Maʼlumki, avtomashina gaz-balloniga toʻldiriladigan atmosfera bosimi miqdori ikki yuz koʻrsatkichdan oshmasligi lozim. Lekin ayrim gaz quyish shoxobchalarida mashina gaz-balloniga oʻylamay-netmay ikki yuz ellik atmosfera berish holatlari ham uchrab turadi. Operatorga yonilgʻi puli toʻlansa boʻldi, qolgani bilan uning sariq chaqalik ishi yoʻq. Meʼyordan ortiq atmosfera esa portlashga sabab boʻladi.
Sezgan boʻlsangiz kerak, hozir gap avtotransport vositalarining ishlashini taʼminlayotgan gaz-balloni haqida boryapti. Toʻgʻri, mazkur yonilgʻi benzinga nisbatan xiylagina arzon. Ammo baribir uni xavf-xatardan munosib himoyalangan deb boʻlmaydi. Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda gaz bilan ishlaydigan avtotransport vositalari ishtirokida oʻnlab noxush holatlar sodir boʻldi, odamlar vafot etdi. Ammo negadir yonilgʻi quyish shoxobchalaridagi yonilgʻi sifati yaxshilanish oʻrniga tobora yomonlashmoqda.
Meʼyordan ortiq
Aslida mashinaning gaz-balloniga sigʻadigan gaz yonilgʻisi miqdori ikki yuz atmosfera boʻlsagina, u meʼyor darajasida deb hisoblanadi. Lekin bu miqdor baʼzida ikki yuz ellik atmosferaga yetishi koʻp kuzatilgan. Natijada gaz-ballonga meʼyordan ancha ortiqcha atmosfera sigʻdirilganda portlashga olib kelishi mumkin.
Soʻnggi oʻn besh kun ichida Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda birgina Toshkent shahridagi avtomobillarni gaz bilan ishlash holatini atroflicha oʻrgandi. Natijada oʻttiz mingdan ortiq mashinaning gaz-balloni talab va meʼyorlarga javob bermasligi ayon boʻldi. Endi oʻzingiz bir oʻylang, nosozlik kuzatilgan avtomashinada yurishning oʻzi haydovchi uchun xavfli emasmi? Umuman, gaz-ballonida uchraydigan bunday holatlarga javob beradigan tashkilotning oʻzi bormi? Agar boʻlsa, nega vaziyatni yaxshilashga, oldini olishga harakat qilmaydi?
Yechim bormi?
Afsuski, bu singari adoqsiz savollar koʻpchilikni oʻylantirmoqda.
– Ha, buning oqilona yechimi bor. “Oʻzstandart” agentligi Janubiy Koreyaning nufuzli bir kompaniyasi bilan avtotransport vositalari, shu jumladan, gaz-ballon uskunalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha laboratoriyalar tarmogʻini yaratish uchun qoʻshma korxona tashkil etish yuzasidan kelishuv imzoladi, – deydi Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi direktori Oqilbek MUSTAFOYEV. – Loyihaga, asosan, oltmish million dollar hisobiga hududlarda oʻn beshta laboratoriya tashkil etishi belgilandi. Loyiha 2021 yilga qadar amalga oshiriladi. Shunda gaz-ballon uskunalari bilan bogʻliq muammolar bartaraf etiladi, sodir boʻlayotgan xavf-xatarning oldi olinadi. Bundan tashqari, yetti yuz million soʻmdan ortiq miqdordagi sifatsiz mahsulotlarning mamlakatimizga kirib kelinishiga chek qoʻyildi. Ushbu sohada ham Janubiy Koreya davlati tajribasini mamlakatimizda qoʻllash fursati allaqachon yetib keldi. Ularda gaz yordamida harakatlanadigan avtoulovga qoʻyilgan talab juda kuchli. Deylik, mashinada gaz bilan bogʻliq biror nosozlik aniqlangudek boʻlsa, darhol uning egasiga maʼlum muddat berib, ogohlantiriladi. Agar oʻsha muddat ichida nosozlik bartaraf etilmasa, mashinani boshqarish umuman taʼqiqlanadi. Bunday tajriba amal qilgach, gaz yonilgʻisi bilan bogʻliq birorta holat ham sodir etilmadi.
Nazorat
Gaz shoxobchasidagi hisoblagichga bir yilda bir marotaba muvofiqlik sertifikati beriladi. Bu ish oʻsha joydagi sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Toʻgʻri, yaqin-yaqinga qadar xodimlar tomonidan bu ishga panja orasidan qarab kelinardi. Yaqindagina ana shunga oʻxshash kamchilikka yoʻl qoʻygan ikki nafar markaz rahbari hamda oʻn ikki nafar mutaxassis vazifasidan ozod etildi.
Ochigʻini aytganda, haydovchini gaz quyish shoxobchalaridagi narxning bir-biriga muvofiq emasligi hayron qoldiradi. Qolaversa, barcha shoxobchada ham gaz-balloniga yetarli atmosferada gaz quyilavermaydi. Uchinchi muammo – har safar ham mashinaning biror joyidan gaz sizib chiqayotganini aniq bilishning imkoni yoʻq. Noxush holatlarning roʻy berishiga haydovchining koʻp hollarda gaz sizib chiqayotganini bilmasligi va oʻz vaqtida texnik nazoratdan oʻtkazmasligi, shuningdek, talabga javob bermaydigan gaz-ballonlaridan foydalanishi sabab boʻlmoqda. Bu kabi muammolar tezda bartaraf etilishi zarur. Shunda gaz-balloni portlashi bilan bogʻliq holatga uzil-kesil chek qoʻyilishi mumkin.
Ulugʻbek JUMAYEV
https://saviya.uz/hayot/nigoh/etiborsizlikdan-ot-chiqar-yoxud-uch-tort-som-foyda-qilaman-deb/