqillikni qoʻlga kiritgan dunyoviy davlatlarga tahdid solmoqda. Ular vaqtinchalik qiyinchiliklarni roʻkach qilib, aholini, ayniqsa, yoshlar ongini aqidaparastlik gʻoyalari bilan zaharlamoqda. Farzandlarni yoʻldan urishga, oʻz ota-onasiga, akaukasiga, oʻzi tugʻilib oʻsgan maskaniga, davlatiga qarshi qoʻyishga harakat qilmoqda. Bugungi kunda Ekstremizmga qarshi kurash oʻta dolzarb vazifa hisoblanadi.

Ad.: Karimov I. A., Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka taxdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997.

Sayfiddin Joʻrayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x